Gaz transporti tizimi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (651-son)
09.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Gaz transporti tizimi obyektlariga nisbatan ruxsat etilgan minimal masofadagi zonalarga tutash obyektlarni loyihalashtirish va qurish, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida sanoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq:
xavfli ishlab chiqarish obyektlari jumlasiga 0,07 megapaskaldan ortiq bosim ostida yoki ishlatiladigan suyuqlikning normal atmosfera bosimidagi qaynash haroratidan ortiq haroratda ishlaydigan uskunalardan foydalaniladigan obyektlar kirishi;
sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq:
sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar jumlasiga sanoat korxonalariga, shu jumladan, kon sanoati, energetika korxonalariga ishlab chiqarish va yordamchi binolar hamda inshootlar qurish uchun berilgan yerlar kirishi;
transport maqsadlariga moʻljallangan yerlar jumlasiga, shu jumladan, energetika tizimlarining muhandislik obyektlari va tarmoqlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari joylashgan yerlar kirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Energetika vazirligi, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining gaz transporti tizimi obyektlariga nisbatan ruxsat etilgan minimal masofadagi zonalarga tutash obyektlarni loyihalashtirish va qurish, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida xavfsizlikni taʼminlash mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Gaz transporti tizimi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — qoidalar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, gaz transporti tizimi obyektlari joylashgan hududlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qoidalarga qatʼiy rioya etilishi majburiy hisoblanadi.
5. Energetika vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza hududlari mazkur qaror bilan tasdiqlangan qoidalarga muvofiqligini xatlovdan oʻtkazsin hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;
Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va “Oʻztransgaz” AJ Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qaror mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-dekabr,
651-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 9-dekabrdagi 651-son qaroriga ILOVA
Gaz transporti tizimi obyektlarini muhofaza qilish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar sanoat xavfsizligi talablarini taʼminlashga, gaz transporti tizimidan foydalanishda avariyalar va ularning oqibatlarini oldini olishga qaratilgan asosiy talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya — inshootlar va (yoki) xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan texnik qurilmalarning buzilishi, nazorat qilib boʻlmaydigan portlash yuz berishi va (yoki) xavfli moddalarning chiqishi;
avariya ishlari — avariyalar va gaz quvurlaridagi shikastlarni bartaraf qilish bilan bogʻliq ishlar;
gaz transporti tizimi — tovar gazni boʻlinish chegarasigacha yetkazib berishni taʼminlovchi, tarkibiga gazni yer ostida saqlash inshootlari, kompressor stansiyalari, magistral gaz quvurlari, tarmoqlari (shoxobchalari), chetlab oʻtish tarmoqlari (baypas), tarmoq kranlari, elektr kimyoviy himoya qilish uskunalari, gaz sarfini oʻlchash tugunlari hamda tegishli qurilma va uskunalarga ega gaz taqsimlash tizimi kiradigan inshootlar kompleksi;
gazni oʻlchash — magistral gaz quvurlari boʻylab uzatiladigan tabiiy gazning sarfini va zarurat boʻlganda sifat koʻrsatkichlarini uzluksiz oʻlchash tizimlari, vositalar va texnologik uskunalar kompleksi;
gaz taqsimlash stansiyasi (GTS) — magistral gaz quvurlaridan uzatilayotgan gazning bosimini gazni xavfsiz isteʼmol qilish sharoitlariga mos boʻlgan gaz bosimigacha pasaytirib berish uchun xizmat qiladigan inshoot;
gazni yer ostida saqlash inshooti (GEOSI) — tosh-tuz yotqiziqlarida geologik tuzilmalarning qatlam-kollektorlari, konlardagi qazilmalar hamda qazilma-sigʻimlardagi muhandislik-texnik inshootlar kompleksi boʻlib, gazni haydash, saqlash va qayta olishga moʻljallangan. Ushbu inshoot kon ajratmasi bilan chegaralangan yer qaʼrini, har xil maqsaddagi quduqlar fondi, gazni toʻplash va tayyorlash tizimlari hamda kompressor sexlarini oʻz ichiga oladi;
magistral gaz quvuri — tarkibida halqalari (lupinglari) va tarmoqlari boʻlgan, gazni uzoq masofaga yetkazib berishga moʻljallangan quvur. Magistral gaz quvurlari orqali gazning harakatlanishi (uzatilishi) ularning uzatish quvurlari boʻylab muayyan masofalarda oʻrnatilgan kompressor stansiyalari orqali amalga oshiriladi;
magistral gaz quvurlarining tarmoq qismi — gaz quvuri, tarmoqlari, ulagichlari va halqalari (lupinglari), yopish armaturalari, tabiiy va sunʼiy toʻsiqlardan oʻtish joylari, gaz bosimini pasaytirish tugunlari, gaz quvuri ichini tozalash tugunlari va ingibitor kiritish qurilmalaridan tarkib topgan qism;
magistral gaz quvurlarining eng xavfli uchastkasi — magistral gaz quvurlarining aholi yashash manzillariga yaqin boʻlgan, avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar orqali oʻtish joylari, tabiiy va sunʼiy suv inshootlari orqali oʻtish joylari, oʻziga xos tabiiy sharoitlarga ega yerlardan va alohida qoʻriqlanadigan tabiat hududlaridan oʻtgan joylari hamda korroziyalanish xavfi yuqori va oʻta yuqori boʻlgan yerlardan oʻtgan uchastkalar;
muhofaza zonasi — magistral gaz quvuri boʻylab va gaz transporti tizimining boshqa obyektlari atroflarida ularning xavfsizligini taʼminlash, shikastlanishlardan saqlash va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ajratilgan (belgilangan), ishlatilishi boʻyicha alohida shartlarga ega hudud yoki akvatoriya;
ruxsat etilgan eng kichik masofalar zonasi — bino, imorat, inshootlarni va boshqalarni joylashtirish hamda qurish mumkin boʻlmagan, qurilish meʼyorlari bilan (imorat, inshootlar va boshqa tur hamda koʻrinishga bogʻliq holda) belgilangan, gaz transporti tizimi obyektlaridan minimal masofadagi hudud;
maydonli inshoot — gaz transporti tizimining bir qismini tashkil etuvchi, ishlab chiqarish zonasi bosh rejalarining fazoviy chegaralangan oʻlchamlariga ega inshoot (gaz taqsimlash va kompressor stansiyalari, gazni tozalash va quritish stansiyalari, GEOSI va boshqalar);
noxush hodisa — xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlatiladigan texnik uskunalarning shikastlanishi yoki toʻxtashi, texnologik jarayon rejimidan chetga chiqishi, qonunchilik hujjatlaridagi, shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasidagi normativ texnik hujjatlardagi talablarning buzilishi;
sanoat xavfsizligi — shaxs va jamiyat hayotiy muhim manfaatlarining xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalar va noxush hodisalardan hamda ularning oqibatlaridan himoyalanganlik holati;
xavfli ishlab chiqarish obyektlari (XICHO) — portlash-yongʻin xavfi boʻlgan muhitni yuzaga keltirishi va tirik organizmga zararli taʼsir qilishi mumkin boʻlgan ishlab chiqariladigan, qayta ishlanadigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yoʻq qilinadigan xavfli moddalar hamda 0,07 MRa dan ortiq bosim ostida yoki ishlatiladigan suyuqlikning normal atmosfera bosimidagi qaynash haroratidan ortiq haroratda ishlaydigan uskunalardan foydalaniladigan korxonalar, ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek, gaz transporti tizimining boshqa ishlab chiqarish obyektlari;
taʼmirlash — gaz quvurlari va maydonli inshootlarning sozligi yoki ish quvvatini tiklash hamda uning resurslarini yoki asosiy qismlarini tiklash boʻyicha bajariladigan operatsiyalar kompleksi;
texnik yoʻlak — tabiiy gazni tashishga moʻljallangan bitta trassa boʻylab parallel yotqizilgan magistral gaz quvurlari tizimi;
qayta qurish (rekonstruksiya) — foydalanilayotgan gaz quvurining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish maqsadida uning texnik tavsiflarini oʻzgartirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksi.
3. Mazkur Qoidalar respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida amaldagi, loyihalashtirilayotgan va qayta qurilayotgan gaz transporti tizimining obyektlarini loyihalashtiradigan, quradigan va ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlar tomonidan, ularning xoʻjalik faoliyati va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, obyektlari ruxsat etilgan minimal masofa zonasi tutashgan hududda joylashgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida ishlarni yoki harakatlarni amalga oshirayotgan tashkilot va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
4. Mazkur Qoidalar amal qiladigan gaz transporti tizimining obyektlariga quyidagilar kiradi:
a) magistral gaz quvurlarining tarmoqlari va halqalari (lupinglari), berkitish moslamalari, tabiiy va sunʼiy toʻsiqlar orqali oʻtish joylari, nasos va kompressor stansiyalarini ulash tugunlari, tozalovchi va diagnostik qurilmalarni yuborish va qabul qilish tugunlari, mahsulot miqdorini (hajmini) oʻlchash tugunlari, kondensat toʻplagichlar, gidratlanishga qarshi ingibitorni (metanolni) kiritish qurilmalari;
b) magistral gaz quvurlarini korroziyadan elektr kimyoviy himoyalash qurilmalari, gaz quvurlarining texnologik aloqa tarmoqlari va inshootlari, telemexanika vositalari;
v) magistral gaz quvurlari va elektr taʼminoti asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatish hamda quvurlarni elektr kimyoviy himoya qilish qurilmalarini va berkitish moslamalarini masofadan boshqarish uchun moʻljallangan elektr uzatish tarmogʻi;
g) magistral gaz quvurlarining yongʻinga qarshi vositalari, eroziyaga qarshi va boshqa himoya inshootlari;
d) kondensatni saqlash va gazsizlantirish sigʻimlari;
e) magistral gaz quvurlarini ishlatish tarmoq xizmatlarining bino va inshootlari;
j) magistral gaz quvurlarining trassalari boʻylab yoʻllar va gaz quvurlari ustidan oʻtish yoʻllari, gaz quvurlari trassalari boʻylab joylashgan doimiy yoʻllar va vertolyot maydonchalari hamda ularga borish yoʻllari, gaz quvurlarining joylashuvini aniqlash va darak berish belgilari;
z) kompressorlar, gaz taqsimlash stansiyalari va bosimni pasaytirish tugunlari;
i) gazni tozalash va quritish stansiyalari;
k) gazni yer ostida saqlash inshootlari.
