Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3473-son)
07.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7-noyabr 2023-yil roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3473]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-son “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh prokuror N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-oktabr,
QQ-32-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-sentabr,
41-son
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-sentabr,
23-son
Oliy sud raisi B. ISLAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-sentabr,
750-son
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-oktabr,
78-son
Davlat xavfsizlik xizmati raisi A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-oktabr,
13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 7-oktabrdagi 32-QQ-son, Oliy sudining 2023-yil 26-sentabrdagi 750-son, Davlat xavfsizlik xizmatining 2023-yil 7-oktabrdagi 13-son, Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 25-sentabrdagi 41-son, Milliy gvardiyasining 2023-yil 26-sentabrdagi 23-son va Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 7-oktabrdagi 78-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi (bundan buyon matnda Akademiya deb yuritiladi) bakalavriat talabalari (bundan buyon matnda talabalar deb yuritiladi) va magistratura tinglovchilari (bundan buyon matnda tinglovchilar deb yuritiladi) tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtashning asosiy maqsadi nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini, talaba va tinglovchilarning qiziqishi, intilishi va qobiliyatlari inobatga olingan holda ularni kasbga yoʻnaltirishni, kelgusida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlarga ishga joylashishini taʼminlashdan iborat hisoblanadi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
malakaviy amaliyot — talabalarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish va mustahkamlash, maxsus kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, jinoyat ishlari boʻyicha mustaqil ish yuritish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan oʻquv jarayonining bir qismi;
stajirovka — tinglovchilarda amaliy koʻnikma va pedagogik mahorat hosil qilishga, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda amalga oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan amaliyot turi;
Akademiyadan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbari — Akademiya boshligʻining buyrugʻi bilan malakaviy amaliyotni (stajirovkani) tashkil etishga masʼul boʻlgan professor-oʻqituvchi;
qabul qiluvchi tashkilot — talabalar (tinglovchilar) tomonidan malakaviy amaliyot (stajirovka) oʻtaladigan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlar;
qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbari — talabalarda (tinglovchilarda) amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirishga, talabalarning (tinglovchilarning) malakaviy amaliyot (stajirovka) oʻtashini nazorat qilishga masʼul boʻlgan qabul qiluvchi tashkilot xodimi.
3. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash Akademiya tomonidan oʻquv rejalarga muvofiq ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, mazkur Nizomning 1-ilovasida belgilangan shakldagi malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi asosida amalga oshiriladi.
4. Malakaviy amaliyotni (stajirovkaning) oʻtash muddati va joyi malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturida belgilanadi.
Talabalarni (tinglovchilarni) malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Qabul qiluvchi tashkilotlar talabani (tinglovchini) malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturida koʻzda tutilmagan vazifalarni bajarishga jalb qilishi, shuningdek Akademiyani xabardor qilmagan holda malakaviy amaliyot (stajirovka) joyini oʻzgartirishi man etiladi.
6. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash davrida talabalarda (tinglovchilarda) stipendiya olish huquqi saqlanib qoladi.
2-bob. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) tashkil etish
7. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) samarali tashkil etish maqsadida Akademiya boshligʻi tomonidan malakaviy amaliyot (stajirovka) boshlanishidan bir oy oldin buyruq qabul qilinadi.
Bunda, ushbu buyruqda malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash muddati va joyi, malakaviy amaliyotga (stajirovkaga) yuborilayotgan talabalar (tinglovchilar) va Akademiyadan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbarlarining roʻyxati belgilanadi.
8. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) tashkil etishga masʼul boʻlgan fakultetlar tomonidan talabalar (tinglovchilar) malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash muddati va joyi, Akademiyadan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbarlari haqida buyruq qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
9. Akademiya tomonidan malakaviy amaliyotga (stajirovkaga) yuborilayotgan talabalar (tinglovchilar) roʻyxati buyruq qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda qabul qiluvchi tashkilotga yuboriladi.
Qabul qiluvchi tashkilot malakaviy amaliyot (stajirovka) boshlanishidan bir hafta oldin talabalarga (tinglovchilarga) qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbarlarini biriktiradi.
10. Qabul qiluvchi tashkilotda talabalar (tinglovchilar) tomonidan malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash uni tashkil etishga oid buyruq qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida boshlanishi shart.
3-bob. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash
11. Malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
malakaviy amaliyotga (stajirovkaga) tayyorgarlik koʻrish;
malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash;
malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon.
