“Samarqand Fransuz Alyansi”ni taʼsis etish va uning faoliyati shartlari toʻgʻrisida
02.11.2023
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN FRANSIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 14-noyabrda 4532-FR-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Oʻzbek tomoni” deb ataluvchi, va Fransiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Fransuz tomoni” deb ataluvchi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida mavjud madaniy, taʼlim, ilmiy va texnikaviy sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash istagini bildirib,
1993-yil 27-oktabrda Parij shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga muvofiq ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish istagini bildirib,
2022-yil 22-noyabrda Parij shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Fransiya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida Oʻzbekistonda fransuz tili taʼlimi va oʻqitilishi toʻgʻrisidagi Ahdlashuv Deklaratsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi madaniy munosabatlarni va doʻstlik aloqalarini rivojlantirish istagini bildirib,
Suveren tenglik, oʻzaro manfaatdorlik va Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligini hurmat qilish tamoyillariga rioya qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Tomonlar ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish hamda fransuz tilini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida “Samarqand Fransuz Alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda “Samarqand Fransuz Alyansi”) taʼsis etilishini qoʻllab-quvvatlaydilar.
2. Mazkur Bitimning maqsadi Samarqand Fransuz Alyansining quyidagi asosiy maqsadlari va faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berishdan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi boshqa qiziquvchi shaxslarga fransuz tilini oʻrgatish;
Oʻzbekiston Respublikasi mutasaddi vazirlik va idoralariga Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalari uchun fransuz tili boʻyicha oʻquv materiallarini ishlab chiqishda koʻmaklashish;
xalqaro standartlarga muvofiq fransuz tili imtihonlarini oʻtkazish;
fransuz tili boʻyicha oʻzbek mutaxassislari va oʻqituvchilarining malakasini oshirishda koʻmaklashish;
Oʻzbekistonda madaniyat, taʼlim, fan va texnika sohalarida konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, mashgʻulotlar, malaka oshirish kurslari va boshqa tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish;
Mazkur Bitim maqsadlariga zid boʻlmagan hamda Samarqand Fransuz Alyansining Ustaviga mos keluvchi boshqa faoliyat turlari.
2-modda
1. Tomonlar Samarqand Fransuz Alyansi Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilot sifatida “jamoat birlashmasi” tashkiliy-huquqiy shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtishini tan oladilar.
2. Samarqand Fransuz Alyansi faoliyati uning Ustavi, mazkur Bitim qoidalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Samarqand Fransuz Alyansining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasida litsenziya olishni talab etmaydi.
3-modda
1. Samarqand Fransuz Alyansi direktori, uning oʻrinbosari/lari va ularning qaramogʻidagi oila aʼzolari (ota-onasi, eri/xotini, ular bilan birga yashaydigan farzandlari) akkreditatsiyadan oʻtish uchun zarur boʻlgan tegishli toʻlovlar toʻlamagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida akkreditatsiyadan oʻtadilar. Samarqand Fransuz Alyansi direktori yoki uning oʻrinbosari etib diplomatik immunitetga ega boʻlgan shaxslar tayinlana olmaydilar
2. Dars berish uchun jalb qilingan (ularning mutaxassisligini tasdiqlovchi tegishli oʻquv muassasani tamomlaganligi toʻgʻrisida diplomni taqdim etish sharti bilan) Samarqand Fransuz Alyansining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan chet ellik xodimlari, shuningdek ularning qaramogʻidagi oila aʼzolari (ota-onasi, eri/xotini, ular bilan birga yashaydigan farzandlari) Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida akkreditatsiyadan oʻtadilar.
3. Samarqand Fransuz Alyansining Ustavida belgilangan faoliyatini amalga oshirishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan oʻquv materiallari va moddiy-texnik jihozlar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.
4. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar bojxona chegarasidan tovarlarni olib oʻtishning oʻrnatilgan tartibiga rioya qilgan holda bojxona yigʻimlaridan tashqari, bojxona toʻlovlaridan ozod etilib, Oʻzbekiston Respublikasiga oʻzlarining shaxsiy foydalanishiga moʻljallangan tovarlarni, jumladan roʻzgʻorni bir qadar butlab olishga zarur boʻlgan tovarlarni olib kirishlari mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulkka yoki mulk, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida yer uchastkasiga ega boʻlgan Samarqand Fransuz Alyansining chet ellik xodimlari mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar.
