Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3480-son)
05.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 5-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3480]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 432-son “Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining kinologiya xizmatlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi 750-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-noyabr,
602-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 2-noyabrdagi 602-son buyrugʻiga ILOVA
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xizmat itlari naslchilik pitomnigida (bundan buyon matnda naslchilik pitomnigi deb yuritiladi) yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
buyurtmachi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari kinologiya boʻlinmalariga (bundan buyon matnda kinologiya boʻlinmalari deb yuritiladi) itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotib olish uchun oʻz ixtiyoriga koʻra murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslar;
pullik xizmatlar — kinologiya boʻlinmalari tomonidan shartnoma asosida haq evaziga itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmat;
test-sinovi — itlarning umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlashga moyilligini aniqlash uchun apportirovka (buyumlarni olib kelish), qidiruv reaksiyasini yaqqol namoyon qilishi, egasiga yaxshi munosabatda boʻlishi va unga boʻysunishi, harakatchanligi (toʻsiqlarni yengib oʻtishda), hid bilishi rivojlanganligi, oʻziga nisbatan tahdidli harakatlarga jahldorlikni yuzaga chiqarishi, otilgan oʻq ovozi va boshqa kuchli qoʻzgʻatuvchilarga nisbatan xotirjam munosabatda boʻlishi kabi koʻrsatkichlar boʻyicha itning ish qobiliyatini tekshirish;
veterinariya bloklari — kinologiya boʻlinmalari hududida tashkil etilgan va veterinariya klinikasi, veterinariya punkti, veterinariya-profilaktika nuqtasi, veterinariya laboratoriyasi, maxsus tekshiruv (rentgen, ultratovush) xonalari, jarrohlik xonasi, statsionar, karantin binosi (xonasi), izolyator, dezinfeksiyalovchi toʻsiqlarni oʻz ichiga olgan inshootlar;
veterinariya xizmati — itlarga nisbatan amalga oshiriladigan veterinariya davolash (diagnostik, terapevtik, jarrohlik), profilaktika (aktiv va passiv immunizatsiya-emlash, dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya) va laboratoriya-diagnostika (rentgen, ultratovush, bioximik, mikroskopiya, genetik tekshiruv) ishlari;
umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari — itlarni boshqarish, yoʻnaltirish va biror holatni qabul qilishi uchun zarur boʻlgan boʻysunuvchanlik, shuningdek himoyalash va qorovullik koʻnikmalarini hosil qilishi.
2. Pullik xizmatlar koʻrsatish va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar toʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maxsus budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va ulardan ichki ishlar organlarining kinologiya boʻlinmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun foydalaniladi.
3. Pullik xizmatlar preyskuranti (narxlari) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Kinologiya boʻlinmalarida itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish
4. Buyurtmachi itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash boʻyicha pullik xizmatlardan foydalanish uchun kinologiya boʻlinmalariga bevosita yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida elektron tarzda murojaat qiladi.
5. Itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun klinik sogʻlom boʻlgan va sakkiz oydan oshgan mazkur Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan itlar qabul qilinadi.
Buyurtmachi tomonidan keltirilgan it ushbu Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan itlar toifasiga kirmagan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadigan Kinologiya boʻlinmalarida itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlashga yaroqliligini aniqlash komissiyasi tomonidan test-sinovi va oʻrganish oʻtkazilishi hamda uning ijobiy xulosasi asosida umumiy boʻysunuvchanlik yoki himoya-qorovul koʻnikmasi boʻyicha tayyorlash uchun loyiq deb topilishi va istisno tariqasida qabul qilinishi mumkin.
6. Buyurtmachining murojaati kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida kinologiya boʻlinmalari tomonidan itni dastlabki klinik koʻrikdan oʻtkazish uchun olib kelish sanasi maʼlum qilinadi.
7. Buyurtmachi tomonidan belgilangan sanada keltirilgan it va uning veterinariya pasporti kinologiya boʻlinmalariga taqdim etiladi.
