Transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (504-son)
28.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish maqsadida ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda oʻquv jarayoniga yangi taʼlim uslublarini, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda transport sohasida taʼlim oluvchilarga keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratish, soha kadrlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish jarayonlarini ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻliq holda amalga oshirish talab etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Transport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, avtomobil, temir yoʻl, havo, suv, elektr transporti, metropoliten va yoʻl xoʻjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning temir yoʻl transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi negizida taʼlim muassasasi shaklida Transport vazirligi huzurida Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Institut avtomobil, temir yoʻl, havo, suv va elektr transporti, metropoliten hamda yoʻl xoʻjaligi sohalari (keyingi oʻrinlarda — transport sohasi) kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Institutning tuzilmasi va ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
Toshkent davlat transport universitetining Malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi faoliyati tugatiladi;
Institut Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning temir yoʻl transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institut transport sohasiga oid ilmiy-tadqiqot, innovatsion loyihalar, shuningdek, loyihalashtirish, laboratoriya sinovlarini oʻtkazish, sertifikatlashtirish, ekspertiza, diagnostika va nazorat oʻlchovlaridan oʻtkazish faoliyatlari bilan shugʻullanadi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
transport sohasi kadrlari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejasi va dasturlari asosida har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi;
Institutda avtomototransport (elektrotransport) vositalarini boshqaruvchi shaxslar (haydovchilar)ning malaka oshirish oʻquv kurslari dasturlari boʻyicha mustaqil tayyorgarlik koʻrgan va imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan shaxslarga taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni berish amaliyoti joriy qilinadi;
Transport vazirligi tomonidan transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslarini tashkil etish hamda yakuniy imtihonlarni oʻtkazishga moʻljallangan maxsus platforma yaratiladi;
davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslari boʻyicha yakuniy imtihonlar Transport vazirligi tomonidan yaratilgan maxsus elektron platformada topshiriladi;
oʻquv kurslarining yakunida olinadigan imtihonlarda avtoproktoringdan foydalaniladi, yaʼni taʼlim oluvchilarning shaxsini avtomatik tarzda autentifikatsiyalash, ularning xatti-harakatlari va nigohi yoʻnalishini nazorat qilish, xonadagi tovushlarni tahlil etish, videodagi buzilishlarni tuzatish hamda hisobotlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan boʻlishi nazarda tutiladi;
yakuniy imtihon oʻtkazish uchun oʻquv dasturlarining har bir soati uchun kamida beshtadan nazorat materiallari (savollar, testlar va boshqalar) maxsus platformaga joylashtiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Institutning buyurtmasiga asosan transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim olganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjatlar blankalarini belgilangan tartibda tayyorlaydi. Ushbu blankalar Institut tomonidan boshqa davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlariga ularning buyurtmasiga muvofiq shartnoma asosida yetkazib beriladi;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kursi bitiruvchilariga taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni (diplom, sertifikat, guvohnoma) elektron shaklda berish amaliyotini joriy etish maqsadida identifikatsiya raqami va QR-kod (matrik-shtrixli kod) hamda himoya elementlarini nazarda tutuvchi “Elektron repozitoriy” tizimi va dasturiy taʼminoti yaratiladi hamda joriy qilinadi.
4. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
transport sohasi kadrlarini, shu jumladan, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
transport sohasida innovatsion, fundamental va amaliy tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish hamda natijalarini amaliyotga joriy etish;
transport sohasida oʻquv-uslubiy metodik majmualar ishlab chiqilishini va joriy etilishini tashkil etish;
transport sohasi kadrlarining malakasini baholash faoliyatini tashkil etish;
soha mutaxassislari uchun uzluksiz va kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil qilish, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona elektron platformani yaratish va amaliyotga joriy etish;
kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, buyurtmachilarga (taʼlim oluvchilarga) malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning bevosita va bilvosita bir-birini toʻldiruvchi tamoyillarini qoʻllash hamda masofaviy va boshqa taʼlim shakllarini joriy qilish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jamoat transportidagi avtobus haydovchilariga boʻlgan mavjud talabdan kelib chiqqan holda, Institutda “D” toifali haydovchilarni tayyorlash boʻyicha maxsus kurslarni tashkil etib, ushbu kurslarni tamomlagan haydovchilarni belgilangan tartibda ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malaka oshirish tizimi hamda uni boshqarish;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslarining oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslarini tashkil qilish hamda oʻtkazish;
taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar namunalarini tasdiqlash;
oʻquv rejasi va dasturiga muvofiq sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga belgilangan namunadagi taʼlim hujjatlarni berish;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish hamda baholash.
7. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
shartnoma asosida taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
transport sohasiga oid ilmiy-tadqiqot, diagnostika va laboratoriya ishlaridan olingan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda avtodrom qurish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha yer uchastkasi Institutga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-sentabr,
504-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-sentabrdagi 504-son qaroriga 1-ILOVA
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom avtomobil, temir yoʻl, havo, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yoʻl xoʻjaligi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kadrlar malakasini oshirish — avtomobil, temir yoʻl, havo, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yoʻl xoʻjaligi sohasida (keyingi oʻrinlarda — transport sohasi) talablar asosida tegishli faoliyat turlari boʻyicha kasbiy bilim, mahorat va koʻnikmalarni muntazam yangilab borish, shuningdek, mutaxassislik yoki kasbiy faoliyatni yuritish uchun bilim darajasini oshirish;
kadrlarni qayta tayyorlash — tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmi egallanishini taʼminlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv kurslari (keyingi oʻrinlarda — oʻquv kurslari) — tasdiqlangan oʻquv rejasi va dasturlariga muvofiq transport sohasi kadrlarining bilim, mahorat va koʻnikmalarini oshirish maqsadida tashkil qilinadigan oʻquv kurslari;
transport sohasi kadrlari — transport sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning ushbu Nizomning 4-bandiga muvofiq lavozim va mutaxassisliklar nomenklaturasiga kiruvchi xodimlari.
3. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) huzuridagi Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha lavozimlar hamda mutaxassisliklar nomenklaturasi Vazirlik tomonidan shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
5. Transport sohasi kadrlarining tayyorgarligi, malakasiga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan dastur boʻyicha ularning kamida har uch yilda bir marta oʻz malakasini oshirganligi toʻgʻrisida Institut tomonidan beriladigan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi.
6. Qayta tayyorlash natijasida beriladigan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) faqat muayyan lavozimda faoliyat koʻrsatish huquqini beradi.
2-bob. Transport sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirishning maqsadi hamda vazifalari
7. Transport sohasi xodimlarini va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasi oshirishning maqsadi tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmi egallanishini, shuningdek, chuqurlashtirilishi hamda doimiy yangilab borilishini taʼminlaydi.
8. Quyidagilar transport sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirishning vazifalari hisoblanadi:
transport sohasi xodimlarining kasbiy bilimi, koʻnikmasi va mahoratini uzluksiz yangilab borish, zamonaviy talablarga muvofiq kasb faoliyati sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;
transport sohasi kadrlarini, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish;
transport vositalarini (avtomototransport, temir yoʻl, havo, suv, elektr transporti, metropoliten) boshqarish (toifalar) boʻyicha tayyorlash;
ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
transport sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali kasbiy tayyorgarlikni samarali tashkil etishni taʼminlash;
transport sohasi xodimlarining vazifa va majburiyatlari samarali bajarilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan darajada kasbiy tayyorgarligini oshirish, bilim, koʻnikma va mahoratini uzluksiz yangilash mexanizmlarini joriy qilish.
3-bob. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini boshqarish
9. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga Vazirlik, Institut va nodavlat taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda taʼlim tashkilotlari) hamda buyurtmachilar (davlat organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar) kiradi.
