“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (620-son)
24.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-avgustdagi 332-son qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda yongʻin xavfsizligini yaxshilashga, aholi va boshqa tashrif buyuruvchilarning hayoti va sogʻligʻini, shuningdek, mol-mulkini yongʻin xavfidan asrashga qaratilgan ishlarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-avgustdagi 332-son qarorining 3-bandida:
2024-yildan boshlab har yili “Yongʻindan ogohlik” umummilliy kampaniyasi doirasida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazib borilishi;
tanlovda ishtirok etish uchun arizalar Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali qabul qilinishi;
tanlov gʻolibi talabgorlarning yongʻin xavfsizligi talablariga javob berishini oʻrganish orqali aniqlanishi;
tanlov gʻolibiga 100 mln soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi hamda uning faoliyati ikki yil davomida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan tekshirilmasligi;
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
tanlov qonuniylik, xolislik, shaffoflik va tenglik tamoyillari asosida oʻtkazilishini taʼminlasin;
2024-yilda oʻtkazilishi belgilangan tanlov natijasiga koʻra 2025-yil 1-fevralga qadar Nizomni takomillashtirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda Nizom asosida hududlar va tuman (shahar) darajasida nomzodlarning tanlovda ishtirok etishini taʼminlasin hamda tanlov gʻoliblarini taqdirlashni tashkil etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Kuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 24-noyabr,
620-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-noyabrdagi 620-son qaroriga ILOVA
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublikada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov 2024-yildan boshlab har yili oktyabr — dekabr oylarida yongʻin chiqish xavfi boʻyicha I va II guruhga mansub obyektlarga ega tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida oʻtkaziladi (yangi qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, kengaytirilayotgan, texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan va kapital taʼmirlanayotgan obyektlar bundan mustasno).
3. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlari (keyingi oʻrinlarda — nomzod) oʻzaro teng huquqli boʻlib, alohida nomzodlarga ustunlik yoki imtiyozlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Tanlovda ishtirok etish shartlari, tanlov bosqichlarini oʻtkazish muddati, tanlovda ishtirok etish uchun arizalar va tanlov materiallarini qabul qilish muddati va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tanlov boshlanishidan bir oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda Internet jahon axborot tarmogʻida, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Nomzod tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirish orqali taqdim etilgan maʼlumot va materiallarning toʻgʻriligini kafolatlaydi.
5. Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan obyektda soʻnggi 12 oy davomida yongʻin sodir boʻlgan va (yoki) tadbirkorlik subyektiga yongʻin xavfsizligi talablari buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisida davlat yongʻin nazorati organining yozma koʻrsatmasi yoxud obyekt yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosasi berilgan taqdirda, tadbirkorlik subyektining tanlovda ishtirok etish uchun arizasi qabul qilinmaydi.
6. Tanlovda ishtirok etish bepul.
7. Tanlov qonuniylik, xolislik, shaffoflik va tenglik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovning maqsadi va asosiy vazifalari
8. Tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda yongʻin xavfsizligi holatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni ragʻbatlantirish orqali ushbu obyektlarda inson hayoti va sogʻligʻini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mol-mulkini yongʻin xavfidan asrash tizimini joriy qilish tanlovning maqsadi hisoblanadi.
9. Quyidagilar tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yongʻin xavfsizligi talablariga amal qilishning yangi mexanizmini joriy etish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasida tashabbuskorlikni rivojlantirish;
tadbirkorlik subyektlarining yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish;
tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda yongʻinlarning oldini olish, aholi va boshqa tashrif buyuruvchilarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, shuningdek, tadbirkorlarning mol-mulkini yongʻindan muhofaza qilish tadbirlari samaradorligini oshirish.
3-bob. Tanlovga hujjatlarni taqdim etish tartibi
10. Tanlovda nomzodlar yakka holda ishtirok etadi va hujjatlarni taqdim etadi.
11. Nomzodlarning arizalari tanlov eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 20 kun mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali tuman (shahar) komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
12. Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar oʻz arizalari bilan birga quyidagilarni taqdim etadi:
tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumot (obyektning manzili, faoliyat turi, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar);
belgilangan tadbirlarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom, 5 daqiqadan oshmagan, sifati yuqori boʻlgan videolavhali taqdimot materiali.