Buyurtmachi tomonidan emlash tadbirlari itni kinologiya boʻlinmalariga olib kelishdan kamida yigirma bir kun oldin yoki oʻn bir oydan oshmagan holda amalga oshirilgan boʻlishi shart.
8. Buyurtmachi tomonidan keltirilgan it kinologiya boʻlinmalarining veterinariya xizmati shifokorlari tomonidan dastlabki klinik koʻrikdan oʻtkaziladi va natijasi boʻyicha mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda veterinariya xulosasi tuziladi.
Veterinar shifokor xulosasiga koʻra:
it sogʻlom deb topilsa, kinologiya boʻlinmalari tomonidan qabul qilinadi;
it nosogʻlom deb topilsa, u kinologiya boʻlinmalari tomonidan qabul qilinmaydi.
9. Buyurtmachi tomonidan keltirilgan it sogʻlom deb topilganda, buyurtmachi va kinologiya boʻlinmalari oʻrtasida ikki nusxada pullik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuziladi.
10. Kinologiya boʻlinmalariga umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun qabul qilingan itlar oʻn kun davomida dastlabki veterinariya va karantin nazoratida saqlanadi.
11. Qabul qilish paytida itlarda yuqumli kasalliklar yashirin (inkubatsion) davrida boʻlib, karantin yoki keyingi davrda yuqumli kasallik belgilari yuzaga chiqqanda kinologiya boʻlinmalarining veterinar shifokorlari tomonidan xulosa tuziladi va davlat veterinariya xizmatining hududiy boʻlinmalari xabardor qilingan holda itlar buyurtmachiga qaytariladi.
12. Umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlanayotgan itlar veterinar shifokorlari xulosasi asosida qaytarilgan (chetlashtirilgan) hollarda toʻlangan mablagʻlar kinologiya boʻlinmalari tomonidan sarflangan ozuqa va dori-darmon xarajatlari chegirilgan holda oʻn besh ish kuni ichida buyurtmachiga qaytariladi.
13. Umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash boʻyicha ikki oylik kursning soʻnggida itlar buyurtmachi ishtirokida test sinovidan oʻtkaziladi.
Bunda test-sinovidan oʻtgan itlar dalolatnoma asosida buyurtmachiga topshiriladi, test-sinovidan oʻta olmagan itlar esa buyurtmachining xohishiga koʻra kinologiya boʻlinmalari tomonidan qoʻshimcha bepul tayyorlashdan oʻtkazib beriladi.
21-bob. Veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish
131. Buyurtmachi veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish yuzasidan mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq kinologiya boʻlinmalariga murojaat qiladi.
132. Murojaat kinologiya boʻlinmasi tomonidan qabul qilinadi, roʻyxatdan oʻtkaziladi va veterinariya xizmati yuzasidan shartnoma tuziladi.
133. Kinologiya boʻlinmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga (shartnoma asosida) veterinariya xizmatlari kinologiya boʻlinmalari hududida mavjud yoki yangi barpo etilgan veterinariya bloklarida, shuningdek, buyurtmachilarning murojaatiga koʻra ularning turar joyida yoki tegishli hududda amalga oshiriladi.
134. Veterinariya bloklarida kinologiya boʻlinmalarining veterinariya xizmati xodimlari faoliyat koʻrsatadi.
135. Veterinariya bloklariga qabul qilishda:
itlar klinik koʻrik va zaruratga koʻra laboratoriya-tashxis tekshiruvlaridan oʻtkaziladi;
itlarni saqlash, parvarishlash, oziqlantirish hamda koʻpaytirish masalalari boʻyicha maslahat va tavsiyalar beriladi;
itlarga buyurtmachining roziligi asosida kasallik holatining ogʻirligi darajasidan kelib chiqqan holda izolyatorda davolash muolajalari oʻtkaziladi;
xavfsizlik choralarini koʻrgan holda itlarning sogʻligʻini tiklash boʻyicha veterinariya tadbirlari koʻrsatiladi.