12. Qabul qiluvchi tashkilot tomonidan malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash boshlangan kunning oʻzida Akademiyadan va qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbari, talabalar (tinglovchilar) ishtirokida yigʻilish oʻtkaziladi.
Bunda, ushbu yigʻilishda qabul qiluvchi tashkilot tomonidan talabalar (tinglovchilar) mazkur Nizom va malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi bilan tanishtiriladi, jumladan malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining maqsad va vazifalariga taalluqli koʻrsatmalar, uni bajarish boʻyicha qoʻllanmalarni oladi, malakaviy amaliyot (stajirovka) davrida bajarilgan ishlar boʻyicha mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi hisobot tuzish tartibi haqida xabardor qilinadi.
13. Talabalar (tinglovchilar) tomonidan malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻtash boshlangan kunning oʻzida malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturini bajarish boʻyicha reja-jadval tayyorlanadi va ushbu reja-jadval qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
14. Talabalar (tinglovchilar) qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbarining koʻrsatmasi asosida malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturini bajarish boʻyicha reja-jadvalda belgilangan ishlarni bajaradi.
15. Malakaviy amaliyot (stajirovka) yakunlangandan soʻng, talaba (tinglovchi) tomonidan malakaviy amaliyot (stajirovka) davrida bajarilgan ishlar boʻyicha hisobot tayyorlanadi va ushbu hisobot malakaviy amaliyot (stajirovka) yakunlangan kunning oʻzida qabul qiluvchi tashkilotdan biriktirilgan malakaviy amaliyot (stajirovka) rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
16. Talabalar (tinglovchilar) malakaviy amaliyot (stajirovka) davrida bajarilgan ishlar boʻyicha hisobotni malakaviy amaliyot (stajirovka) yakunlangan kundan eʼtiboran besh kun ichida Akademiyaning Oʻquv-uslubiy boshqarmasiga taqdim etadi.
17. Akademiyaning Oʻquv-uslubiy boshqarmasi tomonidan malakaviy amaliyot (stajirovka) yakunlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida talabalardan (tinglovchilardan) yozma shaklda malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon qabul qilinadi.
Bunda, Akademiyaning Oʻquv-uslubiy boshqarmasi tomonidan talabalar (tinglovchilar) malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon boshlanishidan besh kun oldin ushbu imtihon boshlanish vaqti va joyi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
18. Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon oʻtkazilayotgan xonaga talabalar (tinglovchilar) tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob, lugʻat, shpargalka va boshqa materiallar olib kirish hamda foydalanish, shuningdek boshqa talabalar (tinglovchilar) bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
19. Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonni oʻtkazish vaqtida talabalarning (tinglovchilarning) natijalari 100 ballik tizimda baholanadi.
Bunda, talabalar (tinglovchilar) 86 — 100 ballar oraligʻida ball toʻplasa, uning bilimi “aʼlo” deb, 71 —85 ballar oraligʻida ball toʻplasa, “yaxshi” deb, 56 — 70 ballar oraligʻida ball toʻplasa, “qoniqarli” deb baholanadi va malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻzlashtirgan deb hisoblanadi.
Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalari boʻyicha talabalar (tinglovchilar) 55 va undan kam ball toʻplagan hollarda uning bilimi “qoniqarsiz” deb baholanadi va malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻzlashtirmagan deb hisoblanadi.
