6-moddaQoʻshma qoʻmita
Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 01.06.2023 · Amalda
1. Mazkur Bitimni amalga oshirishga koʻmaklashish va muvofiqlashtirish uchun Tomonlar Iqlim oʻzgarishi sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma qoʻmitani (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tuzadilar va u har bir Tomon tarafidan tayinlangan vakillardan tashkil topadi.
2. Qoʻmita yigʻilishlari yiliga bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida, oʻzaro kelishilgan joyda va sanada oʻtkaziladi. Qoʻmita majlislarining vaqti tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
3. Qoʻmita Tomonlar tarafidan birgalikda ishlab chiqilgan ish rejalarini maslahatlashuvlar va koʻrib chiqishlar orqali tasdiqlaydi.
4. Qoʻmita tavsiyalar va qarorlar qabul qilish orqali, jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan faoliyatlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantiradi.
5. Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun bunday guruhlar zarur deb qaror qilgan taqdirda, Qoʻmita qoshida hamkorlikning ayrim yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlarni, jumladan, Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik boʻyicha kichik qoʻshma qoʻmita va/yoki Bozor mexanizmlari boʻyicha kichik qoʻshma qoʻmita tashkil etishga kelishib olishlari mumkin.
6. Yuqoridagi 5-bandda bayon etilgan Bozor mexanizmlari boʻyicha kichik qoʻshma qoʻmita atrof-muhit daxlsizligini taʼminlash, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, quyidagi elementlarni qamrab olgan holda, Tomonlarning MMBH yoki boshqa yumshatish maqsadlari uchun oʻtkazilgan va ishlatilgan yumshatish natijalari ikki marta hisobga olinishining oldini olish maqsadida mazkur Bitimning 4-moddasida nazarda tutilgan ixtiyoriy hamkorlik qoidalari va usullarini belgilaydilar va kelishib oladilar:
(a) roʻyxatdan oʻtkazish, shu jumladan, har bir Tomonga taqdim etiladigan tegishli hujjatlar;
(b) yumshatish natijalarini taqsimlash;
(s) monitoring va tekshiruv;
(d) yumshatish natijalarini uzatish;
(e) reyestr;
(f) tegishli tuzatishlar; va
(g) hisobot, shu jumladan, dastlabki hisobotlar, yillik maʼlumotlar va 6-moddaga muvofiq muntazam maʼlumot va Parij Bitimining 13-moddasiga muvofiq ikki yilda bir martalik shaffoflik hisobotlari.
