10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-877-son) · Sana: 09.11.2023 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini zararsizlantirish ishlarini tashkil etadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining zararli organizmlarga qarshi kurashishga qaratilgan fitosanitariya tadbirlarini amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantiradi;
zararli organizmlarga, shu jumladan zarar keltiradigan chigirtkaga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni tasdiqlaydi;
oʻsimliklarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha ishchi guruhlarni shakllantiradi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
