27-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishga doir talablar
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchilar quyidagilarni taʼminlashi shart:
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining normativ hujjatlarga muvofiq isteʼmolchi hamda chakana savdo uchun qulay va xavfsiz boʻlgan oʻrovlarda ishlab chiqarilishini;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining oʻsimlik xom ashyosidagi, dorivor xom ashyodagi va oziq-ovqat mahsulotlaridagi qoldiq miqdorining belgilangan standartlarga muvofiqligini;
agar realizatsiya qilish, foydalanish, tashish hamda saqlash chogʻida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi natijasida kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining samaradorligi pasaygan boʻlsa, ularning realizatsiya qilinishi tugatilishini va belgilangan tartibda muomaladan chiqarilishini.
Kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining idishlari va oʻrovlari uchun foydalaniladigan materiallar insonni, atrof-muhitni kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining xavfli xossalaridan himoya qilish uchun maxsus moslashtirilgan boʻlishi, ushbu vositalar tarkibidagi moddalarning yemiruvchi yoki boshqacha taʼsiriga chidamli boʻlishi, shuningdek bir-biriga oʻzaro taʼsir qilmasligi va ular bilan xavfli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi reaksiyaga kirishmasligi kerak.
Roʻyxatga olinmagan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
