Agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3476-son)
14.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 14-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3476]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi PQ-216-son “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. VOITOV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-oktabr,
218-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2023-yil 19-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I. ABDURAHMONOV
2023-yil 3-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2023-yil 19-oktabrdagi 218-son buyrugʻiga ILOVA
Agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda oliy taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini (bundan buyon matnda abituriyentlar deb yuritiladi) ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oliy taʼlim tashkiloti bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish suhbat natijalariga koʻra reyting tizimi boʻyicha toʻplangan ballar asosida amalga oshiriladi.
2. Abituriyentlar uchun suhbat:
oʻrta maxsus taʼlim tashkiloti dasturlari doirasida chuqurlashtirib oʻqitiladigan fanlar boʻyicha abituriyentning bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini;
agrar sohani tanlashda abituriyentning motivatsiyasini (agrar sohaning mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqishini koʻrsatish):
abituriyentning oʻz fikrini ravon ifoda etish va tanqidiy fikrlash salohiyatiga ega ekanligini;
abituriyentning umumiy dunyoqarashi shakllanganligi, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladi.
3. Abituriyentlarni saralash tadbirlari quyidagi bosqichlardan iborat:
abituriyentlarga yakka tartibda suhbatga tavsiyanoma berish uchun ularning oʻrta maxsus taʼlim tashkilotidagi umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini oʻrganib chiqish;
abituriyentlar bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazish.
2-bob. Oliy taʼlim tashkiloti bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun yakka tartibdagi suhbatda qatnashish istagidagi abituriyentlarga tavsiyanoma berish
4. Oliy taʼlim tashkiloti bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun yakka tartibdagi suhbatda qatnashish istagidagi abituriyentlarga tavsiyanoma berish uchun oliy taʼlim tashkiloti rektorining buyrugʻi bilan Saralash komissiyasi tashkil etiladi.
5. Saralash komissiyasi tarkibi har yili 10-iyundan kechikmasdan oliy taʼlim tashkiloti va oʻrta maxsus taʼlim tashkiloti xodimlari orasidan kamida besh kishidan iborat va toq sonli tarkibda shakllantiriladi.
Bunda, oliy taʼlim tashkilotining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori — oʻrta maxsus taʼlim tashkiloti direktori Saralash komissiyasi raisi hamda oʻrta maxsus taʼlim tashkiloti masʼul xodimi Saralash komissiyasi kotibi hisoblanadi.
6. Saralash komissiyasi uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Saralash komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Saralash komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
7. Saralash komissiyasi kotibi tomonidan saralash tadbirlari oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin oʻrta maxsus taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida tavsiyanoma olish uchun murojaat qilish vaqti haqida eʼlon joylashtiriladi.
Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida oʻrta maxsus taʼlim tashkilotiga kirish joylarida tavsiyanoma olish uchun murojaat qilish vaqti haqida axborot stendlari majburiy tartibda joylashtirilishi lozim.
8. Abituriyentlar Saralash komissiyasiga eʼlon joylashtirilgan paytdan boshlab oʻn kun ichida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
9. Saralash komissiyasi abituriyent ariza bilan murojaat qilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida abituriyentning oʻrta maxsus taʼlim tashkilotidagi umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichini uning reyting daftarchasi asosida oʻrganib chiqadi.
10. Saralash komissiyasi tomonidan abituriyentni dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra unga tavsiyanoma berish yoki bermaslik toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi. Bunda, abituriyentning oʻrta maxsus taʼlim tashkilotidagi umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi:
71 va undan yuqori ballni tashkil etgan taqdirda abituriyentga tavsiyanoma beriladi;
71 balldan past ballni tashkil etgan taqdirda abituriyentga tavsiyanoma berish rad etiladi.
11. Saralash komissiyasi dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra tavsiyanoma berish yoki bermaslik toʻgʻrisidagi qaror haqida abituriyentlarni ushbu qaror qabul qilingan kunning oʻzida yozma yoki elektron ravishda xabardor qiladi.
Abituriyentlarga berilgan tavsiyanomalar ikki yil davomida amal qiladi.
12. Saralash komissiyasi qaror qabul qilingan kunning oʻzida tavsiyanoma berilgan abituriyentlar roʻyxatini Suhbat komissiyasi kotibiga taqdim etadi.
3-bob. Abituriyent bilan yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish
13. Oliy taʼlim tashkiloti bakalavriatiga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish uchun yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan Suhbat komissiyasi tashkil etiladi.
14. Suhbat komissiyasi tarkibi har yili 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, oliy taʼlim tashkiloti xodimlari orasidan kamida yetti kishidan iborat va toq sonli tarkibda shakllantiriladi.
