Energiya resurslarini oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtishni birgalikda bojxona nazoratidan oʻtkazish toʻgʻrisida
06.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1999-yil 17-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida Markaziy Osiyo davlatlari energiya tizimlarining bir vaqtning oʻzida faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisidagi Bitim, 2007-yil 2-noyabrda imzolangan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo — davlatlarning hukumatlari oʻrtasida bojxona ishlarida hamkorlik qilish va oʻzaro yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi Bitimning qoidalariga asosan;
1998-yil 31-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida bojxona ishlarida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga amal qilgan holda,
yaqin qoʻshnichilik aloqalarini rivojlantirish istagida hamda Tomonlar oʻrtasida hamkorlik oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtilayotgan energiya resurslarini nazorat qilish samaradorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishiga ishonch bildirib,
oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtilayotgan energoresurslarini birgalikda nazorat qilish zaruriyatini anglab;
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimning maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“Tomonlar davlatlarining bojxona organlari”:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Davlat bojxona qoʻmitasi;
Qozogʻiston Respublikasi uchun — Moliya vazirligining Davlat daromadlari qoʻmitasi;
“oʻzbek-qozoq bojxona chegarasi” — Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida bojxona chegarasi hududi;
“vakolatli xodimlar (ishchilar)” — Tomonlar bojxona organlari va ularning hududiy tuzilmalarining xodimlari (ishchilari);
“energiya resurslari” — tabiiy gaz va elektr energiyasi;
“hisobot oyi” — energiya resurlarini quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali tashish amalga oshirilgan kalendar oyi;
“idoralarning vakolatli vakillari” — energiya resurlarini quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali tashishni amalga oshiradigan Tomonlar idoralarining xodimlari.
Tomonlar vakolatli organlar, ularning nomlari yoki funksiyalari oʻzgarsa yoxud qoʻshimcha vakolatli organlar tayinlangan taqdirda, bir-birlarini darhol bu toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladilar.
2-modda
Tomonlar, oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan energiya resurlarini quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali tashishda zaruriyat hamda qulay shart-sharoitlar taʼminlanishining iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish majburiyatini oladilar.
3-modda
Tomonlar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan 1-ilovaga muvofiq, oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali tashiladigan energiya resurlarini hisobga olish moslamalarini oʻrnatish joylari roʻyxatini tasdiqladilar.
4-modda
Oʻzbek-qozoq bojxona chegarasi orqali tashilgan energiya resurslari toʻgʻrisida maʼlumot almashinuvi 2014-yil 14-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan Qozogʻiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat daromadlari qoʻmitasi oʻrtasida energoresurslarni tashish ustidan nazorat sohasida maʼlumot almashishning Texnik shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlarning bojxona organlari mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng bir oy muddat ichida energiya resurslarini bojxona deklaratsiyalari va bojxona nazoratidan oʻtkazish masalalari boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar nusxalarini bir-birlariga taqdim qiladilar va keyinchalik bir yilda kamida bir marotaba Tomonlar davlatlarining energiya resurslarini bojxona deklaratsiyalari va bojxona nazoratidan oʻtkazishga oid bojxona ishi sohasidagi milliy qonunchiligida oʻzgarishlar xususida bir-birlarini xabardor qiladilar.
6-modda
1. Tomonlar davlatlarining bojxona organlari quyidagi maʼlumotlarni almashadilar:
energiya resurslarini bojxona deklaratsiyalari va bojxona nazoratidan oʻtkazish masalalaridagi faoliyati boʻyicha oʻz tajribalari;
energiya resurslarini olib oʻtishda bojxona ishi sohasidagi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligini buzish holatlarini aniqlash va oldini olish usullari;
energiya resurslarini olib oʻtishda bojxona ishi sohasida sodir etilgan Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligini buzish aniqlangan holatlar, basharti, ushbu maʼlumot bojxona organlari uchun qiziqish uygʻotsa;
basharti, Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga zid boʻlmasa, Tomonlar bojxona organlarini qiziqtiradigan boshqa masalalar.
2. Tomonlar bojxona organlari energiya resurslarini bojxona deklaratsiyalari va bojxona nazoratidan oʻtkazish, shu jumladan, Tomonlar bojxona organlari xodimlarini (ishchilari)ning energiya resurslarini bojxona deklaratsiyasi va bojxona nazoratidan oʻtkazish boʻyicha oʻqitish hamda malakasini oshirish boʻyicha bir-birlariga koʻmaklashadilar.
