Oʻzbekistonda professional taʼlim va tayyorlov sohasidagi islohotlarini qoʻllab-quvvatlash Loyihasi, I bosqich toʻgʻrisida
23.09.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Shveysariya Konfederatsiyasi Hukumati nomidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 14-noyabrda 4532-FR-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Shveysariya Konfederatsiyasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va ular oʻrtasida samarali texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish niyatida,
Oʻzbekistonda oʻrta maxsus, professional taʼlimini rivojlantirishni Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasida professional maxsus taʼlim muassasalari va real sektordagi ish beruvchilari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini yaxshilashga intilib,
Demokratik tamoyillar va asosiy inson huquqlariga hurmatni, xususan, Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasida belgilanganidek, va ushbu Bitimda kelishilgan tamoyillar ikki tomonning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirilishida va ushbu Bitim maqsadlari muhim ekanligini hisobga olgan holda,
Ikki davlat oʻrtasida 2002-yil 20-sentabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shveysariya Federal Kengashi oʻrtasida texnikaviy va moliyaviy hamkorlik hamda insonparvarlik yordami toʻgʻrisidagi Bitimga amal qilgan holda,
qoʻyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Umumiy shartlar va tushunchalar
Mazkur Bitimda qoʻllanilgan tegishli atamalar, basharti matnda boshqacha talab etilmasa, qoʻyidagi maʼnolarga ega:
a) “Loyiha” Shveysariya Hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan tayyorlangan va ushbu bitimning ajralmas qismi hisoblangan loyiha hujjatida belgilangan “Oʻzbekistonda professional taʼlim va tayyorlov (PTT) sohasidagi islohotlarini qoʻllab-quvvatlash Loyihasi”ni anglatadi;
b) “LBQ” loyihaning umumiy nazorati va muvofiqlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, strategik masalalarni hal etish uchun tashkil etilgan Loyihani boshqarish qoʻmitasi anglatadi;
s) “ShTHA” Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligini anglatadi;
d) “Nelvetas” Loyihani amalga oshirish uchun ShTHA tomonidan tayinlangan “Nelvetas Swiss Intercooperation” — “Ijroiya Agentligi”ni anglatadi;
e) “PTT” professional taʼlim va tayyorlovni anglatadi.
2-modda. Loyihaning maqsadlari
1. Loyiha birinchi bosqichining umumiy maqsadi mehnat bozoriga kirishni yaxshilash orqali professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yanada samarali ish bilan taʼminlashga hissa qoʻshishdan iborat. Oʻzbekistondagi professional taʼlim talabalari va bitiruvchilari ularga oʻsish salohiyatiga ega boʻlgan sohalarda jozibador va munosib ish topish va uni saqlab qolish imkonini beruvchi mehnat bozoriga yoʻnaltirilgan taʼlim va oʻqitish tizimidan foydalanishadi.
2. Maqsadlar, kutilayotgan natijalar va amalga oshirish yondashuvi ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblangan loyiha hujjatida bayon etiladi (1-ilova).
3-modda. Bitimning amal qilish doirasi
Mazkur Bitim unga ilova qilingan va uning ajralmas qismi hisoblangan loyiha hujjatida belgilangan, Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan faoliyatlarni oʻz ichiga oladi.
4-modda. Vakolatli organlar
1. Qoʻyidagilar loyihani amalga oshirish uchun masʼuldir: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (OOʻMTV), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (ShTHA), Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi.
2. ShTHA Shveysariya Hukumati nomidan mazkur Bitimni qoʻllash va loyihani amalga oshirish uchun Ijro organi hisoblanadi. Shveysariya elchixonasi ShTHAning Oʻzbekistondagi vakili hamda loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish uchun masʼul hisoblanadi.
3. Xalqaro tender natijalariga koʻra, ShTHA loyihani amalga oshirishni “Nelvetas Swiss Intercooperation” Ijro agentligiga loyihani amalga oshirishni topshiradi.
5-modda Shveysariya Hukumatining majburiyatlari
1. ShTHA 2021-yil 1-dekabrdan 2025-yil 31-dekabrgacha loyiha hujjatida koʻrsatilgan loyihani amalga oshirish uchun 4 935 000 Shveysariya Franki (toʻrt million toʻqqiz yuz oʻttiz besh ming Shveysariya Franki) maksimal miqdordagi summani taqdim etadi.
2. Loyiha mablagʻlari ShTHA tomonidan Shveysariya elchixonasi orqali boshqariladi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari
1. OOʻMTV loyiha maqsadlarining toʻliq uygʻunligini va amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida loyihani muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakillarining ushbu loyiha doirasida tashkil etiladigan tegishli tadbirlarda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlaydi.
