2-modda. Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlaridan foydalanish
2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida (O‘RQ-886-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan (bundan buyon matnda respublika budjeti deb yuritiladi) ushbu Qonunga muvofiq ajratiladigan budjet mablagʻlaridan faqat 2024 moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar oʻzining joriy xarajatlarini, shu jumladan davlat rivojlantirish dasturlarini (bundan buyon matnda rivojlantirish dasturlari deb yuritiladi) amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarni bir rivojlantirish dasturidan boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlashga haqli.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) qaroriga asosan respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlarining 10 foizgacha boʻlgan cheklangan miqdorlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga yoʻnaltirishga haqli.
Vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati tegishli rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qiladi hamda tahlil natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlarini, shuningdek ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga chet el manbalaridan (chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan) ajratiladigan grant mablagʻlarining (bundan miqdorlari va tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mustaqil ravishda aniqlash shartlari (imkoniyatlari) bilan ajratiladigan grant mablagʻlari mustasno) belgilangan miqdorlari ushbu Qonunga oʻzgartirish kiritilmasdan koʻpaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi, shuningdek rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati haqidagi hisobotlarini eshitishni amalga oshiradi.
