515-modda. Taftish tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-869-son) · Sana: 27.09.2023 · Amalda
Quyidagilar ustidan taftish tartibida shikoyat beriladi yoki protest bildiriladi:
1) tuman (shahar) sudlarining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan, shuningdek tuman (shahar) sudlari tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga;
2) hududiy harbiy sudlarning apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan, shuningdek hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmlari, ajrimlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga:
tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga taftish tartibida takroran koʻrib chiqish uchun protest bildiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest bildirish uchun ushbu Kodeksning 511-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning arizalari (iltimosnomalari), shuningdek sudyaning taqdimnomasi, ommaviy axborot vositalarining xabarlari sabab boʻladi.
