Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino hamda inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan yongʻin auditini oʻtkazishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida (679-son)
25.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda aholi hayoti va sogʻligʻi, jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli himoyasini taʼminlaydigan yaxlit yongʻin xavfsizligi tizimi shakllantirildi.
Shu bilan birga, yongʻinlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat yetarli darajada taʼminlanmayotganligi sababli aholining maishiy hayotida va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yongʻinlar bilan bogʻliq noxush hodisalar roʻy bermoqda.
Yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazoratning muqobil usullarini respublikada joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-avgustdagi 332-son qaroriga muvofiq:
yongʻin xavfsizligi sohasidagi davlat nazoratining asosiy yoʻnalishlari belgilanganligi;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning 2024-yil 1-yanvardan boshlab yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yongʻin auditi) joriy etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash (yongʻin auditi) tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga, Yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholovchi yongʻin auditorlik tashkiloti va uning tarkibidagi yongʻin auditorlariga nisbatan talablar;
yongʻin auditorlik tashkiloti hamda himoyalanadigan obyekt mulkdorining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligiga muvofiqligini baholash, hujjatlarni rasmiylashtirish va yuborish tartibi;
yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini oʻqitish, test sinovidan oʻtkazish, sertifikat berilgan mutaxassislar reyestrini yuritish hamda sertifikatning amal qilishini toʻxtatish tartibi.
3. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Yongʻin auditi” milliy axborot tizimida avtomatik tarzda sertifikatlangan mutaxassislar reyestri shakllantirilishini nazarda tutuvchi idoralararo maʼlumotlar bazalarining oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlovchi dasturiy taʼminot ishlab chiqilishini hamda joriy etilishini;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “Yongʻin auditi” milliy axborot tizimida taʼlim muassasasida oʻqib, test sinovlaridan oʻtgan mutaxassislarning QR-kod qoʻyiladigan elektron shaklda sertifikat olish mexanizmi yaratilishini taʼminlasin.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
2024-yil 1-fevralga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda dastur asosida taʼlim olgan mutaxassislarning sohaviy bilimlarini test sinovidan oʻtkazib borish tizimini joriy etsin;
ikki oy muddatda yongʻin auditorlik tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A. Kuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
679-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 679-son qaroriga1-ILOVA
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash (yongʻin auditi) tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yongʻin auditorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning (keyingi oʻrinlarda — himoyalanadigan obyektlar) yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yongʻin auditorlik tashkiloti — himoyalanadigan obyektlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholovchi, rahbaridan tashqari yongʻin xavfsizligi sohasida amaliy ish tajribasiga ega (kamida besh yil) boʻlgan kamida ikki nafar yongʻin auditori sertifikatiga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislar mavjud boʻlgan, Favqulodda vaziyatlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan yuridik shaxs;
yongʻin auditori — yongʻin xavfsizligi sohasida amaliy ish tajribasiga (kamida besh yil) va oliy maʼlumotga ega boʻlgan hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida oʻquv dasturini tamomlagan va belgilangan tartibda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan va yongʻin auditori sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
yongʻin auditori sertifikati — mutaxassisning muvofiqlikni baholash sohasida malakasini tasdiqlovchi rasmiy hujjat;
xulosa — yongʻin auditori tomonidan berilgan va obyektning yongʻin xavfsizligi darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan rasmiy hujjat.
3. Yongʻin auditorlik tashkiloti tomonidan oʻta muhim, xavf-xatarligi IV toifaga kiruvchi hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari bilan bogʻliq obyektlarda yongʻin auditorlik tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.