Bunda, oliy taʼlim tashkiloti rektori Suhbat komissiyasi raisi hamda oliy taʼlim tashkiloti masʼul xodimi Suhbat komissiyasi kotibi hisoblanadi.
Saralash komissiyasi tarkibiga kiritilgan shaxslarning Suhbat komissiyasi aʼzosi boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Suhbat komissiyasi uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Suhbat komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Suhbat komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Suhbat komissiyasi tomonidan ushbu Nizomning 2-bandidan kelib chiqib shakllantirilgan yakka tartibdagi suhbatda beriladigan savollar suhbat boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin Suhbat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
17. Suhbat komissiyasi kotibi yakka tartibdagi suhbat oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish vaqti va joyi haqida tavsiyanoma olgan abituriyentlarni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
18. Yakka tartibdagi suhbat davlat tilida, shuningdek abituriyentning soʻroviga koʻra u tanlagan xorijiy tilda oʻtkazilishi mumkin.
19. Abituriyent yakka tartibdagi suhbat oʻtkaziladigan xonaga oʻzining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasini koʻrsatgan holda kiritiladi.
20. Yakka tartibdagi suhbatning oshkora va xolis oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida yakka tartibdagi suhbat onlayn rejimda ovozli videotranslatsiya qilinishi lozim. Bunda, videotranslatsiya tashkillashtirilishi uchun oliy taʼlim tashkiloti rektori masʼul hisoblanadi.
21. Yakka tartibdagi suhbat oʻtkaziladigan xonaga abituriyentlar tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob, lugʻat, shpargalka va boshqa materiallar olib kirilishi hamda foydalanilishi taqiqlanadi.
Bunda, ushbu taqiqlangan materiallarni olib kirgan yoki ulardan foydalangan abituriyent yakka tartibdagi suhbatni oʻtkazish tartibini buzgan deb hisoblanadi hamda dalolatnoma asosida yakka tartibdagi suhbatdan chetlashtiriladi.
22. Abituriyentning yakka tartibdagi suhbatdagi natijalari 20 ballik tizimda baholanadi.
Bunda, abituriyentga 4 ta savol beriladi hamda ushbu savollarning har biri besh ballik tizimda baholanadi.
Abituriyent yakka tartibdagi suhbat natijalari boʻyicha 11 balldan kam ball toʻplagan hollarda uning bilimi “qoniqarsiz deb baholanib, yakka tartibdagi suhbatdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
23. Suhbat komissiyasi abituriyentlarni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
berilgan savollarga toʻliq va aniq, shuningdek asoslab javob berishi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishi — 5 ball;
berilgan savollarga aniq javob berishi, biroq javobni asoslab berolmasligi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni tahlil qila olishi — 4 ball;
berilgan savollarga toʻliq javob berolmasligi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan foydalanishni bilishi — 3 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan foydalanishni bilmasligi — 2 ball;
berilgan savollarga javob bera olmasligi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega emasligi — 1 ball;
berilgan savollarga umuman javob bera olmasligi, agrar faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga umuman ega emasligi — 0 ball.
24. Yakka tartibdagi suhbat natijalarini aniqlash uchun Suhbat komissiyasi aʼzolari mustaqil ravishda ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi baholash varaqalarini toʻldiradi va ularni Suhbat komissiyasi kotibiga taqdim etadi.
Bunda, Suhbat komissiyasi kotibi abituriyentga suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarni hisoblab chiqib, oʻrtacha ballni chiqaradi.
25. Yakka tartibdagi suhbat natijalari u oʻtkazilgan kunning oʻzida abituriyentlarga eʼlon qilinadi va Suhbat komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan, komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi.
4-bob. Abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
26. Abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosarining buyrugʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va oliy taʼlim tashkilotining kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Bunda, saralash tadbirlari va yakka tartibdagi suhbatni oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Saralash tadbirlari va yakka tartibdagi suhbat natijalaridan norozi boʻlgan abituriyent ushbu natijalar eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.
28. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab besh kun muddat ichida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan abituriyentni shikoyat koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi. Bunda, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan abituriyent mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
29. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
30. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida abituriyentga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
saralash tadbirlari va (yoki) yakka tartibdagi suhbat natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
saralash tadbirlari va (yoki) yakka tartibdagi suhbat natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda abituriyentning yakka tartibdagi suhbat natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan abituriyentga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
33. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan abituriyent yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
34. Suhbat komissiyasining yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar haqidagi yakuniy qaydnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oliy taʼlim tashkiloti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi.
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Agrar sohadagi oliy taʼlim tashkilotlari qoshidagi oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
