Mintaqaviy bank oʻquv markazi toʻgʻrisida (421-son)
16.08.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mintaqaviy bank oʻquv markazining muassislari — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, Turkiya Hukumati va Turkiya banklari uyushmasining murojaatini inobatga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahrida xalqaro bank maktabi negizida Mintaqaviy bank oʻquv markazini tashkil qilish toʻgʻrisidagi Xalqaro va Taʼsis bitimlari maʼqullansin.
2. Mintaqaviy bank oʻquv markazi Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, 54-uydagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosiga joylashtirilsin.
3. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Mintaqaviy bank oʻquv markazi oʻrtasida Universitetdan joy berish shartlari toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma maʼqullansin.
4. Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qoʻmitasi buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, 71-uydagi Yoshlar instituti binosini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻquv boʻlinmalarini joylashtirish uchun uning balansiga belgilangan tartibda bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi berilayotgan bino qiymatini Yoshlar Ittifoqiga Vazirlar Mahkamasining rezerv fondidan toʻlasin.
6. Toshkent shahar hokimligi 3 oy muddatda Yoshlar Ittifoqiga oʻz ishini tashkil qilishi uchun muvofiq keladigan bino ajratish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqsin va hal qilsin.
7. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qoʻmitasi bilan birgalikda Boshqaruv instituti negizida yoshlarning jamoat, ijodiy, ilmiy-texnika tashkilotlari rahbar kadrlari va faollarini qayta tayyorlashni tashkil qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Mintaqaviy bank oʻquv markazi negizida bank tizimi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil qilib, uning imkoniyatlaridan toʻliq foydalansinlar.
9. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Markazning oʻquv-texnika jihozlarini Turkiyadan yetkazib berishni taʼminlasin.
10. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 3 oy muddatda Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari majmuini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-avgust,
421-son