2-bob. Yongʻin auditorlik tashkiloti
4. Yongʻin auditorlik tashkilotiga quyidagi talab va shartlar qoʻllaniladi:
himoyalanadigan obyektning mulkdori va yongʻin auditorlik tashkiloti oʻrtasidagi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida yongʻin auditorlik tashkiloti yongʻin xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlarni amalga oshirishda faqatgina himoyalanadigan obyektning muvofiqligini baholash faoliyati bilan shugʻullanish;
mulkiy huquq yoki boshqa ashyoviy huquq asosida yongʻin auditorlik tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli binolar va inshootlar, texnik-texnologik va apparat-dasturiy vositalariga ega boʻlish;
yongʻin auditori faqat bitta auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi;
yongʻin auditorlik tashkilotining yongʻin auditori tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda yongʻin auditori sertifikatini olmasdan turib yoki har uch yilda malakasini oshirmasdan yongʻin auditini oʻtkazishiga yoʻl qoʻymaslik;
yongʻin auditorlik tashkiloti belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan va Favqulodda vaziyatlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtishi.
5. Yongʻin auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida mustaqildir.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari yongʻin auditorlik tashkilotining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
3-bob. Yongʻin auditorlik tashkilotining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi
6. Yongʻin auditorlik tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
himoyalanadigan obyektning muvofiqligini baholashga nisbatan yongʻin auditini oʻtkazish uchun uning kadastr va taʼsis hujjatlari, obyektda ishlaydigan qurilma va jihozlar hamda unda mavjud boʻlgan moddiy-tovar boyliklar haqidagi hujjatlar bilan oldindan tanishish;
zarur oʻlchovlar oʻtkazish, namunalar olish va tadqiqot oʻtkazish maqsadida akkreditatsiyalangan laboratoriyalarda sinovlarni oʻtkazish;
yongʻin auditini oʻtkazish davomida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha himoyalanadigan obyektning yongʻin xavfsizligi uchun masʼul boʻlgan shaxslardan tushuntirishlar va yongʻin auditi oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar olish;
yongʻin auditi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlar berish.
7. Yongʻin auditorlik tashkiloti:
yongʻin auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizom talablariga rioya etishi;
yongʻin auditi xulosasida normativ-huquqiy hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablarining buzilish holatini bartaraf etish boʻyicha tavsiyalarni aks ettirishi;
yongʻin auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir tegishli hujjatlarni himoyalanadigan obyekt mulkdori talabiga koʻra taqdim etishi;
yongʻin auditorlik xizmatlarini koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi shart.
8. Yongʻin auditorlik tashkiloti bila turib soxta tuzilgan yongʻin auditi xulosasini tuzishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun himoyalanadigan obyekt mulkdori oldida javobgar hisoblanadi.
Yongʻin auditorlik tashkilotining yongʻin auditini oʻtkazmasdan turib tuzilgan xulosasi yoki yongʻin auditi natijalari boʻyicha belgilangan tartibda soxta deb hisoblanganda yongʻin auditorlik tashkiloti javobgar boʻladi.
4-bob. Himoyalanadigan obyekt mulkdorining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
9. Himoyalanadigan obyekt mulkdori quyidagi huquqlarga ega:
yongʻin auditini oʻtkazish uchun yongʻin auditorlik tashkilotini mustaqil ravishda tanlash;
ixtiyoriy yongʻin auditini oʻtkazish vaqtida yongʻin auditining yoʻnalishi va ish hajmini belgilash;
yongʻin auditorlik tashkilotidan yongʻin auditi xulosasi qaysi qonunchilik hujjatlari normalariga asoslanganligi toʻgʻrisidagi zarur axborotni olish;
yongʻin auditi xulosasini olish.
10. Himoyalanadigan obyekt mulkdori:
yongʻin auditorlariga yongʻin auditini oʻtkazish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishi;
yongʻin auditini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni taqdim etishi;
yongʻin auditi rejasini tasdiqlashi;
yongʻin auditorlik xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq yongʻin auditini oʻtkazish xizmatlari uchun haq toʻlashi shart.
11. Himoyalanadigan obyekt mulkdori yongʻin auditorlik tashkilotiga bergan har qanday notoʻgʻri maʼlumoti tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgar hisoblanadi.
