29-modda. Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirishga, utilizatsiya qilishga, koʻmib tashlashga va yoʻq qilishga doir talablar
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi vakillarining nazorati ostida amalga oshiriladi.
Yuridik hamda jismoniy shaxslar kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini saqlash, ulardan foydalanish, ularni zararsizlantirish va koʻmib tashlash chogʻida sanitariya-gigiyena normalariga, shuningdek hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish talablariga rioya etishi shart.
