Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotida qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish davlat dasturi toʻgʻrisida (433-son)
24.08.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasini jahon hamjamiyatiga integratsiyalash, xalqaro statistik taqqoslashlarni oʻtkazish, istiqbolni belgilash-tahlil qilish ishlari darajasini oshirish va xalq xoʻjaligi boshqarishning iqtisodiy uslublariga oʻtish uchun ishonchli axborot bazasi bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturini amalga oshirishni nazorat qilish Idoralararo komissiyasi tarkibi hamda uning faoliyati toʻgʻrisidagi Nizom 2* va 3-ilovalarga muvofiq.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Idoralararo komissiya Davlat dasturini bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtirishni, paydo boʻladigan idoralararo muammolarni hal etishni taʼminlasin va bajaruvchilarning Davlat dasturi qanday amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisidagi hisobotlarini muntazam eshitib borsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kamida yarim yilda bir marta ushbu masala xususida axborot berib tursin.
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga Idoralararo komissiya ishlarini tashkiliy-texnikaviy jihatdan taʼminlash yuklansin, ushbu maqsadda Qoʻmita tarkibida belgilangan xodimlar soni doirasida boʻlim huquqiga ega boʻlgan maxsus tarkibiy boʻlinma — Idoralararo komissiya kotibiyati tashkil etilsin.
4. Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzdavstandart”, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlari bir oy muddatda tadbirlarning tegishli boʻlimlarini bajarishning aniq muddatlari va bajaruvchilari koʻrsatilgan rejalarini ishlab chiqsinlar hamda ularni “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga taqdim etsinlar.
5. Moliya vazirligi tegishli vazirliklarga, davlat qoʻmitalariga va idoralarga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturini bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy mablagʻlarni ajratsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 24-avgust,
433-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 24-avgustdagi 433-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish
Davlat dasturi
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy hayotida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʻtish, shuningdek, respublikaning jahon iqtisodiy hamjamiyati bilan uygʻunlashuvga intilishi davlat statistikasi va hisobini tashkil etishga tub oʻzgartirishlar kiritishni taqozo etadi.
Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan keng koʻlamda aloqa oʻrnatishi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston iqtisodiyoti koʻrsatkichlarini xorijiy davlatlar koʻrsatkichlari bilan taqqoslash zaruriyati eng avvalo hisobga olish va statistika uslubiy prinsiplarining jahon amaliyotida qabul qilingan prinsiplar bilan uygʻunligini taʼminlashni talab qiladi. Bozorga oʻtish davrining hozirgi sharoitlarida iqtisodiy jarayonlarni davlat tomonidan samarali tartibga solishda xalqaro standartlarni respublika statistikasi va hisobga olish ishlariga joriy etish muammosi alohida ahamiyat kasb etadi.
Amaldagi hisob va statistika tizimi boshqaruvda maʼmuriy-buyruqbozlik usullari hukmron boʻlgan davrda shakllanib, markaziy rejalashtirish usuliga bevosita bogʻliq boʻlib, yalpi statistik kuzatishga asoslangan edi. Tizimning koʻrsatkichlar tarkibi vazirliklar va idoralarning boshqaruvchilik vazifasini taʼminlashni nazarda tutib shakllantirilgandi. Bu tizim Oʻzbekistonda shakllanayotgan bozor iqtisodiyotiga muvofiq kelmaydi. Tizimda davlatning moliyaviy ahvolini, pul muomalasi va kredit holatini, tadbirkorlik va vositachilik faoliyati tuzilmalari ishini ifodalovchi bir qator koʻrsatkichlarning yoʻqligi, statistik kuzatish usullarining yetarli darajada moslashuvchan emasligi amalga oshirilayotgan iqtisodiy va siyosiy islohot jarayonlarining oʻzaro aloqasini tahlil qilishni qiyinlashtiradi, ijtimoiy siyosatni va iqtisodiy tartibga solishni samarali oʻtkazishda toʻsiqlar hosil qiladi.
Hisobga olish va statistika tizimi jahon amaliyotidan sezilarli darajada uzilib qolgan, bu ahvol Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishda, uning xalqaro hamjamiyatlar bilan uygʻunlashuvida sezilarli qiyinchiliklar tugʻdiradi. Bularning barchasi Oʻzbekistonda hisobga olish va statistika tizimini tubdan qayta qurishni va uni xalqaro qoidalar talabiga moslashtirishni taqozo etadi.
Xalqaro hisobga olish va statistika tizimi hozirgi zamon jahon iqtisodiy taraqqiyoti toʻgʻrisidagi haqiqiy tasavvurga va uning obyektiv qonuniyatlari va gʻoyalariga asoslanadi.
Respublikaning hisobga olish va statistikada xalqaro standartlarga oʻtish muammosining ancha murakkabligi va keng koʻlamliligi, uning koʻplab maqsadga yoʻllanganligi uni hal qilishga davlat miqyosida yondashishni talab qiladi.
Taqdim etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat dasturi xalq xoʻjaligi balansi (XXB) koʻrsatkichlari tizimidan milliy schyotlar tizimiga (MTS) oʻtish davrida barcha hisobga olish va statistika tizimini mamlakatda va chet elda toʻplangan tajribaga tayangan holda xalqaro qoidalarga muvofiq tarzda qayta koʻrib chiqish boʻyicha tadbirlar majmuini oʻz ichiga oladi.
1. Davlat dasturining maqsadi va vazifalari
Dasturning bosh maqsadi respublika iqtisodiyotini davlat tomonidan samarali boshqarish, axborot tizimi, bozor iqtisodiyotiga mos tuzilma asosida uning turli faoliyat sohalarining jahon hamjamiyatidagi roli va ahamiyatini xolis tahlil qilish uchun shart-sharoit yaratish, yoʻnalishlarni oʻz vaqtida aniqlash, ularning rivojlanishi istiqbolini belgilash va boshqaruv qarorlari oqibatlarini baholashdir.