5-bob. Himoyalanadigan obyektning muvofiqligini baholash ishlarini amalga oshirish
12. Muvofiqlikni baholash ishlari yongʻin auditorlik tashkiloti va himoyalanadigan obyekt mulkdori oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
13. Muvofiqlikni baholash uchun toʻlov miqdori yongʻin auditorlik tashkiloti tomonidan mustaqil belgilanadi.
14. Muvofiqlikni baholash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) himoyalanadigan obyektning yongʻin xavfini tavsiflovchi hujjatlarni tahlil qilish;
b) himoyalanadigan obyektning yongʻin xavfsizligi holati, evakuatsiya chiqish yoʻllari, ishchi-xizmatchilarning bilimi, yongʻinning paydo boʻlishi, rivojlanishi va tarqalishini, insonlarga va moddiy boyliklarga xavfli taʼsiri toʻgʻrisidagi obyektiv maʼlumotlar olishni, shuningdek, yongʻin xavfsizligiga rioya qilish uchun shart-sharoitlar mavjudligini, shu jumladan, obyektda mavjud boʻlgan yongʻindan himoya qilish tizimlarining yaroqliligi va ishchi holatini aniqlash;
v) yongʻin xavfsizligi boʻyicha normativ hujjatlarda belgilangan tartibda zarur tadqiqotlar, sinovlar, hisob-kitoblar va ekspertizalarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish;
g) himoyalanadigan obyektda oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash natijalari boʻyicha xulosa tayyorlash;
d) yongʻin xavfsizligi talablarini bajarish va yongʻinga qarshi rejimga rioya qilish ishlari bajarilmagan taqdirda, himoyalanadigan obyektga yongʻin xavfsizligi talablariga javob berish uchun chora-tadbirlar (talablar roʻyxatini) ishlab chiqish va bajarish muddatlarini belgilash;
e) himoyalanadigan obyekt tomonidan muvofiqlikni baholash natijalari boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda bajarilganda yakuniy xulosa tayyorlash.
6-bob. Muvofiqlikni baholash hujjatlarini rasmiylashtirish va yuborish
15. Muvofiqlikni baholash natijalari xulosa (keyingi oʻrinlarda — xulosa) shaklida rasmiylashtiriladi va mulkdorga qogʻoz yoki elektron shaklda yuboriladi (taqdim etiladi).
16. Muvofiqlikni baholash natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan xulosaning amal qilish muddati bir yilni tashkil etadi.
Xulosa yongʻin auditorlik tashkilotida 3 yil saqlanadi.
17. Xulosada quyidagilar qayd etiladi:
a) yongʻin auditorlik tashkilotining nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili);
b) muvofiqlikni baholash boʻyicha tuzilgan shartnomaning sanasi va raqami;
v) muvofiqligini baholash oʻtkazilgan obyektining tavsifi (yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha barcha tafsilotlari);
g) muvofiqlikni baholash ishlarini oʻtkazgan yongʻin auditori (yongʻin auditorlarni) familiyasi, ismi va otasining ismi, yongʻin auditori sertifikati maʼlumotlari;
d) oʻtkazilgan muvofiqlikni baholashning natijalari, shu jumladan, ushbu Nizomning 14-bandi “a” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan ishlar boʻyicha natijalar;
e) yongʻin xavfsizligi talablarining bajarilishi va yongʻin xavfsizligi rejimiga rioya etilishi toʻgʻrisida xulosa, ular bajarilmagan va (yoki) rioya etilmagan taqdirda, ushbu Nizomning 14-bandi “d” kichik bandida nazarda tutilgan choralarni koʻrish boʻyicha tavsiyalar.
18. Xulosa muvofiqlikni baholashni oʻtkazgan yongʻin auditori tomonidan imzolanadi va rahbar tomonidan yongʻin auditorlik tashkiloti muhri qoʻyilib tasdiqlanadi.
Elektron hujjat shaklida tuzilgan xulosa QR-kod qoʻyilgan yongʻin auditori va tashkilot rahbarining elektron imzolari bilan tasdiqlanadi.