136. Veterinariya xizmatlari koʻrsatilayotgan vaqtda buyurtmachilarning itiga ularning harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq boʻlmagan holda zarar yetkazilsa, yetkazilgan zarar kinologiya boʻlinmalari tomonidan qoplanadi.
Bunda buyurtmachilarning itiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlar aybdor shaxsdan regress tartibida undiriladi.
137. Kinologiya boʻlinmalari tomonidan itlarni profilaktika qilish, diagnostika va davolashda sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan vosita va usullar qoʻllanilmaydi.
138. Kinologiya boʻlinmalari veterinariya xizmatini koʻrsatishda quyidagi huquqlarga ega:
itlarning kasalligini aniqlab, tashxis qoʻyish va ularni davolash bilan shugʻullanish;
oʻziga tegishli boʻlgan asbob-uskuna va boshqa jihozlardan foydalanish;
oʻziga tegishli boʻlgan dori vositalaridan foydalanilgan holda veterinariya xizmatlarini koʻrsatish;
shartnomada nazarda tutilgan holda kinologiya boʻlinmalari ixtiyorida mavjud boʻlmagan dori vositalari buyurtmachi tomonidan olib kelinishini talab qilish;
itlarni kasallanishdan saqlash maqsadida emlash tadbirlarini oʻtkazish (bundan quturish kasalligiga emlash mustasno), shuningdek itlarning egalariga maslahat berish;
xizmat koʻrsatish davomida veterinariya xizmatlari mutaxassislarini jalb etish;
kinologiya boʻlinmalarining veterinariya sohasidagi mutaxassislarining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi deb yuritiladi) huzuridagi Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida malakasini oshirish.
139. Kinologiya boʻlinmalari:
pullik xizmatdan foydalanish yuzasidan buyurtmachilar murojaatlarini koʻrib chiqishi;
buyurtmachilarga sifatli veterinariya xizmatlarini koʻrsatishi;
yuqumli kasallik mavjudligi xususida shubha mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga zudlik bilan xabar berishi hamda kasallik doirasi kengayib ketmasligi yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrishi;
veterinariya bloklarining doimiy faoliyat olib borishini taʼminlashi;
xizmat koʻrsatish davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni qoʻshimcha toʻlovlarsiz bartaraf etishi;
buyurtmachilarni veterinariya xizmatlari roʻyxati va preyskuranti (narxlari) bilan tanishtirishi;
shartnomada belgilab olingan xizmatlardan tashqari zarur boʻlmagan boshqa xizmatlarni taklif etmasligi va ular uchun haq olmasligi;
davolash uchun izolyatorda olib qolingan hayvonlarni kinologiya boʻlinmalariga qarashli xizmat itlaridan alohida saqlashi va xavfsizligini taʼminlashi;
buyurtmachilarga koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari boʻyicha maʼlumot taqdim etishi;
veterinariya xizmati koʻrsatishda faoliyatga aloqador boʻlmagan vaziyatda itning umumiy klinik ahvoli ogʻirlashganda koʻrilgan choralar toʻgʻrisida buyurtmachilarni oʻz vaqtida xabardor qilishi;
epizootiya yuzaga kelgan taqdirda, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalarining koʻrsatmalariga binoan veterinariya tadbirlarini oʻtkazishi;
taqdim etilgan it nobud boʻlganda buyurtmachini xabardor qilgan holda it jasadini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga topshirishi shart.
