12-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquqlari
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga qonunchilikda belgilangan tartibda kirish;
oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlangan taqdirda, kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari mavjud boʻlgan yuklarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishini taqiqlash;
bojxona organlaridan, temir yoʻl stansiyalarining, avtovokzallarning (avtostansiyalarning), aeroportlarning va boshqa tashkilotlarning maʼmuriyatlaridan olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab olish;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibiga muvofiq hujjatlarni talab qilish;
oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha ijro etilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiqligini aniqlash maqsadida ulardan laboratoriya tekshiruvlari hamda tegishli ekspertiza uchun namunalar olish;
zararli organizmlar rivojlanishi va tarqalishining oldini olish maqsadida fitosanitariya monitoringi hamda prognozini, shuningdek oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