7-modda
Bir Tomon boshqa Tomon bojxona organining vakolatli xodimlari (ishchilari)ga birgalikda bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida oʻzbek-qozoq bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan energiya resurslarini hisobga olish qurilmalariga kirishni taʼminlaydi.
Oʻzbek-qozoq bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan energiya resurslarini hisobga olish qurilmalariga kirish tartibi Tomonlarning bojxona organlari tomonidan hamkorlikda belgilanadi.
8-modda
Tomonlar mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab oʻn besh kalendar kun ichida mazkur Bitimning 7 va 9-moddalarida belgilangan faoliyatni amalga oshirish uchun vakolatli xodimlar (ishchilar) roʻyxatini almashadilar va keyinchalik ushbu roʻyxatlardagi barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini bunday oʻzgartirishlar kiritilgan kundan boshlab oʻn ish kunidan kechiktirmasdan xabardor qiladilar.
9-modda
1. Bojxona organlarining vakolatli xodimlari (ishchilari) har oy hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida balansida energiya resurslarini hisobga olish boʻlinmalari (qurilmalari) boʻlgan idoralar vakillari bilan hamkorlikda, mazkur moddada oʻrnatilgan tartibda, Tomonlar davlatlarining hududida joylashgan elektr uzatish liniyalari va quvur transportida tashilayotgan energiya resurslarini hisobga olish qurilmalaridan koʻrsatkichlar olish boʻyicha hamkorlikda tadbirlar amalga oshiradilar.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan hamkorlikdagi tadbirni amalga oshirishni tashabbus qilgan bir Tomonning bojxona organi elektr uzatish liniyalari va quvur transporti orqali tashiladigan energiya resurslarini hisobga olish qurilmalaridan koʻrsatkichlarni olish rejalashtirilgan sanadan oʻn ish kun oldin, hududida bunday hisobga olish qurilmalari joylashgan boshqa Tomon davlatining bojxona organiga mazkur koʻrsatkichlarni olish zarurligi toʻgʻrisida tegishli yozma xabarnoma yuboradi. Bunday xabarnomaning mazmunida Tomonlar bojxona organining hisobga olish qurilmalaridan koʻrsatkichlarni oladigan vakolatli xodimlari (ishchilari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
3. Hududida elektr uzatish liniyalari va quvur transporti orqali tashiladigan energiya resurslarini hisobga olish qurilmalari joylashgan Tomon davlatining bojxona organi xabarnomani olgan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmasdan xabarnoma yuborgan bojxona organiga hisobga olish qurilmalariga kirishni taʼminlashga tayyorligini yozma ravishda tasdiqlaydi.
4. Bojxona organlarining vakolatli xodimlari (ishchilari) balansida energiya resurslarini hisobga olish boʻlinmalari (qurilmalari) boʻlgan Tomon idoralarining vakillari bilan birgalikda hisobga olish qurilmalariga kelganda:
1) hisobga olish qurilmalarida berilgan bojxona identifikatsiya vositalarining butunligini tekshiradilar;
2) bojxona identifikatsiya vositalarini olib tashlaydilar;
3) hisobga olish qurilmalarining koʻrsatkichlarini yozib oladilar;
4) koʻrsatkichlarni yozib olish natijalariga koʻra, hisobga olish qurilmalaridan ruxsatsiz foydalanish va maʼlumotlarni oʻzgartirishning oldini olish maqsadida yangi bojxona identifikatsiya vositalarini oʻrnatadilar;
5) mazkur Bitimning ajralmas qismi boʻlgan 2-ilovaga muvofiq shaklda quyidagi toʻrt nusxada hisobga olish qurilmalaridan koʻrsatkichlarni yozib olish, bojxona identifikatsiya vositalarini olib tashlash, qayta oʻrnatish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni tuzadi, imzolaydi va muhrlar bilan tasdiqlaydilar:
1 nusxa — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining vakolatli xodimi (ishchisi) uchun;
1 nusxa — Qozogʻiston Respublikasi bojxona organlarining vakolatli xodimi (ishchisi) uchun;
1 nusxa — Oʻzbekiston Respublikasi idorasining vakolatli vakili uchun;
1 nusxa — Qozogʻiston Respublikasi idorasining vakolatli vakili uchun;
10-modda
Mazkur Bitim doirasida Tomonlarning bojxona organlari tomonidan olingan axborotlar, hujjatlar va boshqa maʼlumotlardan Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq faqatgina mazkur Bitimda belgilangan maqsadlarda foydalaniladi va ularga nisbatan qabul qiluvchi davlatda oʻz hududida olingan shu kabi axborot, hujjatlar yoki maʼlumotlar oshkoralikdan himoya qilish darajasi taqdim etiladi.
