Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (541-son)
16.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2023-yil 24-maydagi PF-77-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanishda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish toʻgrisida” 2023-yil 24-maydagi PF-77-son Farmoniga muvofiq elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibini ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-toroj qilishning oldini olish hamda ulardan oqilona foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga qaratilgan “Uzenergo” mobil ilovasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni takdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
b) jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari (keyingi oʻrinlarda — videotexnika vositalari) orqali qayd etilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar (keyingi oʻrinlarda — huquqbuzarliklar) Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
v) jismoniy shaxslarning videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha huquqbuzarlardan undirilgan jarimalar toʻliq miqdorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzenergoinspeksiya”) yoʻnaltiriladi.
5. Quyidagilar:
Oʻzenergoinspeksiya va Raqamli texnologiyalar vazirligi “Uzenergo” mobil ilovasining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha masʼul organlar hisoblanadi;
“Uzenergo” mobil ilovasi quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutadi:
yoqilgʻi-energiya resurslaridan toʻgʻri foydalanish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;
jismoniy shaxslar tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni “Oʻzenergoinspeksiya”ga manzil (geografik joylashuvi) belgilari boʻyicha yuborish;
huquqbuzarlik holatlari haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish;
huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar va statistik maʼlumotlar bazasi bilan tanishish;
sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) elektron shaklda tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish” tizimiga kiritish;
hududlar va tumanlar (shaharlar) boʻyicha aniqlangan sohaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joriy etish hamda yuritish.
6. Energetika vazirligi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-noyabrga qadar “Uzenergo” mobil ilovasini mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun integratsiya qilsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi “Oʻzbekneftgaz” AJ, “UzGasTrade” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar huquqbuzarlik holatlari, shu jumladan, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzgan isteʼmolchilarning yagona elektron reyestrini joriy etsin.
Bunda mazkur reyestr Energetika vazirligi tomonidan yuritilishini hamda unga kiritilgan maʼlumotlardan manfaatdor vazirliklar va idoralar xavflarni baholash mezoni sifatida foydalanishini nazarda tutsin.
7. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzenergoinspeksiya”ning budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar hamda donor mamlakatlar kreditlari va grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
“Oʻzenergoinspeksiya”ga undirilgan jarimalar hisobidan fuqarolarga ragʻbatlantirish toʻlovlarini avtomat amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan toʻlov tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.
8. Energetika vazirligi:
“Oʻzenergoinspeksiya”ning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 2023-yil 1-dekabrga qadar “Oʻzenergoinspeksiya”ning masʼul xodimlarini texnik vositalar, zarur uskunalar (planshet va boshqalar) bilan taʼminlasin hamda “Uzenergo” mobil ilovasining toʻliq ishlashi uchun server uskunalarini xarid qilsin;
bir oy muddatda “Uzenergo” mobil ilovasida huquqbuzarliklar aks etgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni tahlil qilish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyni aniqlash va huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarning harakatiga tegishli baho berish bilan shugʻullanuvchi masʼul xodimlarni amaldagi shtat birliklari doirasida belgilasin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
541-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 16-oktabrdagi 541-son qaroriga ILOVA
Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari orqali qayd etilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogliq huquqbuzarliklar aks ettirilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Ragʻbatlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
videotexnika vositalari — jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari;
huquqbuzarlik — videotexnika vositalari orqali qayd etilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogliq huquqbuzarliklar;
foto va video materiallar — huquqbuzarlik aks ettirilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlar;
axborot tizimi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining internet axborot tizimidagi “Uzenergo” mobil ilovasi;
“Oʻzenergoinspeksiya” — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi.
3. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgrisidagi foto va video materiallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish ushbu Nizomda belgilangan tartib va ilovada keltirilgan sxemaga asosan amalga oshiriladi.
2-bob. Huquqbuzarliklarni videotexnika vositalari orqali qayd etish
4. Jismoniy shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etishi hamda foto va video materiallarni axborot tizimiga koʻrib chiqish uchun yuborishi mumkin.
5. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, geografik joylashuvi, sanasi va vaqti.
6. Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan foto va video materiallarni axborot tizimiga yuborishda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy (vaqtincha) yashash manzili;
uyali telefon raqami, bank plastik kartasi raqami va elektron pochta manzili.
7. Huquqbuzarliklar aks ettirilgan foto va video materiallarga har qanday tarzda oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Oʻzgartirish kiritilgan foto va video materiallar koʻrib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno (qoida tariqasida, videoyozuvning davomiyligi 120 sekunddan oshmasligi lozim).
3-bob. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish
8. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali huquqbuzarliklar qayd etilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
9. Axborot tizimiga yuborilgan huquqbuzarlik qayd etilgan foto va video materiallar tegishliligi boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan oʻn besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi, xuquqbuzarlik holatlari oʻrganiladi va huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida foto va video materiallar hududiyligi boʻyicha ichki ishlar organlariga yuboriladi.
10. Huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallar Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi, foto va video materiallar sifati va yuborilgan materiallar tekshiriladi, shundan soʻng huquqbuzarning shaxsi aniqlanadi va tegishliligi boʻyicha oʻn ish kuni mobaynida “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasiga yuboriladi.
Bunda foto va video materiallarni qabul qilish va huquqbuzarning shaxsi aniqlanganligi natijalarini tegishliligi boʻyicha yuborish avtomatik va elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.