2-bob. Magistral gaz quvurlarining tasnifi
5. Magistral gaz quvurlari uchastka toifalarini yotqizish usuliga qarab ularni yer osti (yer ostida yotqizish), yer yuzasi (yer sirti boʻylab koʻmib yotqizish) va yer usti (tayanchlarda) turlariga boʻlinadi.
6. Magistral gaz quvurlarini yakka tarzda, shuningdek, umumiy texnologik zanjir bilan bogʻlangan bir yoki bir necha gaz quvurlari tarmogʻi sifatida — texnik yoʻlakda oʻtkazilishi mumkin.
7. Texnik-iqtisodiy asoslangan hamda gaz quvurlarining ishonchli ishlashi taʼminlangan alohida hollarda, bitta texnik yoʻlakda gaz va neft (neft mahsulotlari) quvurlarini birgalikda oʻrnatishga ruxsat beriladi.
8. Ishchi bosimga bogʻliq holda magistral gaz quvurlari quyidagi sinflarga boʻlinadi:
I sinf — ishchi bosimi 2,5 dan 10 MRa gacha (10 MRa ham kiradi);
II sinf — ishchi bosimi 1,2 dan 2,5 MRa gacha.
3-bob. Gaz transporti tizimining obyektlarini loyihalashtirish, qurish va joylashtirish tartibi
9. Gaz transporti tizimi obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni qurish va taʼmirlash faqat mazkur faoliyat turi bilan shugʻullanish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
10. Gaz transporti tizimi obyektlarining ifloslanish va korroziyaga uchrash manbai boʻlishi mumkin boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarida ifloslanish va korroziyani cheklash boʻyicha chora-tadbirlar yoki gaz transporti tizimi obyektlarini ifloslanish (korroziyalanish) zonasidan chiqarish nazarda tutiladi.
11. Gaz transporti tizimining obyektlari qurilishi uchun yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda ajratiladi.
12. Trassani tanlash hamda tarmoq qismi va maydonli inshootlar obyektlarining joylashtirilishi hududning tabiiy-iqlim xususiyatlarini, yaqin joylashgan aholi yashash joylarining taqsimotini, yerning gidrogeologik xossalarini, yaqin atrofda joylashgan ishlab chiqarish obyektlarining mavjudligini, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlari xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan transport yoʻllari va kommunikatsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
13. Gaz transporti tizimining tarmoq qismi va maydonli inshootlari joylashgan hudud yuk koʻtargich va maxsus texnikalardan foydalanib qurilish-montaj ishlarini bajarish imkonini, shuningdek, qurilish materiallari va uskunalarni joylashtirish imkoniyatini taʼminlab berishi talab etiladi.
14. Tarmoq qismi va maydonli inshootlarning obyektlari boshqa sanoat va qishloq xoʻjaligi obyektlaridan, alohida binolar va inshootlardan, turar joy, ijtimoiy-iqtisodiy va dam olish zonalaridan qurilish meʼyorlari va qoidalarida belgilangan xavfsiz masofalarda joylashtiriladi.
15. Tarmoq qismi va maydonli inshootlar obyektlarini joylashtirishda yuz berishi mumkin boʻlgan avariya holatlarida tashilayotgan xavfli moddalarni yaqin joylashgan aholi punktlariga, obyektlarga va odamlarning ommaviy toʻplanish joylariga nisbatan yerning relyefi va shamolning koʻproq esish (yil davomida koʻproq esuvchi shamollar yoʻnalishining sxemasi) yoʻnalishi boʻyicha xavfli tarqalishi hisobga olinadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq mazkur Qoidalarning 8-bandida koʻrsatilgan sinflarga kiruvchi gaz transporti tizimi obyektlari xavfli ishlab chiqarish obyektlariga tegishli hisoblanadi va Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan xavfli ishlab chiqarish obyektlarining davlat reyestrida majburiy hisobga olinadi.
4-bob. Gaz transporti tizimi obyektlari egalarining va ularni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning majburiyatlari va huquqlari
17. Gaz transporti tizimining obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagilarga majbur hisoblanadi:
a) ishlatilayotgan XICHO uchun sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini ishlab chiqish;
b) quyidagilarning oʻz vaqtida sanoat xavfsizligi ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlash:
XICHOni qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash, konservatsiya qilish va tugatishga oid loyiha hujjatlarini;
XICHOda qoʻllaniladigan texnik qurilmalarni;
XICHOdagi bino va inshootlarni;
XICHOning sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini;
v) XICHOda avariya yuz bergan taqdirda, boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish;
g) sanoat xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda koʻrsatilgan talablarga rioya qilish;
d) belgilangan talablar asosida xodimlar shtat jadvalining toʻliqligini taʼminlash;
e) gaz transporti tizimining obyektlarini ekspluatatsiya qilish ishlariga malaka talablari boʻyicha mos boʻlgan va mazkur ishga tibbiy jihatdan qarshi koʻrsatkichlarga ega boʻlmaganlarni qoʻyish;
j) xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish;
z) belgilangan talablarga muvofiq texnologik jarayonlarni nazorat qiluvchi zarur asboblar va tizimlarning mavjudligi hamda soz holda ishlashini taʼminlash;
i) gaz transporti tizimining obyektlarida qoʻllaniladigan texnik qurilmalar va inshootlarni belgilangan muddatlarda diagnostika, sinov va tekshiruvlardan oʻtkazish hamda sanoat xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida vakolatga ega boʻlgan Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilangan tartibda taqdim qilingan yozma koʻrsatmalarni bajarish;
k) maydonli inshootlarning muhofaza zonasiga ruxsati boʻlmagan begona shaxslar kirishining oldini olish;
l) sanoat xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlarida muvofiq vakolatga ega boʻlgan Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning hududiy boʻlinmalarining buyruq, qaror va yozma koʻrsatmalarini bajarish;
m) avariya va noxush hodisa roʻy berganda, shuningdek, sanoat xavfsizligiga salbiy taʼsir qiluvchi boshqa holatlar aniqlanganda, gaz transporti tizimi obyektlarining ekspluatatsiya qilishni toʻxtatib turish;
n) gaz transporti tizimining obyektlarida avariya va noxush hodisa sabablarini tahlil qilish, ularning oldini olish va bartaraf etish choralarini koʻrish;
o) sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida vakolatga ega boʻlgan Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasini belgilangan tartibda oʻz vaqtida xabardor qilish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning hududiy boʻlinmalarini, shuningdek, joylardagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va aholini gaz transporti tizimi obyektlaridagi avariya haqida oʻz vaqtida ogohlantirish;
p) oʻz ishchilarining hayoti va sogʻligʻini himoya qilish choralarini koʻrish;
r) XICHOda avariya va noxush hodisalar hisobini yuritish;
s) XICHOda avariyalarni cheklash va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish;
t) tegishli professional avariya-qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzish, qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan holatlarda esa shaxsiy avariya-qutqaruv xizmatlarini tuzish yoki oʻz ishchilari tarkibidan shtatdan tashqari avariya-qutqaruv boʻlinmalarini tuzish;
u) XICHOdagi avariyalarning oqibatlarini chegaralash va bartaraf etish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq mablagʻlar va resurslar zaxirasiga ega boʻlish;
f) xodimlarni XICHOda avariya yoki noxush hodisa roʻy bergan holatlarda harakat qilishga oʻqitish;
x) gaz transporti tizimining obyektlarida avariyalar roʻy bergan holatlar uchun kuzatuv, xabardor qilish, aloqa va harakatlarni qoʻllab-quvvatlash tizimlarini tuzish, shuningdek, koʻrsatilgan tizimlarni soz holatda ushlab turish;
ch) maydonli inshootlar uchun sanoat xavfsizligini, shu jumladan, portlash xavfini bartaraf etishni taʼminlash boʻyicha talablarni bajarish;
sh) favqulodda vaziyatlar va yongʻin xavfsizligiga mutasaddi boʻlgan vakolatli organning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan hamda normativ-huquqiy tusdagi qarorlariga (buyruqlariga, qoidalariga) rioya qilish;
e) barcha muhandis-texnik xodimlar, xizmatchilar va ishchilarni yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga oʻqitish hamda ularga amal qilinishini nazorat qilish;
yu) taʼmirlash ishlari olib borilayotganda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etilishini doimiy nazorat qilish.
