11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida (285-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va ayrim fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan korxonalar, shuningdek shuʼbalar, vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar barpo etishga haqlidirlar. Ularni ochish va ular faoliyatini toʻxtatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek hududida bu korxonalar ish olib boradigan davlatning qonunlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining, uning shaxslari va fuqarolarning huquqi hamda manfaatlarini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bevosita oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatish maqsadida xorijiy davlatlarda xalqaro tashkilotlar huzurida Oʻzbekiston Respublikasining savdo yoki oʻzga vakolatxonalari taʼsis etilishi mumkin. Bu vakolatxonalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, oʻzlari toʻgʻrisidagi nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokida boʻlgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
