21-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
qoʻllanilayotgan kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining tarkibida boshqa aralashmalar mavjud boʻlganda yoki ularning tarkibi roʻyxatga olingan tarkibdan farq qilganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoʻllanilganda inson sogʻligʻiga, atrof-muhitga yoki biologik himoya vositalariga zarar yetkazilishi ehtimoli toʻgʻrisida ilmiy jihatdan tasdiqlangan yangi maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining nomaqbul xossalari, biologik samaradorligi past ekanligi aniqlanganda.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining xulosasiga asosan tugatiladi.