Mazkur Bitim doirasida Tomonlarning bojxona organlari tarafidan olingan axborotlar, hujjatlar va boshqa maʼlumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanish faqatgina ularni taqdim etgan Tomon bojxona organining yozma roziligi va ushbu bojxona organi belgilagan har qanday cheklovlarga amalga qilgan holda amalga oshiriladi.
11-modda
Basharti, har bir aniq holatda oʻzgacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida kelib chiqadigan xarajatlarni Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligida belgilangan mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda qoplaydilar.
12-modda
Tomonlarning kelishuviga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar hamda kelishmovchiliklar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
14-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning davlatlari ishtirokchisi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlardan har birining huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
15-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi va oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Tomonlardan har biri istalgan vaqtda mazkur Bitimni bekor qilish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitimning amal qilish muddati Tomonlardan biri boshqa Tomonning tegishli yozma xabarnomasini olganidan soʻng 6 (olti) oy oʻtgach tugatiladi.
Nur-Sulton shahrida 2021-yil 6-dekabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega.
Mazkur Bitimning matnlari oʻrtasida nomutanosibliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida energiya resurlarini qozoq-oʻzbek bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtishni birgalikda bojxona nazoratidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitimga 1-ILOVA
Oʻzbek-Qozoq bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtiladigan energiya manbalariga oʻlchash qurilmalarini oʻrnatish joylari
ROʻYXATI
Elektr energiyasini oʻlchash qurilmalari
T/r Davlatlararo liniyaning nomi (yuqori kuchlanishli liniyalar) Kuchlanish, kv Oʻzbekistonda oʻrnatiladigan hisoblagichlar (PS-podstansiya) Podstansiyalar tegishliligi Qozogʻistonda oʻrnatiladigan hisoblagichlar podstansiyalari Podstansiyalar tegishliligi 1 2 3 4 5 6 7 1. YuKL “TashIES — Shimkent 500” 500 PS “TashTES” Oʻzbekiston PS “Shimkent 500” Qozogʻiston 2. YuKL “TashIES — Shimkentskaya 220” 220 PS “TashTES” Oʻzbekiston PS “Shimkentskaya 220” Qozogʻiston 3. AHYuKL “TashIES — Shimkentskaya-220” 220 PS “TashTES” Oʻzbekiston PS “Shimkentskaya 220” OV-220 Qozogʻiston 4. YuKL “TashIES — Jilga” 220 PS “TashTES” Oʻzbekiston PS “Jilga” Qozogʻiston 5. AHYuKL “Jilga — TashTES” 220 PS “TashTES” Oʻzbekiston PS “Jilga” Qozogʻiston 6. YuKL “Feruz — Maktaaral” 110 PS “Maktaaral” Qozogʻiston PS “Feruz” Oʻzbekiston
Tabiiy gazni oʻlchash qurilmalari
T/r Tabiiy gazni hisobga olish nomi Oʻrnatish joylari Quvur liniyasining nomi 1. KS-7 680 km Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro — Ural 2. OʻT “287 km” Oʻzbekiston Respublikasi Gazli — Shimkent 3. OʻT “368 km” Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent — Bishkek — Almati 4. GOʻT “Baymurat” Oʻzbekiston Respublikasi Turkmaniston — Oʻzbekiston — Qozogʻiston — Xitoy 5. UZRG UKMS Oʻzbekiston Respublikasi Turkmaniston — Oʻzbekiston — Qozogʻiston — Xitoy 6. GOʻT “Beyneu” Qozogʻiston Respublikasi “Markaziy Osiyo” — markaziy magistral gaz quvuri 7. OʻT “526 km” Oʻzbekiston Respublikasi GTT “Toshkent” — MG “Buxoro gaz taqsimlash punkti — Toshkent — Bishkek — Almati”
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida energiya resurlarini oʻzbek-qozoq bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib oʻtishni birgalikda bojxona nazoratidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitimga 2-ILOVA