Davlat dasturida quyidagi vazifalarni hal etish nazarda tutiladi:
davlat statistikasi va hisobga olish tizimi umumuslubiy asoslarini qayta koʻrib chiqish va uni jahon amaliyotida qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga moslashtirish;
milliy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni xalqaro normalarga moslashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining milliy schyotlar tizimini yaratish, shu jumladan, milliy iqtisodiyotning tarmoq va sektorlari boʻyicha milliy schyotlar tizimini ishlab chiqish;
XXB koʻrsatkichlarini MST koʻrsatkichlari bilan integratsiyalash, MST sxemasi boʻyicha tarmoqlararo balanslar (TAB)ni ishlab chiqish;
statistika va hisobga olish organlarini texnik qayta jihozlashga asoslangan hamda statistik maʼlumotlarni toʻplash va ular bilan ishlashda tahliliy yoʻllanganlikni, tezkorlikni oshirishi imkonini beradigan yangi texnologik axborotga tayanadigan milliy iqtisodiyotning holatini ifodalovchi koʻrsatkichlar tizimining tarkibini, iqtisodiy mazmunini va hisob-kitob qilish usullarini aniqlash;
buxgalteriya, bank, moliya va bojxona hisobotining yangi dastlabki hisobga olish shakllarini xalqaro qoidalarga muvofiq ishlab chiqish hamda yagona statistika tizimiga integratsiyalash;
moliya, budjet va bank statistikasi koʻrsatkichlari tizimini takomillashtirish va toʻlov balansini ishlab chiqish;
narxlar, aholi va mehnat, tashqi savdo statistikasini xalqaro qoidalarga muvofiq qayta tashkil qilish;
xalqaro statistika tashkilotlariga taqdim etiladigan koʻrsatkichlar tarkibi, davriyligi va tartibini belgilash;
mulkchilik va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat roʻyxati (KTYADR)ni yaratish;
yagona klassifikatsiyalash va kodlashtirish tizimini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqish va tatbiq qilish;
mahsulotlarni kataloglashtirish va shtrixli kodlashtirish tizimini yaratish;
statistika va hisobga olish kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasida milliy schyotlar tizimini yaratish va joriy qilish
Oʻzbekiston Respublikasining MSTni yaratishda MSTni tuzishning tub asoslari (rezidentlar, institutsion birlik, milliy iqtisodiyot chegaralari, iqtisodiyot sektorlari, kichik sektorlari, MST koʻrsatkichlari toʻplami, schyotlar tizimi va balanslovchi moddalar va boshqalar) belgilandi. Uslubiy nuqtai nazardan quyidagilar koʻzda tutiladi: MST koʻrsatkichlarini tuzish uslubini aniqlash, iqtisodiyotning asosiy sektorlari va tarmoqlari uchun schyotlarni ishlab chiqish, milliy schyotlarni tuzish axborot bazasini tahlil va prognoz qilish uchun jadvallar, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni yaratish.
MST ni joriy qilishni moliya schyotidan tashqari makroiqtisodiy darajadagi jamlama schyotlarni tuzishdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Asosiy jamlama schyotlarni tuzishda mavjud axborot bazasidan foydalangan holda XXB koʻrsatkichlaridan MSTga oʻtish tayanch usuli qoʻllaniladi.
Bu oʻtish davrida xalq xoʻjaligi rivojining odatdagi axborot ifodalarini saqlash ehtiyojidan va MST ga mos axborot bazasining yoʻqligidan kelib chiqadi. Haqiqiy ahvolni hisobga olib MST ni XXB dan foydalanish bilan bir vaqtda shakllantirishni hamda tushuncha va tasniflarning asta-sekin uygʻunlashuvini nazarda tutuvchi MST koʻrsatkichlarini XXB koʻrsatkichlari bilan integratsiyalash yoʻli tanlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida MST — XXB integratsiyasini bir necha bosqichda amalga oshirish kerak.
Birinchi bosqichda MST schyotlarini va ishlab chiqarish balanslarini, hisobga olish ikkala tizimda turlicha boʻlgan yalpi milliy daromad (YaMD) isteʼmoli va jamgʻarilishini integratsiyalash amalga oshirilishi kerak.
MST va XXBni integratsiyalash birinchi bosqichining pirovard natijasi XXB va MST tavsiflariga koʻra eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning umumlashtiruvchi taʼrifini beruvchi makroiqtisodiy koʻrsatkichlar tizimini shakllantirish boʻlishi kerak.
Keyingi bosqich MST — XXBni amaliyotga joriy qilish, iqtisodiyotning alohida sektorlari va tarmoqlarining schyotlari sxemasini ishlab chiqishdir.
Bu tadbirlarni oʻtkazish va amalga oshirish iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish hamda respublika iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha prognozlarni ishlab chiqish va qarorlar qabul qilish uchun mahsulot ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish, daromadlarni hosil qilish, taqsimlash va qayta taqsimlash, sarmoya harakati, resurslardan isteʼmol va jamgʻarish maqsadida foydalanish toʻgʻrisida zarur axborotni olish imkonini beradi.
Milliy schyotlar tizimiga oʻtish birlamchi statistika axborotini, buxgalteriya, moliya va bank hisoblarini izchil qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi.