18. Magistral gaz quvurlari uzunligi boʻylab eng xavfli uchastkaning loyiha hujjatlarida avariyalar xavfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan qoʻyidagi qoʻshimcha choralar koʻzda tutiladi:
magistral gaz quvuri devorining qalinligini oshirish;
magistral gaz quvurlarini yotqizish chuqurligini oshirish;
himoya qoplamalari va elektr kimyoviy himoya vositalari tizimiga talablarni kuchaytirish va korroziyani monitoring qilish tizimini tartibga solish;
himoya gʻilofi va himoya plitasini qoʻllash, qoʻshimcha toʻsiqlar va himoya devorlarini tashkil etish;
yer (qirgʻoq)larni mustahkamlash;
magistral gaz quvurlarining texnik holatini monitoring qilish.
19. Har bir magistral gaz quvuriga nazorat oʻlchash vositalari, uskunalar, gaz quvurlari boʻyicha asosiy maʼlumotlarni oʻzida mujassamlashtirgan pasport gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan tuziladi.
20. Qurilish-montaj tashkilotlari va buyurtmachi tomonidan magistral gaz quvurining tarmoq qismi va maydonli inshootlarini, ularning muhofaza zonalari va ruxsat etilgan eng kichik masofadagi zonalari koʻrsatilgan holda, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan haqiqiy holati boʻyicha materiallar (ijro sxemasi, topografik fotosurat materiallari) tuman (shahar) navbatchi kadastr kartalarida aks ettirilishi uchun chegaradosh kommunikatsiyalardan tegishli tashkilotlarga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga hamda Kadastr agentligining tuman (shahar) boʻlimlariga taqdim etiladi.
21. Gaz transporti tizimining magistral gaz quvurlari yoki boshqa obyektlarining mulkdori hisoblangan jismoniy va yuridik shaxslar trassalarning ijroviy topogeodezik suratga olish materiallarini yerdan foydalanishga oid tegishli kartalarda aks ettirish uchun Kadastr agentligining tuman (shahar) boʻlimlariga hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga taqdim etadi.
22. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari gaz transporti tizimining obyektlari joylashuvi haqidagi maʼlumotlarni manfaatdor tashkilotlarga ularning murojaatlari asosida, rasmiy foydalanish uchun belgilangan tartibda taqdim etishiga ruxsat beriladi.
23. Magistral gaz quvurlarida avariya roʻy berganda, avariya sodir boʻlgan uchastkadan foydalanuvchi tashkilot (ishlab chiqarish boʻlinmasi) zudlik bilan uni bartaraf qilishga kirishadi va shu bilan birga, oʻzining yuqori turuvchi tashkilotlariga, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmalariga hamda avariya roʻy bergan hududdagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy boʻlinmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga xabar beradi.
Gaz transporti tizimida sodir boʻlgan har bir avariya va obyektlarning ishdan chiqish holatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari va vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining buyruqlari talablariga muvofiq faoliyat yuritadigan komissiya tomonidan tekshiriladi hamda ularning sabablari va aybdor shaxslar aniqlanadi.
24. Gaz transporti tizimining obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot (ishlab chiqarish boʻlinmalari), obyektlardagi rejali yoki avariyaviy taʼmirlash-tiklash ishlaridan soʻng koʻrsatilgan ishlarni bajarishda yerdan foydalanuvchilarga keltirgan zararlarni qoplaydi va ishlar bajarilgan joyda holati buzilgan yerlarni texnik va biologik qayta tiklash (rekultivatsiya qilish) yoʻli bilan kelgusida ishlatishga yaroqli holatga keltirib beradi.
25. Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zarar (shu jumladan, boy berilgan foyda) miqdori amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblanadi va qoplanadi.
26. Yoʻl qoplamalarini olish bilan bogʻliq boʻlgan gaz transporti tizimining obyektlaridagi avariya oqibatlarini bartaraf qilish ishlari Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining boʻlimlari bilan kelishilgan holda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning mavjud moddiy-texnik bazasi hamda mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
27. Favqulodda holatlarda gaz transporti tizimining obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarda avariyalarni bartaraf etishda vakolatli vazirliklar (Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi) hamda boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimliklar bilan hamkorlik qilish tegishli qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
5-bob. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalari va ulardan foydalanish shartlari
28. Gaz transporti tizimining tarmoq qismi va maydonli inshootlarining shikastlanish holatlarining oldini olish hamda ulardan xavfsiz foydalanish sharoitlarini taʼminlash maqsadida ular atrofida muhofaza zonalari belgilanadi.
29. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonasi — bu egalik qilish yoki foydalanishning alohida tartibi belgilanadigan yer uchastkasi yoki suv muhiti. Mazkur Qoidalarga muvofiq belgilangan gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalari ushbu yer uchastkalariga alohida talablar qoʻyilganligi uchun belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
30. Gaz transporti tizimining obyektlari uning mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan muhofaza qilinadi.
31. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalari quyidagicha belgilanadi:
a) magistral gaz quvurlarining trassalari boʻylab — gaz quvurlarining ikkala tomonidan oʻqiga nisbatan 50 metr masofada oʻtkazilgan shartli chiziqlar bilan chegaralanuvchi, qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga ega yerlarda esa gaz quvurlarining ikkala tomonidan oʻqiga nisbatan 25 metr masofada oʻtkazilgan shartli chiziqlar bilan chegaralanuvchi yer uchastkasi;
b) koʻp tarmoqli magistral gaz quvurlari boʻylab — eng chetki quvurlar oʻqlariga nisbatan yuqorida koʻrsatilgan masofalarda oʻtkazilgan shartli chiziqlar bilan chegaralanuvchi yer uchastkasi;
v) magistral gaz quvurlarining suvosti oʻtish joylari boʻylab — suvosti tarmogʻining ikkala tomonidan eng chetki gaz quvurlarining oʻqlariga nisbatan 100 metr masofada joylashgan parallel tekisliklar orasidagi suv sathidan uning tubigacha boʻlgan suv muhiti;
g) kondensatni saqlash va gazsizlantirishga moʻljallangan sigʻimlar atrofida — koʻrsatilgan obyektlar hududining chegarasidan ularning hamma tomonlari boʻyicha 50 metr masofadagi berk egri chiziq bilan chegaralangan yer uchastkasi koʻrinishida;
d) gazni uzatishga tayyorlash boʻyicha texnologik qurilma, asosiy va oraliq haydovchi (bosim ostida) nasos stansiyalari, rezervuar parklari, kompressor va gaz taqsimlovchi stansiyalar, gazni oʻlchash tugunlari, GEOSIlari atroflarida — koʻrsatilgan obyektlar hududlari chegarasidan ularning hamma tomonlari boʻyicha 100 metr masofadagi berk egri chiziq bilan chegaralangan yer uchastkasi koʻrinishida.
32. Gaz transporti tizimi obyektlari ekspluatatsiyasi uchun zarur boʻlgan yoʻllarni, oʻtish yoʻlaklarini va boshqa inshootlarni qurilishiga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olgandan soʻng, loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
33. Gaz transporti tizimining mavjud obyektlarining muhofaza zonalari hududlarida joylashgan yer uchastkalarining egasidan, yerga egalik qiluvchi va yerdan foydalanuvchi, shu jumladan, ijarachilardan olib qoʻyilmaydi. Ular gaz transporti tizimini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlar uchun ushbu yer uchastkalaridan foydalanishlari mumkin.
34. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot (gaz transporti tizimining asosiy obyektlari, inshootlari va asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qiluvchi) loyihalarni ishga tushirish talablariga hamda zarur ekologik va sanitariya sharoitlari talablariga muvofiq muhofaza zonalarini belgilash haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda sohada vakolatli vazirliklar (Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi) bilan kelishilgan holda, muhofaza zonalari chegaralariga tegishli materiallarni koʻrib chiqadi hamda muhofaza zonalari chegaralari va ushbu zonalardagi yerlardan foydalanishni tasdiqlash haqida qaror qabul qiladi.
35. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalari gaz transporti tashkilotlari tomonidan Kadastr agentligining tuman (shahar) boʻlimlari bilan birgalikda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida belgilanadi, kadastr hujjatlarida qayd qilinadi hamda yer uchastkasining kadastr rejasida koʻrsatiladi.
Qurilish-montaj tashkilotlari va buyurtmachi (balansida magistral gaz quvurlarini saqlovchi subyektlar) tomonidan magistral gaz quvurlari va ularga xizmat qiluvchi maydonli inshootlarning muhofaza zonalari hamda ruxsat etilgan eng kichik masofa zonalarining chegaralari rasmiylashtirilgan holda belgilanadi va belgilangan tartibda Davlat kadastrlarining yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimiga kiritiladi.
Davlat kadastrlarining yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimiga kiritilgan muhofaza zonalari chegaralari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga taqdim etiladi.
36. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida ushbu obyektlarni xavfsiz ishlatilishiga xalaqit berishi mumkin boʻlgan yoki buzilishlarga olib keluvchi turli, shu jumladan, quyidagi ishlarni bajarish taqiqlanadi:
har qanday bino va inshootlarni qurish;
nazorat-oʻlchov punktlarini, ogohlantiruvchi yozuvlarni, aniqlash va ogohlantirish belgilarining joyini oʻzgartirish, ustiga narsalar tashlab berkitish, shikastlantirish va buzish;
aloqa kabel tarmoqlaridagi xizmat koʻrsatilmaydigan kuchaytirish punktlarining eshik va lyuklarini, tarmoq berkitish qurilmalari atrofidagi panjarali toʻsiqlar eshiklarini, elektr kimyoviy himoya qilish qurilmalarining eshiklarini, tarmoq va nazorat quduqlarining lyuklarini ochish, kranlar, zulfinlarni ochish va berkitish, aloqa va energiya taʼminoti vositalari, telemexanika asbob-uskunalari ishlarini toʻxtatish va ishga tushirish;
chiqindi uyumlarini hosil qilish, ishqor va korroziya-tajovuzkor (agressiv) moddalarni hamda yoqilgʻi-moylash materiallarini toʻkish va tashlash;
har-xil materiallarni, shu jumladan, yoqilgʻi-moylash materiallarini yigʻish, shuningdek, materiallar saqlash joy (ombor)larini tashkil etish;
gaz quvurlarini shikastlanish va buzilishlardan himoyalovchi qirgʻoqni mustahkamlovchi inshootlar, suv oʻtkazish qurilmalari va boshqa inshootlarni buzish;
yakorni tushirish orqali kemalar va suzib yuruvchi obyektlarni toʻxtatib turish, dengiz sut emizuvchilarini, baliqlarni va suvosti biologik zaxiralarni suv tubi ovlash qurollari yordamida ovlash, sanchilib-oʻyuvchi zanjirli yakor bilan suzish;
suv obyektlarining tubi va qirgʻoqlarini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan, tubni chuqurlashtirish va boshqa ishlarni amalga oshirish (magistral gaz quvurlari obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan ishlar bundan mustasno);
zarba-impulsli asbob-uskunalar va asosiy boʻlmagan mexanizmlarni qoʻllagan holda ishlarni bajarish, yuklarni uloqtirish;
rekreatsion faoliyatni amalga oshirish, gulxanlar yoqish va oʻt (olov) oʻchogʻini joylashtirish;
muhofaza zonalarini toʻsiqlar bilan oʻrash va ajratib olish;
mazkur Qoidalarning 4-bandida koʻrsatilgan obyektlarga taalluqli boʻlmagan binolar, imoratlar va inshootlarni qurish;
magistral gaz quvuriga ruxsatsiz ulanib olish;
belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma asosida ishlarni bajarish bilan mashgʻul boʻlmagan fuqarolarni toʻplanishi bilan bogʻliq, shu jumladan, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish.
37. Magistral gaz quvuri mulkdorini yoki magistral gaz quvurini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma ravishda ogohlantirgan holda, yer uchastkasi egasi yoki yer uchastkasining qonuniy boshqa egasi magistral gaz quvurining muhofaza zonasida qishloq xoʻjaligi dala ishlarini hamda sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlarida vaqtincha suv bostirish bilan bogʻliq ishlarni bajarishi mumkin.
38. Gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yozma kelishuvi (keyingi oʻrinlarda — ishlarni bajarishga yozma kelishuv) bilan quyidagilarga yoʻl qoʻyiladi:
a) togʻ-kon, portlatish, qurilish, montaj qilish, sugʻorish, shu jumladan, yerlarga suv bostirish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish;
b) daraxtlar va butalarni ekish;
v) daryo va soylarda toʻgʻon qurilishi;
g) pichan, poxol, yem-xashak, oʻgʻitlar toʻplamlarini joylashtirishga, dala shiyponlar va chorva qoʻralarini joylashtirish;
d) magistral gaz quvurlari ustidan oʻtish yoʻllari qurilishi;
e) muhandislik-kommunikatsiyalarini oʻtkazish;
j) quduqlarni burgʻilash va shurf chuqurliklarini qurish bilan bogʻliq boʻlgan muhandislik-qidiruv tadqiqot ishlarini bajarish;
z) muhofaza zonasi hududida joylashgan transport infratuzilmasiga taalluqli boʻlgan obyektlarda ishlarni amalga oshirish;
i) qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga ega boʻlmagan yerlarda vaqtincha suv bostirish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirish.
39. Ishlarni bajarish uchun beriladigan yozma kelishuvda rejalashtirilayotgan ishlarning nomi, ishlar amalga oshiriladigan hududlar, ularni boshlash va tugatish sanalari, xavfli omillarning mavjudligi, vujudga kelish imkoniyatlari va xususiyatlari, ishlarni bajarishdagi sharoitlar, shu jumladan, ishlar amalga oshiriladigan hududlardagi yer osti muhandislik-kommunikatsiyalari va inshootlarida ehtiyotkorlik chora-tadbirlari, muayyan ish turlarini bajarishda qoʻllanma sifatida foydalanish uchun yoʻriqnomalar boʻladi. Yoʻriqnomada uning tarkibi, gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning vakili ishtirok etishi va nazorat qilishi lozim boʻlgan ish bosqichlari, shuningdek, obyekt mulkdorining yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot masʼul shaxsining familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi.
40. Mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan tashkilot yoki jismoniy shaxs ushbu ishlarni bajarishga yozma kelishuv olish maqsadida ishlarni boshlashni rejalashtirgan kunidan kamida yigirma kun oldin gaz transporti tizimi obyektining mulkdoriga yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga yozma ravishda murojaat qiladi.
41. Gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan mazkur Qoidalarning 40-bandida koʻrsatilgan yozma murojaatni qabul qilgan kundan boshlab hisoblanganda oʻn besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda ishlarni bajarishga yozma kelishuv yoki mazkur ishlar gaz transporti tizimi obyektining xavfsizligiga tahdid solgan holatda asoslangan rad javobi beriladi.
Bunda murojaatchiga taqdim etilgan rad etish javobi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
42. Ishlarni bajarishga yozma kelishuv berish uchun gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ishlarni bajarish moʻljallangan muhofaza zonasi chegarasida magistral gaz quvurining tarmoq qismi yoki maydonli inshootlari uchastkalarining texnik holatini aniqlaydi va mazkur uchastkalarda ogohlantirish belgilari mavjudligi hamda ularning holatini koʻrikdan oʻtkazadi.
Buzilgan yoki oʻrnatilgan joyida boʻlmagan ogohlantirish belgilari muhofaza zonasida ishlar boshlanguniga qadar qayta tiklanadi.
43. Gaz transporti tizimi obyekti mulkdorining yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning vakili mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan ishlar mazkur bandning “g” kichik bandida koʻrsatilgan yer ishlaridan tashqari amalga oshirilishi vaqtida ishtirok etishi mumkin.
44. Magistral gaz quvurining tarmoq qismi uchastkasi yoki maydonli inshootlarining texnik holati gaz transporti tizimi obyekti mulkdorining yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning vakili tomonidan taʼmirlash ishlariga muhtoj deb topilsa, ularga buzilishlarining oldini olish va transportirovka qilinadigan gazning sizib chiqish holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ishlarni bajarayotgan shaxslarni oʻn ish kuni oldin yozma ravishda xabardor qilib, mazkur Qoidalarning 37 va 38-bandlarida koʻrsatilgan ishlar bajarilishini vaqtincha (taʼmirlash tugaguncha) toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
45. Mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan ishlar bajarilayotgan hudud chegarasida joylashgan magistral gaz quvurining va yer osti kommunikatsiyalarning oʻqlari, gaz transporti tizimi obyekti mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ishlar amalga oshirilayotganligi haqidagi ogohlantirish belgisi bilan belgilanadi.
Bunday ogohlantirish belgilari ishlarni bajarishga beriladigan yozma kelishuvda koʻrsatilgan ishlar boshlanguniga qadar oʻrnatiladi.
Mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan ishlarni tegishli ishlar amalga oshirilayotganligi haqidagi belgilar oʻrnatilguniga qadar bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
46. Magistral gaz quvurining ikkala yon tomoni boʻylab uning oʻqidan 2 metr kenglikda mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan yer ishlari faqat gaz transporti tizimi obyekti mulkdorining yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning vakili ishtirokida amalga oshiriladi.
Mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan yer ishlarini bajarmoqchi boʻlgan tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar ushbu ishlarni boshlashdan kamida besh ish kuni oldin yozma ravishda ishlarni bajarish joyi va vaqti haqida gaz transporti tizimi obyekti mulkdorini yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotni xabardor qiladi.
Magistral gaz quvurining ikkala yon tomoni boʻylab uning oʻqidan ikki metr kenglikdagi joylarda mazkur Qoidalarning 38-bandida koʻrsatilgan yer ishlarini bajarishda quvurlarni saqlash choralariga rioya etilishini nazorat qilish uchun gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ishlarni bajarish joyida oʻz vakilining boʻlishini taʼminlaydi.
47. Magistral gaz quvurining muhofaza zonasida boshqa tashkilotlarga tegishli muhandislik-kommunikatsiya inshootlari mavjud boʻlgan yoki magistral gaz quvurlari bilan ushbu kommunikatsiyalar va inshootlar kesishgan holatlarda ularning xavfsiz ishlatilishini, avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldi olinishini, shuningdek, ularning oqibatlari bartaraf etilishini taʼminlashga oid oʻzaro munosabatlar mazkur kommunikatsiyalar va inshootlarning egalari bilan gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning oʻzaro kelishuvlarida belgilanadi.
48. Ishlar amalga oshiriladigan hududda ularni bajarish uchun berilgan kelishuvda koʻrsatilmagan yer osti muhandislik-kommunikatsiyalari hamda inshootlari aniqlanganda, ishlar darhol toʻxtatilishi va gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning vakili chaqirilishi, shuningdek, mazkur muhandislik kommunikatsiyalar va inshootlarning saqlanishini taʼminlashga oid choralar koʻriladi.