4-bob. Tanlov bosqichlari va ularni oʻtkazish tartibi
13. Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi.
14. Birinchi bosqichda tanlovda ishtirok etish uchun munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida tuman (shahar) darajasida saralash tadbirlari oʻtkaziladi.
15. Tuman (shahar) darajasidagi saralash tadbiri ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tuzilgan tuman (shahar) komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tuman (shahar) darajasidagi saralash tadbiri ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq tuzilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
17. Respublika darajasidagi tanlov ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq tuzilgan “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
18. Tuman (shahar) darajasidagi saralash tadbirida tuman (shahar) komissiyalari nomzodlarni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan asosiy yoʻnalishlar boʻyicha oʻrganadi va 5 balli oʻnlik sonlar tizimida baholaydi.
19. Tuman (shahar) komissiyalari saralash natijalarini tashkiliy qoʻmita ishtirokida komissiyaning yigʻilishida koʻrib chiqib, eng koʻp ball toʻplagan uchtadan nomzodni tanlab oladi va saralash natijalarini yigʻilish bayoni asosida tasdiqlaydi. Tashkiliy qoʻmita komissiya tomonidan saralab olingan nomzodlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar darajasidagi saralash bosqichida ishtirok etish uchun yuqori turuvchi tashkiliy qoʻmitaga taqdim etadi.
20. Ikkinchi bosqichda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tuman (shahar) darajasida eng koʻp ball toʻplagan nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni (tuman (shahar) komissiyalari yigʻilish bayonlari, nomzodlarni baholash hisobotlarini va boshqalar) ushbu Nizomga 5-ilovadagi mezon asosida koʻrib chiqadi va baholaydi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari eng koʻp ball toʻplagan nomzodni saralab oladi va bayonnoma asosida gʻolib deb topadi.
22. Tashkiliy qoʻmita komissiya qarori asosida gʻolib deb topilgan nomzodni tanlovda ishtirok etish uchun respublika tashkiliy qoʻmitasiga taqdim etadi.
23. Tuman (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi saralash tadbirlari natijalari Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va ular boʻyicha nomzodlarning elektron pochta manziliga keyingi bosqichga oʻtganlik (oʻtmaganlik) toʻgʻrisida xabar yuboriladi.
24. Komissiya aʼzolari bir vaqtning oʻzida tuman (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi komissiya tarkibida ishtirok etishi mumkin emas.
25. Uchinchi bosqichda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi.
26. Tanlovning yakuniy bosqichi har yili dekabr oyining ikkinchi oʻn kunligida Toshkent shahrida oʻtkaziladi.
27. Tanlovda nomzodlar oʻziga tegishli boʻlgan obyektda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirgan ishlarni ushbu Nizomga 5-ilovadagi har bir yoʻnalish boʻyicha koʻrgazmali tarzda taqdim etadi.
28. Zaruratga qarab, respublika komissiyasiga taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi ushbu komissiya tarkibidan tuzilgan ekspertlar guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganilishi mumkin.
29. Ushbu Nizomga 5-ilovadagi mezonlar boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan, shuningdek, zaruratga qarab joyiga chiqqan holda ekspertlar guruhi tomonidan oʻrganilgan va taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi tasdiqlangan nomzod Respublika komissiyasining qarori bilan tanlov gʻolibi deb topiladi.
30. Nomzodlar tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitalar va komissiyalar faoliyatiga, shuningdek, tanlov natijalari va oʻtkazish jarayonlariga aralashish huquqiga ega emas.
5-bob. Tanlov oʻtkazilishini muvofiqlashtirish
31. Tanlovni tashkil etish uchun mos ravishda tuman (shahar) hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, favqulodda vaziyatlar, iqtisodiyot va moliya, soliq hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik idoralarining masʼul xodimlaridan iborat tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va respublika darajasida tashkiliy qoʻmitalar (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy qoʻmita) tuziladi.