2.1. Schyotlar tizimini milliy iqtisodiyotning tarmoq va sektorlari boʻyicha ishlab chiqish
Milliy schyotlar tizimida tasnif (klassifikatsiya) ning ikki turidan — tarmoqlar boʻyicha va sektorlar boʻyicha tasniflashdan foydalanish koʻzda tutiladi. Tarmoqlar boʻyicha guruhlash iqtisodiyotning tarmoq tuzilmasi taʼrifini taʼminlaydi, har bir tarmoqning yalpi ichki mahsulot (IYAM) ni yaratishga qoʻshgan ulushini aniqlash, tarmoqlararo aloqa va mutanosibliklarni kuzatish imkonini beradi.
Iqtisodiyotni xoʻjalik birliklari iqtisodiy jarayonda bajaradigan vazifalariga koʻra shakllantirilgan iqtisodiyot sektorlari boʻyicha guruhlash daromadlarni taqsimlash va qayta taqsimlash, investitsiyalarni mablagʻ bilan taʼminlash sohasidagi jarayonlarni tahlil qilish imkonini beradi. Masalan, “uy xoʻjaligi” sektori schyotlari ijtimoiy jarayonlar va turmush darajasining eng muhim tomonlari (daromadlarni taqsimlash, isteʼmol, jamgʻarma va boshqalar)ni, shuningdek, “uy xoʻjaligi” sektorining yalpi ichki mahsulotini yaratish va undan foydalanishdagi rolini tashkil qilishda zarur boʻladigan maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.
2.2. Tarmoqlararo balanslarni milliy schyotlar tizimi sxemasi boʻyicha ishlab chiqish
XXBni MST bilan integratsiyalashdagi muhim bosqich tarmoqlararo balansni tarmoqlar bloklarini MST uslubiyatiga muvofiq aniqlanadigan (qisqartirilgan sxema boʻyicha) moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari va nomoddiy xizmat koʻrsatish sohasini ajratib koʻrsatib tuzish hisoblanadi.
MST boʻyicha TAB xalq xoʻjaligi rivoji asosiy koʻrsatkichlarining umumlashtirilgani hisoblanadi. Uning tuzilishi faoliyatning barcha sohalari boʻyicha statistika axboroti bilan ishlash natijalariga tayanadi, bu esa ishlab chiqish bosqichlari xususiyatlarini belgilaydi.
MST boʻyicha tarmoqlararo balans tizimiga oʻtishni ikki bosqichda amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Birinchi bosqich — XXB dan MST ga oʻtish tayanchlaridan foydalanib yiriklashtirilgan MXT lar eksperimental hisob-kitoblarni oʻtkazish. Bunda noishlab chiqarish sohasi tashkilot va korxonalari tarkibi, hisob-kitob usullari, daromadlari va XXB tizimida hisobga olinmaydigan tashkilotlar xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida axborot olish shakllari meʼyoriga yetkaziladi.
Ikkinchi bosqich — statistika va buxgalteriya hisoboti butun tizimini xalqaro talablarga muvofiq qayta tuzishni hisobga olgan holda kengaytirilgan TAB larni ishlab chiqish boʻyicha tayyorgarlik ishlarini oʻtkazish.
2.3. Yalpi ichki mahsulotni (YIM) xalqaro iqtisodiy taqqoslashlar sohasidagi ishlarni amalga oshirish
Xalqaro iqtisodiy taqqoslashlar sohasida quyidagilar nazarda tutiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining umumiqtisodiy rivojlanish darajasini baholash;
valyutalar xarid quvvatining haqiqiy paritetlarini belgilash;
milliy iqtisodiyotlar samaradorligini qiyoslash;
aholi turmush darajasini qiyoslash;
xalqaro tashkilotlar budjetiga toʻlanadigan badallar miqdorini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy imkoniyatlarini tahlil qilish;
bozorlar konyunkturasini tahlil etish (bozor talabining hajmi, valyutalarning rasmiy valyuta kurslariga nisbatan xarid quvvati);
xalqaro iqtisodiy integratsiyani oʻrganish.
Xalqaro iqtisodiy taqqoslashlar sohasidagi ishlarni BMT statistika boʻlimi ekspertlarining, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkilotining (IHRT) statistika departamenti Jahon banki (JB), Xalqaro valyuta fondi (XVF) bilan hamkorlikda amalga oshirish kerak.
3. Axborot taʼminoti tizimini takomillashtirish
3.1. Buxgalteriya va bank hisobini qayta qurish
Buxgalteriya hisobini takomillashtirishning maqsadi standartlarga javob bera oladigan “Schyotlar rejasi” ni ishlab chiqish va uni korxona va tashkilotlar faoliyatiga joriy qilish hisoblanadi. “Schyotlar rejasi”ning tuzilishi va mazmuni:
asosiy va aylanma fondlar, moddiy aktivlar, korxonaning uzoq muddatli qoʻyilmalari va zaxiralari mavjudligi harakati toʻgʻrisida umumlashtiruvchi taʼrif berishi;
korxonaning ustav faoliyatini va xodimlarga ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatishni amalga oshirishga daxldor sarf-xarajatlari toʻgʻrisidagi umumlashgan tarzdagi axborotni toʻplashi;
mamlakat hududidagi va xorijdagi banklarda hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlarda, qiymatli qogʻozlarda turgan milliy va xorijiy valyutadagi pul mablagʻlarining mavjudligi hamda ularning harakatini aks ettirishi;
korxona faoliyatining moliyaviy natijalarini shakllantirish va foydalanish hamda xoʻjalik faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash uchun tashqaridan olingan mablagʻlar (bank kreditlari, maqsadli tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlashga moʻljallangan boshqa mablagʻlar) ning holati va boshqalar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirishi kerak;
Moliyaviy-xoʻjalik faoliyat natijalarini kompleks baholash, buxgalteriya hisobi schyotlarida bir xil dalillarni aks ettirishga yagona yondashuv Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy ahvolini baholash imkonini beradigan mufassal koʻrsatkichlar tizimini yaratish uchun sharoitni taʼminlaydi.