49. Ishlarni bajarishga yozma kelishuv olgan tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar ishlar boshlangunga qadar gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan birgalikda ishlar xavfsiz bajarilishi va magistral gaz quvurining saqlanishi boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlarni ishlab chiqishlari shart:
ekspluatatsiya qilinayotgan magistral gaz quvuri yaqinidagi yerlarga ishlov berishda gaz quvuri yotqizilgan chuqurlik darajasida va undan ortiq chuqurlikdagi yerni qazish ishlarida yer choʻkib qolishining oldini oluvchi choralar;
ishlar xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi ekspluatatsiya qilinayotgan magistral gaz quvuridagi bosimni pasaytirish yoki boshqa choralar.
50. Gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan muhofaza zonasida ishlar amalga oshirilishida qatnashuvchi shaxslarni ish boshlanguniga qadar muhofaza zonasida ishlarni xavfsiz bajarishga oid talablar hamda magistral gaz quvurining joylashuvi va uning joylarda belgilanishi bilan tanishtiriladi.
51. Gaz transporti tizimi obyektlaridan foydalanish xavfsizligi magistral gaz quvurlarining texnik ekspluatatsiyasi qoidalari va magistral gaz quvurlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarida belgilangan talablarni bajarish orqali taʼminlanadi.
52. Gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot muhofaza zonasida quyidagi huquqlarga ega:
a) magistral gaz quvuriga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ishlarini bajarishga, shu jumladan:
xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajarish uchun kerak boʻladigan avtomobil yoki boshqa transport vositalarini magistral gaz quvuri yoniga borishi uchun magistral gaz quvurining egasi yoki magistral gaz quvurini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan, borish yoʻlining sxemasini muhofaza zonasi chegarasidagi yer uchastkalari egalariga yoki mazkur yer uchastkalaridan qonuniy foydalanuvchilarga joʻnatishga;
muhofaza zonasi hududida shurflar qazishga, shu jumladan, magistral gaz quvurining tarmoq qismi quvurlari izolyatsiyasi sifatini va korroziyaga qarshi ularni elektr kimyoviy himoya qilish vositalarining holatlarini tekshirishga, shuningdek, muhofaza zonasida joylashgan yer uchastkalarining egalarini yoki qonuniy boshqa foydalanuvchilarni oldindan (ish boshlashdan kamida besh kun oldin) xabardor qilgan holda, magistral gaz quvurlarining meʼyoriy rejimda ishlashini taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa yer ishlarini amalga oshirishga;
b) magistral gaz quvurlaridagi avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish ishlarini amalga oshirishda, oʻrmondagi daraxtlarni kesishga yoki qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazishga (kesilgan daraxtlar va zarar yetkazilgan ekinlarning qoldiq chiqindilaridan hududni tozalab qoʻyish sharti bilan).
53. Mazkur Qoidalarning 52-bandida koʻrsatilgan maqsadlar uchun gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yer uchastkalaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
54. Magistral gaz quvurining muhofaza zonasini yongʻinga xavfsiz holatda saqlash maqsadida gaz transporti tizimi obyekti mulkdori yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot muhofaza zonasi hududidagi daraxtlar va oʻsimliklarni kesib, mazkur hududni kesilgan daraxtlar va oʻsimliklarning qoldiq chiqindilaridan tozalaydi.
55. Magistral gaz quvuri oʻtkazilgan yoki uning obyektlari joylashgan yer maydonlari uchinchi shaxsga vaqtincha yoki doimiy foydalanish uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan ajratiladi.
56. Magistral gaz quvurlari oʻtkazilgan yoki ularning obyektlari joylashgan yer maydonlari tegishli tartibda investorlar yoki boshqa shaxs (tashkilot)larga foydalanish uchun ajratilganda, magistral gaz quvurlarini yoki ularning obyektlarini koʻchirish zarurati boʻlsa, koʻchirish ishlari yer maydonlari ajratib berilgan investorlar yoki boshqa shaxs (tashkilot)lar tomonidan moliyalashtiriladi.
6-bob. Gaz transporti tizimi obyektlarining ruxsat etilgan eng kichik masofadagi zonalari
57. Gaz transporti tizimi obyektlari, ularga yaqin boʻlgan bino va inshootlar, shuningdek, boshqa obyektlar orasidagi ruxsat etilgan eng kichik masofalar ushbu Qoidalarga 1 va 2-ilovalarda qayd etilgan koʻrsatkichlarga muvofiq aniqlanadi.
58. Binolar, imoratlar va inshootlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurishda mazkur obyektlardan magistral gaz quvurigacha hamda gaz transporti tizimining boshqa obyektlarigacha boʻlgan eng kichik masofalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanganlarga mos kelishi lozim.
Mazkur Qoidalarning 4-bandida koʻrsatilgan obyektlarga taalluqli boʻlmagan binolar, imoratlar va inshootlar hamda magistral gaz quvurining tarmoq qismi orasidagi eng kichik masofani oʻlchashda tarmoq qismi oʻqi bilan ushbu binolar, imoratlar va inshootlarning tashqi chegaralari boʻyicha vertikal tekisliklar orasidagi eng yaqin masofalar olinadi. Magistral gaz quvurlari parallel holatda oʻrnatilgan boʻlsa, oʻlchashlar magistral gaz quvurlarining har bir tarmoq qismi oʻqigacha amalga oshiriladi.
Mazkur Qoidalarning 4-bandida koʻrsatilgan obyektlarga taalluqli boʻlmagan binolar, imoratlar va inshootlar hamda 4-bandda koʻrsatilgan obyektlar (magistral gaz quvurining tarmoq qismidan tashqari) orasidagi eng kichik masofani oʻlchashda taalluqli boʻlmagan binolar, imoratlar va inshootlarning tashqi chegaralari boʻyicha vertikal tekisliklar bilan mazkur 4-bandda koʻrsatilgan obyektlarning tashqi chegaralari boʻyicha vertikal tekisliklar orasidagi eng yaqin masofalar olinadi.
Koʻrsatilgan maqsadlar uchun yer uchastkalarini ajratish haqidagi murojaatlarni vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqishda, qurilish obyektlari joylashgan joylar majburiy tartibda gaz transporti tizimi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishilishi shart.
59. Muhofaza zonalarining chegaralari hamda mazkur Qoidalarning 20-bandida nazarda tutilgan eng kichik masofalar haqidagi maʼlumotlar magistral gaz quvuri yoki maydonli inshootlarning loyiha hujjatlarida koʻrsatiladi, shuningdek, hududni rejalashtirishga oid hujjatlarda ham aks ettiriladi va Davlat kadastrlarining yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimiga kiritiladi.
Koʻrsatilgan eng kichik masofalarning chegaralari haqidagi maʼlumotlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq Davlat kadastrlarining yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimida koʻrsatiladi.
60. Mazkur Qoidalarning talablari buzilgan, shuningdek, gaz transporti tizimi obyektlaridan turli faoliyatli obyektlargacha boʻlgan eng kichik masofalar loyihalashtirishga oid qurilish meʼyorlari va qoidalarida belgilangan talablarga mos kelmagan holatlarda, gaz transporti tizimi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot amalga oshirilayotgan ishlarni taqiqlaydi va shu bilan birga, oʻzining yuqori turuvchi tashkilotini xabardor qiladi. Bunda Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi oʻz vakolati doirasida toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega boʻladi.
7-bob. Magistral gaz quvurlari trassalarini aniqlash belgilari bilan jihozlash
61. Magistral gaz quvurlari toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrinib turuvchi lekin oraliq masofalari koʻpi bilan 1000 metrgacha boʻlgan joylarga hamda uning burilish burchaklariga yer sathiga nisbatan 1,5 — 2 metr balandlikdagi aniqlash belgilarini (koʻrsatkich yozuvlarga ega shitlarni) oʻrnatish orqali belgilanadi.
62. Magistral gaz quvurlarini aniqlash belgilarini (koʻrsatkich yozuvlarga ega shitlarni) oʻrnatish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot va yerdan foydalanuvchining birgalikda tuzgan dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
63. Koʻrsatkich-shitlar va aniqlash belgilarini gaz quvuriga parallel oʻtgan elektr uzatish va telekommunikatsiya tarmoqlari tirgaklariga (ustunlariga) va nazorat-oʻlchov kolonkalariga oʻrnatishga ruxsat beriladi.
64. Magistral gaz quvurlarining suv kanallari va kemalar suzadigan daryolar bilan kesishgan joylari suv toʻsiqlarining qirgʻoqlariga signal belgilarini oʻrnatish orqali belgilanadi. Signal belgilari ekspluatatsiya qiluvchi korxona tomonidan suv yoʻlining texnik uchastkalari bilan kelishgan holda oʻrnatiladi.
Qirgʻoqlardagi navigatsiya chiroqlariga ega navigatsiya axborot belgilari gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ichki suv yoʻllari havza maʼmuriyati bilan kelishgan holda, chetki magistral gaz quvurlarining oʻqlariga nisbatan suv oqimi boʻyicha 100 metr masofa oldin va keyinda oʻrnatiladi.
65. Magistral gaz quvurlarining barcha kategoriyali avtomobil yoʻllari bilan kesishgan joylariga Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining boʻlinmalari bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan holda, transport vositalarining toʻxtashini taqiqlovchi yoʻl belgisi oʻrnatiladi.
Gaz transporti tizimi obyektlarining mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etgan arizasi asosida magistral gaz quvurlarining avtomobil yoʻllari bilan kesishgan joylariga belgilarni oʻrnatish va saqlash mazkur yoʻllarning egasi tomonidan amalga oshiriladi.