1310. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
kinologiya boʻlinmalariga veterinariya xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilish;
veterinariya xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida kinologiya boʻlinmalari bilan shartnoma tuzish;
veterinariya xizmatlarini veterinariya bloklarida olish;
veterinariya bloklarida yaratilgan mavjud sharoitlar bilan tanishish;
koʻrsatilayotgan veterinariya xizmatlari turlari va preyskuranti (narxi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishish;
itning holati, kasalligi va oʻtkazilgan muolajalar haqida maʼlumot olish;
itning kasalligi holatidan kelib chiqib uni izolyatorda davolashga qoldirish;
belgilangan tartibda shikoyat qilish.
1311. Buyurtmachi:
veterinariya bloklariga itni koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etishi;
it oʻtkazgan kasalliklar, uning emlanganligi hamda salomatligi bilan bogʻliq zarur maʼlumotlarni taqdim etishi;
koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari uchun preyskurant (narx) boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishi;
izolyatorda davolanayotgan itni saqlash va oziqlantirish xarajatlarini qoplashi;
veterinariya xizmati xodimlarining tavsiyalari asosida zoogigiyenik talablarga muvofiq itlarni saqlash va oziqlantirish hamda davolash-profilaktika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirishi;
veterinariya-sanitariya qoidalariga toʻliq rioya etishi shart.
1312. Itlarni davolash jarayonida boshqa kasalliklar aniqlanganda, ularni bartaraf etish va sogʻlomlashtirish xarajatlari qoʻshimcha ravishda buyurtmachi hisobidan amalga oshiriladi.
1313. Buyurtmachilar tomonidan veterinariya xizmatlari koʻrsatishdan foydalanish rad etilgan taqdirda, xizmat koʻrsatilmagan qismi uchun toʻlangan mablagʻlar qaytarib beriladi.
1314. Zarur hollarda kinologiya boʻlinmalari veterinariya xizmati koʻrsatishni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
22-bob. Kinologiya boʻlinmalarida buyurtmachilarning itlarini vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish
1315. Buyurtmachi itlarini vaqtincha saqlash yuzasidan pullik xizmat koʻrsatish boʻyicha mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq kinologiya boʻlinmalariga murojaat qiladi.
1316. Murojaat kinologiya boʻlinmasi tomonidan qabul qilinadi, roʻyxatdan oʻtkaziladi va veterinariya xizmati yuzasidan shartnoma hamda “qabul qilish va topshirish” dalolatnomasi tuziladi.
1317. Itlarni vaqtinchalik saqlash muddati shartnomada belgilanadi.
1318. Buyurtmachining ixtiyoriga koʻra itni zaruriy anjomlari va ozuqalari kinologiya boʻlinmalariga taqdim etilishi mumkin.
1319. Buyurtmachi kinologiya boʻlinmalaridagi vaqtincha saqlash joylarining shart-sharoitlari bilan tanishish huquqiga ega.
1320. Kinologiya boʻlinmalari xodimlari itlarni vaqtincha saqlash davomida ularni oziqlantirish, sayr qildirish va veterinariya nazoratini amalga oshirishga masʼul hisoblanadi.
3-bob. Naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish
14. Naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni buyurtmachilarga sotish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Itlarning ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiqligi va xizmatga yaroqsizligi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan Naslchilik pitomnigida yetishtirilgan, ehtiyojdan ortiq boʻlgan va xizmatga yaroqsiz itlarni aniqlash komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan aniqlanadi.
16. Komissiya itlarni koʻzdan kechirish va oʻrganish davomida mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan Itlarni xizmatga yaroqsiz deb topish uchun asos boʻluvchi jismoniy kamchiliklar, kasalliklar va nuqsonlar roʻyxati asosida ularni xizmatga yaroqsiz deb topadi.
17. Sotilayotgan xizmatga yaroqsiz itlar kinologiya boʻlinmalari va naslchilik pitomnigi tomonidan barcha yuqumli kasalliklarga qarshi davolash-profilaktika tadbirlaridan oʻtkazilishi lozim.