20. Talabalarning (tinglovchilarning) malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha bilimlarini baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) “aʼlo” baho (86 — 100 ball) olish uchun talabalar (tinglovchilar):
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
muammoli savollarni aniqlashi, oʻz huquqiy pozitsiyasini ilmiy-amaliy tilda asoslab bera olishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining tayanch tushunchalarini bilishi va uni qisqa vaqt ichida ilmiy va amaliy masalalarni yechishda samarali qoʻllay olishi;
nostandart vaziyatlarda muammolarni mustaqil va ijodiy hal qila olish qobiliyatini koʻrsata olishi;
amaliy masalalarni qisqa, asoslangan va ratsional ravishda hal etishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturida tavsiya etilgan asosiy va qoʻshimcha adabiyotlarni toʻliq va chuqur oʻzlashtirishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglash, ularga tanqidiy baho berish va ilmiy yutuqlarni qoʻllay olishi;
b) “yaxshi” baho (71 — 85 ball) olish uchun talabalar (tinglovchilar):
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining barcha boʻlimlari boʻyicha tizimli, toʻla va chuqur bilimga ega boʻlishi, zarur dalillar bilan asoslantirishi;
ilmiy terminologiyadan (shu jumladan, xorijiy tilda ham) aniq foydalanishi, savollarga javobni mantiqan toʻgʻri, stilistik savodli ravishda ifodalashi;
oʻz fikrini isbotlashda yoki boshqa nazariy materialni bayon qilishda yuzaga kelgan noaniqliklarni mustaqil bartaraf eta olishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining tayanch tushunchalarini bilishi, qisqa vaqt ichida ilmiy va kasbiy vazifalarni qoʻyish hamda hal qilishda undan unumli foydalanishi;
standart vaziyatlarda muammolarni oʻquv dasturi doirasida mustaqil hal qila olishi;
normativ-huquqiy hujjatlarni yaxshi bilishini namoyish qilishi, ushbu bilimlarni yangi vaziyatlarda toʻgʻri (lekin doim ham ratsional emas) qoʻllay olishi, bunda bajarilgan ish natijalarini yetarli darajada rasmiylashtira olmasligi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturida tavsiya qilingan asosiy adabiyotlarni oʻzlashtirishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi boʻyicha nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglay olishi va ularga tanqidiy baho berishi;
v) “qoniqarli” baho (56 — 70 ball) olish uchun talabalar (tinglovchilar):
davlat taʼlim standartlari doirasida yetarli bilim hajmiga ega boʻlishi;
ilmiy terminologiyani ishlatishi, savollarga javoblarni toʻgʻri bayon qilishi, lekin bunda ayrim xatolarga yoʻl qoʻyishi;
javob berishga yoki ayrim maxsus koʻnikmalarni namoyish qilishda qiynalganda, malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi va normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha asosiy tushunchaga ega ekanligini namoyish etishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturining umumiy tushunchalari boʻyicha qisman bilimga ega boʻlishi va uni standart (namunaviy) vaziyatlarni hal etishda qoʻllay olishi;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi boʻyicha asosiy nazariyalar, konsepsiyalar va yoʻnalishlar mohiyatini anglashi, ularga baho bera olishi;
g) “qoniqarsiz” baho (0 — 55 ball) olish uchun talabalar (tinglovchilar):
savollarga javob bera olmasa, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunmasa, savol va fan mavzusi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlmasa, egallagan koʻnikmalarni amaliyotda qoʻllay olmasa;
malakaviy amaliyot (stajirovka) dasturi boʻyicha yetarli bilimga ega boʻlmasa, faqat ayrim bilimlarga ega boʻlsa, zarur dalillar bilan asoslantira olmasa;
terminologiyadan aniq, oʻz oʻrnida foydalana olmasa, savollarga javobni toʻgʻri ifodalay olmasa;
muammoli holatlarda oʻz pozitsiyasini ifodalay olmasa.
21. Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalari u oʻtkazilgan kunning oʻzida talabalarga (tinglovchilarga) eʼlon qilinadi va Akademiyaning Oʻquv-uslubiy boshqarmasi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan bayonnomada qayd etiladi.
22. Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonda uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, nikoh tuzish, farzand tugʻilishi sababli) ishtirok etmagan yoki unda “qoniqarsiz” baholangan talabalar (tinglovchilar) malakaviy amaliyot (stajirovka) yakunlangan kundan eʼtiboran ikki oy muddat ichida oʻz arizasiga muvofiq malakaviy amaliyotni (stajirovkani) qayta topshirish huquqiga ega.
4-bob. Talabalarning (tinglovchilarning) apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
23. Talabalarning (tinglovchilarning) apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Akademiya boshligʻining buyrugʻi bilan Akademiyaning kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihonni oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalaridan norozi boʻlgan talaba (tinglovchi) mazkur imtihonlar natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida Apellatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellatsiya shikoyati berishi mumkin.
Bunda, Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan talabani (tinglovchini) shikoyat koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
25. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab uch kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan talaba (tinglovchi) mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
26. Apellatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
27. Apellatsiya komissiyasi tomonidan apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida talabaga (tinglovchiga) uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellatsiya shikoyatini koʻrishda talabaning (tinglovchining) malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijasida olgan balini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan talabaga (tinglovchiga) oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
30. Apellatsiya komissiyasining malakaviy amaliyot (stajirovka) boʻyicha imtihon natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qarori asosida talaba (tinglovchi) malakaviy amaliyotni (stajirovkani) oʻzlashtirgan deb hisoblanadi.
31. Apellatsiya komissiyasi qarori ustidan talaba (tinglovchi) yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoida
32. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari va tinglovchilari tomonidan malakaviy amaliyot hamda stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 10/23/3473/0836-son)