6. Samarqand Fransuz Alyansi oʻzining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatini tugatishga qaror qilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi doirasida barcha tugatish jarayonlariga amal qilganidan soʻng oʻziga tegishli boʻlgan mulkni olib chiqib ketishi mumkin.
4-modda
1. Tomonlar Samarqand Fransuz Alyansi oʻz faoliyatini amalga oshirishda daromad olishni maqsad qilib qoʻymasligini tan oladilar.
2. Ayni vaqtda Samarqand Fransuz Alyansi oʻz faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida, oʻz Ustavi va ushbu Bitim qoidalariga rioya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq:
Samarqand Fransuz Alyansi tomonidan tashkil etiladigan fransuz tili darslariga va tadbirlarga yozilish va ishtirok etishdan tushadigan daromadlarni olish;
kataloglar, plakatlar, dasturlar, kitoblar, plastinkalar, maʼlumotni yozish usulidan qatʼiy nazar audiovizual va didaktik materiallar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq u tomonidan tashkillashtirilayotgan tadbirlar bilan bevosita bogʻliq boshqa predmetlarni odatiy savdo faoliyati qoidalariga putur yetkazmagan holda sotishi mumkin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Samarqand Fransuz Alyansi faoliyatini taʼminlash maqsadida mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan u tomonidan olingan daromadlarni soliq hamda boshqa budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlanadigan majburiy toʻlovlarni toʻlashdan ozod etadi.
4. Mazkur moddaning 3-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi boshqa shaxslarni ishga yollash hamda ularga oylik maosh toʻlash bilan bogʻliq majburiy toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
5-modda
1. Samarqand Fransuz Alyansi ishga qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va/yoki uning hududida yashovchi boshqa shaxslar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq xodimlarni yollashi mumkin.
2. Samarqand Fransuz Alyansi oʻz xodimlarining belgilangan soni, amalga oshirilayotgan dastur va loyihalari, 1993-yil 27-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalariga muvofiq ishlab chiqilib, rejalashtirilgan tadbirlarning (konferensiyalar, seminarlar, mashgʻulotlar va boshqalar) vaqti, joyi, tartibi va kun tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishadi.
3. Samarqand Fransuz Alyansi qilingan ishlar toʻgʻrisida yillik hisobotlarni hamda oʻzining faoliyati toʻgʻrisida soʻralayotgan boshqa maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi milliy qonunchilikka muvofiq choralar koʻrishga haqli.
5. Samarqand Fransuz Alyansi faoliyati doirasida nizo yuzaga kelgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Fransiya Respublikasi Hukumatidan har qanday zarur hujjat va maʼlumotlarni taqdim etishni soʻrashi mumkin.
6. Mazkur moddaning 4-bandiga asosan qoʻllaniladigan har qanday ehtimoliy choralar haqida Fransuz tomoni zudlik bilan xabardor qilinadi.
6-modda
1. Oʻzbek tomoni 2023-yil 25-oktabrda Samarqand shahri bilan imzolangan ijara shartnomasida belgilangan shartlarga muvofiq, Samarqand shahar, Temir Malik koʻchasi, 3-uy manzilida joylashgan binoni Samarqand Fransuz Alyansi ixtiyoriga beradi. Zarurat tugʻilganda, koʻchmas mulk bilan bogʻliq masalalar Tomonlar tayinlagan vakolatli idoralar oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
2. Tomonlar Samarqand Fransuz Alyansiga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligining Oʻzbekiston Respublikasi soliq va roʻyxatga olish organlari vakillari tomonidan nazorat oʻtkazish boʻyicha talablariga muvofiq boʻlgan tadbirlarni tashkil etishiga ruxsat beradilar.
3. Oʻzbek tomoni Samarqand Fransuz Alyansi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarga jamoatchilikning erkin ishtirok etishini taʼminlaydi.
7-modda
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali yozma ravishda yuboriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Mazkur oʻzgartishlar Tomonlar belgilagan kundan kuchga kiradi va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
9-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan kuchga kiradi hamda Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilguniga qadar amal qiladi. Bu holatda mazkur Bitim yuqorida qayd etilgan yozma xabar olinganidan olti oy oʻtganidan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Bitimning tugatilishi Bitimni amalga oshirish doirasida boshlangan hamda uning tugatilishiga qadar nihoyasiga yetmagan dastur va loyihalarning davom etishiga taʼsir qilmaydi.
Samarqand shahrida 2023-yil 2-noyabr kuni ikki asl nusxada, oʻzbek va fransuz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
