Oʻzbekistonda fransuz tili taʼlimi va oʻqitilishi toʻgʻrisida
22.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Fransiya Respublikasi Yevropa va Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
Ahdlashuv Deklaratsiyasi
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 14-noyabrda 4532-FR-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Fransiya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Imzolovchilar” deb ataluvchilar,
1993-yil 27-oktabrda Parij shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim doirasida hamkorlikni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdorligini qayd etib,
Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻqitish Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida rivojlanib borayotgan akademik hamkorlikning ustunlaridan birini tashkil etishini hisobga olib,
tobora kengayib borayotgan Toshkent shahridagi Fransuz litseyi faoliyatini olqishlagan holda,
Oʻzbekistonda fransuz tili taʼlimi va oʻqitilishi sohasida hamkorlikni quyidagi shartlarga muvofiq jadallashtirish boʻyicha umumiy istak bildiradilar:
1. Fransiya oʻzbek maktablarida, xususan, ixtisoslashtirilgan maktablarda fransuz tili oʻqitilishini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi va fransuz tili oʻqitishi yangi taʼlim muassasalariga ham tatbiq etilishini ragʻbatlantiradi.
2. Oʻzbekiston va Fransiya Toshkentdagi Fransuz alyansining Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻqitish va fransuz tili sertifikatlarini rivojlantirish yoʻlida olib borayotgan faoliyatini olqishlaydilar hamda Samarqand shahrida yangi Fransuz alyansi tashkil etilishiga koʻmaklashishni taklif qiladilar.
3. Oʻzbekiston va Fransiya kelajakda Oʻzbekiston-Fransiya oliy taʼlimini mujassam etuvchi bir loyiha tashkil etish imkonini beruvchi shart-sharoitlar yaratilishini taklif qiladilar.
4. Mazkur Ahdlashuv deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladigan har qanday faoliyat Imzolovchilar tegishli qonunchiligiga muvofiq olib boriladi.
Parij shahrida 2022-yil 22-noyabrda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, fransuz va ingliz tillarida imzolandi.
(imzolar)
