24-modda. Dehqon xoʻjaligini kreditlash va sugʻurtalash
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari faoliyatni amalga oshirish uchun kredit olishlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki va pul mablagʻlarini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlarida, shu jumladan dehqon xoʻjaliklarini kreditni uzishning zarur garov, sugʻurta hamda boshqa kafolatlarini taʼminlagan holda imtiyozli kreditlashga jalb etishlari, shuningdek xususiy kichik tadbirkorlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanishlari mumkin.
Dehqon xoʻjaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi oʻziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining (koʻchatzorlarining), koʻp yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan mahsulotning, xomashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻzining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qildiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta tovoni oladi.