10. Vazirlik:
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha Institutga hamda taʼlim tashkilotlariga umumiy rahbarlik qiladi;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida taʼlim jarayoni mexanizmlari va usullarini belgilaydi;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
transport sohasi kadrlari malakasini baholash tartibini belgilaydi va joriy qiladi;
davlat taʼlim talablarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlaydi;
oʻquv kurslariga qabul qilish tartibini belgilaydi;
taʼlim oluvchilarning bilim, malaka va koʻnikmalarini baholash tartibini belgilaydi hamda tasdiqlaydi;
faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik shaxslarning yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari uchun oʻquv kurslarining maxsus dasturlarini tasdiqlaydi, malaka imtihonlarini tashkil qilish, oʻtkazish va malakani baholash tartiblarini belgilaydi;
oʻquv adabiyotlarini chop etishni taʼminlaydi va moliyalashtiradi;
oʻquv kurslarida taʼlim shakllari joriy etilishini taʼminlaydi;
oʻquv kurslari bitiruvchilari tayyorgarligiga qoʻyiladigan talablarni tasdiqlaydi;
tayanch oʻquv rejasi va fan (modul) dasturlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
transport sohasining rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini oʻquv-uslubiy, axborot hamda moddiy-texnik jihatdan taʼminlaydi va takomillashtiradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimining yanada rivojlanishini va modernizatsiya qilinishini taʼminlaydi;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kengaytiradi;
oʻquv kurslari yoʻnalishlarining transport sohasidagi kasb standartlari, mutaxassisliklar klassifikatoriga muvofiqligini taʼminlaydi;
xalqaro toifadagi haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
taʼlim tashkilotlarida oʻquv kurslari bitiruvchilariga taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni (diplom, sertifikat, guvohnoma) elektron shaklda berish amaliyotini joriy etish maqsadida identifikatsiya raqami va QR-kod hamda himoya elementlarini nazarda tutuvchi “Elektron repozitoriy” tizimi va dasturiy taʼminotini yaratadi va joriy qiladi;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi taʼlim tashkilotlarining reyestrini yuritadi;
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati boʻyicha monitoring yuritilishini tashkil qiladi.
11. Institut:
transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiradi;
avtomototransport vositalari haydovchilarini mahalliy va xalqaro toifalarga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiradi;
kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiradi;
transport vositalarini (avtomototransport, temir yoʻl, havo, suv, elektr transporti, metropoliten) boshqarishga (toifalar) tayyorlash faoliyatini amalga oshiradi;
temir yoʻl transportida lokomotiv, drezina va metropoliten transportida elektropoyezd mashinisti kasbiga tayyorlaydi;
metropoliten, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari va oʻzining umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllariga ega yuridik shaxslar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiradi;
transport sohasida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiradi;
ommaviy kasb mutaxassislarini qayta tayyorlash faoliyatini amalga oshiradi;
tayanch oʻquv rejasi va fan (modul) dasturlarini ishlab chiqadi;
oʻquv jarayoniga tinglovchilarning ijodiy fikrlashini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻqitishning ilgʻor shakllari va usullarini tatbiq qiladi;
zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, interfaol usullarni joriy qiladi;
oʻquv kurslari mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun malakali professor-oʻqituvchilar va amaliyotchi mutaxassislarni jalb qiladi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha taʼlim jarayonining ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish sohasida ilgʻor xalqaro amaliyotni oʻrganadi va joriy qiladi;
oʻquv kurslarida taʼlim olishning elektron bazasini yuritadi;
transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi va taʼlim jarayonini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;
Vazirlikka taʼlim jarayonini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritadi hamda taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion gʻoyalarni amalga oshiradi;
faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik shaxslarning yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari uchun oʻquv kurslarining maxsus dasturlariga muvofiq malakasini oshiradi va taʼlim olgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat beradi, shuningdek, malakani baholash faoliyati bilan shugʻullanadi;
rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini oʻrganadi va oʻzaro tajriba almashishni tashkil qiladi.
12. Buyurtmachilar:
oʻz ehtiyojidan kelib chiqib, transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim oluvchilar roʻyxatini shakllantiradi;
oʻquv kurslarining tasdiqlangan jadvali asosida taʼlim oluvchilarning oʻquv kurslarida qatnashishini taʼminlaydi;
oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislarning ilgʻor tajribasi, yangi bilimlari va koʻnikmalari ommalashishini tashkil etadi, ularning ijobiy tajribasini targʻib qilish boʻyicha choralar koʻradi;
oʻquv kurslarining ichki monitoringini yuritadi, oʻquv kurslari yakuniy natijalarida yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, shuningdek, boʻsh lavozimlarni toʻldirish uchun tanlovlar oʻtkazish jarayonida ularni asosiy mezon sifatida eʼtiborga oladi.
4-bob. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish tartibi
13. Transport sohasi kadrlari uch yilda kamida bir marta malakasini oshirishi shart.
14. Transport sohasi kadrlari oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari yoki magistratura mutaxassisliklarini tamomlaganidan soʻng ularning ikki yil davomida malaka oshirishi talab etilmaydi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar hamda soha kadrlarini mutaxassislikka tayyorlash vaqtida, ishlab chiqarish amaliyotida tanishmagan, shuningdek, ishlab chiqarishda yangi joriy qilingan texnologiyalar, usullar va uslublarni oʻrganish talab etiladigan hollar bundan mustasno.