Bundan tashqari, hisobga olishning faqat nazorat funksiyasini amalga oshirishgagina emas, balki unga bank tizimi aktiv va passiv operatsiyalarini pul oboroti subyektlari (korxonalar, aholi, davlat, kredit-moliya tizimi)ning tashqi dunyo bilan operatsiyalari va pul bozori moliyaviy vositalarining likvidlik tusiga koʻra aks ettirishga ham yoʻllangan hisobga olish va hisobotning yagona klassifikatsiya registrini yaratish maqsadida bank hisobi schyotlar rejasini qayta koʻrib chiqish nazarda tutiladi. Bank hisobining yangi tizimi pul massasini pul-kredit siyosati maqsadlariga muvofiq boshqarish, MST pul statistikasi va moliyaviy schyotlar koʻrsatkichlarini bank yigʻma hisobi maʼlumotlari boʻyicha shakllantirishi kerak.
3.2. Moliyaviy budjet va bank statistikasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish
Davlat moliya-kredit siyosatining tartibga soluvchi funksiyasini kuchaytirish maqsadida pul va moliya statistikasi koʻrsatkichlarini bozor talabi va taklifiga taʼsir etish mezonlari boʻyicha shakllantirish, aktiv va passiv operatsiyalar va moliyaviy vositalarni likvidlik mezonlari boʻyicha guruhlash, bu koʻrsatkichlarni YIM ni yaratish, taqsimlash va qayta taqsimlash butun jarayonini integratsiyalangan tavsif tizimiga kiritish nazarda tutiladi.
Koʻrsatkichlarning yangi tizimi pul massasi tarkibiy elementlarining, Markaziy bank foiz siyosatining, Markaziy bank tijorat banklari uchun belgilaydigan iqtisodiy normativlarni tartibga solish tizimining, mamlakat ichki va tashqi qarzlarining, toʻlov balansining respublika xalq xoʻjaligidagi makroiqtisodiy mutanosibliklarni shakllantirishga taʼsirini baholash imkonini beradi.
Pul statistikasi koʻrsatkichlari tizimi xalqaro amaliyotda qabul qilingan klassifikatsiyalar bilan qiyoslanadigan boʻladi hamda qarorlar qabul qilish jarayonini shoshilinch axborot bilan taʼminlashni yaxshilaydi.
3.3. Toʻlov balansini tuzish ishlarini tashkil qilish
Respublikada jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro aloqa qilishda moliyaviy mexanizmlar rolining kuchayishi Oʻzbekistonning tashqi savdo va moliyaviy operatsiyalar yakunlarini aks ettiruvchi toʻlov balansini oʻta qisqa muddatlarda tuzish zarurligini taqozo etadi. Toʻlov balansini tuzmay milliy schyotlarning yaxlit tizimini yaratish, ichki iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarini tashqi iqtisodiy jarayonlar bilan bogʻlash mumkin emas. Toʻlov balansi koʻrsatkichlari koʻplab xalqaro tashkilotlar talab qiladigan zarur axborotlar roʻyxatiga kiritilgan.
Toʻlov balansini tuzish markaziy iqtisodiy idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishni, shuningdek, axborotlarni toʻplash va ishlashning mavjud tizimini qayta qurishni taqozo etadi, bu esa koʻp vaqt sarflashni talab qiladi. Davlat dasturi birinchi bosqichda ekspert baholash usullaridan va hisob-kitob maʼlumotlaridan foydalanish asosida toʻlov balansini tuzishni nazarda tutadi. Keyinchalik balansni tuzish usuli birlamchi axborotga koʻproq yoʻllangan boʻladi. Oʻzbekistonning toʻlov balansini tuzish ishlari xalqaro moliya tashkilotlarining, eng avvalo, Xalqaro valyuta fondining ekspertlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
3.4. Narx statistikasini takomillashtirish
Narx statistikasi bozor iqtisodiyoti sohasidagi iqtisodiy tadqiqotlarni axborotlar bilan taʼminlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Narx darajalari va ularning indekslari darajasini baholashning toʻgʻriligi samarali iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish va uni amalga oshirishning zarur sharti hisoblanadi.
Xalq xoʻjaligining barcha tarmoq va sektorlarida, xoh ishlab chiqarish-texnik, xoh isteʼmol maqsadlaridagi boʻlsin, barcha mahsulot turlari narx darajasi va indekslarini hisob-kitob qilishning mavjud uslubiyatini rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha aniq tadbirlar moʻljallangan.
Narx dinamikasi hisob-kitoblarining BMT va Xalqaro valyuta fondi tomonidan ishlab chiqilgan koʻrsatkichlarga uslubiy muvofiqligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Bu barcha mahsulotlar, shu jumladan bozorda yangi paydo boʻladigan mahsulotlar narxidagi haqiqiy oʻzgarishlarni hisobga olish imkonini beradi. Narx indeksini hisoblashni oldindan yigʻilgan tovarlar toʻplami asosida amalga oshirish nazarda tutiladi. Hisoblab chiqilgan narx indeksining reprezentativligini taʼminlash maqsadida, shuningdek tanlab tadqiq qilish uslubini ishlab chiqish va amalga oshirish koʻzda tutilgan.