18. Klinik sogʻlom, jismonan nuqsonsiz, lekin feʼl-atvorida taxminiy-jinsiy va sust-mudofaa reaksiyasining ustunligi hamda asab faoliyati asosiy tipologik xususiyatlarining kamchiliklari oʻta yuqori yoki juda past qoʻzgʻaluvchanligi mavjud boʻlgan itlar komissiya tomonidan xizmatga yaroqsiz deb topiladi hamda mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma tuzilib, sotuvga qoʻyiladi.
19. Naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarida xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlar tegishli litsenziyaga ega boʻlgan baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanadi.
20. Baholovchi tashkilotlar tomonidan itning baholanganligi boʻyicha hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida kinologiya boʻlinmalari va naslchilik pitomnigi tomonidan ommaviy axborot vositalariga itni sotish boʻyicha eʼlon beriladi.
Eʼlonda sotuvga qoʻyilgan itning fotosurati va laqabi, yoshi, zoti, jinsi, narxi, shuningdek, toʻlovlarni amalga oshirish uchun ichki ishlar organlarining bank rekvizitlari hamda qoʻshimcha maʼlumotlar uchun telefon raqami, it sotib olish uchun murojaat etishning oxirgi muddati (kun va soat) haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
21. Itni sotib olish uchun buyurtmachilar kinologiya boʻlinmalari va naslchilik pitomnigiga bevosita yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida elektron tarzda murojaat qiladi.
22. Kinologiya boʻlinmalari va naslchilik pitomnigi tomonidan itni sotib olish boʻyicha tushgan murojaat uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Kinologiya boʻlinmalari va naslchilik pitomnigi itni sotib olish toʻgʻrisidagi murojaat asosida buyurtmachi bilan shartnoma rasmiylashtiradi.
Agarda, bir nechta buyurtmachilar bir vaqtning oʻzida sotuvga qoʻyilgan aynan bir itni sotib olish boʻyicha murojaat qilganida, birinchi boʻlib murojaat qilgan buyurtmachi bilan shartnoma rasmiylashtiriladi.
23. Xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlar belgilangan tartibda shartnoma asosida pul oʻtkazish yoʻli bilan sotiladi.
24. Buyurtmachi shartnoma imzolangunga qadar sotuvga qoʻyilgan itni koʻzdan kechirishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Mazkur Nizom talablarini qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
26. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kinologiya boʻlinmalari tomonidan umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun qabul qilinadigan itlar
ROʻYXATI
T/r Itning zoti I. Mayda zotli itlar 1. Rus ovchi spaniyeli 2. Angliya kokker spaniyeli 3. Foksteryer 4. Yagdterer 5. Taksa II. Oʻrta zotli itlar 6. Nemis ovcharkasi 7. Belgiya ovcharkasi 8. Sharqiy Yevropa ovcharkasi 9. Labrador 10. Irland setteri 11. Kursxaar 12. Dratxaar 13. Shotland setteri III. Yirik zotli itlar 14. Oʻrta Osiyo ovcharkasi 15. Kavkaz ovcharkasi 16. Rotveyler 17. Rizenshnautser 18. Qora teryer
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
_______-sonli veterinariya xulosasi 20___ yil “____” ___________ ___________ tumani (shahar) Biz, ________________________________________________________________________________ (kinologiya boʻlinmalari) veterinar shifokori (katta shifokori, shifokori) ________________________, veterinariya xizmatining masʼul xodimlari ____________________, 20____ yil “_____” _____________ kuni __________________________________________________________________________________________ (kinologiya boʻlinmalari) ________________________________________________________________________________ tomonidan (it egasining F.I.O. va pasporti (identifikatsiya ID-kartasi) maʼlumotlari, agar yuridik shaxs boʻlsa, uning toʻliq nomi va rahbarining F.I.O.) ___________________________ tayyorlashga qabul qilish uchun _______________ laqabli, ______________ zotiga mansub boʻlgan, __________ yilda tugʻilgan, rangi ____________, jinsi ________________ boʻlgan itni veterinariya koʻrigi, klinik va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazib, quyidagilarni aniqladik: a) itning semizligi _____________; b) koʻzlarida oʻzgarishlar _____________; v) tishlari _____________; g) tana harorati _____________; d) yungi yaltiroqligida oʻzgarish _____________; e) eshitish qobiliyati _____________; j) itning qon tahlili koʻrsatkichi _____________. Yuqoridagilarga asoslanib, itning klinik ahvoli veterinariya xizmati shifokorlari xizmati xodimlari tomonidan ______________ deb topildi. Veterinariya xizmati boshligʻi _____________________________ (katta shifokori, shifokor) Veterinar shifokor _____________________________
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Itlarni xizmatga yaroqsiz deb topish uchun asos boʻluvchi jismoniy kamchiliklar, kasalliklar va nuqsonlar
ROʻYXATI
1. Skelet va mushaklarning umumiy jismoniy oʻsishdan toʻxtab qolganligi, nozikligi, kichikligi, juda semizligi yoki ozgʻin (oriq)ligi.