66. Aniqlash belgilarida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
magistral gaz quvurining nomlanishi va asosiy texnik tavsiflari (loyiha hujjatlari boʻyicha magistral gaz quvurining diametri va ishchi bosimi);
oʻrnatilgan belgi asosiga nisbatan magistral gaz quvuri oʻqining joylashuvi;
magistral gaz quvurining boshlanish nuqtasiga nisbatan kilometr birligida hisoblangan masofa;
magistral gaz quvurining oʻqidan muhofaza zonasi chegarasigacha masofa;
magistral gaz quvuri egasining yoki magistral gaz quvurining mazkur uchastkasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning telefon raqamlari va manzillari.
67. Magistral gaz quvurining yer usti va yer osti kommunikatsiyalari bilan kesishgan joylari gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan aniqlash belgilari bilan jihozlanadi.
68. Magistral gaz quvurining tabiiy va sunʼiy toʻsiqlardan yer usti oʻtish joylari gaz transporti tizimi obyektining mulkdori yoki ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan aniqlash belgilari bilan, shuningdek, magistral gaz quvuri ustida begona shaxslarning harakatlanishiga imkon qoldirmaydigan konstruksiyalar bilan jihozlanadi.
69. Magistral gaz quvurining yer yuzasidan chiqib turgan tarmoq zulfinlari, kranlar, vantuzlar va boshqa elementlari ham ogohlantiruvchi belgilar bilan jihozlanadi.
8-bob. Gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida va ruxsat etilgan eng kichik masofadagi zonalarida ishlar amalga oshirilishiga oid nazorat
70. Muhofaza zonalarida va ruxsat etilgan eng kichik masofadagi zonalardagi ishlarning bajarilishini nazorat qilish uzluksiz va koʻp bosqichli shaklda amalga oshirilishi hamda ekspluatatsiya qilinayotgan magistral gaz quvurlarini but saqlash, shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsizligini taʼminlash, qabul qilingan qoidalar va talablarga rioya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
71. Nazorat muntazam ravishda olib boriladi:
ishlarni amalga oshiruvchi tomonidan — doimiy;
gaz transporti tizimi obyekti mulkdorining yoki uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning masʼul xodimi tomonidan — haftasiga kamida ikki marta, rahbariyati tomonidan — oyiga kamida ikki marta.
72. Ishlarni bajarish davomida aniqlangan kamchiliklarni qayd qilish uchun ishlar bajariladigan joyda qurilish tashkilotining buyrugʻi bilan tayinlangan masʼul rahbar tomonidan kamchiliklar jurnali yuritiladi. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot vakilining oʻtkazgan har bir tekshiruvi kamchiliklar jurnalida qayd etiladi.
73. Magistral gaz quvurining muhofaza zonasida ishlarni bajarish uchun gaz transporti tizimi obyektini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotdan yozma kelishuv olgan tashkilot quyidagilar haqida xabardor qilinadi:
a) kelishuvda xavfli ishlab chiqarish omillarining mavjudligi yoki vujudga kelishi mumkinligi va xususiyati haqida;
b) magistral gaz quvuri oʻqidan loyihalashtirishga oid qurilish meʼyorlari va qoidalarida belgilangan eng kichik masofada turuvchi xavfli zona chegaralari haqida;
v) ishlarni bajarishdagi sharoitlar, ehtiyotkorlik choralari va muayyan ish turlarini bajarishda qoʻllanma boʻladigan yoʻriqnomalarning mavjudligi va tarkibi, ularda ekspluatatsiya qiluvchi (ishlab chiqarish boʻlinmasi) vakilining ishtiroki va nazorati ostida bajariladigan ishlar bosqichlari bayon qilinadi;
g) gaz transporti tizimi obyektini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot vakilining ishtiroki talab qilinadigan ishlarni bajarishni rejalashtirgan yuridik va jismoniy shaxslar ishlar boshlanadigan kundan kamida besh kun oldin mazkur vakilni ishlarni bajarish joyiga taklif etadi.
Gaz transporti tizimi obyektini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot oʻzining masʼul vakilini magistral gaz quvurining tarmoq qismi yoki maydonli inshootlar xavfsizligini va ularning but saqlanishini taʼminlovchi choralarga rioya etilishi boʻyicha nazoratni amalga oshirish uchun ishlarni bajarish joyiga oʻz vaqtida yetib borishini taʼminlaydi.
74. Nazorat qilish jarayonida quyidagilar tekshiriladi:
yozma kelishuv mavjudligi va unga amal qilish muddati;
ishlarni xavfsiz bajarishga javobgar shaxsni tayinlanganligi haqida ish bajaruvchi tashkilotning buyrugʻi mavjudligi;
ishlovchilar oʻz vaqtida yoʻriqnomadan oʻtkazilganligi va maxsus ishlarni bajarish huquqini beruvchi guvohnomalar mavjudligi;
amaldagi gaz transporti tizimi obyektlarining muhofaza zonalarida ishlarni xavfsiz bajarish boʻyicha qoidalar, meʼyorlar va yoʻriqnomalarning talablariga rioya etilishi.
75. Mazkur Qoidalarning talablariga rioya qilmaganda gaz transporti tizimi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yoki Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi vakillari ishlarni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega. Ishlarni toʻxtatishda bayonnoma yoki dalolatnoma tuzilishi, unda ishlarni bajarayotgan tashkilotning nomlanishi, aybdor shaxsning mansabi va familiyasi, qoidabuzarlikning turi, joyi va vaqti koʻrsatiladi.
76. Ishlar qoidabuzarliklar bartaraf etilgandan soʻng ishni toʻxtatgan gaz transporti tizimi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yoki Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining yozma kelishuvi berilgandan keyin qayta amalga oshiriladi.
9-bob. Kommunikatsiyalari bitta texnik yoʻlakda oʻrnatilgan yoki unda kesishgan tashkilotlarning oʻzaro munosabatlari
77. Kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qilishda ham, ularda sodir boʻlgan avariyalarni bartaraf etishda ham, bitta texnik yoʻlakda oʻrnatilgan yoki unda kesishgan kommunikatsiyalarning egasi hisoblangan tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tashkilotlarning oʻzaro kelishuvlari bilan belgilanadi.
78. Texnik yoʻlakda oʻrnatilgan kommunikatsiyalar, shuningdek, yoʻlak chegaralarida uni kesib oʻtuvchi kommunikatsiya qismlari korroziyalanishdan, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatdan aholi punktlarini, oʻrnatilayotgan neft va boshqa mahsulotlarni avariyaviy toʻkilishidan umumiy himoyalovchi tizimlarga ega boʻladi.
79. Har bir muhandislik kommunikatsiyalarining texnik yoʻlakdagi joylashuvi mazkur Qoidalarning 7-bandi talablariga muvofiq joylarda aniqlash va ogohlantirish belgilari bilan aniq jihozlangan boʻladi.
80. Bitta texnik yoʻlakdan oʻtuvchi muhandislik kommunikatsiyalarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar birgalikda obyektlarning oʻzaro joylashuvini aniq koʻrsatgan holda, umumiy sxemani ishlab chiqadilar. Texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarga xizmat koʻrsatuvchi barcha tashkilotlar xodimlarining ish joylarida kommunikatsiyalar joylashuvining umumiy sxemasi boʻladi. Sxemaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar bir oy ichida barcha manfaatdor tashkilotlarga yozma ravishda yetkaziladi.
81. Texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarning butligi va xavfsiz ishlash sharoitlarini taʼminlash maqsadida ularning egalari texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarni birgalikda nazorat qilish va saqlash boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqadi. Yoʻriqnomada quyidagilar aks ettiriladi:
a) asosiy texnik tavsiflarini koʻrsatgan holda kommunikatsiyalar tarkibi;
b) texnik yoʻlakda yotqizilgan (joylashgan) barcha kommunikatsiyalarning muhofaza zonalarini hisobga olgan holda texnik yoʻlak chegaralari;
v) kommunikatsiyalarni ishlatishga masʼul tashkilotlarning roʻyxati, ularning manzili va aloqa maʼlumotlari;
g) texnik yoʻlakka joylashtirilgan har bir kommunikatsiyaning buzilishi va unda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalarning oʻziga xos alomatlari;
d) patrullikni, qoʻriqlashni tashkil etish va amalga oshirish tartibi, texnik yoʻlakdagi qoidabuzarliklar, kommunikatsiyalardagi avariya va buzilishlar haqida xabar berish tartibi;
e) profilaktik taʼmirlash va avariya-tiklash ishlarini kelishish va amalga oshirish tartibi;
j) texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarni yillik tekshiruv tartibi, hajmi va vaqti hamda aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilishi;
z) avariya va ularning oqibatlarini bartaraf etishdagi oʻzaro yordam koʻlami va tashkil qilinishi;
i) umumiy yordamchi obyektlarga (texnik yoʻlak boʻylab oʻtish yoʻlaklariga, koʻpriklar va oʻtish yoʻllariga, vertolyot maydonchalari va boshqalarga) texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash tartibi.
82. Texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariya va ularning oqibatlarini bartaraf etish rejalariga hamda texnik yoʻlakka tutash obyektlarga shikast yetkazilishining oldini olish tartibiga ega boʻladi. Rejalar texnik yoʻlakdagi obyektlarni ekspluatatsiya qiluvchi barcha tashkilotlar bilan kelishilgan boʻladi va avariya-tiklash ishlarida ularni birgalikda ishtirok etishlari koʻzda tutiladi.