3.5. Aholi va mehnat statistikasini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston amaliyotiga aholi va mehnat statistikasini joriy qilish, qator chora-tadbirlarni oʻz ichiga olib, ikki yoʻnalishdagi vazifani hal etishni koʻzda tutadi. Birinchidan, bu mazkur koʻrsatkichlar tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va mehnat bozorini, daromadlar darajasi va dinamikasi, ish haqini, ish bilan bandlikni, ishsizlikni, ishchi kuchiga boʻlgan sarf-xarajatlarni ifodalovchi sifat jihatdan yangi maʼlumotlar olish imkonini beradi. Bu maʼlumotlar mehnat bozorida vaziyatni prognoz va tahlil qilish hamda iqtisodiy-ijtimoiy siyosat tadbirlarini ishlab chiqish uchun zarurdir. Ikkinchidan, demografik jarayonlarning rivojlanishi, mehnat statistikasi toʻgʻrisidagi axborotning xalqaro qiyoslanuvchanligi hamda XMT (xalqaro mehnat tashkiloti), JSST (Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti) va boshqa xalqaro tashkilotlarga statistika maʼlumotlarini taqdim etish masalalarini hal qiladi.
Tegishli uslubiy hujjatlarni ishlab chiqishda va klassifikatsiyalashda XMTning uslubiy hujjatlari (mehnat statistikasi boʻyicha rezolyutsiya va konvensiyalar), ularni IHRT statistika xizmati, Yevrostat, AQSh milliy statistika tashkilotlari, Fransiya, GFR, hamdoʻstlik mamlakatlari statistika qoʻmitalarida amaliy qoʻllash tajribasini hisobga olgan holda, shuningdek, JSST (chunonchi, bolalar oʻlimi koʻrsatkichlari, oʻlim sabablari boʻyicha) tavsiyanomalari asos qilib olinadi.
Dasturda aholi roʻyxati va budjet kuzatuvi vaqtida uy-joy xoʻjaligini hisobga olishga oʻtish tadbirlari belgilangan. Bu tartib MST talablarni bajarishni taʼminlaydi va nogironlarni hisobga olish uslubini JSST tavsiyalariga muvofiqlashtiradi.
3.6. Tashqi savdo statistikasini xalqaro talablarni nazarda tutgan holda takomillashtirish
Tashqi savdo statistikasini takomillashtirishdan kuzatilgan maqsad tashqi savdo rivojining milliy va xalqaro koʻrsatkichlarining qiyoslanuvchanligini takomillashtirishdir. Bu koʻrsatkichlar tashqi savdo dinamikasining asosiy gʻoyalarini belgilashda, eksport va importning oʻsish surʼatini asosli prognoz qilishda zamin hisoblanadi.
Dasturda valyuta mablagʻlari, narx indekslari, eksport va importning fizik hajmi, eksport va import mahsulotida ichki va tashqi savdo narxlari nisbati, bojxona statistikasining shakllanishi xususida koʻrsatkichlar tizimini tuzish tadbirlari belgilangan.
Tashqi savdo bojxona statistikasining uslubiy qoidalari Yevropa hamjamiyati va Yevrostat statistika byurosi faoliyatga oid materiallar asosida ishlab chiqiladi. Bu esa Oʻzbekiston tashqi savdosi maʼlumotlarini respublikaning tashqi savdo boʻyicha asosiy sheriklari maʼlumotlari bilan taqqoslash va qiyoslash imkonini beradi.
Amalga oshirilishi statistika maʼlumotlarini shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro savdosining rivojlanishini tahlil qilish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarga alohida oʻrin beriladi.
3.7. Axborotni klassifikatsiyalash va kodlashtirish yagona tizimini rivojlantirish va qoʻllash
Texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotni klassifikatsiyalash va kodlashtirish yagona tizimini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistikasida va boshqaruvning boshqa sohalarida qoʻllash mavjud klassifikatorlarni joriy qilishni va yuritishni, shu bilan birga klassifikatsiya va kodlantirish sohasidagi xalqaro standartlarni mamlakat shart-sharoitlariga moslashtirishni nazarda tutadi.
Birinchi bosqichda klassifikatsiya sohasida milliy hisobchilik xalqaro tizimini statistika amaliyotiga joriy qilish va statistik axborotning xalqaro organlarga taqdim etilishini taʼminlovchi tayyorgarlik ishlari oʻtkaziladi.
Klassifikatsiyalash va kodlashtirish yagona tizimi (KKYaT) ning klassifikatorlarni ishlab chiqish va yuritish, ishlab turgan klassifikatorlarga, shu jumladan, xalqaro standartlar (masalan, Tashqi savdo tovarlarini tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimi, oʻlchov birligi, valyuta va jahon mamlakatlarini belgilash tizimi), asosida tuzilgan klassifikatorlarga davlat maqomini berish tartibini belgilash va uni rivojlantirishning uslubiy hamda tashkiliy asoslari yaratiladi. Klassifikatorlarni dolzarblashtirish maqsadida ularni yuritish uchun vazirliklar va idoralarga birkitish, shuningdek, bu klassifikatorlarni “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi axborot-hisoblash tarmogʻi negizida avtomatlashtirilgan tartibda yuritishni tashkil etish nazarda tutilgan.
Birinchi bosqich ishi sifatida, shuningdek, xalq xoʻjaligi tarmoqlari klassifikatorlarini iqtisodiy faoliyat barcha turlarining Xalqaro standart tarmoq klassifikatsiyasiga uygʻunlashtirish maqsadida qayta koʻrib chiqish, yangi tashkiliy tuzilmalarni hisobga olib davlat organlari va xoʻjalik boshqarmalari klassifikatorini ishlab chiqish hamda korxonalar va tashkilotlar klassifikatorlarini qayta koʻrib chiqib, ularga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq korxonalarning mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllari kabi qoʻshimcha klassifikatsiya belgilarini kiritish nazarda tutilgach.
Keyingi bosqichda hisobga olish va statistika yangi tizimining amaliy ish tajribasidan foydalanib KKYaT ni yanada rivojlantirish, bunga xalqaro klassifikatsiya asosida kasblar klassifikatorlarini ishlab chiqishni, boshqaruv hujjatlari, taʼlim, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha mutaxassisliklar klassifikatorlarini qayta koʻrib chiqishni kiritish moʻljallangan. KKYaT ni rivojlantirish boʻyicha umumlashtiruvchi va eng koʻlamli ish sifatida texnik-iqtisodiy va ijtimoiy koʻrsatkichlar klassifikatorini koʻrib chiqish nazarda tutilgan.
