Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-401-son)
21.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-208-son Farmonining ijrosini taʼminlash hamda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning faolligini oshirish maqsadida:
1. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi barcha boʻgʻindagi har bir davlat organi, tashkiloti va korxonasida, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, sud tizimida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilga qadar 30 foizga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etilishini taʼminlasin.
2. Belgilansinki, 2024-yil 1-fevraldan boshlab:
kasanachilik va hunarmandchilik yoʻnalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida taʼlim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga oʻqitish kurslari tashkil etiladi.
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
ikki oy muddatda “xotin-qizlar.uz” platformasi negizida “Band boʻlmagan xotin-qizlar” modulini yaratsin hamda vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga ushbu modulni integratsiya qilishni;
uch oy muddatda “Oʻzbekcharmsanoat”, “Oʻztoʻqimachiliksanoat”, “Oʻzbekipaksanoat” va “Parrandasanoat” uyushmalari bilan birgalikda ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlar uchun zarur ishchilarning korxonalar kesimida aniq ehtiyojini ishlab chiqishni;
2024-yil 1-martga qadar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirokchilarni shaffoflik va xolislik tamoyillariga asosan baholashni “onlayn” rejimda amalga oshirish imkonini beruvchi elektron dasturiy taʼminot ishlab chiqish hamda 2025-yildan boshlab har yili ushbu tanlovni oʻtkazib borishni taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
“Band boʻlmagan xotin-qizlar” moduliga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning maʼlumotlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) bilan hamkorlikda:
har bir hududning ilgʻor mahsulot ishlab chiqarish sohalarini aniqlab, ushbu sohalarda xotin-qizlar tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar boʻyicha fyuchers shartnomalarini tuzish hamda ularning realizatsiyasini taʼminlash vazifasi yuklatilgan xoʻjalik hisobidagi kooperatsiyalarni 2024-yil yakuniga qadar 50 ta, 2025-yil yakuniga qadar kamida 100 ta tumanda tashkil etib, ushbu amaliyotni bosqichma-bosqich respublikaning boshqa tumanlarida ham joriy etish choralarini koʻrsin;
oʻzlarining budjetidan tashqari mablagʻlari hisobidan mahsulot ishlab chiqarib uning bozorini topishda qiynalayotgan xotin-qizlarning roʻyxatini har chorakda tuzib borsin va ularning ijtimoiy tarmoqlarda marketing faoliyati bilan shugʻullanish borasidagi koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv seminarlarini, shu jumladan onlayn tashkil etib borsin.
8. 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zoʻravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritilsin;
ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning uy-joylarini taʼmirlash uchun qurilish materiallarining eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xarid qilinishiga ruxsat berilsin.
9. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi hamda Qoʻmitaning ilgʻor xorijiy tajriba asosida fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, 2024-yil 1-fevraldan mavjud shtat birliklari doirasida tajriba tariqasida fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudlarining ikki nafardan sudyasini oilaviy nizolarni koʻrish boʻyicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etilsin.
Oliy sud fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudining nikohdan ajralish uchun ariza bergan oilalarni yarashtirish boʻyicha ijobiy tajribasini bosqichma-bosqich boshqa sudlarga tatbiq etish boʻyicha moliyaviy asoslantirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etsin.
10. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi hamda Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti:
yuqori sinflar uchun ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlarini oʻqitish boʻyicha mavzularni tanlashda oilaning muqaddasligi, oila aʼzolarining bir-biri oldidagi maʼnaviy javobgarligini yorituvchi mavzularga ustuvorlik berish;
biologiya va tarbiya fanlarini oilaga tayyorgarlikni taʼminlovchi mavzular guruhi bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
11. Qoʻmita, Kinematografiya agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasiga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy faollikka chorlovchi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati oiladagi tinchlik va Vatan ravnaqiga ijobiy hissa qoʻshishi, oila aʼzolari va atrofdagilarning koʻmagi bilan yuksak yutuqlarga erishgan xotin-qizlarning hayotini yorituvchi, oilaviy zoʻravonlikni qoralovchi kinofilm va ijtimoiy reklamalarni tayyorlash tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini keng jalb etgan holda ishlab chiqilgan kinofilm va ijtimoiy reklamalarni televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam uzatilishini taʼminlasin.
12. Vazirlar Mahkamasi Oliy sud bilan birgalikda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalarining ikki oy muddatda ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlasin:
jinoiy oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qurbonlariga nisbatan jabrlanuvchining talabiga koʻra sud tomonidan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlarning soddalashtirilgan tartibda, yaʼni sud mahalladagi xotin-qizlar faolining fikrini inobatga olgan holda er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga imkoniyat yoʻq deb topsa, ishni koʻrishni keyinga qoldirmasdan hamda yarashish uchun muhlat tayinlamasdan hal qiluv qarori chiqarishni;
sudda uy-joyga majburiy tartibda kiritish bilan bogʻliq daʼvolar koʻrilayotganda, uy egasining talabiga koʻra majburiy tartibda kiritilayotgan taraf uy egasiga tegishli mutanosib sharoitga ega boshqa yashash joyiga yoki uy egasi tomonidan ijara haqi toʻlab turiladigan yashash joyiga kiritib qoʻyish imkoniyatini;
b) yon shajara boʻyicha yaqin qarindoshlar oʻrtasida tuzilgan nikohlardan nogiron farzandlar tugʻilishi xavfi toʻgʻrisida amaliyot va xorijiy tajribani chuqur oʻrgangan holda, bunday nikohlar kelajak avlod salomatligi uchun salbiy taʼsir etadigan boʻlsa, yon shajara boʻyicha yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh tuzish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan taklif kiritsin.
13. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi oila, xotin-qizlar hamda gender sohasiga oid ishlarning samarali tashkil etilishini va muvofiqlashtirib borilishini taʼminlasin.
14. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-dekabr,
PQ-401-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-401-son qaroriga 2-ILOVA
“Band boʻlmagan xotin-qizlar” moduliga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning maʼlumotlari
ROʻYXATI
T/rMaʼlumot va hujjatlar nomiMasʼul idora1.Oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarAdliya vazirligi2.Tugʻilganlik haqidagi maʼlumotni real vaqt rejimida taqdim etish3.Nikoh va nikohdan ajralish maʼlumotlarini real vaqt rejimida taqdim etish4.Fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, JSHSHIR va boshqalar) oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarAdliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi5.Budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari ochilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarSogʻliqni saqlash vazirligi6.Oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi/talabalarining oʻqish joyidan maʼlumotnomaOliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi7.Attestatsiyadan oʻtgan pedagog kadrlar toʻgʻrisida (oʻrta maxsus va professional taʼlim) maʼlumotlar8.Nostrifikatsiyadan oʻtgan xalqaro diplomlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar9.Oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar10.Jismoniy va yuridik shaxslarga ochilgan bank plastik kartalari (Uzcard, NUMO) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarMarkaziy bank11.Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarSoliq qoʻmitasi12.Hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar (xotin-qizlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar“Hunarmand” uyushmasi13.Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida band boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarQishloq xoʻjaligi vazirligi14.Mavsumiy ishlarda band boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi15.Ishlab chiqarish kooperativlarida hamda uy mehnati (kasanachilik) bilan band boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-401-son qaroriga 3-ILOVA
Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini taʼminlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