83. Texnik yoʻlakda ish bajarish jarayonida yoki kesishgan kommunikatsiyalarda sodir boʻlgan avariyalar natijasida muhandislik kommunikatsiyalarining buzilish holatlari barcha manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning vakillari ishtirokida tekshiriladi.
84. Texnik yoʻlak kommunikatsiyalarida yuklash-tushirish, tashish, taʼmirlash va profilaktik ishlar tartibi ushbu texnik yoʻlakda joylashgan kommunikatsiyalarning egalari bilan kelishiladi. Avariya holatida boshqa kommunikatsiyalarning saqlanishini taʼminlash choralarini qoʻllab, texnik yoʻlakda avariya ishlari olib borilishi haqida kommunikatsiya egalarini bir kun ichida xabardor qilgan holda tiklash ishlari amalga oshiriladi.
85. Texnik yoʻlakdagi avariyalar oqibatlarini bartaraf etish barcha manfaatdor tashkilotlar tomonidan oʻzaro kelishilgan rejaga muvofiq amalga oshiriladi.
86. Texnik yoʻlakda tabiiy ofatlar (koʻchkilar, toshqinlar va boshqalar) oqibatlarini bartaraf etishni tashkilotlar birgalikda amalga oshiradilar.
87. Magistral gaz quvurlari oʻz ish faoliyati turi boʻyicha atrof-muhitga I toifali taʼsirga (yuqori xavf) ega hisoblanadi.
Bitta texnik yoʻlakda yangi gaz quvurlarini qurish va mavjud gaz quvurlarini qayta tiklash loyihalari belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertizasi oʻtkaziladigan obyektlar turkumiga kiradi va ushbu texnik yoʻlakda joylashtirilgan kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qiluvchi barcha tashkilotlar bilan kelishiladi. Ushbu loyihalar boʻyicha ishlar olib borilganda texnik yoʻlakdagi barcha kommunikatsiyalarni xavfsiz ishlatilishi taʼminlanishi talab etiladi.
88. Texnik yoʻlakda har qanday qurilish-montaj va qazish ishlari faqat ish loyihasi va ushbu texnik yoʻlakdagi kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qiluvchi barcha tashkilotlarning yozma kelishuvi boʻlgan holatda amalga oshiriladi.
89. Bitta texnik yoʻlakda joylashtirilgan kommunikatsiyalarni koʻrikdan oʻtkazayotgan ishlab chiqarish xodimlari va mansabdor shaxslar, agar begona shaxslar tomonidan qurilish, qidiruv va boshqa ishlar amalga oshirilayotgani aniqlansa, ularning tegishli yozma kelishuvlari borligini, bunday kelishuvlari boʻlmagan hollarda yoki kelishuvdagi texnik talablarga rioya etilmagan holatlarda ishlar bajarilishini toʻxtatadilar va bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladilar.
90. Texnik yoʻlakda joylashtirilgan kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar oʻrtasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
91. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq keltirilgan zararni qoplaydilar va javobgarlikka tortiladilar.
92. Magistral gaz quvurlari obyektlarini muhofaza qilish qoidalari talablarining buzilishi haqidagi dalolatnoma tasarrufida gaz transporti tizimi obyektlari boʻlgan tashkilotning vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi.
Dalolatnoma ikki nusxada tuziladi. Bitta nusxasi mazkur Qoidalar talablarini buzgan shaxsga topshiriladi, ikkinchi nusxasi tasarrufida gaz transporti tizimi obyektlari boʻlgan tashkilotda qoladi.
Mazkur Qoidalarning buzilishi toʻgʻrisida dalolatnomalarni tuzishga vakolatli mansabdor shaxslarning roʻyxati tasarrufida gaz transporti tizimi obyektlari boʻlgan tashkilot rahbari tomonidan har yili tasdiqlanadi.
93. Mazkur Qoidalar talablariga rioya qilish bilan bogʻliq, shuningdek, muhofaza zonasida gaz transporti tizimining obyektlarini joylashtirish, muhofaza qilish va ishlatish tartiblarining buzilishi boʻyicha yuzaga kelgan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Gaz transporti tizimi obyektlarini muhofaza qilish qoidalariga 1-ILOVA
Gaz quvurlari oʻqidan boshqa obyektlar, bino va inshootlargacha boʻlgan ruxsat etilgan eng kichik masofadagi muhofaza zonalari
Obyektlar, binolar va inshootlar Oʻqdan eng kichik masofa, m Sinflari I II Shartli diametri, mm 76 dan 300 gacha 300 dan 600 gacha 600 dan 800 gacha 800 dan 1000 gacha 1000 dan 1200 gacha 1200 dan 1400 gacha 300 va undan kichik 300 dan ortiq 1. Shaharlar va boshqa aholi punktlari; bogʻ uychali jamoa bogʻlari, dala qoʻrgʻonlari, alohida sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalari; issiqxona xoʻjaliklari; parranda fabrikalari; sut zavodlari; foydali qazilmalar karyerlari; 20 dan ortiq avtomobillar uchun garajlar va ochiq turar joylar; odamlar ommaviy yigʻiladigan yakka turgan binolar (maktablar, shifoxonalar, klublar, bolalar bogʻchalari va yaslilar, vokzallar va boshqalar); 3 qavatli va undan baland turar joy binolari; temir yoʻl stansiyalari; aeroportlar; gidro elektr stansiyalar; I-IV sinflardagi daryo transportining gidrotexnik inshootlari; suv quvurining magistral gaz quvuriga tegishli boʻlmagan tozalash inshootlari va nasos stansiyalari, umumiy tarmoq temir yoʻl va avtomobil yoʻlining uzunligi 20 metrdan ortiq boʻlgan I va II toifa koʻpriklari (neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini oqim boʻyicha koʻprikdan pastroqda yotqizishda); saqlash hajmi 1000 kub metrdan ortiq boʻlgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar va gazlar omborlari; avtoyoqilgʻi stansiyalari; aloqa tashkilotlari va boshqa idoralar koʻp kanalli radiorele tarmogʻini machta (minora) va inshootlari; televizion minoralar. 100 150 200 250 300 350 75 125 2. Gaz quvuri parallel yotqiziladigan umumiy tarmoqning temir yoʻllari (peregonlarda) va I-III toifali avtoyoʻllar; 1-2 qavatli alohida turgan turar joy binolari; bogʻ va dala hovlilar, uylar, tarmoq nazoratchi uylari; qabristonlar; qishloq xoʻjaligi fermalari va tashkilot mol boqishi uchun oʻralgan uchastkalar; dala ayvonlari. 75 125 150 200 225 250 75 100 3. Alohida joylashgan, odamlar yashamaydigan va yordamchi binolar; burgʻulanayotgan va ishlatilayotgan neft, gaz va artezian quduqlarning ogʻiz qismlari; 20 ta va undan kam avtomobilga moʻljallangan garajlari va ochiq turar joylari; kanalizatsiya inshootlari; sanoat korxonalarining temir yoʻllari; gaz quvurlari parallel yotqiziladigan IV, V, III-n va IV-n toifali avtomobil yoʻllari. 30 50 100 150 175 200 30 50 4. Sanoat korxonalarining temir yoʻllari hamda III, IV, III-n, IV-n toifali avtomobilb yoʻllarining uzunligi 20 metrdan ortiq boʻlgan koʻpriklari (neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini oqim boʻyicha koʻprikdan pastda yotqizilayotganda). 75 125 150 200 225 250 75 125 5. KS, neft va gazni kompleks tayyorlash uskunalari, GEOSI, konlarning guruhli va yigʻma punktlari, kon-gaz taqsimlash stansiyalari (GTS), gazni tozalash va quritish qurilmalari hududlari. 75 125 150 200 225 250 75 125 6. Vertolyotlar doimiy turmaydigan vertodromlar va qoʻnish maydonchalari. 50 50 100 150 175 200 50 50 7. Suv osti neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini oqim boʻyicha yuqorida yotqizishda: a) temir yoʻl va avtomobil yoʻllari koʻpriklaridan, sanoat korxonalaridan va gidrotexnik inshootlardan; b) pristan va daryo vokzallaridan; v) suv toʻplash inshootlaridan. Belgilangan tartibda tasdiqlangan maxsus normativ hujjatlar talablariga muvofiq hamda koʻrsatilgan obyektlar ixtiyorida boʻlgan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda. 8. Quyidagilarni gaz bilan taʼminlashga moʻljallangan GTS, avtomatlashgan GTS (AGTS) va rostlovchi stansiyalar (jumladan, shkaf turli) hududlari: a) shaharlar; aholi punktlari; korxonalar, alohida binolar va inshootlar; boshqa isteʼmolchilar; 50 75 100 125 150 175 50 75 b) gaz quvuri obyektlari (sarf oʻlchash punktlari, termoelektr generatorlari va boshqalar). 25 25 25 25 25 25 25 25 9. Avtomatlashgan termoelektr generatorli elektr stansiyalari; aloqa, telemexanika va avtomatika qurilmalari. Eng chekka toladan kamida 15. 10. Yonidan gaz quvuri oʻtkazilgan magistral sugʻorish kanallari va kollektorlari, daryo va suv havzalari; sugʻorish tizimlari suv toʻplash inshootlari va stansiyalari. 25 25 25 25 25 25 25 25 11. Maxsus korxonalar, inshootlar, maydonchalar, qoʻriqlanuvchi zonalar, portlovchi va portlashga xavfli moddalar, portlatish ishlarini qoʻllab qazib olinadigan foydali qazilmalar konlari, suyultirilgan yonuvchi gazlar omborlari. Belgilangan tartibda tasdiqlangan maxsus normativ hujjatlar talablariga muvofiq hamda koʻrsatilgan obyektlar ixtiyorida boʻlgan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda. 12. Gaz quvuri parallel yotqiziladigan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari; trassaning tabiiy sharoitlarida gaz quvuri parallel yotqiziladigan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari; yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarining gaz quvuri bilan kesishgandagi tayanchlari; 35 kV va undan ortiq kuchlanishli ochiq va yopiq transformator podstansiyalari va yopiq taqsimlash qurilmalari. Elektr uskunalarining tuzilish qoidalari talablariga muvofiq ravishda. 13. Quvur uzatgichdan neft va kondensatni avariyaviy chiqarib yuborish uchun yer osti ombori. 50 75 75 75 100 100 50 50 14. Shaharlararo aloqa kabellari va kuch elektr kabellari. 10 10 10 10 10 10 10 10 15. Gaz quvurlarining xizmat koʻrsatilmaydigan kichik kanalli radiorele aloqa machtalari (minoralari) va inshootlari, termo elektr generatorlar. 15 15 15 15 15 15 15 15 16. Yer osti termokameralaridagi kabel aloqasining xizmat koʻrsatilmaydigan kuchaytirish punktlari. 10 10 10 10 10 10 10 10 17. Faqat gaz quvurlariga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan trassa boʻyidagi doimiy yoʻllar. kamida 10
Izoh.