2. OOʻMTV Shveysariya elchixonasi va loyihani yozma soʻroviga asosan loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun ularning oʻz vazifalarini eng samarali va lozim darajada bajarishlariga imkon berish maqsadida zarur boʻlgan maʼlumot va ruxsatnomalar bilan zudlik bilan taʼminlash majburiyatini oladi. Bunday maʼlumotlardan faqat loyiha maqsadlari uchun foydalaniladi. Maʼlumot va ruxsatnomalarni har qanday boshqa maqsadlarda foydalanish masalasi OOʻMTV bilan oldindan yozma ravishda kelishiladi.
3. Toʻliq uygʻunlikni kafolatlash maqsadida OOʻMTV Shveysariya hukumati va boshqa donorlar tomonidan moliyalashtiriladigan tadbirlarni lozim darajada muvofiqlashtirishni taʼminlaydi. OOʻMTV tomonidan barcha ishtirokchilar oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil etiladi.
4. OOʻMTV loyiha doirasida Shveysariya hukumati mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tovarlar va uskunalarni xavfsiz joyda saqlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshiradi, shuningdek, loyiha yakunida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ushbu tovarlar va uskunalarni topshirish boʻyicha tegishli jarayonlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi.
7-modda. Loyihani amalga oshirish
1. Loyihaning umumiy nazorati va muvofiqlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, siyosiy masalalarini hal qilish uchun loyihani boshqaruv qoʻmitasi (LBQ) tuziladi va uning yigʻilishlari yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi. LBQ, faqat ikki Ahdlashuvchi Tomonlar vakillari hozir boʻlganda kvorumga ega boʻladi va ularning qarorlari konsensus (kelishuv) asosida qabul qilinadi.
2. Ijro agentligi loyihani umumiy nazorat qilish, amalga oshirish va uni bajarilishini monitoringi uchun javobgar hisoblanadi. loyihani Ijro etuvchi agentlik loyihada amalga oshirilishi toʻgʻrisida LBQga hisobot beradi. LBQ loyihaning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar va yillik ish rejalarini muntazam koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun javobgar hisoblanadi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimga taklif etilayotgan oʻzgartirishlar, loyihani toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida, shuningdek, ushbu Bitimni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xalaqit beradigan yoki xalaqit berish bilan tahdid qiladigan har qanday voqea toʻgʻrisida bir-birlarini zudlik bilan xabardor qiladilar va iloji boricha ushbu masalalar boʻyicha bir-birlari bilan maslahatlashadilar. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga koʻra, maxsus qoʻshma tekshiruv oʻtkazilishi mumkin.
8-modda. Loyihani monitoring qilish va hisobot berish
1. OOʻMTV va Shveysariya elchixonasi tadbirlarni monitoring qiladi va zarur hollarda, rejalashtirish va jadvallarni takomillashtirish orqali loyihani amalga oshirilishini boshqaradi.
2. ShTHA Bosh qarorgohi va/yoki Shveysariya elchixonasi vakillari OOʻMTV bilan kelishilgan holda loyiha amalga oshirilayotgan joylarga tashrif buyurishlari mumkin. OOʻMTV ushbu tashriflarga, xususan, mahalliy hokimiyat organlari va Loyiha uchun masʼul tashkilotlar va xodimlar bilan hamkorlikda koʻmaklashadi.
3. ShTHA loyihaning samarali amalga oshirilayotganiga ishonch hosil qilish maqsadida oʻz hisobidan mustaqil tekshiruv oʻtkazishi, hamda yakuniy baholash va davriy nazoratni tashkil etishi mumkin.
4. Loyiha faoliyatining ichki monitoringi loyihani Ijro agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Loyihaning yutuqlarini baholash loyiha yakunida oʻtkaziladi. Baholash davomida loyihaning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan yoki toʻsqinlik qilayotgan har qanday omillarga eʼtibor qaratiladi. Baholash ShTHA tomonidan vakolat berilgan uchinchi mustaqil tomon tarafidan oʻtkaziladi.
9-modda. Tovarlar va xizmatlarni xarid qilish
1. ShTHA tomonidan moliyalashtiriladigan tovarlar va xizmatlar Shveysariya tartib-qoidalariga muvofiq xarid qilinadi.
2. Loyihani amalga oshirish davrida ShTHA mablagʻlari hisobidan loyiha doirasida foydalanish uchun taqdim etilgan tovarlar ShTHAning cheklanmagan tasarrufida boʻladi va Shveysariya elchixonasining oldindan yozma ruxsatisiz loyihadan tashqarida foydalanilmaydi.
3. Basharti maʼlum sababga koʻra loyihani amalga oshirish toʻxtatiladigan boʻlsa, ShTHA mablagʻlari hisobidan taqdim etilgan tovarlardan foydalanish tartibi Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida yozma ravishda kelishib olinadi. Bunday holda, ShTHA ushbu tovarlar bilan bogʻliq har qanday holat uchun javobgar boʻlmaydi.