15. Oliy maʼlumot talab etilmaydigan kasblar boʻyicha talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, oʻquv kurslarida taʼlim olish mumkin.
16. Oʻquv kurslari buyurtmachilardan kelib tushgan buyurtma asosida tashkil etiladi.
17. Oʻquv kurslarida koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari shakli buyurtmachi bilan kelishgan holda tanlanadi.
18. Oʻquv kurslarida oʻqiganlik uchun toʻlov miqdori Institut tomonidan belgilanadi.
19. Oʻquv kurslari Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tayanch oʻquv rejasi va dasturlariga hamda Institut tomonidan tasdiqlangan ishchi oʻquv rejasi va dasturlariga muvofiq tashkil qilinadi.
20. Institut oʻquv kurslarini anʼanaviy, masofadan va boshqa taʼlim shakllarini joriy qilgan holda tashkil qiladi.
21. Barcha turdagi auditoriya mashgʻulotlarining juft soati davomiyligi 80 daqiqani, oʻquv mashgʻulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
22. Oʻquv kurslarida taʼlim jarayonlari 30 nafar taʼlim oluvchidan oshmagan akademik guruhlarda tashkil etiladi. Amaliy, laboratoriya va auditoriyadan tashqari mashgʻulotlar alohida guruhlar boʻyicha, nazariy mashgʻulotlar esa 3 tadan koʻp boʻlmagan guruhni birlashtirgan holda maʼruza shaklida oʻtkaziladi.
23. Institutda oʻquv kurslari quyidagi shakllar orqali oʻtkaziladi:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (anʼanaviy) — oʻquv kurslari dasturlarini Institutga kelib, toʻliq dars jarayonlariga qatnashgan holda oʻzlashtirish;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kechki taʼlim olish — oʻquv kurslari dasturlarini ish vaqtiga xalaqit bermagan holda tuzilgan jadvalga muvofiq oʻzlashtirish;
masofaviy taʼlim olish — onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va oflayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklda amalga oshirish;
ishlab chiqarishdan qisman ajralgan holda (aralash usul) taʼlim olish — 3+1 tizimi boʻyicha (75 foiz bevosita Institutda, 25 foiz ish joyida mustaqil taʼlim olish yoʻli bilan) yoki 2+2 tizimi boʻyicha (50 foiz bevosita Institutda, 50 foiz ish joyida mustaqil taʼlim olish yoʻli bilan) va/yoki 1+3 tizimi boʻyicha (25 foiz bevosita Institutda, 75 foiz ish joyida mustaqil taʼlim olish yoʻli bilan) taʼlim olish.
24. Auditoriya oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 36 soatdan (bir kunlik 6 soatdan) oshmasligi lozim.
25. Masofadan (videokonferensaloqa orqali) onlayn shaklda tashkil qilinganda, auditoriya oʻquv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 24 soatdan (bir kunlik 4 soatdan) oshmasligi lozim.
26. Masofadan onlayn va oflayn shaklda oʻquv kurslari tashkil qilinganda, oʻquv yuklamalarning hajmini mazkur Nizomda belgilangan meʼyorlarga muvofiq Institut mustaqil belgilaydi.
27. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari oʻquv yuklamalarining eng kam meʼyori davlat taʼlim talablari bilan belgilanadi.
28. Oʻquv kurslarining yoʻnalishlari, davomiyligi, oʻquv yuklamalari hajmi, taʼlim berish shakli, shuningdek, oʻqitiladigan kadrlar toifalari (kontingenti), tayanch oʻquv rejasi va dasturlarida koʻrsatiladi.
29. Qayta tayyorlash oʻquv kurslarida taʼlim oluvchi mutaxassislar qaysi mutaxassislikdan qaysi lavozimga qayta tayyorlanishi oʻquv rejasi va dasturlarida yoki Vazirlikning buyrugʻi bilan belgilanadi.
30. Malaka oshirish oʻquv kurslarida taʼlim oluvchilar bilimlari yakuniy nazorat turlari natijalari asosida baholanadi.
31. Qayta tayyorlash oʻquv kurslarida taʼlim oluvchilar bilimlari joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari hamda bitiruv ishi natijalari asosida baholanadi.