32. Quyidagilar tashkiliy qoʻmitalarning vazifalari hisoblanadi:
tanlov bosqichlarini oʻtkazish sanasini, joyini belgilash va boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish;
tanlovning mazkur Nizom talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
tanlovning tashkil etilishi, oʻtkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;
tanlov natijalari va komissiyalar qarori (bayoni) asosida gʻoliblarni keyingi bosqichda ishtirok etish uchun yuqori turuvchi tashkiliy qoʻmitaga taqdim etish.
33. Tanlovni oʻtkazishga umumiy rahbarlik va uni muvofiqlashtirish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
34. Tanlov doirasida saralash tadbirlarining adolatli va shaffof oʻtkazilishi mos ravishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tuman (shahar), viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuklanadi.
6-bob. Tanlov komissiyalari
35. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga daxldor vakolatli davlat organlari va hokimliklar vakillaridan iborat tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika darajasida komissiyalar tuziladi.
36. Quyidagilar komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodlar tomonidan tanlov shartlarining bajarilishini baholash;
tanlov gʻoliblarini aniqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
nomzodlar tomonidan tanlovni oʻtkazish qoidalarini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, ularni tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisida komissiya raisiga taqdimnoma kiritish, shuningdek, tanlov shartlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tuman (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi saralash tadbirlari gʻoliblarini aniqlovchi komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
37. Komissiyalar yigʻilishi faqat komissiya aʼzolari toʻliq boʻlganda vakolatli hisoblanadi.
38. Komissiyalar qarorlari aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan hollarda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
39. Komissiya qarorlari ikki nusxada tuziladigan va yigʻilishda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadigan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
40. Quyidagilar komissiyalarning huquqlari hisoblanadi:
nomzodlardan mazkur Nizom talablari asosida tegishli hujjatlarni talab qilish;
zarurat tugʻilganda, taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning haqqoniyligini joyiga chiqqan holda oʻrganish;
gʻoliblarni aniqlashda oʻz ovozi bilan ishtirok etish.
41. Quyidagilar komissiyalarning majburiyatlari hisoblanadi:
tanlov hujjatlariga oid maʼlumotlarni oshkor etmaslik;
nomzodlarni saralashda qonuniylik, xolislik, shaffoflik va tenglik tamoyillariga rioya qilish.
Komissiyalarga qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
42. Tuman (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Apellatsiya komissiyasi
43. Tuman (shahar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi saralash tadbirlarining apellatsiya komissiyalari tegishli hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarma boshliqlari, tanlov apellatsiya komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan tashkil etiladi hamda komissiyalarning ish reglamenti belgilanadi.
Apellatsiya komissiyalari tarkibi saralash yoki tanlov komissiyalarida ishtirok etmagan shaxslardan tuziladi.
44. Apellatsiya komissiyasiga ariza tanlov (saralash) natijalari eʼlon qilingandan soʻng uch kun ichida taqdim etiladi.
45. Apellatsiya komissiyasi qabul qilingan arizani uch kun mobaynida koʻrib chiqadi va ariza beruvchi ishtirokida asoslantirilgan qarorni qabul qiladi.
8-bob. Tanlov gʻoliblarini ragʻbatlantirish
46. Tanlovda gʻolib deb topilgan nomzod 100 mln soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi hamda uning faoliyati tanlov natijalari rasmiy eʼlon qilingan kundan keyingi ikki yil davomida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi saralash tadbirlarida hamda tanlovda ikkinchi va uchinchi oʻrinni olgan ishtirokchilar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantirilishi mumkin.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Tanlovda koʻrib chiqilgan barcha hujjatlar Favqulodda vaziyatlar vazirligida uch yil muddatda saqlanadi.
48. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tantanali ravishda tashkil qilinadi.
49. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi
TARKIBI
1. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Komissiya raisi 2. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi, Komissiya raisining oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi 4. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) savdo-sanoat boʻlimi boshligʻi 5. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi boshligʻi 6. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) soliq inspeksiyasi boshligʻi 7. Lavozimiga koʻra — tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi masʼul xodimi, Komissiya kotibi
Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar komissiyasi
TARKIBI
1. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Komissiya raisi 2. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari boshliqlari, Komissiya raisining oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar shuʼbalari masʼul xodimlari 4. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya boshqarmalari boshliqlari 5. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish boshqarmalari boshliqlari 6. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar savdo-sanoat boshqarmalari boshliqlari 7. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari 8. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmalari boshliqlari 9. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari masʼul xodimlari, Komissiya kotibi
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
1. S.T. Zuparov — favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisi 2. J.O. Urunov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari 3. R.E. Turdiboyeva — kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining oʻrinbo�ari 4. J.R. Oʻroqov — Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari 5. M.M. Maxkamov — Soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 6. T.N. Xusanov — Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori 7. I.A. Nimatullayev — Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi 8. Oʻ.T. Muzafarov — Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshligʻi, Komissiya kotibi
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarning ijrosini oʻrganish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar
Quyidagilar yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
1. Tashkiliy-texnik tadbirlar.
2. Yongʻin sodir boʻlganda harakat qilish tartibi.
3. Hududlarga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari (oraliq masofalar, yongʻin-qutqaruv texnikalarining harakatlanishi va boshqalar).
4. Bino, inshoot va xonalarga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari (qavatlar, olovga bardoshlilik darajasi va boshqalar).
5. Xavfsiz evakuatsiyani taʼminlash (evakuatsiya yoʻllari va chiqish joylari, tark etish rejalari va boshqalar).
6. Texnologik jarayonni tashkil etishga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari (ishlab chiqarish obyektlari uchun).
7. Moddalar va materiallarni saqlashga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari.
8. Elektr uskunalari, erga ulash va yashindan himoya tizimi.
9. Isitishda yongʻin xavfsizligi talablari.
10. Shamollatish va sovitish tizimlariga qoʻyiladigan yongʻin xavfsizligi talablari (shu jumladan, tutunga qarshi himoya tizimi).
11. Yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari va yongʻinga qarshi texnik himoya vositalariga qoʻyiladigan talablar.
12. Yongʻin haqida xabar berish va yongʻinni oʻchirish texnik vositalarini saqlash.
13. Yongʻin signalizatsiyasi hamda yongʻindan xabar berish va evakuatsiyani boshqarish tizimlariga qoʻyiladigan talablar.
14. Avtomatik yongʻinni oʻchirish qurilmalariga qoʻyiladigan talablar (meʼyor boʻyicha talab etiladigan obyektlar uchun).
15. Yongʻinga qarshi suv taʼminoti.
“Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Tanlov nomzodlarining yongʻin xavfsizligi darajasini baholash mezonlari