4. Loyiha yakunida Ahdlashuvchi Tomonlar loyiha mablagʻlari hisobidan sotib olingan tovarlarga mulkiy egalik qilish va ulardan foydalanish boʻyicha yozma ravishda kelishib oladilar.
10-modda. Imtiyozlar va Immunitetlar
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
a) Ikki davlat oʻrtasida 2002-yil 20-sentabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Shveysariya Federal Kengashi oʻrtasida texnikaviy va moliyaviy hamkorlik hamda insonparvarlik yordami toʻgʻrisidagi Bitimning 6-moddasi 6.2 va 6.8-bandlarida nazarda tutilgan hamda 1961-yil 18-apreldagi diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga muvofiq odatda diplomatik missiyalarga taqdim qilinadigan ayni immunitet va imtiyozlar bilan Shveysariya elchixonasini va uning xodimlarini taʼminlaydi;
b) Shveysariya elchixonasining murojaati asosida loyihada ishtirok etadigan mutaxassislarga 2002-yildagi Bitimning 6-moddasi 6.4-bandiga koʻra konsullik va boshqa toʻlovlarsiz, vaqtincha Oʻzbekistonga kirish va undan chiqish vizalarini beradi;
s) Loyiha doirasida olib kiriladigan tovarlarni bojxona toʻlovlaridan ozod qilish. loyihani amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonda olingan tovarlar, ishlar va xizmatlar 2002-yilgi Bitimning 6-moddasi 6.8-bandida koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.
d) Valyuta oʻtkazmalarini tartibga solishning amaldagi qoidalariga muvofiq loyihaning ehtiyojlari yoki uning mutaxassislari bilan bogʻliq boʻlgan chet el valyutasidagi xalqaro pul oʻtkazmalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadi;
e) xorijiy va mahalliy mutaxassislarga oʻz xizmat vazifalarini bajarishda yordam beradi, shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ruxsatnomalar, hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etadi.
11-modda. Bitimning tugatilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Bitimni tugatish boʻyicha yozma xabarnomani uch oy oldin yuborish orqali uni tugatish huquqiga ega.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri mazkur Bitim maqsadlariga ortiq erishib boʻlmaydi yoki ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir emas deb hisoblagan taqdirda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bir oy oldin yozma xabarnoma yuborish orqali uni toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish huquqiga ega boʻladi. Yuqorida keltirilgan holatlarga qaramasdan, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Bitim shartlari qoʻpol ravishda buzilgan taqdirda, uni zudlik bilan tugatishi mumkin. Qoʻpol ravishda buzish Bitimning asosiy maqsadlaridan birini jiddiy ravishda buzish hamda har qanday korrupsiyaviy va mazkur Bitimning maqsadlariga zid xatti-harakatlarni anglatadi.
3. Fors-major (tabiiy ofat va boshqalar) natijasida yuzaga keladigan hodisalar mazkur Bitimni ijro etishga toʻsqinlik qilsa, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri uni amalga oshirish imkonsiz boʻlib qolgan vaqtdan boshlab Bitimni tugatishi mumkin.
4. Mazkur Bitim muddatidan oldin tugatilgan yoki loyiha yakun topgan taqdirda, loyiha doirasida taqdim etilgan sarflanmagan har qanday mablagʻlar ShTHAga qaytariladi.
12-modda. Oʻzgartirishlar kiritish va nizolarni hal qilish
1. Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish mumkin.
2. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday nizolar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali doʻstona hal qilinadi.
13-modda. Korrupsiyaga qarshi kurashish qoidalari
Mazkur Bitim doirasida Ahdlashuvchi Tomonlar bevosita yoki bilvosita biron-bir xususiyatdagi foydani taklif qilmaydilar. Ular bunday takliflarni qabul qilmaydilar. Har qanday korrupsion yoki noqonuniy xatti-harakatlar ushbu bitimning qoʻpol buzilishini anglatadi va uning tugatilishiga va (yoki) amaldagi qonunchilikka muvofiq qoʻshimcha tuzatish choralari qoʻllanilishiga asos boʻladi.
14-modda. Amal qilish muddati va kuchga kirishi
Mazkur Bitim 2021-yil 1-dekabrdan 2025-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. U Ahdlashuvchi Tomonlar imzolagan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining barcha shartnomaviy majburiyatlarini bajargunlariga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2022-yil 23-sentabr oyida har bir Ahdlashuvchi Tomon uchun bir nusxadan, teng autentik boʻlgan oʻzbek va ingliz tillarida ikki asl nusxada imzolandi.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar vujudga kelganda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