3.8. Mulkchilik va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR)ni shakllantirish
Mulkchilikning va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yaratishdan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan davlat roʻyxatidan oʻtgan barcha yuridik shaxslarni toʻla hisobga olish va kuzatishdir. KTYADR ni shakllantirish davlat statistika organlari tomonidan davlat roʻyxatiga olishni amalga oshiruvchi barcha darajadagi organlar va davlat boshqaruv organlari bilan, agar ular yagona klassifikatsiya kodlaridan foydalansalar, oʻzaro aloqada amalga oshiriladi.
KTYADR ni shakllantirish ishining birinchi bosqichida Registrning huquqiy asosi boʻlgan Nizomni, koʻrsatkichlarni, ularni hisoblash usullarini, Roʻyxatning ishlashini taʼminlovchi yoʻriqnoma-uslubiy materiallar majmuini, shuningdek, xalqaro registr (reyestr) lar bilan axborot-texnologik oʻzaro aloqalar prinsiplarini ishlab chiqish va tasdiqlash koʻzda tutiladi.
Ikkinchi bosqichda KTYADR ni yangi dastur taʼminoti va yagona axborot bazasini boshqarish tizimi (ABBT) asosida toʻliq hajmda respublika — viloyat — tuman miqyosida yaratish koʻzda tutilgan.
4. Mahsulotlarni kataloglashtirish davlat tizimini yaratish
Mahsulotlarni kataloglashtirish davlat tizimini yaratish Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish davlat markazi (“Oʻzdavstandart”) vazifasini kengaytirish zarurligidan kelib chiqadi va quyidagi maqsadlarni nazarda tutadi:
davlat tashkilotlarini respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulot va uning tavsifi haqida tahliliy axborot bilan taʼminlash;
davlat standartlarining majburiy talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
isteʼmolchilarni mahsulotning asosiy taʼriflari, ishlab chiqaruvchisi, muvofiqlik sertifikatining borligi, mahsulot yetkazib berishga oid normativ hujjat haqidagi ishonchli axborot bilan taʼminlash. Shuningdek, uyushtirish (axborotni toʻplash, ishlash, isteʼmolchilarga yetkazish) texnologiyasi, mahsulotni kataloglashtirish tizimining axborot-dasturiy taʼminotini yaratish, berilayotgan axborot shakllarini birxillashtirish va mahsulot hamda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar toʻgʻrisidagi axborotni klassifikatsiyalash va kodlashtirish tizimini ishlab chiqish.
5. Shtrixli kodlashtirishni qoʻllash
Xalqaro amaliyotda avtomatlashtirilgan shtrixli kodlashtirish tizimini qoʻllash savdo, bank ishi, sogʻliqni saqlash, transport va boshqa tarmoqlarda maʼlumotlar bilan ishlashda hisoblash texnikasidan samarali foydalanishni taʼminlaydi. Shtrixli kodlar xorijiy mamlakatlarga yuborilayotgan mahsulotlarga albatta qoʻyilishi zarur.
Dasturning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligi tizimining barcha darajadagi tuzilmalarida — davlat, tarmoq va korxona (tashkilot) miqyosida shtrixli kodlashtirishni kompleks qoʻllashni taʼminlashdir.
Shtrixli kodlashtirish tizimini ishlab chiqishda shtrixli kodlarni MDH va bir qator xorijiy mamlakatlarda qoʻllashni uslubiy va axborot bilan taʼminlashning haqiqiy amaliyotini, shuningdek, yirik ilmiy markazlar (avtomatik identifikatsiyalash sohasi boʻyicha Tashqi iqtisodiy uyushma, Mikroelektronika va axborot-oʻlchov texnikasi ilmiy-tadqiqot instituti) ishlari hisobga olinishi zarur.
Dasturning ushbu boʻlimi shtrixli kodlashtirishni eng avvalo eksport uchun tovar ishlab chiqaruvchi korxonalarda qoʻllash uchun respublikada muayyan moddiy-texnikaviy negiz yaratilishini aks ettiradi.
6. Statistika va hisobga olish sohasida kadrlarni dastur talablariga muvofiq tayyorlash va qayta tayyorlash
Dasturda quyidagilar boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi:
iqtisodiy va statistika yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, malaka oshirish institutlari va fakultetlari, oʻquv markazlari uchun xalqaro statistikada qabul qilingan asosiy uslubiy qoidalarda aks ettirilgan oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etish;
barcha bosqichdagi oʻquv yurtlari uchun statistika va hisobga olish sohasi oʻquv-uslubiy adabiyotlarini tayyorlash va nashr etish;
statistika va hisobot organlari kadrlarini dastur talablari asosida qayta tayyorlash;
oʻquv yurtlari oʻqituvchilarini qayta tayyorlash;
yuqori malakali ilmiy xodimlar tayyorlash maqsadida dissertatsiya ishlari mavzusiga tuzatish kiritish;
oʻquv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ayniqsa EHM ning zamonaviy tizimi va tashkiliy texnika bilan taʼminlash;
statistika va hisobga olish sohasi mutaxassislarini xalqaro statistika tashkilotlari va oʻquv yurtlariga malaka oshirishga yuborish.