32. Oʻquv kurslari boʻyicha taʼlim oluvchilarning nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oʻzlashtirish darajasi test sinovlari, ogʻzaki va yozma shaklaridan birida baholanadi. Nazorat shakli va baholash mezonlari Vazirlik tomonidan belgilanadi.
33. Nazorat turlari quyidagicha baholanadi:
86 foizdan 100 foizgacha oʻzlashtirgan — “aʼlo”;
71 foizdan 85 foizgacha oʻzlashtirgan — “yaxshi”;
56 foizdan 71 foizgacha oʻzlashtirgan — “qoniqarli”;
56 foizgacha oʻzlashtirmagan hisoblanadi — “qoniqarsiz”.
34. Kasbiy faoliyatni yuqori darajada oʻzlashtirish talab etiladigan (yoki tor doiradagi) ayrim turdagi kasblarga qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv kurslarining natijalari boʻyicha oʻzlashtirish darajasi Vazirlik tomonidan mazkur Nizomda keltirilgan oʻzlashtirishning eng past va eng yuqori darajalaridan chiqmagan holda belgilanishi mumkin.
35. Qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv dasturlarini mustaqil yoki masofaviy oʻqitish texnologiyalari orqali oʻzlashtirayotgan taʼlim oluvchilar yakuniy imtihondan oʻtadi.
36. Asossiz sabablar bilan mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborganligi uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kursining taʼlim oluvchilari safidan chetlatilganlar qayta toʻlov asosda oʻquv kurslarida taʼlim olishlari, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirishning navbatdagi kurslarida tegishli yoʻnalish (mutaxassislik) boʻyicha yakuniy imtihondan oʻtishlari lozim.
37. Yakuniy imtihon boʻyicha “qoniqarsiz” baho olgan taʼlim oluvchilarga yana ikki marta imtihon topshirish imkoniyati beriladi.
38. Taʼlim oluvchilar quyidagi hollarda tinglovchilar safidan chetlashtirilishi mumkin:
oʻz xohishiga binoan;
oʻquv intizomini va Institutning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
bitta oʻquv kursi dasturida belgilangan oʻquv yuklamasi umumiy soatining (mustaqil tayyorgarlik bundan mustasno) uzrli sabablarsiz 10 foizidan ortiq qoldirganligi sababli;
taʼlim dasturlarini oʻzlashtirmaganligi uchun;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
sud hukmi asosida ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
vafot etganligi sababli.
5-bob. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar
39. Oʻquv kurslari bitiruvchilariga quyidagi hujjatlar beriladi:
oʻquv kurslari dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan (oʻzlashtirgan) shaxslar uchun ushbu Nizomga 1 yoki 1a-ilovalarda keltirilgan shakllarga va tavsifga muvofiq transport sohasi kadrlarining malaka oshirganligi haqida sertifikat;
oʻquv kurslari dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan (oʻzlashtirgan) shaxslar uchun ushbu Nizomga 1b yoki 1v-ilovalarda keltirilgan shakllarga va tavsifga muvofiq xalqaro yoʻnalishda yoʻlovchi va yuk tashuvchining kasbiy mahorat sertifikati;
oʻquv kurslari dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan (oʻzlashtirgan) shaxslar uchun ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakl va tavsifga muvofiq transport sohasida tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini tugatganlik haqida guvohnoma;
qayta tayyorlash oʻquv kurslari dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan (oʻzlashtirgan) shaxslar uchun ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan shakl va tavsifga muvofiq transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash haqida diplom.
40. Oʻquv kurslari boʻyicha imtihon natijalariga koʻra yetarli ball toʻplay olmagan taʼlim oluvchiga oʻquv jarayoniga qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
41. Mazkur taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar qogʻoz yoki elektron va/yoki plastik shaklda berilishi mumkin hamda uchalasi ham teng yuridik kuchga ega.
42. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar elektron shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) tushirilgan holda berilganda, qayd raqami qoʻyish talab etilmaydi.
43. Malaka oshirish oʻquv kurslari takrorlanmas boʻlgan taqdirda, amal qilish muddatiga “-” chiziqcha belgisini qoʻyish tavsiya etiladi.
44. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat blankalariga QR-kod (matrik shtrixli kod) tushirilganda, taʼlim muassasasi (tashkilot) muhri va rahbarining imzosi talab qilinmaydi. QR-kod (matrik shtrixli kod) tushirilmasdan berilganda, taʼlim muassasasi (tashkilot) muhri va rahbarining imzosi qoʻyiladi.
