Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini oʻtkazish toʻgʻrisida (3671-IV-son)
06.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Mamlakatimizni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini olib borish, bu borada aholining xabardorlik darajasini oshirish, rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek mazkur maqsadlarning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida belgilangan islohotlar bilan hamohangligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining 2023-yilning noyabr oyida Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik boʻyicha ikkinchi global forumni (bundan buyon matnda II global forum deb yuritiladi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar rejasi 1 -ilovaga;
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yoritish boʻyicha media-reja 2-ilovaga;
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik boʻyicha II global forumni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (bundan buyon matnda Tashkiliy qoʻmita deb yuritiladi) tarkibi 3-ilovaga;
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forumni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora- tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi:
ushbu Qoʻshma qarorning 1, 2 va 4-ilovalari bilan tasdiqlangan rejalarda belgilangan vazifalar oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirib borsin;
barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining masʼul qoʻmitalariga koʻmaklashsin;
tadbirlar davomida bildirilgan takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” loyihasini 2024-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqsin.
4. Tashkiliy qoʻmita:
II global forumni yuqori saviyada oʻtkazishga qaratilgan chora- tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasin;
II global forum ishtirokchilarining kelib-ketishi, vizalari rasmiylashtirilishi, transport bilan taʼminlanishi va ularga tibbiy xizmatlar koʻrsatish masalalarini muvofiqlashtirib borsin;
II global forumni oʻtkazish bilan bogʻliq axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarning oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishini taʼminlasin;
II global forumning ishtirokchilari uchun onlayn ishtirok etish imkoniyatini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi Oʻzbekistonga kelish istagida boʻlgan xorijiy mamlakatlar parlamentlari aʼzolari, parlamentlararo tashkilotlar, BMT tarkibiy tuzilmalari (organlari va qoʻmitalari) vakillarining, olimlar, ekspertlarning va mutaxassislarning kelib-ketish xarajatlari oʻrnini respublikamizda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar tomonidan qoplash yuzasidan Tashkiliy qoʻmitaga bir hafta muddatda asoslantirilgan taklif kiritsin.
6. “Yuksalish” umummilliy harakatining, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hamda “Barqaror rivojlanish markazi”ning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasini ishlab chiqish hamda uni Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarda muhokama qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023-yil 25-noyabrga qadar II global forumning xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-noyabr,
3671-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 6-noyabr,
KQ-617-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 6-noyabrdagi 3671-IV/KQ-617-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 6-noyabrdagi 3671-IV/KQ-617-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yoritish boʻyicha
MEDIA REJA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 6-noyabrdagi 3671-IV/KQ-617-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 3-ILOVA
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik boʻyicha II global forumni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 6-noyabrdagi 3671-IV/KQ-617-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 4-ILOVA
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forumni oʻtkazish boʻyicha
TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR DASTURI