7. Dasturni amalga oshirish sohasida xalqaro hamkorlik
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamjamiyat mamlakatlari oldida olgan majburiyatlariga muvofiq, statistika axborotlarini eʼlon qilish va taqdim etish boʻyicha bosh tashkilot vazifasi yuklanadi.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari aʼzosi ekanligidan kelib chiqqan holda respublikaning markaziy iqtisodiy idoralari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlaydi:
BMT tizimi statistika organlarining doimiy sessiyalari ishida va mazkur organlar faoliyati doirasida amalga oshiriladigan loyihalarda ishtirok etish;
BMT statistika tashkilotlaridan tushadigan masalalar boʻyicha statistik maʼlumotlar taqdim etish;
statistika organlari loyihalari doirasida oʻtkaziladigan ishchi guruhlari kengashlarida, ekspertlar guruhi seminarlarida ishtirok etish.
Ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikning asosiy maqsadlari quyidagilardan iboratdir:
xalqaro statistika normalari va standartlarini ishlab chiqadigan xalqaro tashkilotlardan texnikaviy yordam olish;
Dasturni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda mutaxassislar malakasini oshirish;
bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlangan mamlakatlarning milliy statistika xizmatlari bilan statistika amaliyoti va metodologiyasi sohasida tajriba almashish.
Dasturda statistikani xalqaro standartlarga oʻtkazish bilan shugʻullanayotgan mamlakatlar statistika tashkilotlari bilan ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatish, shuningdek, rivojlangan mamlakatlar statistika xizmatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish nazarda tutilgan.
8. Dasturni amalga oshirish bosqichlari va shart-sharoitlari
Davlat dasturining koʻp maqsadli yoʻnalishga ega ekanligi, yangi va murakkabligini nazarda tutib, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutiladi.
Birinchi bosqichda — 1994-1995-yillarda tayyorgarlik-izlanish ishlari amalga oshiriladi. Koʻrsatkichlar tarkibi aniqlanadi, hisoblash uslubiyati va uslubi oʻrganiladi, amaldagi koʻrsatkichlarning hisoblash uslubi jahon amaliyoti uslubi bilan takqoslab koʻriladi va moslashtiriladi, milliy hisob yuritish uslublari oʻrganiladi, ularni axborot bilan taʼminlash tartibi shakllantiriladi, bank hisobi va moliya statistikasi isloh etiladi, korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati haqidagi buxgalteriya hisobining schyotlar rejasi ishlab chiqiladi, ularni hayotga tatbiq etish tartiblari belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlarga statistika axboroti yetkazib berish majburiyatlarini bajarish masalasi hal etiladi. Ayni paytda pul va moliya statistikasi koʻrsatkichlarining eksperimental hisob-kitoblari oʻtkaziladi. 1992-1993-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov balansining ekspert hisob-kitoblari amalga oshiriladi.
Zarur xalqaro ekspertiza oʻtkaziladi, matematik-dastur taʼminotiga ehtiyoj aniqlanadi. Klassifikatorlarni qayta koʻrib chiqish va Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini tashkil qilish ishlari olib boriladi. Kataloglashtirish tizimini yaratish uchun asosiy loyiha yechimlari ishlab chiqiladi. Mutaxassislar va oʻqituvchilarni oʻqitish tashkil etiladi. Iqtisodchilar, statistlar, buxgaltyerlar tayyorlovchi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqiladi; hisobot va statistika xodimlarini qayta oʻqitish yuzasidan reja va dasturlar yaratiladi. Amaliy tusdagi birinchi navbatdagi ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshiriladi.
1995-yilda statistikaning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlari tizimini shakllantirish ishlarini yakunlash, davlat statistikasi va hisobga olishi bilan idora statistikasi va hisobga olishi oʻrtasida vazifalarni taqsimlash masalasini hal qilish, Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha 1990 — 1993-yillarda ishlab chiqarish, daromadlardan foydalanish, kapital xarajatlar, tovarlar va xizmatlar yigʻma milliy schyotlar hisob-kitoblarini, “tashqi dunyo” toʻlov balansi schyotlarining eksperimental hisob-kitobini amalga oshirish, xalqaro tashkilotlarning rasmiy nashrlarida eʼlon qilish uchun yuboriladigan 1990 — 1993-yillar statistika maʼlumotlarini tayyorlash nazarda tutiladi. Iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari boʻyicha schyotlarning eksperimental hisob-kitoblari oʻtkazilmoqda. Asosiy klassifikatorlarning dolzarbligini belgilash tugallanadi, ularni yuritish boʻyicha yoʻriqnomalar tayyorlanadi. Tashqi savdo va bojxona statistikasiga aniqlik kiritiladi, isteʼmol va ishlab chiqarish sektorida, eksport va import sohalarida baholar indekslarini hisob-kitob qilish uslubi ishlab chiqiladi.
Ikkinchi bosqichda — 1996-yildan boshlab avval ishlab chiqilgan va xalqaro ekspertizadan oʻtgan turli tarmoqlar va sektorlar faoliyatiga oid koʻrsatkichlar tizimi amaliyotga tatbiq etiladi, makrodarajadagi tajriba hisob-kitoblari birlamchi axborotlar asosida hisob-kitob qilishga almashtiriladi, faoliyatning barcha turlaridagi statistika axborotiga asoslangan va xalq xoʻjaligini rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini umumlashtiruvchi MST sxemasi asosidagi tarmoqlararo balans hisob-kitoblari amalga oshiriladi.
