Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
17.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4530-CN-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish energetika xavfsizligi, “yashil energetika”ga oʻtish uchun katta ahamiyat kasb etishini inobatga olib,
atrof tabiiy muhitning qulay rivojlanishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (quyosh, shamol energiyasi va boshqalar) foydalanishga alohida ahamiyat bergan holda,
energiya tejamkorlikni taʼminlash va energetik samaradorlikni yuksaltirish manfaatlaridan kelib chiqib,
samarali va ekologik toza texnologiyalar asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida kelgusi hamkorlikni rivojlantirish zaruriyatini qayd etib,
energiya tejamkorlikni ekologik muammolarni hal etishning muhim instrumentlaridan biri sifatida koʻrib,
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida Tomonlarning ikki tomonlama hamkorligi uchun huquqiy asos yaratishga intilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Bitimning maqsadi
Mazkur Bitimning maqsadi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish va oʻzbek-xitoy energetika hamkorligini yangi mazmun bilan uzviy toʻldirish hisoblanadi.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
Tomonlar mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikni quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiradilar:
“yashil taraqqiyot”ga oʻtishni jadallashtirish;
Tomonlar davlatlari aholisi turmush farovonligini yanada yuksaltirish yoʻlida toza qayta tiklanuvchi energetikani, shu jumladan, quyosh va shamol energetikasini keng koʻlamda rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalar va tizimlarni keng joriy qilish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida ilmiy-texnikaviy bazani rivojlantirish va qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining butlovchi elektr tarmoqlari va elektr uzatuvchi liniyalarini qurish va modernizatsiya qilish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalarni, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatdan samaradorligini oshirishni, ularning ishlab chiqarilishini kengaytirishni va mahalliylashtirishni ragʻbatlantirish;
qayta tiklanuvchi energiyadan samarali va oqilona foydalanish, ushbu jarayonda ekologik xavfsizlikni, aholi salomatligi muhofazasini taʼminlash;
Tomonlar oʻrtasida kelishiladigan oʻzaro manfaatli hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari.
3-modda Hamkorlik shakllari
Tomonlar hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
turli darajadagi rasmiy delegatsiyalar tashriflari almashinuvi;
ekspertlar va mutaxassislarning ishchi uchrashuvlari;
manfaatdor idoralar va sohaviy tashkilotlar oʻrtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va foydalanish, yashil va kam uglerodli energetika oʻtish yoʻnalishlaridagi siyosat va axborot almanishuvini tashkil etish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rejalashtirish, koʻrgazmali loyihalarni qurish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida mutaxassislarni birgalikda tayyorlash va malakasini oshirish;
akademik konferensiyalar, seminarlar, nazariy va amaliy kurslar (treninglar) va koʻrgazmalarni tashkil etish va ularda ishtirok etish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalarni tashkil etish;
Tomonlarning kelishuviga asosan boshqa shakllar.
4-modda Vakolatli organlar
Mazkur Bitimning amalga oshirilishi boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
oʻzbek tomoni tarafidan — Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi;
xitoy tomoni tarafidan — Xitoy Xalq Respublikasi Energetika ishlari boʻyicha davlat boshqarmasi.
Mazkur Bitimning amalga oshirilishi boʻyicha vakolatlar boshqa vakolatli organlarga taqdim etilgan yoki vakolatli organlar nomi oʻzgargan taqdirda, Tomonlar bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
5-modda Ishlar mexanizmi
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar tegishli ishchi va ekspertlik guruhlarini tuzishlari, chora-tadbirlar rejalari va boshqa hamkorlik dasturlari qabul qilishlari mumkin.
6-modda Ichki qonunchilikka amal qilish majburiyati
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun boshqa Tomon davlatiga yuborilgan barcha shaxslar boʻlib turgan davlatda amalda boʻlgan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish majburiyatini oladilar.
7-modda Mazkur Bitimning boshqa xalqaro shartnomalar bilan oʻzaro nisbati
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda har qanday nizolar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar ularni doʻstona muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
9-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan mazkur Bitimga uning ajralmas qismi boʻlgan va mazkur Bitimning 10-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi.
Mazkur Bitimning amal qilishi, basharti Tomonlardan biri tegishli muddat tugagunga qadar kamida uch oy oldin yozma shaklda boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Har qaysi Tomon Bitimni boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi bunday xabarnoma tegishli Tomon tarafidan olingan sanadan oʻttiz kun oʻtgach tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi, vakolatli organlar va (yoki) vakolatli tashkilotlar tarafidan mazkur Bitimning amal qilish muddati davrida uning doirasida tuzilgan kontraktlarning (shartnomalarning) bajarilishiga daxl qilmaydi.
Pekin shahrida 2023-yil 17-oktabrda, har biri ikki asl nusxada, oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Matnlar oʻrtasida farqlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