45. Malaka oshirganlik haqidagi sertifikatga tushirilgan QR-kod (matrik shtrixli kod) tekshirilganda, taʼlim tashkilotining saytida taʼlim oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, taʼlim olgan yoʻnalishi, oʻquv yuklamasi hajmi, davri va rasmiylashtirilgan sanasi boʻyicha maʼlumotlar boʻlishi shart.
6-bob.Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish hamda baholash
46. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish hamda baholash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tashqi nazorat — transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi;
jamoatchilik nazorati — belgilangan tartibda nodavlat notijorat tashkilotlar va buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladi;
ichki nazorat — belgilangan tartib asosida taʼlim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi;
yakuniy nazorat — yakuniy attestatsiya va (yoki) boshqa nazorat usullari asosida baholanadi.
47. Qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha Institut faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholanadi.
7-bob. Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlariga qoʻyiladigan talablar
48. Oʻquv kurslari oʻquv rejasi va dasturlari asosida oʻtkaziladi.
49. Oʻquv dasturlari zaruratga qarab yangilanadi.
50. Oʻquv dasturlari taʼlim oluvchilarning amaldagi ehtiyojlari va ularning tayyorgarlik darajasini eʼtiborga olgan holda shakllantiriladi. Oʻquv dasturlari ishlab chiqarish xususiyatini hisobga olgan holda, turli faoliyat sohalari uchun alohida ishlab chiqilishi mumkin.
51. Oʻquv dasturlari asosiy va qoʻshimcha oʻquv modullariga ajratilgan holda alohida oʻquv modullariga boʻlinadi.
52. Oʻquv dasturlarining mazmuniga boʻlgan asosiy talablar qayta tayyorlash va malaka oshirishga qoʻyilgan talablar asosida belgilanadi.
53. Oʻquv dasturi fan, texnika, texnologiya va transport bozori rivojlanishining ilgʻor yutuqlariga muvofiq holda yaratilishi, transport taʼlimi tizimida uzluksizlik, izchillik va ketma-ketlikni taʼminlashga doir talablarga javob berishi lozim.
54. Oʻquv dasturi taʼlim oluvchilar tomonidan bilimlarni mustaqil izlash va ularni oʻzlashtirish uchun imkoniyatlarini nazarda tutishi kerak.
8-bob. Yakunlovchi qoida
55. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Transport sohasi kadrlarining malaka oshirganligi haqidagi sertifikat shakli Tashqi tomoni
Tashqi tomoni
Ichki tomoni
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1a-ILOVA
Transport sohasi kadrlarining malaka oshirganligi haqidagi sertifikat shakli
Oldi tomoni
Orqa tomoni
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1b-ILOVA
Xalqaro yoʻnalishda yoʻlovchi va yuk tashuvchining kasbiy mahorat sertifikati shakli
Tashqi tomoni
Ichki tomoni
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1v-ILOVA
Transport sohasi kadrlarining malaka oshirganligi haqidagi sertifikat shakli
Oldi tomoni
Orqa tomoni
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Transport sohasida tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv kursini tugatganlik haqidagi guvohnoma shakli
Tashqi tomoni
Ichki tomoni
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash haqidagi diplom shakli
Tashqi tomoni
Ichki tomoni
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-sentabrdagi 504-son qaroriga 2-ILOVA
Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar
ROʻYXATI
T/r Obyekt nomi Joylashgan joyi 1. Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining maʼmuriy va tibbiy yordam binosi Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Mumtoz koʻchasi, 5A-uy 2. Oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning temir yoʻl transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazining maʼmuriy oʻquv binosi Toshkent shahar, Uchtepa tumani, 31-mavze, Diyorobod mahallasi
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-sentabrdagi 504-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 23-fevraldagi 139-son qarorining 4-bandi va unga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1028-son qarori bilan tasdiqlangan Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim olganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjatlarni berish tartibi haqidagi nizom quyidagi mazmundagi 31-band bilan toʻldirilsin:
“31. Ushbu Nizom Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim olganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyuldagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan Kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda kema haydovchisi guvohnomalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisidagi “Avtomobil transporti xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti” soʻzlari “huzuridagi Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 29-iyundagi 399-son qarorida:
a) 2-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilaridagi “avtomobil yoki texnik yoʻnalishda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 3 va 4-bandlar hamda 1-2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
