Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “hukumat soati”ni oʻtkazish toʻgʻrisida (3552-IV-son)
04.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining takliflarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. 2023-yil 18-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan “hukumat soati”da “Mamlakatimizda energetik barqarorlikni taʼminlash va energetika sohasini qish mavsumiga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni eshitish haqidagi taklif maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “hukumat soati”ga tayyorgarlik koʻrilishini hamda uning oʻtkazilishini tashkil etsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 4-oktabr,
3552-IV-son