11. “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasining masʼul xodimi besh ish kuni mobaynida:
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma va jazo choralarini qoʻllash yuzasidan hujjatlarni Ichki ishlar vazirligi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida yagona elektron ish yurituv tizimi “E-maʻmuriy ish” tizimi orqali maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼmuriy bayonnoma tuzish (rasmiylashtirish), maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish hamda tegishli vakolatli davlat organlariga yuborish uchun toʻliq kiritadi;
jarima solish toʻgʻrisidagi tegishli qaror va tayinlangan jarimani toʻlash uchun toʻlov varaqasini (kvitansiyani) huquqbuzarning elektron pochta manziliga elektron shaklda, uyali telefon raqamiga “CMC” xabarnoma shaklida yoki yashash manziliga pochta orqali yuboradi. Bunda tegishli qaror va toʻlov varaqasi (kvitansiya) huquqbuzarga bevosita taqdim etilishi ham mumkin.
Sodir etilgan huquqbuzarlik boʻyicha koʻrib chiqish vakolati mavjud boʻlmasa, hujjatlar bir ish kuni mobaynida qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli sudga yoki boshqa vakolatli organga yuboriladi.
12. Agar sodir etilgan huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari aniqlansa, foto va video materiallar bir kun ichida vakolatli huquqni muhofaza qilish organiga yuboriladi.
13. Quyidagi hollarda videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgrisidagi foto va video materiallar boʻyicha ish yuritish tugatiladi hamda bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi:
foto va video materiallar mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan talablarga javob bermaganda;
foto va video materiallar axborot tizimiga mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda yuklanganda;
foto va video materiallarga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa, mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
ichki ishlar organlari tomonidan foto va video materiallarda aks ettirilgan huquqbuzarning shaxsini aniqlash imkoni boʻlmaganda;
foto va video materiallarda qayd etilgan huquqbuzarlik boʻyicha qaror qabul qilingan yoki maʼmuriy ish (jinoyat ishi) yuritilayotgan taqdirda.
14. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga huquqbuzarlik (jinoyat) boʻyicha jarima undirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun muddatda elektron shaklda javob yuboriladi.
4-bob. Huquqbuzarliklar qayd etilgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni ragʻbatlantirish
15. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar huquqbuzarlik holati oʻz tasdigʻini topganda bazaviy hisoblash miqdorining qirq foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.
16. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar uyali telefon raqamini yoki bank plastik kartasi raqamini koʻrsatish orqali ragʻbatlantirish puli qanday usulda qabul qilib olinishini koʻrsatib oʻtadi.
17. Ragʻbatlantirish:
huquqbuzarlik boʻyicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi;
huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan soʻng tushgan xabarlar boʻyicha amalga oshirilmaydi;
huquqbuzarlik holati oʻz tasdigʻini topgandan vaqtdan (qaror qabul qilingandan) boshlab oʻn besh kun muddatda huquqbuzarlik yuzasidan xabar bergan jismoniy shaxsning bank hisob varagʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Bunda ragʻbatlantirish sudlar tomonidan huquqbuzarlik yuzasidan chiqarilgan qarorlar yuqori instansiya sudida qayta koʻrib chiqilishidan qatʼiy nazar, huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga toʻlab berilishi taʼminlanadi.
18. Ragʻbatlantirish huquqbuzardan jarima undirilgandan soʻng fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga tegishliligi boʻyicha huquqbuzarlik boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya” hisobvaragʻiga undirilgan jarimalar hisobidan avtomatik tarzda pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni taqdim etgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni taqdim etgan shaxslarga ragʻbatlantirish berilmaganligi holatlari boʻyicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Vakolatli davlat organining xatti-harakati (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.
21. Ushbu Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqidagi nizomga ILOVA
Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Chora-tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Jismoniy shaxslar Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni axborot tizimiga yuboradi. Huquqbuzarlik aniqlanganda ixtiyoriy 2-bosqich “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi 1. Jismoniy shaxs tomonidan yuborilgan huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallarni qabul qilib oladi. 2. Huquqbuzarlik holatini oʻrganadi. 3. Huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida tegishli ichki ishlar organlariga foto va video materiallarni yuboradi. Oʻn besh ish kunida 3-bosqich Ichki ishlar vazirligi 1. Huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallarni qabul qilib oladi. 2. Foto va video materiallarning sifatini tekshiradi va huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi. 3. Huquqbuzar shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishliligi boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasiga taqdim etadi. Oʻn ish kunida 4-bosqich “Oʻzenergoinspeksiya” 1. Huquqbuzarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma va jazo choralarini qoʻllash yuzasidan hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtiradi va Ichki ishlar vazirligining yagona maʼlumotlar bazasiga kiritadi yoki tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun taalluqli sudga yuboradi. 2. Jarima solish toʻgʻrisidagi tegishli qaror va tayinlangan jarimani toʻlash uchun toʻlov varaqasini (kvitansiyani) huquqbuzarning elektron pochta manziliga elektron shaklda, uyali telefon raqamiga “SMS” xabarnoma shaklida yoki yashash manziliga pochta orqali yuboradi. 3. Sodir etilgan huquqbuzarlik holati boʻyicha koʻrib chiqish vakolati mavjud boʻlmagan taqdirda, hujjatlarni tegishli sudga yoki boshqa vakolatli organga yuboradi. Besh ish kunida 5-bosqich “Oʻzenergoinspeksiya” 1. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirishni huquqbuzarlik boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya” hisobvaragʻiga undirilgan jarimalar hisobidan avtomatik tarzda pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi. 2. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxsga murojaati natijalari yuzasidan maʼlumotlarni yuboradi. Huquqbuzarlik boʻyicha jarima undirilgandan soʻng oʻn besh ish kunida
