12-modda. Dehqon xoʻjaligining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatining subyekti tariqasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga berilgan yer uchastkasida dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatini mustaqil tashkil etish;
yetishtirilayotgan va realizatsiya qilinayotgan mahsulotga mustaqil ravishda baho belgilash;
oʻzi yetishtirgan mahsulotni, shu jumladan bu mahsulotni isteʼmolchilarga oʻz xohishi boʻyicha realizatsiya qilish huquqini tasarruf etish;
xarid etiladigan mahsulotga oldindan haq toʻlanadigan fyuchers bitimlari tuzish;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga sotish uchun va erkin savdoga moʻljallangan aksiyalarni sotib olish;
oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shu jumladan kimoshdi savdosi asosida sotib olingan huquqni garovga qoʻyish.
Dehqon xoʻjaligi quyidagilarni bajarishi shart:
yer uchastkasidan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanish;
tabiiy obyekt boʻlmish yerga zarar yetkazmaslik;
yer uchastkasini asrash, uning unumdorligini saqlash va oshirish yuzasidan sarf-xarajatlar qilish;
yangi berilgan yer uchastkasidan, agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, bir yil ichida foydalanishga kirishish;
agrotexnika talablariga, belgilangan rejim, saqlash vazifasi va servitutlarga rioya etish;
dehqon xoʻjaligining majburiyatlari va qarzlari boʻyicha toʻla javobgar boʻlish;
xoʻjalik aʼzolari uchun xavfsiz mehnat sharoitini taʼminlash.
Qonun hujjatlarida dehqon xoʻjaligining boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