2. Tashqi koʻrinishining asosiy va yaqqol koʻzga tashlanadigan kamchiliklari:
tishlarning emal qatlami butunlay yemirilganligi, jagʻdagi bitta yoki ikkita tishlarning yoʻqligi;
ingichka, zaif mushakli boʻyin yoki burmakli, osilib tushgan terili boʻyin;
haddan tashqari osilib turgan yoki bukri qomat;
sinib turgan yoki bukri (egik), ingichka, yetilmagan mushakli bel;
juda qiyshaygan sagʻri;
dumaloq, boʻrtma, egri-bugri qovurgʻali, old tomonidan nomutanosib, keng yoki juda tor yoxud kichkina koʻkrak qafasi;
osilib qolgan yoki haddan tashqari ichiga botib ketgan qorin;
oldingi oyoqlarning tor vaziyati (holati), tashqariga yoki ichkariga qiyshaygan tirsaklar, yaqqol koʻzga tashlanadigan maymoqlik yoki oyoqlarning juda keng qoʻyilishi, orqa oyoqlarning qilichsimon vaziyati, sakrab yurishiga yordam beruvchi boʻgʻinlarning yaqinlashuvi yoki qiyshayganligi, yassi, yoyilgan oyoq panjalari.
3. Harakatning izdan chiqishiga sabab boʻluvchi markaziy asab tizimi (miya va uning pardalari)ning buzilishi va zararlanishi.
4. Aʼzolarning tuzalmaydigan funksional buzilishini keltirib chiqaruvchi periferik (sirtqi) asab kasalliklari.
5. Yelka va son mushaklarining qurishi (atrofiyasi) oqibatida paydo boʻlgan choʻloqlik, shuningdek pay, paychalar va boʻgʻinlarning surunkali yalligʻlanishi.
6. Ogʻir, surunkali kasalliklar, zaharlanishlar oqibatida paydo boʻladigan hazm qilish aʼzolarining uzoq davom etadigan, yaqqol koʻzga tashlanadigan, davolanmaydigan buzilishlari (kasalliklari).
7. Nafas qisish, yoʻtal, xirillash, shilliq pardalarning sianozi kabi aniq tashqi belgilarga ega boʻlgan nafas yoʻllari, oʻpka, oʻpka pardasining surunkali kasalliklari. Burun shilliq pardasi yoki oʻsimtalarining oʻzgarishi, aynishi oqibatida nafas olishning buzilishi.
8. Yurak va yirik qon tomirlarining surunkali kasalliklari.
9. Qattiq ogʻriq, oqsoqlik va harakatlarning yoʻqolishi bilan kechadigan mushaklar va boʻgʻinlarning surunkali revmatizmi.
10. Erkin harakatga toʻsqinlik qiluvchi boʻgʻinlar, paylar va yumshoq toʻqimalarning deformatsiyasi (shaklining oʻzgarishi).