19. Xulosa tasdiqlanganidan keyin yongʻin auditorlik tashkiloti kuzatuv xati bilan 3 ish kuni mobaynida xulosaning nusxasini obyekt hududiy jihatdan biriktirilgan davlat yongʻin nazorati organiga yuboradi.
20. Himoyalanadigan obyekt mulkdori yongʻin auditorlik tashkilotining xulosasidan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga haqli.
21. Himoyalanadigan obyektga nisbatan muvofiqlikni baholash natijalari boʻyicha ijobiy xulosa qilingan taqdirda, ushbu obyektda bir yil davomida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
22. Yongʻin auditorlik tashkiloti tomonidan himoyalanadigan obyektga nisbatan ijobiy xulosa qilinmagan taqdirda, davlat yongʻin nazorati organlari ushbu obyektni belgilangan tartibda tekshiruvlar rejasiga kiritadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 679-son qaroriga2-ILOVA
Yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yongʻin auditorlik tashkilotlarining mutaxassislarini sertifikatlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sertifikat — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida oʻquv dasturini tamomlagan va test sinovini muvaffaqiyatli topshirgan mutaxassisga beriladigan, muvofiqlikni baholash sohasida obyektlarda yongʻin auditorlik ishlarini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat;
sertifikatlangan mutaxassis — muvofiqlikni baholash sohasi boʻyicha zarur bilim, koʻnikma, amaliy ish tajribasi va oliy maʼlumotga ega boʻlgan hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida oʻquv dasturini tamomlagan va belgilangan tartibdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan jismoniy shaxs;
talabgor — sertifikat olish uchun murojaat qiluvchi, yongʻin xavfsizligi sohasida amaliy ish tajribasiga ega (kamida besh yil) boʻlgan oliy maʼlumotli jismoniy shaxs;
test sinovi — talabgorning sertifikat olish uchun qoʻyilgan talablarga mos kelishini aniqlashga yoʻnaltirilgan, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan imtihon;
muvofiqlikni baholash — jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholashni (yongʻin auditi) oʻtkazish.
3. Sertifikatlanadigan mutaxassislar Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladigan, yongʻin xavfsizligi sohasi yuqori darajada rivojlangan davlatlarda qoʻllaniladigan taʼlim standartlariga muvofiq keladigan oʻquv dasturi (keyingi oʻrinlarda — dastur) asosida oʻqitiladi.
Dasturda mutaxassislarni tahsil olayotgan yoʻnalishi boʻyicha soha idoralari va korxonalarida amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish nazarda tutiladi.
4. Sertifikat Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) dasturlar boʻyicha oʻquv kursini tugatib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligida (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) belgilangan tartibda oʻtkaziladigan test sinovlarini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarga beriladi.
5. Talabgor sertifikat talab etiladigan lavozimga tayinlangan sanadan boshlab bir yil muddat davomida dastur asosida oʻqishi va sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi. Agarda, talabgor bir yil muddat davomida belgilangan tartibda tegishli sertifikatga ega boʻlmasa, u bilan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi.
6. Sertifikat 3 yil muddatga beriladi.
2-bob. Mutaxassislarga sertifikat berish tartibi
7. Muvofiqlikni baholash sohasi mutaxassislariga sertifikat ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
8. Talabgor dasturga muvofiq oʻqish hamda sertifikatga ega boʻlish uchun ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan soʻrovnomani axborot tizimi orqali Akademiyaga yuboradi.
Soʻrovnomada talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻgʻri va toʻliq koʻrsatilishi shart.
Soʻrovnoma tegishli maʼlumotlar bilan toʻliq toʻldirilmagan taqdirda, axborot tizimi qabul qilmaydi.
9. Soʻrovnoma axborot tizimi orqali avtomatik tarzda Akademiyaga yoʻnaltiriladi.
10. Akademiya bir ish kuni mobaynida talabgorning soʻrovnomasini koʻrib chiqadi va taʼlim berish toʻgʻrisidagi maʼlumot va taʼlim uchun shartnomani axborot tizimi orqali yuboradi.
