317-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish
Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-888-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Taftish instansiyasi sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) shikoyat (protest) imzolanmagan boʻlsa yoxud uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoki mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) shikoyatning (protestning) mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 311-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) ushbu Kodeks 313-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar yoxud prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha protestga ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinmagan boʻlsa;
3) shikoyatga (protestga) uning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan boʻlsa;
4) shikoyatga davlat boji hamda pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlash muddatini kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
5) shikoyat (protest) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmasa;
6) shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida sud ajrimi chiqarilguniga qadar shikoyat bergan (protest keltirgan) shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa;
7) shikoyat (protest) ushbu Kodeks 309-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holda hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab oʻtib yuborilgan boʻlsa.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish asoslari koʻrsatiladi, shikoyatni berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi masala hal etiladi.
