Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi va Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (518-son)
30.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilish yoʻnalishida ilmiy tadqiqot olib borish, ijtimoiy sohada kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzurida Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda — Laboratoriya) tashkil etilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PQ-176-son qarorida:
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari hamda Agentlik tizimiga kiruvchi tashkilotlarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi;
Markaz va Institut xodimlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasining tuzilmasi 1-ilovaga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik direktoriga Laboratoriya va Markazning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
Laboratoriya aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ijtimoiy himoyaga muhtojlikning birlamchi sabablarini tahlil qilish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan samarali va istiqbolli takliflar ishlab chiqish boʻyicha davlat muassasasi hisoblanadi;
Markaz Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiriladigan hamda monitoring qilinadigan faoliyat yoʻnalishlaridagi xodimlari malakasini oshirish uchun hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish boʻyicha davlat muassasasi hisoblanadi;
Laboratoriya va Markazning shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PQ-176-son qaroriga asosan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi tugatilishi munosabati bilan boʻshagan shtatlar hisobidan shakllantiriladi;
Markaz tomonidan oʻquv jarayoniga professor-oʻqituvchilarni hamda soha boʻyicha mutaxassislarni mehnatga soatbay (kunbay, ishbay) haq toʻlagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb etilishi mumkin;
Markaz va Laboratoriyaning xizmat vazifasini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 200 foizi miqdoridan koʻp boʻlmagan shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.
4. Quyidagilar:
a) Laboratoriya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari;
ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan grantlar;
xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro grantlar, shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Belgilansinki:
a) 2024-yil 1-apreldan boshlab, Markazda:
vazirlik va idoralarning Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladigan va monitoring qilinadigan faoliyat yoʻnalishlaridagi xodimlari uchun uch yilda kamida bir marta mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining uch baravarigacha boʻlgan miqdordagi toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan toʻlov-shartnoma asosida 30 soatgacha boʻlgan ishdan ajralgan yoki ishdan ajralmagan holda onlayn (real vaqt rejimida) shakldagi majburiy malaka oshirish kurslari;
oilaviy bolalar uylarini tashkil etish uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi;
b) Laboratoriyaga 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositasini hamda Markazga jami 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi.
6. Laboratoriya va Markaz Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Nurxon koʻchasi, 21-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.B. Mahkamova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-sentabr,
518-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-sentabrdagi 518-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasining
TUZILMASI
Ilmiy kengash Direktor Ilmiy-metodik ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Kadrlar bilan ishlash boʻyicha katta inspektor Ijtimoiy tadqiqotlar boʻlimi 3 Buxgalter Dasturiy tadqiqotlar boʻlimi 4 Bosh yuriskonsult Tahririyat noshirlik boʻlimi 2
Izohlar.
1. Laboratoriya xodimlarining cheklangan umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno) — 14 nafar.
2. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori bilan kelishilgan holda, qoʻshimcha ravishda mutaxassislar va ilmiy xodimlar shartnoma asosida ilmiy-texnik loyihalarga jalb etilishi mumkin.
3. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan normativlar asosida belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-sentabrdagi 518-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazining tashkiliy
TUZILMASI
Ilmiy kengashDirektorOʻquv va metodik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha direktor oʻrinbosariIjro intizomi — devonxona va umumiy nazorat katta inspektori**Taʼlim jarayonlarini tashkil qilish va nazorat qilish boshqarmasi3Bosh yuriskonsult**Taʼlim dasturlar va normativ-metodik hujjatlarni ishlab chiqish boʻlimi4Buxgalter**Keys-menejmentni tashkil qilish va monitoring qilish boʻlimi4Kadrlar bilan ishlash boʻyicha katta inspektor**Ijtimoiy ish kafedrasi*4Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish boʻlimi2
Izohlar.
Markaz xodimlarining cheklangan umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno) — 23 nafar.
* Mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha kafedra mudiri boʻlim boshligʻiga, professor-oʻqituvchilar bosh mutaxassisga tenglashtiriladi.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan normativlar asosida belgilanadi. Bunda, ularning ish haqini hisoblash yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash tarif koeffitsiyentini 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
** Masʼul xodimlar shtat birliklari soni bir nafardan iborat boʻlganda mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha boʻlim boshligʻiga tenglashtiriladi.
Professor-oʻqituvchilar soni malaka oshiruvchilar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
