“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (495-son)
25.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, diniy-maʼrifiy sohaning samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining buyurtmasiga asosan “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi koʻkrak nishonini har yili 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni arafasida tantanali ravishda topshirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi S.D. Toshboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-sentabr,
495-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi 495-son qaroriga 1-ILOVA
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash borasidagi katta xizmatlari, aholi oʻrtasida dinlararo va konfessiyalararo hamjihatlik, totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash yoʻlidagi koʻp yillik samarali mehnati uchun atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mazkur Nizom talablari asosida taqdirlanishi mumkin.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, diniy-maʼrifiy, ijtimoiy-maʼnaviy sohadagi tashkilotlar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) har yili 1-oktabrga qadar taqdim etadi.
5. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
nomzod haqida maʼlumotnoma;
nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);
nomzodning soʻnggi uch yil davomida diniy-maʼrifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma.
6. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish uchun Qoʻmita raisi tomonidan diniy-maʼrifiy sohada koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan 9 kishidan iborat tarkibda komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
Qoʻmitaning Diniy-maʼrifiy tashkilotlar va ilmiy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
7. Komissiya tarkibi va Komissiya toʻgʻrisidagi nizom Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga Qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashi, diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritilishi mumkin.
8. Komissiyaning asosiy vazifasi koʻkrak nishoniga nomzodlarni tanlashda yuzaki yondashuvlarga yoʻl qoʻymasdan, adolat va xolislik mezonlariga koʻra komissiya yigʻilishlarining haqiqiy muhokamalar asosida oʻtkazilishini taʼminlagan holda, koʻkrak nishoniga nomzodlar boʻyicha hujjatlarni Nizomda belgilangan muddatlarda sifatli va toʻliq tayyorlab, taqdim etishdan iborat.
9. Komissiya yigʻilishida nomzodlarga oid hujjatlar belgilangan tartibda oʻrganilib, mazkur Nizomga 2-ilovada belgilangan mezonlarga muvofiq baholanadi va oʻz takliflarini bildirgan holda, har yili 1-noyabrga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
10. Komissiya xulosasi asosida Qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 10-noyabrga qadar chiqariladi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
11. Koʻkrak nishoni har yili 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni arafasida Qoʻmita raisi (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
12. Yuridik va jismoniy shaxslar koʻkrak nishoni bilan Qoʻmita raisining tashabbusiga asosan alohida holatlarda ham taqdirlanishi mumkin.
13. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
14. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
15. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
16. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Qoʻmita ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, diniy-maʼrifiy, ijtimoiy-maʼnaviy sohadagi tashkilotlar Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga taqdim etadi. Har yili 1-oktabrga qadar 2-bosqich Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlar haqidagi tegishli hujjatlarni oʻrganib chiqadi va yakuniy xulosa qabul qiladi. Har yili 1-noyabrga qadar 3-bosqich Din ishlari boʻyicha qoʻmita Komissiya xulosasi asosida koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining buyrugʻini chiqaradi. Har yili 10-noyabrga qadar 4-bosqich Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlaydi. Har yili 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni arafasida
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash
MEZONLARI
T/r Koʻrsatkichlarning nomlanishi Ball tizimi 1. Bagʻrikenglik va dinlararo totuvlik, jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashdagi koʻp yillik ibratli faoliyati 1 balldan 10 ballgacha 2. Aholi oʻrtasida diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning targʻiboti va tashviqotini amalga oshirishga hissa qoʻshib kelayotgani 1 balldan 10 ballgacha 3. Bagʻrikenglik va dinlararo totuvlikni shakllantirishga qaratilgan risola, kitob, qoʻllanmalar yaratgani, konferensiya, seminar, davra suhbatlari va fuqarolar bilan uchrashuvlarda targʻibot-tashviqot ishlarini keng olib borayotgani 1 balldan 10 ballgacha 4. Yoshlarning maʼnaviy-axloqiy kamol topishida, ularni Vatanga sadoqat, azaliy anʼanalarga hamda oilaviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda oʻzining boy hayotiy tajribasi bilan oʻrnak boʻlayotgani va faol qatnashayotgani 1 balldan 10 ballgacha 5. “Jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritishi va bu sohadagi ilmiy-maʼrifiy faoliyat olib borayotgani 1 balldan 10 ballgacha 6. Yoshlar oʻrtasida milliy va diniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni oshirish borasidagi faoliyati 1 balldan 10 ballgacha 7. Urf-odat, milliy-diniy qadriyatlar asosida yurt tinchligi, xalq farovonligi va sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlash yoʻlida shaxsiy namuna koʻrsatgani 1 balldan 10 ballgacha 8. Diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligini rivojlantirish asosida taʼlim sifatini oshirish, diniy-maʼrifiy sohada malakali kadrlar tayyorlashga qoʻshgan hissasi 1 balldan 10 ballgacha 9. Jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot boʻlgan gʻoyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirishdagi ibratli mehnati 1 balldan 10 ballgacha 10. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirayotgan ibratli ishlarining keng yoritilish darajasi 1 balldan 10 ballgacha
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballar jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichni qayd etganlar koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi 495-son qaroriga 2-ILOVA
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonining diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining markazida oq emal bilan qoplangan doira ichida Yer shari va Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi, uning yuqori qismida quyosh nurlari fonida erkinlik ramzi boʻlgan parvoz etayotgan qaldirgʻochlar, quyi qismida esa bagʻrikeng insonning ochiq kaftlari timsoli aks ettirilgan.
Koʻkrak nishoni aylanasi boʻylab yuqori qismida yashil emal fonida zarhallangan “DINIY BAGʻRIKENGLIK” yozuvi, quyi qismida esa naqshinkor parchaga tutashgan ikkita dafna novdasi joylashgan. Harflar balandligi 3 millimetr.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Koʻkrak nishonining qalinligi — 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni halqa va ilmoqchalar yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 24 millimetrdan iborat.
Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning markazidan eni 4,4 millimetrli oq koʻk yoʻl oʻtgan. Uning har ikki tarafidan eni 4,4 millimetrli oq va yashil rangdagi yoʻllar tushirilgan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi 495-son qaroriga 3-ILOVA
“Diniy bagʻrikenglik”koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) koʻk rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, toʻgʻri toʻrtburchak shaklida boʻlgan koʻk rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “DINIY BAGʻRIKENGLIK” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 7 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzi yozilgan.
Yozuvlar koʻk rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) och koʻk rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda, koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA №” soʻzi (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) va 16 millimetrli chiziq joylashgan.
Undan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 9 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 8 millimetr quyida, markazda, oraligʻi 3 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 7 millimetr pastda oraligʻi 5 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20____-yil “____”-___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “DINIY BAGʻRIKENGLIK” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan”, uchinchi satrda “taqdirlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 10 millimetr pastda, chap tomonda “Rais” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