Davlat dasturini ijro etuvchilar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishi uchun masʼul vazirliklar, idoralar va ilmiy tashkilotlar:
Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi (“Oʻzistiqbolstat”)
Moliya vazirligi
Markaziy bank
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish markazi (“Oʻzdavstandart”)
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (“Oʻzmilliybank”)
Oʻzbekiston “Savdo” davlat-aksionerlik uyushmasi (“Oʻzbeksavdo”)
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston ulgurji va birja savdosi boʻyicha respublika aksionerlik uyushmasi
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Ijtimoiy taʼminot vazirligi
Adliya vazirligi
Ichki ishlar vazirligi (IIV)
Aloqa vazirligi
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (TIAV)
Mehnat vazirligi
Davlat soliq qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (“Davarxitektqurilish”)
Oʻzbekbirlashuv
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Mudofaa vazirligi
Tashqi ishlar vazirligi
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi
Fan va texnika davlat qoʻmitasi
Toshkent moliya instituti (TMI)
Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining iqtisodiyot va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (IIChKRITI)
Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU)
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining iqtisodiyot instituti (Oʻz FAII)
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Kibernetika instituti (Oʻz FAKI)
Moliya vazirligining moliya va narxlar instituti (MNI)
Oʻzbekiston buxgaltyerlar uyushmasi
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasining bozor munosabatlari oʻquv-konsalting markazi
Vazirliklar va idoralar Dasturda moʻljallangan tegishli tadbirlarni bajarish boʻyicha aniq muddatlar va ijrochilar belgilangan rejalarni ishlab chiqadilar.
Davlat dasturidagi tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun vazirliklar, idoralar va ilmiy tashkilotlarning vakolatli vakillaridan iborat Idoralararo komissiya tuziladi. Komissiya doimiy ravishda ijrochilarning Davlat dasturi bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitib boradi va Oʻzbekiston Hukumatiga ushbu masala boʻyicha axborot beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtishiga
oid tadbirlar
Xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistikaga oʻtish tadbirlarini bajarish uchun zarur boʻlgan qonunchilik va normativ hujjatlar
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 24-avgustdagi 433-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturini amalga oshirishni nazorat qilish Idoralararo komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Idoralararo komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturi toʻgʻrisida” 1994-yil 24-avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan.
2. Idoralararo komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Idoralararo komissiya Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga oʻtish Davlat dasturining (bundan keyin Davlat dasturi deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ijroiya hokimiyati organlari tomonidan bajarilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi, Davlat dasturining amalga oshirilishini nazorat qilishni, paydo boʻladigan idoralararo muammolarni hal etishni taʼminlaydi.
4. Idoralararo komissiyaga quyidagi vazifalarni bajarish yuklanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturini amalga oshirish masalalariga oid qaror va farmoyishlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
xoʻjalik subyektlarining buxgalteriya hisobini hamda statistik koʻrsatkichlar tizimini, shu jumladan, milliy schyotlarni tashkil etish uchun zarur boʻlgan moliya, bank va bojxona faoliyatini aks ettiruvchi statistik koʻrsatkichlarni jahon amaliyotiga muvofiqlashtirishni taʼminlash, ularni ishlab chiqishga tashkiliy yordam koʻrsatish;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sharoitlarida idoraviy hisobotlarni davlat hisobotlarining statistik koʻrsatkichlari tizimiga integratsiyalash tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga qatʼiy amal qilish chora-tadbirlarini koʻrish. Bu tartibga koʻra, korxonalarni va boshqa barcha yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri bilan axborot aloqasini taʼminlash maqsadida roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat statistika organlariga xabar qiladilar;
Davlat dasturini amalga oshirish uchun nazariy va uslubiy masalalarni hal etishga doir idoralararo tusdagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish;
zarurat boʻlganda Davlat dasturini amalga oshirish doirasida uslubiy yechimlarning hamda eksperimental hisob-kitoblar natijalarining xalqaro ekspertizasini oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining hisobga olish va statistikaning xalqaro tizimiga oʻtishida texnikaviy yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro iqtisodiyot markazlari va milliy xizmatlar bilan hamkorlikni tashkil etishda vazirliklar va idoralarga koʻmaklashish;
vazirliklar va idoralarning Davlat dasturining tegishli boʻlimlarini bajarishga doir tashkiliy rejalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash, ularni bajarish ustidan nazoratni amalga oshirish;
Hukumatning hal etishini talab qiladigan takliflarni ishlab chiqish va unga taqdim etish;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi taqdimiga koʻra Davlat dasturi tadbirlarini zarur mablagʻlar va moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash masalalarini koʻrib chiqish, ulardan belgilangan maqsadda foydalanishni nazorat qilish.
5. Idoralararo komissiyaga quyidagi huquqlar beriladi:
Davlat dasturini bajaruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan Idoralararo komissiyaning huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha axborotlar olish, ular rahbarlarining Davlat dasturi tadbirlarining qanday bajarilayotgani toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish;
Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish masalalari boʻyicha vazirliklar va idoralar bajarishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish va koʻrsatmalar berish;
zarur boʻlgan hollarda, Oʻzbekistonda islohotlarni amalga oshirish davomida qabul qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va farmoyishlarini hisobga olgan holda, Davlat dasturiga tuzatishlar kiritish;
milliy valyuta inflatsiyasini va kursining oʻzgarishini hisobga olgan holda Davlat dasturining aniq tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash tadbirlarini belgilash hamda koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun zarur mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
zarurat boʻlganda doimiy ishchi guruhlar va vaqtinchalik ijodiy jamoalar, ekspert komissiyalari tuzish, shu maqsadlarda vazirliklar va idoralarning, shuningdek, mulkchilikning turli shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarning mutaxassislarini jalb etish.
6. Idoralararo komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Idoralararo komissiya rahbariyati ishlarni tashkil qiladi hamda komissiyaga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
7. Idoralararo komissiya oʻz faoliyatini uning raisi tasdiqlaydigan ish rejasiga muvofiq amalga oshiradi.
Idoralararo komissiya qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi, Rais imzolaydigan majlis bayonlari bilan rasmiylashtiriladi.
8. Idoralararo komissiya zarurat boʻlganda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining muvofiqlashtiruvchi organlari bilan hamkorlik qiladi.