T/r Koʻrsatkichlar Ballar (1 — 5) Izoh Yuz bergan baxtsiz hodisalar boʻyicha 1. Sodir boʻlgan yongʻinlar soni 1.1. Yongʻinlarda jarohat olganlar soni 1.2. Yongʻinlarda halok boʻlganlar soni 1.3. Yongʻinlardan koʻrilgan moddiy zarar miqdori 2. Sodir boʻlgan havo-gaz aralashmasining chaqnash holatlari soni 2.1. Chaqnashda jarohat olganlar soni 2.2. Chaqnashda halok boʻlganlar soni 2.3. Chaqnashdan koʻrilgan moddiy zarar miqdori 3. Sodir boʻlgan is gazidan zaharlanish holatlarining soni 3.1. Zaharlanganlar soni 3.2. Zaharlanib halok boʻlganlar soni Xavfsizlik choralarining meʼyorlarga muvofiqligi boʻyicha 4. Evakuatsiya chiqish joylari sonining meʼyorlarga muvofiqligi 5. Evakuatsiya chiqish joylarining “Chiqish” yoki “Vixod” degan yonib turuvchi belgilar bilan taʼminlanganligi 6. Evakuatsiya yoʻlaklarining meʼyorlarga muvofiqligi 7. Yongʻin signalizatsiyasi tizimining meʼyorlarga muvofiqligi 8. Yongʻinni avtomatik tarzda oʻchirish tizimining meʼyorlarga muvofiqligi 9. Tutunga qarshi avtomatik tizimning meʼyorlarga muvofiqligi 10. Yongʻindan xabar berish tizimining meʼyorlarga muvofiqligi 11. Ichki yongʻinga qarshi suv tizimi (ichki yongʻin oʻchirish kranlari)ning meʼyorlarga muvofiqligi 12. Tashqi yongʻinga qarshi suv tizimi (gidrantlar)ning meʼyorlarga muvofiqligi 13. Elektr sim va kabellarning profilaktik sinovlardan oʻtkazilganligi 14. Elektr jihoz va uskunalarning erga ulanganligi va erga ulash moslamalarining profilaktik sinovlardan oʻtkazilganligi 15. Isitish tizimidan tashqari boshqa maqsadlar uchun tabiiy gazdan foydalanish holatlari 16. Gaz jihozlari oʻrnatilgan qozonxonalarning meʼyorlarga muvofiqligi 17. Gaz jihozlari oʻrnatilgan qozonxonalarda gaz signalizatorlarining oʻrnatilganligi 18. Gaz jihozlari oʻrnatilgan qozonxonalardagi gaz jihozlarining qiyoslash sinovlaridan oʻtkazilganligi 19. Qozonxonalardagi bosim ostidagi sigʻimlarning qiyoslash sinovlaridan oʻtkazilganligi 20. Eskalatorlarning sinovdan oʻtkazilganligi 21. Liftlarning sinovdan oʻtkazilganligi 22. Yopiq avtoturargohlarda gaz ballonli avtotransport vositalarining vaqtincha saqlanishi 23. Mehnat muhofazasi tuzilmasining mavjudligi 24. Yongʻin xavfsizligi muhandisi shtatining mavjudligi 25. Mehnat muhofazasi sohasidagi mutaxassislarning tayanch maʼlumotlarini egallab turgan lavozimlariga mosligi 26. Yongʻinga qarshi tizimlarga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan texnik xizmat koʻrsatilishining tashkil etilganligi: 26.1. Yongʻin signalizatsiyasi va yongʻindan xabar berish tizimiga 26.2. Yongʻinni avtomatik tarzda oʻchirish tizimiga 26.3. Tutunga qarshi avtomatik tizimiga 26.4. Ichki yongʻinga qarshi suv taʼminoti tizimiga 27. Har chorakda kamida bir marotaba turli sharoitlarda tashrif buyuruvchilarni evakuatsiya qilish boʻyicha mashqlarning tashkil etilishi 28. Yongʻin-texnik komissiyasining tuzilganligi 29. Koʻngilli yongʻindan saqlash drujina yoki komandasining tuzilganligi 30. Yongʻin oʻchirgichlar sonining normalarga muvofiqligi 31. Yongʻin oʻchirgichlarning ishga yaroqliligi 32. Mehnat muhofazasiga masʼullarning ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida malaka oshirish doirasida tahsil olganliklari (oʻqiganliklari toʻgʻrisida sertifikat yoki diplomlarning mavjudligi) 33. Mehnat muhofazasiga masʼullarning favqulodda hodisa yuz berganda bajaradigan vazifalarini bilishlari 34. Ishchi va xizmatchilarning yongʻin-texnik minimumi doirasida muntazam ravishda tahsil olishlari (test yoki ogʻzaki va yozma imtihon topshirish yoʻli bilan) 35. Ishchi va xizmatchilarning favqulodda hodisa yuz berganda bajaradigan vazifalarini bilishlari 36. Mavjud ekran/tablolarda kishilarning yongʻin yuz bergandagi evakuatsiya jarayonida toʻgʻri harakat qilishlari yoki shov-shuvli yongʻin yoki favqulodda hodisalar boʻyicha materiallarning muntazam ravishda namoyish etilishi 37. Videokuzatuv tizimining mavjudligi
Izohlar.
1. Tanlov nomzodlarining yongʻin xavfsizligi taʼminlanganligi darajasi Vazirlar Mahkamasining “Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarorida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
2. Baholash 5 balli mezon asosida (1 ball “oʻta qoniqarsiz”, 2 ball “qoniqarsiz”, 3 ball “qoniqarli”, 4 ball “yaxshi”, 5 ball “aʼlo”) amalga oshirilib, gʻoliblar eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar kesimida aniqlanadi.