11. Yiringlash, teshik oqma yaralarni keltirib chiqaruvchi limfatik bezlarning surunkali shikastlanishi.
12. Harakatlarni cheklaydigan notoʻgʻri bitgan suyaklar.
13. Boʻyinbogʻ va koʻkrakband taqilishini qiyinlashtiradigan, yoʻqotib boʻlmaydigan oʻsmalar, shishlar yoki surunkali, zoʻrayadigan kasalliklar.
14. Xavfli oʻsmalar, shishlar (saraton).
15. Churraning (dabba) ichak-chovoqlar va qorin bilan tushib ketishi.
16. Erkin harakatlanish imkonini yoʻqqa chiqaruvchi barmoqlar va tirnoqlarning bedavo kasalligi.
17. Eshitish qobiliyatini qisman yoʻqotish bilan kechadigan quloq ichki qismi (labirinti) va pardasi funksiyasini oʻzgartirib yuboradigan quloqning surunkali yiringli yalligʻlanishi.
18. Kuchsiz sezish qobiliyati.
19. Koʻz shish qopchigʻi va shilliq pardasining surunkali yalligʻlanishi, koʻz yoshi oqmayarasi, koʻzdan doimiy ravishda yosh oqishi, koʻrish qobiliyatining qisman yoʻqolishi.
20. Bichilgan (axta qilingan) itlar (komissiya tomonidan it xizmatga yaroqli deb topilsa xizmatda foydalanish mumkin).
21. Ish qobiliyati butunlay yoʻqolishiga sabab boʻladigan va davolanish uchun sarflanadigan xarajatlarni oqlamaydigan travmatik kasalliklar (yaralar, jarohatlar, urilgan, lat yegan joylar va boshqalar) roʻyxatda koʻrsatilmagan kasalliklar).
22. Davolanmaydigan, surunkali parazitar kasalliklar (qirma temiratiki, moy xoʻrak, qoʻtir) tananing asosiy qismiga tarqalgan chilla yara (ekzema).
23. Xizmat itlaridan samarali foydalanishga imkon bermaydigan va yoʻl qoʻymaydigan boshqa jismoniy kamchilik, kasallik va nuqsonlar.
24. Qariligi sababli (toʻqqiz yosh) xizmatdan foydalanishini cheklaydigan itning organizmdagi oʻzgarishlar.
25. Oʻta jahldor va qoʻrqoq itlar.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
“TASDIQLAYMAN” Komissiya raisi, ___________ Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshligʻining jamoat xavfsizligi boʻyicha oʻrinbosari ___________________________ Xizmat itining yaroqsizligi haqida DALOLATNOMA 20___ yil “____”___________ ___________ tumani (shahar) _____________ Naslchilik pitomnigidagi itlarning xizmatga yaroqsizligini aniqlovchi komissiya raisi ___________________________________________________________________________________ (lavozimi, F.I.O.) va quyidagi aʼzolar _______________________________________________________________________ (lavozimi, F.I.O.) ________________________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________ iborat komissiya, kinolog ____________________________ ga biriktirilgan, _____________________ laqabli, ________________________ zotli, ______________ jinsiga mansub, __________________ da tugʻilgan, _______________________ rangli xizmat itini tekshiruvdan oʻtkazib (sana), quyidagilarni aniqladi: _______________________________________________________________________________ (itning kamchiligi, kasalligi yoki nuqsoni koʻrsatib oʻtiladi) ________________________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________ Komissiya xulosasi “______________” laqabli iti yoki kuchuk bolasi Naslchilik pitomnigida itlarni xizmatga yaroqsiz deb topish uchun asos boʻluvchi jismoniy kamchiliklar, kasalliklar va nuqsonlar roʻyxatining __________-bandiga muvofiq: _________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________ belgilangan tartibda sotuvga qoʻyilsin. Komissiya raisi: Komissiya aʼzolari:
