3241-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida (O‘RQ-884-son) · Sana: 25.12.2023 · Amalda
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli. Apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxslar oʻz vajlarini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Apellatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi bir sutka ichida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxsga, jabrlanuvchiga, ularning qonuniy vakillariga, advokatga, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga yuboriladi. Koʻrsatilgan shaxslar ish bilan, shu jumladan qoʻshimcha materiallar bilan tanishishga, shuningdek sudga oʻz eʼtirozlarini taqdim etishga haqli.
Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.
Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellatsiya instansiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim.
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.