Akademiya talabgorlarni belgilangan dasturlar boʻyicha oʻquv kursida malaka oshirishlari uchun toʻlov miqdorini mustaqil belgilaydi.
11. Talabgor uch ish kuni mobaynida Akademiyadan kelib tushgan maʼlumotlarni oʻrganib chiqib, oʻqish uchun toʻlovni oʻz hisobi yoki yongʻin auditorlik tashkiloti hisobidan amalga oshiradi.
12. Test sinovidan oʻtish hamda sertifikat olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
30 foizi — Agentlikning hisobvaragʻiga;
30 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
40 foizi — Akademiyaning hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
13. Akademiya oʻquv mashgʻulotlari va dasturi yakunlanganidan soʻng oʻtkaziladigan test sinovi uchun talabgorga toʻlov shartnomasini yuboradi.
Talabgor shartnomada belgilangan toʻlovni oʻz hisobidan yoki auditorlik tashkiloti hisobidan amalga oshiradi va toʻlov toʻgʻrisidagi hujjatni axborot tizimi orqali Akademiyaga yuboradi.
14. Akademiya oʻquv mashgʻuloti boshlanishi haqida talabgorga kamida bir hafta oldin elektron xabarnoma yuboradi (elektron pochta manzili yoki mobil ilova orqali).
Talabgorga oʻz ish joyidan ajralmagan holda oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishga (oʻqishiga) ruxsat etiladi.
15. Akademiya dastur asosidagi oʻqish yakunlangan kunning oʻzida talabgorlarning oʻzlashtirgan bilimini test sinovidan oʻtkazish uchun Agentlikka soʻrovnoma yuboradi.
Agentlik soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida test sinovi oʻtkaziladigan sana va joyi haqida Akademiyaga xabar beradi.
Test natijalari test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga axborot tizimi orqali eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
16. Test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan har bir talabgor mazkur Nizomga 3-ilovasida belgilangan shaklga muvofiq tegishli QR-kodli (matrik shtrixli kod) sertifikatni axborot tizimidan yuklab oladi.
17. Talabgor QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan sertifikat olgan kundan boshlab sertifikatda qayd etilgan huquqqa ega hisoblanadi.
3-bob. Test sinovi jarayonini oʻtkazish tartibi
18. Test savollari Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Agentlik tomonidan belgilangan tartibda maxfiyligi taʼminlangan holda ishlab chiqiladi hamda tizimli ravishda yangilab boriladi.
Test savollarini ishlab chiqishda dastur hamda amaldagi yongʻin xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlaridan foydalaniladi.
19. Talabgor test sinovi oʻtkaziladigan hudud (bino)ga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarining (biometrik pasporti, xorijga chiqish pasporti, identifikatsiya ID-kartasi, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi kabi hujjatlardan birini) aslini koʻrsatgan holda tekshirib kiritiladi.
Test sinoviga kelmagan yoki kechikkan talabgor navbatdagi test sinoviga kirish uchun Akademiyaga ariza bilan murojaat qiladi, Akademiya navbatdagi test topshirish uchun talabgorlar roʻyxatiga kiritadi va bu haqida pochta xizmati orqali xabar yuboradi.
20. Test sinovi belgilangan tartibda:
elektron shakldagi savolnomalardan foydalanilgan holda, Agentlik tomonidan tasdiqlangan komissiyasi aʼzolari va kuzatuvchilar ishtirokida oʻtkaziladi;
shaffoflik va xolislikni taʼminlash maqsadida test jarayoni uzluksiz ravishda ovozli videoyozuvga tushiriladi.
21. Test sinovi oʻtkaziladigan xonaga uyali telefon, shuningdek, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish taqiqlanadi.
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar test sinovidan chetlashtiriladi va test sinovidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Test sinovidan chetlashtirilgan talabgorlar boʻyicha dalolatnoma tuziladi.
Test sinovi videoyozuvlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi va vazirlikda uch yil davomida saqlanadi.
22. Test sinovidagi savollar malaka oshirish kursida oʻtilgan mavzularga muvofiq boʻlishi shart.
Test sinovi 50 ta savoldan iborat boʻladi.
