482-modda. Yuqori instansiya sudi muhokamasining predmeti
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-869-son) · Sana: 27.09.2023 · Amalda
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ishning haqiqiy holatlari toʻliq aniqlanganligini va Jinoyat kodeksining normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini, ish yuritishni amalga oshirish chogʻida ushbu Kodeks normalariga rioya etilgan-etilmaganligini, birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini ishda mavjud boʻlgan hamda apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirilgan dalillar boʻyicha tekshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi hayʼatlarida taftish tartibida ishni koʻrishda taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ishning haqiqiy holatlari toʻliq aniqlanganligi va Jinoyat kodeksining normalari toʻgʻri qoʻllanilganligi, ish yuritishni amalga oshirish chogʻida ushbu Kodeks normalariga rioya etilgan-etilmaganligi, birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi ishda mavjud boʻlgan hamda taftish instansiyasi sudi tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirilgan dalillar boʻyicha tekshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining apellatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida koʻrib chiqilgan hukmlarini, ajrimlarini, shuningdek tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan apellatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining hukmlarini va ajrimlarini taftish tartibida koʻrishda shikoyat yoxud protest boʻyicha ishning haqiqiy holatlari toʻliq aniqlanganligi va Jinoyat kodeksining normalari toʻgʻri qoʻllanilganligi, ish yuritishni amalga oshirish chogʻida ushbu Kodeks normalariga rioya etilgan-etilmaganligi, birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi ishda mavjud boʻlgan hamda taftish instansiyasi sudi tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirilgan dalillar boʻyicha tekshiriladi.