1. Gaz quvuri oʻqidan binolar va inshootlargacha yer ustida yotqizish holida 1-bandda koʻrsatilgan minimal masofalarni 2-marta, 2 — 6, 8 — 10 va 13-bandlarda — 1,5-marta oshirilgan holda qabul qilish lozim.
2. Ushbu jadvalda koʻrsatilmagan obyektlargacha masofalarni davlat nazoratining tegishli idoralari va manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
3. Oʻrmon hududlarida yotqiziladigan gaz quvurlari uchun temir yoʻllar va avtomobil yoʻllaridan eng kichik masofalarni 30 foizgacha qisqartirishga ruxsat beriladi.
4. Atmosferaga gaz chiqarishi va ulardan sizib chiqishi mumkin boʻlgan gaz quvurlari va boshqa obyektlar aerodromlar va vertodromlarga oʻtish havo polosalaridan tashqarida joylashishi lozim.
Gaz transporti tizimi obyektlarini muhofaza qilish qoidalariga 2-ILOVA
Kompressor stansiyalari va gaz taqsimlash stansiyalaridan boshqa obyektlar, binolar va inshootlargacha boʻlgan eng kichik masofadagi muhofaza zonalari
Obyektlar, binolar va inshootlar Eng kichik masofalar, m KS va GTSdan Gaz quvuri sinflari I II Gaz quvurining shartli diametri, mm 76 dan 300 gacha 300 dan 600 gacha 600 dan 800 gacha 800 dan 1000 gacha 1000 dan 1200 gacha 1200 dan 1400 gacha 300 va undan kichik 300 dan ortiq 1. Shaharlar va boshqa aholi punktlari; bogʻ uychali jamoa bogʻlari, dala qoʻrgʻonlari, alohida sanoat va qishloq xoʻjalik korxonalari; issiqxona xoʻjaliklari; parranda fabrikalari; sut zavodlari; foydali qazilmalar karyerlari; 20 dan ortiq avtomobillar uchun garajlar va ochiq turar joylar; odamlar ommaviy yigʻiladigan yakka turgan binolar (maktablar, kasalxonalar, klublar, bolalar bogʻchalari va yaslilar, vokzallar va boshqalar); 3 qavatli va undan baland turar joy binolari; temir yoʻl stansiyalari; aeroportlar; gidro elektr stansiyalar; I — IV sinflardagi daryo transportining gidrotexnik inshootlari; aloqa tashqi-lotlari va boshqa idoralar koʻp kanalli radiorele tarmogʻini machta (minora) va inshootlari; televizion minoralar. 500 150 500 175 700 200 700 250 700 300 700 350 500 100 500 125 2. Uzunligi 20 m dan ortiq boʻlgan I va II toifali umumiy tarmoq temir yoʻl va avtomobil yoʻllari koʻpriklari (neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini oqim boʻyicha koʻprikdan pastda yotqizilganda); saqlash hajmi 1000 kub metrdan ortiq boʻlgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda gazlar omborlari; avtoyoqilgʻi quyish stansiyalari; magistral gaz quvuriga aloqasi boʻlmagan suv oʻtkazish inshootlari. 250 150 300 175 350 200 400 225 450 250 500 300 250 100 300 125 3. Umumiy tarmoq temir yoʻllari (oʻtish joylarida) hamda I va III toifali avtoyoʻllar; yakka turgan 1-2 qavatli turar joy binolari; tarmoq nazoratchilari uylari; qabristonlar; qishloq xoʻjaligi fermalari va mol boqish uchun oʻralgan uchastkalar; dala ayvonlari. 100 75 150 125 200 150 250 200 300 225 350 250 75 75 150 100 4. Uzunligi 20 m dan ortiq boʻlgan sanoat korxonalari temir yoʻllarining hamda III-U, III-n va IV-n toifali avtomobil yoʻllarining koʻpriklari. 125 100 150 125 200 150 250 200 300 225 350 250 100 75 150 125 5. Sanoat korxonalarining temir yoʻllari. 75 50 100 75 150 100 175 150 200 175 250 200 50 50 100 75 6. IV, V, III-n va IV-n toifali avtomobil yoʻllari. 75 50 100 75 150 100 175 150 200 175 250 200 50 50 100 75 7. Aholi turar joyi hisoblanmaydigan yordamchi qurilmalar (ogʻilxonalar va boshqalar); burgʻulanayotgan va ishlatilayotgan neft, gaz va artezian quduqlarning ogʻizlari; 20 ta va undan kam avtomobilga moʻljallangan garajlari va ochiq turar joylari; tozalash inshootlari va kanalizatsiya nasos stansiyalari. 50 50 75 75 150 100 200 150 225 175 259 200 50 30 75 50 8. Magistral quvurlarning va boshqa isteʼmolchilar kompressor stansiyalarini taʼminlovchi 35, 100, 220 kV elektr podstansiyalarining ochiq taqsimlovchi qurilmalari. 100 100 100 100 100 100 100 100 9. Magistral quvurlarning kompressor stansiyalarini taʼminlovchi 35, 100, 220 kV elektr podstansiyalarning ochiq taqsimlovchi qurilmalari. kompressor stansiyalari hududida binolar va inshootlardan portlash va yongʻindan xavfsiz oraliqlarni saqlagan holda. 10. Quyidagi jinslarning oʻrmon massivlari: a) qaragʻayzorli; 50 50 50 75 75 75 50 50 b) igna bargli. 20 20 20 30 30 30 20 20 11. Vertolyot bazasi hisoblanmaydigan vertodrom va qoʻnish maydonchalari: MI-6, MI-10 kabi ogʻir turlari; 100 100 150 200 225 250 100 100 MI-4, MI-8 kabi oʻrta turlari; 75 75 150 200 225 250 75 75 MI-2, KA-26 kabi yengil turlari (vertolyotlarning havodan kelish yoʻlaklarida joylashgan quvurlarning bino va inshootlari balandligi belgilangan tartibda tasdiqlangan normativ hujjatlar talablariga muvofiq toʻsiqlar balandligini cheklash tekisligi oʻlchamlaridan oshmasligi lozim). 60 75 150 200 225 250 60 60 12. Maxsus korxonalar, inshootlar, maydonchalar, qoʻriqlanadigan zonalar, portlovchi va portlash xavfi boʻlgan moddalar omborlari; portlatish ishlarini qoʻllash orqali qazib olinadigan foydali qazilmalar karyerlari; suyultirilgan yonuvchi gazlar omborlari. Belgilangan tartibda tasdiqlangan maxsus normativ hujjatlar talablariga muvofiq hamda koʻrsatilgan obyektlar ixtiyorida boʻlgan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda. 13. Yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari. Elektr uskunalarining tuzilish qoidalari talablariga muvofiq ravishda. 14. Gazni yoqish uchun mashʼal. 100 100 100 100 100 100 100 100
Izoh.
1. Chiziq ustida koʻrsatilgan masofalar KSga, chiziq ostidagi — GTSga taalluqli.
2. Masofalarni quyidagicha qabul qilish lozim: binolar va inshootlar uchun 1-band kompressor sexi binosidan boshlab; GTS, bino va inshootlar uchun 1 — 14-bandlar va KS uchun 2 — 14-bandlar boʻyicha stansiyalarning chegara toʻsiqlaridan boshlab.
3. Quvurlarning aloqa radiorele tarmoqlari machtalarini (minoralarini) KS hududida joylashtirishga ruxsat beriladi. Lekin, bunda machtalarning oʻrnatilgan joyidan texnologik uskunalargacha boʻlgan masofa machtani balandligidan kichik boʻlmasligi lozim.
4. Kam kanalli xizmat koʻrsatilmaydigan radiorele aloqa machtalarini GTS hududida joylashtirishga ruxsat beriladi. Lekin, bunda machta oʻrnatilgan joydan GTS texnologik uskunalarigacha boʻlgan masofa machtani balandligidan kichik boʻlmasligi talab etiladi.