Talabgorga test sinovini topshirish uchun ikki soat vaqt beriladi.
Test savollarining 35 tasiga toʻgʻri javob bergan talabgor test sinovidan oʻtgan hisoblanadi.
23. Test sinovidan oʻta olmagan talabgorga bir oy muddatda ikkinchi marotaba test sinovini bepul topshirish uchun imkoniyat beriladi.
Talabgor test sinovidan takroriy test natijasida ham oʻta olmagan taqdirda, unga sertifikat berilmaydi.
Takroriy test topshirganda ham test sinovidan ijobiy natija bilan oʻta olmagan talabgor umumiy tartibda Akademiyada qayta oʻqiganidan soʻng test sinoviga kirishi mumkin.
4-bob. Sertifikat berilgan mutaxassislar reyestri va uni yuritish tartibi
24. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muvofiqlikni baholash sohasida sertifikatlangan mutaxassislarning elektron reyestri yuritiladi.
Reyestrda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
a) sertifikatlangan mutaxassisning familiyasi, ismi, otasining ismi, pochta manzili, elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa), telefon raqami;
b) jismoniy shaxs uchun shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
v) sertifikat raqami, berilgan sanasi va uning amal qilish muddati;
g) sertifikatlangan mutaxassislar:
hududlar (viloyat va tumanlar) kesimida;
soha (muvofiqlikni baholash);
Reyestrga sertifikatning amal qilish muddati tugab, reyestrdan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritib boriladi.
25. Reyestrni yuritish tartibi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
5-bob. Sertifikatning amal qilishini toʻxtatish tartibi
26. Quyidagilar sertifikatning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish uchun asos hisoblanadi:
mutaxassis tomonidan sertifikatga ega boʻlish uchun mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq savolnoma maʼlumotlari qasddan notoʻgʻri toʻldirilganligi aniqlanganda;
sertifikat egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi sud qarori yoxud ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sertifikat egasiga nisbatan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur ish boʻyicha sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
sertifikat egasining vafot etganligi munosabati bilan.
27. Sertifikatning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilingan sanadan boshlab tugatiladi va sertifikatlangan mutaxassisning muvofiqlikni baholash faoliyati bilan shugʻullanish huquqi toʻxtatiladi.
28. Mutaxassis tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining sertifikat amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi buyrugʻi ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Favqulodda vaziyatlar vazirligi oʻz vakolatlari va funksiyalari doirasida sertifikatlangan mutaxassislar tomonidan yongʻin xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan, maʼmuriy reglamentlar va ushbu Nizom talablariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat qiladi hamda axborot tizimi orqali monitoring olib boradi.
30. Favqulodda vaziyatlar vazirligi oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida mutaxassislar toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
31. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga1-ILOVA
Muvofiqlikni baholash sohasi mutaxassislariga sertifikat berish
SXEMASI
Yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga2-ILOVA
Talabgor tomonidan dasturga muvofiq oʻqish hamda sertifikatga ega boʻlish uchun taʼlim muassasasiga yuboriladigan
SOʻROVNOMA
____________________ ____________________ (sanasi) (raqami) Talabgor haqida maʼlumot: 1. Familiyasi 2. Ismi 3. Otasining ismi 4. Jinsi 5. Pasport (ID karta) maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)) 6. Mutaxassislik yoʻnalishi turi (muvofiqlikni baholash) 7. Yashash joyi 8. Telefon raqami 9. Elektron pochta manzili (e-mail) — (mavjud boʻlsa)
Yongʻin auditorlik tashkilotining mutaxassislarini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi MUTAXASSIS SERTIFIKATI 00000-son Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholashni (yongʻin auditi) oʻtkazish huquqi _________________________________________________________________________ ga berildi (sertifikat olgan shaxsning F.I.O.) Hujjatni imzolagan shaxs _________________________________________ (F.I.O.) Sertifikat 20____ yil “_____”____________ berildi Amal qilish muddati 3 yil. Hujjatning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod
