Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3457-son)
21.09.2023
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TRANSPORT VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 21-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3457]
Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllari ustaviga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishildi.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-avgust,
22-son
Kelishildi:
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Sh. SHARAXMETOV
2023-yil 4-avgust
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2023-yil 3-avgust
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2023-yil 31-iyul
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri L. KUDRATOV
2023-yil 1-avgust
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 13-iyul
Tashqi ishlar vaziri B. SAIDOV
2023-yil 26-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2023-yil 17-iyul
Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh. KUDBIYEV
2023-yil 12-iyul
Qishloq xoʻjaligi vaziri A. VOITOV
2023-yil 19-iyul
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari O. PEKOS
2023-yil 19-iyul
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2023-yil 14-iyul
Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2023-yil 7-iyul
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2023-yil 13-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. INOYATOV
2023-yil 11-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 5-avgustdagi 22-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda yuklarning xususiyatlarini inobatga olgan holda harakat xavfsizligini, yuklar va harakatdagi temir yoʻl tarkibining butligini hamda ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida temir yoʻl transportida yuk tashuvlarini tashkil etish tartibi va shartlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
temir yoʻl transporti — umumiy foydalanishdagi transport turlaridan biri boʻlib, u ishlab chiqarish va ijtimoiy yoʻnalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni oʻz tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yoʻllari va transportning boshqa turlari bilan oʻzaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini taʼminlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iboratdir;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda temir yoʻl transportiga ega boʻlgan, yuklarni tashish boʻyicha tijorat asosida xizmatlar koʻrsatadigan, shuningdek tashish uchun tegishli litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxs;
yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) — oʻz nomidan yoxud yuk egasi nomidan ish koʻruvchi va tashish hujjatlarida qayd etilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yukni oluvchi (oluvchi) — yukni olish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ekspeditor — transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq temir yoʻl transportida yuk tashuvlar boʻyicha ishlar bajarilishini tashkil etish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar — temir yoʻlning poyezdlarni qabul qilish va joʻnatish, yuklarni qabul qilish hamda topshirish va xizmat koʻrsatish, manevr ishlarini amalga oshirish boʻyicha tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl bekatlari (stansiyalari) joylashgan tarmogʻi;
temir yoʻl transporti infratuzilmasi — texnologik majmua boʻlib, ushbu majmua faoliyatini taʼminlovchi temir yoʻllarni, temir yoʻl stansiyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, aloqa tarmoqlarini, signalizatsiya, markazlashtirish va bloklash tizimlarini, axborot majmualarini, harakatni boshqarish tizimini, binolar, inshootlar, qurilmalar, jihozlar va uskunalarni oʻz ichiga oladi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi egasi (bundan buyon matnda infratuzilma egasi deb yuritiladi) — xoʻjalik yuritish huquqi asosida temir yoʻl infratuzilmasi tegishli boʻlgan temir yoʻl transporti va uning boʻlinmalari;
temir yoʻl stansiyasi — poyezdlarni qabul qilish, joʻnatish, kesishtirish va quvib oʻtish operatsiyalarini, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish, berish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish operatsiyalarini, poyezdlarni tarqatish va tuzish boʻyicha manyovr ishlarini hamda poyezdlar bilan texnik operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan, asosiy temir yoʻllardan tashqari temir yoʻllarning qoʻshimcha guruhlariga ega boʻlgan alohida punkt;
umumiy foydalanishdagi joylar — temir yoʻl stansiyasi hududidagi yuklarni ortish, tushirish, saralash va saqlash operatsiyalarini bajarish uchun maxsus ajratilgan temir yoʻl uchastkalari, shu jumladan usti yopiq omborlar;
umumiy foydalanishda boʻlmagan joylar — temir yoʻl stansiyasi hududida maxsus ajratilgan hamda yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarga yuklarni ortish, tushirish, saqlash operatsiyalarini bajarish uchun vaqtincha foydalanishga topshirilgan usti yopiq omborlar, maydonchalar va boshqa inshootlar, shuningdek temir yoʻl stansiyasi hududining tashqarisida joylashgan temir yoʻl transportiga tegishli boʻlmagan obyektlar;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti — ishlab chiqarish va ijtimoiy yoʻnalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni oʻz tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yoʻllari va transportning boshqa turlari bilan oʻzaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini taʼminlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmui;
temir yoʻl shoxobcha yoʻllari — alohida korxonalar, tashkilotlar, maʼlum bir yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan, temir yoʻl umumiy tarmogʻiga uzluksiz rels izlari bilan bogʻlangan temir yoʻllar;
temir yoʻl shoxobcha yoʻli egasi (bundan buyon matnda shoxobcha egasi deb yuritiladi) — temir yoʻl shoxobcha yoʻllariga egalik qiluvchi tashkilot (bundan infratuzilma egasi mustasno);
kontragent — temir yoʻl shoxobcha yoʻli egasining hududida oʻzining omboriga yoki temir yoʻl shoxobcha yoʻliga tutashgan oʻzining temir yoʻliga ega boʻlgan yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi (bundan buyon matnda harakatdagi tarkib deb yuritiladi) — lokomotivlar, yuk va yoʻlovchi tashuvchi vagonlar, motor-vagonli va maxsus oʻziyurar mashinalar;
universal vagonlar — turli xususiyatlarga ega yuklarni tashishga moʻljallangan asosiy turdagi vagonlar (yopiq vagonlar, yarim ochiq vagonlar va platformalar);
ixtisoslashtirilgan vagonlar — maxsus konstruksiyaga ega boʻlgan va bir yoki bir nechta yuk guruhlarini (sisternalar, xopperlar, mineral oʻgʻit tashuvchi vagonlar, bunkerli yarim ochiq vagonlar, izotermik, refrijerator vagonlari hamda boshqa ixtisoslashtirilgan vagonlar) tashishga moʻljallangan turli xildagi vagonlar;
xususiy vagonlar — temir yoʻl korxonalariga tegishli boʻlmagan, biroq muayyan shartlar asosida umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda tashuvlar uchun foydalaniladigan vagonlar;
konteyner — bitta yoki bir nechta transport turida, butligini saqlagan holda yuklarning tashilishini taʼminlaydigan, koʻp marta foydalanish uchun moʻljallangan transport uskunasi;
universal konteynerlar — qadoqlangan donali yuklarni tashishda qoʻllaniladigan, yuk koʻtarish qobiliyati boʻyicha oʻrta tonnajli va yirik tonnajli turlarga boʻlinadigan konteynerlar;
oʻrtatonnajli konteyner — ruxsat etilgan maksimal brutto ogʻirligi 3 — 5 tonna hamda 5 va 11 m³ sigʻimga ega boʻlgan konteyner;
yirik tonnajli konteyner — markirovka kodiga ega boʻlgan, brutto ogʻirligi 10 t va undan ortiq boʻlgan, uzunligi 10 fut va undan katta oʻlchamni tashkil etgan konteyner;
ixtisoslashtirilgan konteynerlar — universal konteynerlardan muayyan maqsadda qoʻllanilishi va maxsus konstruksiyasi bilan farq qiladigan hamda yuklarni alohida sharoitlarda tashish uchun moʻljallangan konteynerlar;
tashish jarayoni — yuklarni tashishga tayyorgarlik koʻrish, uni amalga oshirish va tugallash chogʻida temir yoʻl transporti (tashuvchi) bajaradigan tashkiliy va texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq harakatlar va operatsiyalar majmui;
tashish hujjatlari — yuklar va harakatdagi tarkibni tashishda rasmiylashtiriladigan hujjatlar (temir yoʻl transporti yukxati, yoʻl qaydnomasi, joʻnatish yukxati, joʻnatish qaydnomasi);
temir yoʻl transporti yukxati (yukxat) — temir yoʻl transportining asosiy tashish hujjati. Yukxat yuk joʻnatuvchi va temir yoʻl transporti (tashuvchi) oʻrtasida uchinchi tomon — yukni oluvchi manfaatini koʻzlab, yuk tashish uchun tuziladigan majburiy shakldagi shartnoma boʻlib, yukni temir yoʻl transportida harakatlanishi davomida kuzatib boradi;
yuk — tashish uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan, oʻz vaqtida eltib berilishi va saqlanishi uchun temir yoʻl (tashuvchi) javobgar boʻlgan temir yoʻl tashish obyekti;
joʻnatma — bitta joʻnatish stansiyasidan bitta yuk joʻnatuvchidan bitta yukni oluvchi nomiga, bitta stansiya manziliga bitta yukxati bilan tashish uchun qabul qilingan yuk;
marshrut — temir yoʻl shoxobcha yoʻlida yoki temir yoʻl stansiyasida yuk joʻnatuvchi tomonidan shakllantirilgan belgilangan ogʻirlik yoki uzunlikdagi poyezd tarkibi;
tarif — tashish toʻlovlari miqdorini belgilovchi narx stavkalari tizimi va yoʻl haqini hisoblash qoidalari;
Tarif qoʻllanmasi — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yuklarni tashish uchun oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan tariflar, stavkalar hamda qoʻshimcha ish va xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar, ularni hisoblash va qoʻllash tartibi, shuningdek temir yoʻl stansiyalari roʻyxati va ularda bajariladigan yuk operatsiyalari eʼlon qilinadigan tizimlashtirilgan nashr;
xavfli yuklar — muayyan omillar mavjud boʻlganda oʻz xossalari va xususiyatlariga koʻra tashish jarayonida, ortish-tushirish ishlarini bajarish va saqlash chogʻida portlash, yongʻin chiqishiga yoki tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, binolar va inshootlar, boshqa obyektlarning shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti yoki sogʻligʻiga ziyon yetishiga, hayvonlarning nobud boʻlishiga, atrof tabiiy muhitning zararlanishiga sabab boʻlishi ehtimoli bor moddalar, materiallar, buyumlar, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat chiqindilari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi orqali xalqaro qatnovlarda temir yoʻl transportida yuk tashuvlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari, ushbu Qoidalar va xalqaro kelishuvlar (shartnomalar) asosida amalga oshiriladi.
3. Yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) va yuk joʻnatuvchi oʻrtasida tashish shartnomasi tuziladi hamda unga asosan temir yoʻl transporti (tashuvchi) unga ishonib topshirilgan yukni but holda va oʻz vaqtida joʻnatish punktidan belgilangan punktgacha yetkazib berish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi, yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) esa tashish haqini toʻlash va yukni qabul qilishni taʼminlash majburiyatini zimmasiga oladi.
Yuklarni tashish shartnomasi mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi temir yoʻl transporti yukxati hamda 2-ilovasiga muvofiq shakldagi marshrut yoki vagonlar guruhi yukxatini tuzish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Kalendar shtempeli qoʻyilgan yukxati va uning asosida temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuk joʻnatuvchiga yuk qabul qilinganligi toʻgʻrisida berilgan kvitansiya (xalqaro qatnovlarda yukxat dublikati) tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlaydi.
Yukni oluvchi yoʻl qaydnomasini imzolab yukxatini olgandan soʻng tashish shartnomasi bajarilgan hisoblanadi.
Temir yoʻlda yuk tashish xizmatlarini koʻrsatish, shu jumladan temir yoʻl shoxobcha yoʻllaridan foydalanish, vagonlarni uzatish va qaytib olish, vagonlarni ijaraga berish, yuklarni tashishda qoʻshimcha ishlar va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha temir yoʻl transporti (infratuzilma egasi, tashuvchisi) tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Transport vazirligi bilan kelishilganidan soʻng isteʼmolchilar bilan tuziladi.
4. Tashishlar boʻyicha hisob-kitoblar tartibi va tashish xaqi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustaviga (bundan buyon matnda Temir yoʻl ustavi deb yuritiladi) muvofiq belgilanadi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchilar) tomonidan yuk tashish xizmatlarining tariflari ularning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
5. Tashish jarayonini markazlashgan holda boshqarish va tashkillashtirish hamda yuk tashuvchilarga umumiy foydalanishdagi temir yoʻl trasportida xizmatlarni koʻrsatish temir yoʻl transporti (tashuvchilar) tomonidan amalga oshiriladi.
6. Temir yoʻl transportidagi yuk tashuvlari bilan bogʻliq hujjatlar, shu jumladan temir yoʻl yukxati, yuklarni tashish buyurtmalari va boshqa hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
2-bob. Yuklarni tashish uchun buyurtmalarni qabul qilish va yuk tashuvlarini prognoz qilish
7. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda yuk tashish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuk joʻnatuvchidan qabul qilingan buyurtmanoma asosida amalga oshiriladi.
Buyurtmalar yuk joʻnatuvchilar tomonidan mazkur Qoidalarning 3 va 4-ilovalariga muvofiq yuk tashishga buyurtmanoma hamda dekadalik buyurtmanoma shaklida temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki ularning mintaqaviy boʻlinmalariga taqdim etiladi.
8. Yuk joʻnatuvchilar yuklarni tashish amalga oshirilishi moʻljallanayotgan oy (bundan buyon matnda prognoz oyi deb yuritiladi) boshlanishidan kamida 14 kun oldin temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) buyurtmalarni elektron shaklda taqdim etadi.
Buyurtmalar yuklarni turlari va nomenklatura guruhiga ajratgan holda har bir joʻnatish temir yoʻl stansiyasi boʻyicha, shu jumladan boʻsh xususiy va ijaraga olingan vagonlar hamda xususiy konteynerlarning yukni joʻnatish va yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyalari koʻrsatilgan holda taqdim etiladi.
Buyurtmaning taqdim qilingan sanasi uning kelib tushgan sanasi hisoblanadi.
9. Yuk joʻnatuvchi buyurtmani elektron shaklda taqdim etish imkoni boʻlmaganda, buyurtma qogʻoz shaklda shaxsan, pochta aloqasi, shuningdek faks va teletayp orqali keyinchalik buyurtmaning asl nusxasini taqdim etish sharti bilan ularning olinganligi haqida tasdiqnoma olgan holda taqdim etilishi mumkin.
Qogʻoz shaklidagi buyurtmalar uch nusxada yuk joʻnatuvchi tashkilot rahbari yoki jismoniy shaxsning imzosi bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi.
Elektron hujjat shaklidagi buyurtmalar yuk joʻnatuvchi tashkilot rahbarining yoki jismoniy shaxsning elektron raqamli imzosi (ERI) bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi.
10. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yukni joʻnatuvchilardan qabul qilingan buyurtmalarni besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
11. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk tashish uchun buyurtmalarni quyidagi hollarda rad etish huquqiga ega:
Temir yoʻl ustaviga muvofiq muayyan yoʻnalishlarda yuk ortishga istisno tariqasida taʼqiq joriy etilganda;
yuk joʻnatuvchi tomonidan buyurtmalar mazkur Qoidalarning 3 va 4-ilovalariga muvofiq shaklda taqdim etilmaganda yoki maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmaganda;
boshqa davlatlar tashuvchilari temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) buyurtma kelishilishini rad etganda;
buyurtmada koʻrsatilgan yuklar, harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda konteynerlar Temir yoʻl ustavi, mazkur Qoidalar va temir yoʻl transportida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar (texnik reglamentlar va standartlar) hamda temir yoʻl transportidan texnik jihatdan foydalanish qoidalari talablariga muvofiq boʻlmaganda;
yuklarni “alohida shartlarda” tashishda tegishli temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan yuklarni tashish shartlari kelishilmaganda;
buyurtmada koʻzda tutilgan yuklar hajmi va tashishning boshqa koʻrsatkichlari temir yoʻl uchastkasining poyezdlarni oʻtkazish qobiliyati va (yoki) yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl stansiyalarining yukka ishlov berish qobiliyatlaridan ortiq boʻlganda;
temir yoʻl transportida (tashuvchida) tashishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli harakatdagi temir yoʻl tarkibi yoki konteynerlar mavjud boʻlmagan hollarda.
Yuklarni tashish uchun buyurtma rad etilgan taqdirda, temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchini bu haqda uch kun ichida xabardor qiladi.
12. Yuk joʻnatuvchi buyurtma rad etilganligi haqida xabardor etilgan vaqtdan boshlab uch sutka ichida rad etish sabablarini bartaraf etgan holda takroran buyurtma berishi mumkin. Takroran taqdim etilgan buyurtmalar ikki kun ichida koʻrib chiqiladi.
13. Yuk joʻnatuvchilarning buyurtmalari asosida temir yoʻl transporti (tashuvchi) kelgusi oy uchun harakatdagi temir yoʻl tarkibining kerakli miqdorini aniqlaydi hamda yuk tashuvlarining asosiy oylik buyurtmalar rejasini (bundan buyon matnda asosiy oylik buyurtma deb yuritiladi) tonna va vagonlarda shakllantiradi.
14. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk tashishga beriladigan asosiy oylik buyurtmalarga muvofiq quyidagilarni shakllantiradi:
prognoz oyi boshlanishidan kamida 12 kun avval — oʻrtacha bir sutkada vagonlar va tonnalarda yuklar turlari boʻyicha prognoz oyi uchun tashishlarning aniqlashtirilgan hajmi;
prognoz oyi boshlanishidan kamida 10 kun avval — yetkazish manzili temir yoʻllar va vagonlar turi boʻyicha tashishlarning umumiy hajmi hamda yetkazish manzilidagi temir yoʻllar boʻyicha neft va neft mahsulotlari, och rangli neft mahsulotlari, spirt, kimyoviy mahsulotlar, shinni, oʻsimlik moyi va ammiakli suvni tashish uchun moʻljallangan germetizatsiyalangan maxsus sisternalarga quyilgan holda barcha mahsulotlarning tashish hajmi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan prognoz oyi uchun tashishlarning tasdiqlangan hajmi oʻz mintaqaviy boʻlinmalariga va temir yoʻl stansiyalariga yetkaziladi.
15. Yuk tashuvlarini prognoz qilishda temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuklarni tashishning oylik prognozini eʼlon qilish bilan bir vaqtda oʻz mintaqaviy boʻlinmalariga oʻrtacha bir sutka davomida vagonlarda tashiladigan yuklarning asosiy turlari boʻyicha yuk tashish marshrutlari prognozini belgilaydi.
16. Yuk tashuvlarining marshrutlar va yuk turlari boʻyicha prognozi temir yoʻl transporti (tashuvchi) rahbari tomonidan tasdiqlanadi hamda yuk tashish asosiy oylik buyurtmalari bilan birgalikda oʻz mintaqaviy boʻlinmalari va temir yoʻl stansiyalari rahbarlariga prognoz oyi boshlanishidan kamida uch kun ilgari eʼlon qilinadi.
17. Temir yoʻl transportida yuk tashuvlarini yuk turlari boʻyicha prognozlash mazkur Qoidalarning 5-ilovasida koʻrsatilgan yuklar nomenklaturasi asosida amalga oshiriladi.
18. Temir yoʻl transportining (tashuvchining) mintaqaviy boʻlinmalari rahbarlari yoki temir yoʻl stansiyasi boshligʻi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilangan yuk tashuvlarining marshrutlar boʻyicha prognoziga muvofiq yuklarni marshrutlarda tashish boʻyicha kalendar prognozini oyning sanalari boʻyicha prognoz oyi boshlanishidan kamida besh kun ilgari ishlab chiqadi hamda yuk joʻnatuvchi bilan prognoz oyi boshlanishidan kamida uch kun ilgari kelishadi.
Marshrutlarda tashish boʻyicha kalendar prognoziga temir yoʻl transportining (tashuvchining) mintaqaviy boʻlinmalari tomonidan yuk joʻnatuvchilar bilan kelishilgan holda prognoz oyining har bir dekadasi boshlanishidan uch kun avval kelgusi dekadalar boʻyicha tuzatish kiritiladi.
Yuk joʻnatuvchilarning buyurtmalariga asosan temir yoʻl transportining (tashuvchining) mintaqaviy boʻlinmasi rahbari yuk ortish kuniga qadar yuk tashuvlari prognozi doirasida marshrutning yetkazish manzili stansiyasini oʻzgartirish huquqiga ega.
19. Yuk tashish oylik prognozini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar yuk joʻnatuvchilar tomonidan prognoz qilingan oy tugashidan kamida oʻn sakkiz kun ilgari temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) asoslangan holda taqdim etiladi.
Yuk joʻnatuvchilarning iltimosnomalariga muvofiq temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan prognoz qilingan oy tugashidan kamida oʻn besh kun ilgari oylik prognozlarga oʻzgartirishlar kiritiladi.
20. Yuklarni prognozdan ortiq ortish (boʻsh xususiy (shaxsiy), ijaradagi vagon, konteynerlarni joʻnatish) uchun yuk joʻnatuvchi temir yoʻl transporti (tashuvchi) rahbari, uning mintaqaviy boʻlinmasi rahbari yoki temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga ortish kuniga qadar kamida 5 kun ilgari buyurtma taqdim etadi.
21. Rejadan ortiq yuk ortish imkoni boʻlmagan taqdirda, temir yoʻl transporti (tashuvchi) rahbari yoki uning mintaqaviy boʻlinmasi rahbari uch kun ichida buyurtma beruvchini bu haqda xabardor etishi shart.
3-bob. Tashuvlar prognozi bajarilishi hisobini yuritish kartochkasini toʻldirish tartibi
22. Yuklarni tashish buyurtmasi bajarilishining hisobi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan mazkur Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi tashish rejasi bajarilishini hisobga olish kartochkasida yuritiladi.
23. Hisobga olish kartochkasi temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan bir yoki yuk joʻnatuvchi talabiga koʻra ikki nusxada tuziladi. Hisobga olish kartochkasi ikki nusxada tuzilganda, uning bittasi temir yoʻl stansiyasida qoladi, ikkinchi nusxasi esa yuk joʻnatuvchiga beriladi.
Hisobga olish kartochkasi har bir yuk joʻnatuvchi va mazkur Qoidalarning 5-ilovasida koʻrsatilgan yuklar nomenklaturasiga muvofiq har bir yuk boʻyicha alohida yuritiladi.
Hisobga olish kartochkasi yuk joʻnatuvchi va temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tomonidan har bir hisobot sutkasining yoki yuklarni ortish uchun belgilangan sutkaning soʻngida imzolanadi.
24. Yuk joʻnatuvchi hisobga olish kartochkasidagi maʼlumotlardan norozi boʻlsa, u hisobga olish kartochkasini “eʼtirozlar bilan” degan soʻzlarni yozgan holda imzolaydi.
Bunda, yuk joʻnatuvchi temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimiga keyingi kundan kechikmagan holda hisobga olish kartochkasidagi maʼlumotlardan noroziligi sabablarini koʻrsatgan holda yozma ravishda ariza taqdim etishi kerak. Ariza taqdim etilmasa, hisobga olish kartochkasi noroziliksiz imzolangan deb hisoblanadi.
Yuk joʻnatuvchi hisobga olish kartochkasi imzolamasa yoki norozilik sabablari yuzasidan ariza taqdim etmasa, bu haqda temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan umumiy shakldagi dalolatnoma tuziladi va hisobga olish kartochkasiga biriktiriladi.
Yuk joʻnatuvchi vakili hisobga olish kartochkasini imzolash uchun kelmaganda, umumiy shakldagi dalolatnoma navbatdagi kundan kechiktirilmagan holda tuzilishi zarur.
25. Hisobga olish kartochkasini yuritish temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) hisobga olish kartochkasining 1, 2 va 3-ustunlari dekadalik buyurtmanoma asosida toʻldiriladi.
Yuk joʻnatuvchi tomonidan dekadalik buyurtmanoma taqdim etilmagan taqdirda, hisobga olish kartochkasida vagonlar (konteynerlar) soni temir yoʻl stansiyasi vakolatli xodimi tomonidan rejalashtirilayotgan davr kunlari boʻyicha bir maromda (oʻrtacha sutkalik) yuk ortishdan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.
Yuk joʻnatuvchi tomonidan dekadalik buyurtmanoma taqdim etilmaganda yoki muddatlari buzilib taqdim etilganda va buning natijasida temir yoʻl stansiyasi tomonidan vagonlar (konteynerlar) yuk ortish uchun qoʻyib berilmagan hollarda yuk joʻnatuvchi yuk ortishdan bosh tortgan deb hisoblanadi.
Yuk joʻnatuvchi tomonidan dekadalik buyurtmanoma taqdim etilmagani yoki muddatlari buzilib taqdim etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar temir yoʻl stansiyasi vakolatli xodimi tomonidan hisobga olish kartochkasining 7-ustunida qayd etiladi.
Yuklar konteynerlarda tashilganda, hisobga olish kartochkasining 3-ustuni toʻldirilmaydi;
2) hisobga olish kartochkasining 4-ustunida ortish uchun texnik va tijorat jihatdan yaroqli boʻlgan, dekadalik buyurtmanoma asosida hisobot sutkasida yuk joʻnatuvchiga qoʻyib berilgan vagonlar (konteynerlar) miqdori koʻrsatiladi. Bunda, quyidagi vagonlar (konteynerlar) qoʻyib berilgan deb hisoblanadi:
yuk ortish uchun hisobot sutkasi davomida toʻliq boʻlgan muddat bilan qoʻyib berilgan boʻsh vagonlar (konteynerlar);
avvalgi sutkalarda yuklanmay qolgan vagonlar (konteynerlar);
yuklarni tushirish va keyin ortish maqsadida qoʻsh operatsiyalar bajarilishi uchun qoʻyib berilgan yukli vagonlar (konteynerlar);
yuk ortish uchun toʻliq boʻlmagan muddat bilan qoʻyib berilgan, biroq yuk joʻnatuvchi tomonidan hisobot sutkasi yakuniga qadar yuklangan vagonlar (konteynerlar);
3) hisobga olish kartochkasining 5-ustunida hisobot sutkasida ortilgan vagonlar (konteynerlar) miqdori koʻrsatiladi. Boʻsh xususiy konteynerlarni tashish prognoz qilingan boʻlsa, hisobga olish kartochkasining 5-ustunida boʻsh xususiy konteynerlarning miqdori koʻrsatiladi;
4) hisobga olish kartochkasining 6-ustunida vagonlar va tonnalarda tashishlar prognozi bajarilishi hisobini yuritish uchun yuklangan yuklarning tonnasi boʻyicha miqdori koʻrsatiladi, yuklar konteynerlarda tashilganda 6-ustun toʻldirilmaydi;
5) hisobga olish kartochkasining 2, 4 va 5-ustunlarida tashuvlar prognozida nazarda tutilgan, qoʻyib berilgan va amalda yuklangan joʻnatuvchi marshrutlar miqdori maxraj koʻrinishida koʻrsatiladi;
6) hisobga olish kartochkasining 7-ustunida tashishlar prognozi bajarilmaganligi sabablari koʻrsatiladi.
Yuk joʻnatuvchi tomonidan yuk ortishni yozma ravishda rad etilganda, hisobga olish kartochkasining 7-ustunida “vagonga yuk ortish rad etildi” degan soʻzlar yozib qoʻyiladi va rad etish sanasi koʻrsatiladi. Yuk ortishni rad etish toʻgʻrisidagi arizada yuk joʻnatuvchi rad etayotgan vagonlar, tonnalar miqdori hamda ortish rad etilishiga taalluqli boʻlgan davr koʻrsatilishi lozim. Yuk joʻnatuvchining ortishni rad etish toʻgʻrisidagi arizasi hisobga olish kartochkasiga ilova qilinadi.
Hisobga olish kartochkasining 7-ustunida yuklanmagan vagonlar sabablaridan tashqari temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki yuk joʻnatuvchi aybi bilan yuklanmagan vagonlar soni ham koʻrsatiladi;
7) hisobga olish kartochkasining 8 va 9-ustunlarida mos ravishda temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi va yuk joʻnatuvchi yoki uning vakilining imzolari qoʻyiladi;
8) hisobga olish kartochkasining 10 — 24-ustunlari xalqaro tashishlarda toʻldiriladi va yetkazish temir yoʻllari (mamlakatlari) koʻrsatiladi.
26. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) aybi bilan yuklanmagan vagonlar (konteynerlar) miqdori hisobga olish kartochkasining 2-ustunidan 4-ustunini ayirish orqali aniqlanadi.
27. Yuk joʻnatuvchi aybi bilan yuklanmagan vagonlar (konteynerlar) soni hisobga olish kartochkasining 4-ustunidan 5-ustunini ayirish yoʻli bilan aniqlanadi.
Yuk joʻnatuvchi aybi bilan vagon va tonnalarda prognoz qilinadigan yuklar boʻyicha yuklanmagan tonnalar miqdori hisobga olish kartochkasining 4-ustunidan 6-ustunini ayirish orqali aniqlanadi.
Dekada davomida temir yoʻl transporti (tashuvchi) va yuk joʻnatuvchi aybi bilan yuklanmagan vagonlar (konteynerlar) va tonnalar miqdori hisobga olish kartochkasining 7-ustunida koʻrsatiladi, bunda yuklanmagan marshrutlar soni maxrajda koʻrsatiladi.
28. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchining iltimosnomasiga binoan yuk joʻnatuvchi bilan kelishilgandan ortiq vagonlar (konteynerlar) qoʻyib bersa, qoʻyib berilgan barcha vagonlar (konteynerlar) soni hisobga olish kartochkasining 4-ustuniga kiritiladi.
29. Yuk joʻnatuvchi tomonidan dekadalik buyurtmanoma taqdim etilmaganda yoki Temir yoʻl ustavida belgilangan muddatdan kech taqdim etilganda, mazkur dekada uchun yuk joʻnatuvchi aybi bilan yuklanmaganlik prognoz boʻyicha yuk ortishning oʻrtacha sutkalik meʼyoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
30. Yuk joʻnatuvchi tomonidan vagonga yukni ortish boʻyicha texnik meʼyorlarning statik yuklamasi bajarilmagan taqdirda, tashuvlar prognozi boʻyicha yuklanmagan tonnalar miqdori yuk joʻnatuvchi aybi bilan yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
Yuk joʻnatuvchi tashilishi tonna va vagonlarda prognozlashtirilgan va hisobga olingan yuklarni ortishda tonnada prognoz qilingan barcha yukni ortib boʻlganda, vagonlarga yukni zichroq joylashtirish yoki sigʻimi kattaroq hajmdagi vagonlarni qoʻyib berish oqibatida buyurtmada koʻrsatilganidan kamroq vagondan foydalangan boʻlsa, tashish prognozi bajarilgan deb hisoblanadi.
Bunda, boʻsh qolgan vagonlar soni ortilgan yukning tonnalardagi umumiy miqdorini bitta vagonning statik yuklanishi miqdoriga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi hamda yuk joʻnatuvchiga bogʻliq sabablarga koʻra yuklanmagan vagonlar u tomondan boʻsh qoldirilayotgan vagonlar soniga qisqartiriladi.
Yuk joʻnatuvchi tonna va vagonlarda prognozlashtirilgan va hisobga olingan yuklarni ortishda buyurtmanoma berilgan vagonlarning barchasidan foydalanganda, yuklanmay qolgan tonnalar miqdori statistik yuklanishdan kam boʻlsa buyurtmanoma bajarilgan deb hisoblanadi.
Vagon va tonnalarda prognoz qilinadigan va hisoblanadigan yuklar boʻyicha yuklarni kam ortilganligi uchun keyingi hisoblar qiymati tonnada, manzili boʻyicha yuklanmagan vagonlarning yuklama miqdorini yetkazish soniga koʻpaytirish bilan aniqlanadi.
31. Yuk joʻnatuvchining korxonasida yuz bergan avariya tufayli ishlab chiqarish jarayoni kamida uch sutkaga toʻxtatilgani sababli tashishlar prognozi bajarilmaganda, yuk joʻnatuvchi tomonidan avariya toʻgʻrisida tasdiqlangan dalolatnoma nusxasi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga taqdim etilishi lozim.
Tabiiy ofatlar sababli temir yoʻl shoxobcha yoʻlida harakat toʻxtab qolganda, amaldagi qoidalarga muvofiq yuk ortish-tushirish ishlarini bajarish taqiqlangan va tashishlar prognozining bajarilmay qolishiga sabab boʻlgan tabiiy ofatlar temir yoʻl stansiyasi hamda yuk joʻnatuvchi tashkilot rahbari tomonidan imzolanadigan dalolatnomada qayd etilishi lozim. Ushbu dalolatnoma hisobga olish kartochkasiga ilova qilinadi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelganda, hisobga olish kartochkasining 7-grafasida bu haqida qayd etiladi.
32. Hisobot oyi natijalariga koʻra yuk joʻnatuvchi tomonidan yuklangan vagonlarning umumiy miqdori mos kelsa, ortilgan yuk ogʻirligi esa oylik buyurtmada koʻrsatilgandan koʻp boʻlsa, bunda yuk tashuvlari prognozi bajarilgan hisoblanadi.
33. Temir yoʻl stansiyasi yuk joʻnatuvchiga tashuvlar prognozi bajarilgani toʻgʻrisidagi yakuniy natijalarni hisobga olish kartochkasida ortish uchun koʻzda tutilgan oxirgi sutka oʻtgandan keyin 5 kun mobaynida maʼlum qiladi.
34. Yuklarni ortishda prognoz qilingan vagonlardan toʻliq foydalanilgan va vagonlarni ortish boʻyicha texnik meʼyorlar bajarilgan, tashilishi tonna va vagonlarda prognoz qilinadigan va hisoblanadigan yuklarning tonnalarda oylik prognozi yuk joʻnatuvchi tomonidan bajarilmaganda, temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchining talabiga asosan tonnalarda buyurtmani bajarish uchun zarur boʻlgan miqdorda qoʻshimcha vagonlarni qoʻyib beradi va berilgan vagonlar uchun toʻlov undiradi.
35. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) aybi bilan vagonlar (konteynerlar) tashuvlar prognozini bajarish uchun qoʻyib berilmaganda, temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchining talabiga asosan yuklanmay qolgan vagonlar hajmini toʻldirish uchun ularni keyingi oy davomida ajratishga majbur.
Bunda, temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan ichki temir yoʻl qatnovlarida tashilishi prognoz qilingan yuklar boʻyicha yuk joʻnatuvchi bilan, xalqaro temir yoʻl qatnovlarida prognoz qilingan yuklar boʻyicha esa yuk joʻnatuvchi, tashishda qatnashayotgan davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari va boshqa transport turlari tashkilotlari bilan kelishilgan holda vagonlar (konteynerlar) ajratiladi.
36. Qoʻshimcha buyurtmanomalarga asosan joʻnatilayotgan yuklar, jumladan boʻsh xususiy (ijaraga olingan) vagon va konteynerlar uchun alohida hisobga olish kartochkasi tuziladi.
4-bob. Yuk tashish uchun tashish hujjatlarini toʻldirish
1-§. Yukxatini rasmiylashtirishga doir umumiy qoidalar
37. Ichki qatnovda yuk tashish uchun yuk joʻnatuvchi tomonidan mazkur Qoidalarning 1 va 2-ilovalariga muvofiq shakldagi temir yoʻl transporti yukxati hamda marshrut yoki vagonlar guruhi yukxati rasmiylashtiriladi.
Yuklar xalqaro qatnovlarda, shuningdek chegaradosh davlatlar temir yoʻllarining tranzit uchastkalarini kesib oʻtuvchi ichki qatnovlarda tashilganda, Xalqaro temir yoʻllarda yuk tashish qatnovlari toʻgʻrisidagi bitim (bundan buyon matnda SMGS deb yuritiladi) talablariga muvofiq yukxati rasmiylashtiriladi.
38. Yukxati asosiy tashish hujjati va temir yoʻlda yuk tashish shartnomasi hisoblanadi.
Yukxati yuklar vagonga ortilganidan soʻng rasmiylashtiriladi.
Yukxati yoʻl qaydnomasi bilan birgalikda yetkazish manzilidagi stansiyagacha yuk bilan birga yuboriladi va yukni oluvchiga topshiriladi.
Bojxona nazorati ostidagi yuklarning tashish xujjatlari yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida bojxona organi va temir yoʻl transporti (tashuvchi) oʻrtasidagi kelishuvlar asosida bojxona organi mansabdor shaxslariga topshiriladi.
39. Yuk joʻnatuvchi va temir yoʻl stansiyasi tomonidan yukxatining tegishli grafalariga barcha maʼlumotlar toʻliq kiritilishi kerak. Yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxati va tashish hujjatlaridagi maʼlumotlarni oʻchirish, oʻzgartirish va boʻyash taqiqlanadi.
Agar yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatini toʻldirish jarayonida hujjatdagi maʼlumotlarni oʻchirish yoki dogʻ tushirish holatiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, yangi yukxati toʻldirilishi lozim.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukxati va tashish hujjatlari toʻplamiga oʻzgartirish va ularga qoʻshimchalar kiritilishi mumkin hamda mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar temir yoʻl stansiyasi shtempeli bilan tasdiqlanishi kerak.
40. Bitta yukxati bilan quyidagi tashuvlarni rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
1) tez buziluvchan yuklarni boshqa yuklar bilan birga tashish, bundan kuzatuvchilar hamrohligida tashiladigan yuklar mustasno;
2) oʻz xususiyatlariga koʻra boshqa yuklar bilan bir vagonda tashilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan yuklar;
3) alohida ehtiyot choralari talab qilinadigan yuklarni bunday choralarni talab qilmaydigan yuklar bilan birga tashishda;
4) fitosanitariya talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga rioya qilishni talab qiladigan yuklarni ushbu norma va qoidalarga rioya qilishni talab qilmaydigan yuklar bilan birga tashish;
5) turli saqlash muddatlariga ega boʻlgan yuklar, bundan yuklar umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarga tushirish uchun joʻnatilayotgan hollar mustasno;
6) bojxona nazorati ostidagi yuklar bilan bojxona nazorati ostida boʻlmagan yuklarni bitta temir yoʻl vagonda (konteynerda) tashish.
41. Bitta yukxatida yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) sifatida faqat bitta yuridik yoki jismoniy shaxs koʻrsatilishi shart.
2-§. Yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatini toʻldirish
42. Yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatining grafalari quyidagi tartibda toʻldirilishi lozim:
1) “Tezlik” grafasida yukning yukli yoki katta tezlik bilan tashilishi koʻrsatiladi;
2) “Vagon turi”, “Vagon raqami”, “Yuk koʻtarish qobiliyati”, “Oʻqlar soni”, “Sisterna turi”, “Vagonga ortishning texnik meʼyori” grafalari yuk joʻnatuvchining kuchi va texnik vositalari (vagon, konteyner, ortish moslamalari) yordamida yuk ortilganda toʻldiriladi;
3) “Yuk koʻtarish qobiliyati” grafasida vagondagi yozuvlar va belgilarda (trafaretda) koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq kasr koʻrinishida: suratda — vagonning yuk koʻtarish qobiliyati, maxrajda — yarim ochiq yoki yopiq vagon kuzovining hajmi, platformalar uchun esa — rama uzunligi koʻrsatiladi;
4) “Vagonga ortishning texnik meʼyori” grafasida vagonga yuk ortish boʻyicha xalqaro yoki ichki texnik meʼyor koʻrsatiladi. Texnik meʼyorlar belgilanmagan yuklar uchun ushbu grafada “meʼyor belgilanmagan” degan soʻzlar koʻrsatiladi;
5) “Vagon raqami” grafasida guruhli refrijeratorli harakatdagi temir yoʻl tarkibiga yukxati toʻldirilganda kasr koʻrinishda: suratda — refrijeratorli poyezd yoki seksiya raqami, maxrajda — vagon raqamini koʻrsatiladi;
6) “Yetkazish stansiyasi” grafasida Tarif qoʻllanmasiga muvofiq yukni yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi nomi koʻrsatiladi. Yuk temir yoʻl shoxobcha yoʻliga joʻnatilayotganda, yetkazish stansiyasi nomi bilan “_____ shoxobcha yoʻliga qoʻyib berish” degan soʻzlar yoziladi (yetkazib berish moʻljallangan temir yoʻl shoxobcha yoʻlining tashkiloti nomi koʻrsatiladi);
7) “Yuk joʻnatuvchi” grafasida yuk joʻnatuvchi tashkilotning toʻliq nomi koʻrsatiladi. Yuk jismoniy shaxslar tomonidan joʻnatilayotgan boʻlsa, yukni joʻnatayotgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi;
8) “Pochta manzili” grafasida yuk joʻnatuvchining pochta manzili koʻrsatilib, shahar yoki boshqa aholi punkti, tumanlar, koʻcha va uy raqami qayd etiladi;
9) “Yukni oluvchi” va “Pochta manzili” grafalari mazkur bandning 7 va 8-kichik bandlarida belgilangan tartibda toʻldiriladi. Ushbu grafalarda yukni oluvchining telefon raqamlari va elektron pochta manzili koʻrsatilishi kerak;
10) “Yuk joʻnatuvchining belgi va markasi” grafasida yuk joʻnatuvchi tomonidan yuk joylarining farqlovchi belgilari yoki tartib raqamlari koʻrsatiladi;
11) “Joylar soni” grafasida yuk va oʻramning har bir turi boʻyicha alohida yuk joylarining soni hamda joylarning umumiy soni koʻrsatiladi.
Yuklar paketlashtirilgan holda poddonlarda tashilganda, grafada kasr koʻrinishida suratda — poddonlarda shakllantirilgan paketlar soni, maxrajda — joylarning umumiy soni ifodalanadi. Yuklar toʻkilgan, uyulgan yoki quyilgan holda tashishga taqdim etilganda, joylar soni koʻrsatilmaydi, “toʻkilgan”, “uyulgan” yoki “quyilgan” degan soʻzlar kiritiladi;
12) “Qadoqlash” grafasida yuklar qadoqlarining turi yoziladi. Qadoqlanmagan yuklar tashishga taqdim etilganda, ushbu grafada “Qadoqlanmagan” yoki “n/u” qisqartma belgisi qoʻyiladi;
13) “Yukning nomi” grafasida quyidagilar koʻrsatiladi:
Tarif qoʻllanmasiga muvofiq yukning toʻliq nomi;
Yuklarning yagona tarif-statistika nomenklaturasi (YETSNG) va Yuklarning uygʻunlashgan nomenklaturasi (GNG) boʻyicha kodlari;
taxta-yogʻoch va oʻtin yuklarini toʻkilgan holda tashishda — yuklarni tashishga qabul qilish mazkur Qoidalarning 5-bobida belgilangan tartibda yuklangan shtabellar (taxlamlar) miqdori va balandligi;
yogʻoch-taxta materiallari metall sim bogʻlamalarni (strop, styajka) qoʻllagan holda tashilganda, ushbu moslamalarning soni;
yuk joʻnatuvchi plombalar bilan yuk joʻnatilganda, “Yuk joʻnatuvchi plombalari” degan soʻzlar;
yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining kuzatuvchilari hamrohligida joʻnatilganda, “Yuk joʻnatuvchi (yoki yukni oluvchi) kuzatuvchisi” belgisi, kuzatuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, xizmat safari guvohnomasi raqami (mavjud boʻlsa);
sabzavotlar va poliz ekinlari toʻkilgan holda tashilganda, sabzavot va poliz ekinlarining bir-biridan ajratish uchun vagonga oʻrnatilgan toʻsiqlar soni;
hayvonlar yopiq vagonlarda tashilganda, eshik toʻsiqlari soni;
yuklar isitilgan holda tashilganda, temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) tegishli vagon isitish moslamalari soni.
Yuklarning nomini kiritish uchun yukxatida joy yetarli boʻlmasa, yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatiga qoʻshimcha ravishda yukxati formatidan ortiq boʻlmagan hajmda roʻyxat tuzilib, unda tashiladigan barcha yuklarning belgilari, markalari, joylar soni, qadoqlangan oʻramlari, nomi va ogʻirligi koʻrsatiladi. Ushbu roʻyxat toʻrt nusxada yuk joʻnatuvchi shtempeliga ega blankalarda tuziladi va yuk joʻnatuvchi tomonidan imzolanadi.
Bunda, “Yukning nomi” grafasida “Terma joʻnatma, yuklar roʻyxati ilova qilinadi” degan soʻzlar yoziladi.
Roʻyxatning barcha nusxalarida yukxatining raqami va temir yoʻl stansiyaning kalendar shtempeli qoʻyilgan boʻlishi lozim.
Roʻyxat nusxalari yukxati, yoʻl qaydnomasi va yoʻl qaydnomasining koreshogiga biriktiriladi. Roʻyxatning bir nusxasi yuk tashishga qabul qilish kvitansiyasiga bilan birga yuk joʻnatuvchiga topshiriladi;
14) “Yukning ogʻirligi, kilogrammda aniqlangan/yuk joʻnatuvchi” grafasida yukning ogʻirligi yuk joʻnatuvchi tomonidan yoki temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi bilan birgalikda yuk joʻnatuvchi tomonidan aniqlanganda toʻldiriladi.
Yukning ogʻirligi vagon tarozisida aniqlanganda, tegishli grafalarda brutto, vagon tarasi va netto ogʻirliklari koʻrsatiladi. Bunda, “Tara teksh./brusdan” grafasida vagon tarasining ogʻirligi tekshirilgan yoki vagon brusidan olinganligidan kelib chiqib, kerak boʻlmagan belgi oʻchiriladi.
Bitta yukxati boʻyicha taraga joylashtirilgan va donali boʻlgan turli xildagi va har xil qadoqdagi yuklar tashishga taqdim etilganda, qadoqning har bir turi boʻyicha har bir yukning alohida ogʻirligi, shuningdek mazkur yukxati boʻyicha taqdim etilayotgan yuklarning umumiy ogʻirligi koʻrsatiladi;
15) “Jami joylar” grafasida joylarning umumiy miqdori soʻz bilan yoziladi;
16) “Jami ogʻirligi” grafasida yuk joʻnatuvchi tomonidan yoki yuk joʻnatuvchi temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi bilan birgalikda yukning umumiy ogʻirligi aniqlanganda, yukning umumiy ogʻirligi soʻz bilan yoziladi;
17) “Ogʻirlikni aniqlash usuli” grafasida yukning ogʻirligi qanday usul bilan aniqlangani koʻrsatiladi.
Yukning vazni statik vazn oʻlchash maqsadida vagon tarozisida, tovar yoki boshqa turdagi tarozida oʻlchanganda, tarozi turi va boʻlinish birligi koʻrsatiladi.
Yuk ogʻirligi standart boʻyicha aniqlangan boʻlsa, ushbu grafada bitta yuk joyining brutto va netto standart ogʻirligi koʻrsatiladi;
18) “Yuk joʻnatuvchi (imzo)” grafasida tashuvlarni rasmiylashtirish uchun yuk joʻnatuvchining ishonchnomasiga ega boʻlgan yuk joʻnatuvchining vakili yukxatida u tomonidan koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqlab, imzo chekadi;
19) “Texnik shartlar kitobining ____ bobi ___ paragrafiga muvofiq toʻgʻri joylashtirilgan va mahkamlangan” grafasida yuklarni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishda ularning toʻgʻri ortilganligi va mahkamlanganligi uchun javobgar boʻlgan yuk joʻnatuvchi yoki uning vakili imzo chekadi.
Yukni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishda uni toʻgʻri ortish va mahkamlash SMGSning texnik shartlarida koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu grafada “Yuk ____ yil ____dagi _____-son mahalliy texnik shartlarga muvofiq toʻgʻri joylashtirilgan va mahkamlangan” degan yozuv qayd etiladi;
20) “Yuk joʻnatuvchining arizasi va belgilari” grafasida:
yukning eʼlon qilingan qiymati (narxi);
ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashish ruxsat etilgan yuklar roʻyxatida koʻrsatilmagan yuk tashish uchun taqdim etilganda, uni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashish uchun rozilik berilganligi;
yuk joʻnatuvchi tomonidan vagonda oʻrnatilgan, yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yukni oluvchiga topshirilishi kerak boʻlgan moslamalar;
yuklarni yechib olinadigan uskunalar va sovuq oʻtkazmagan holda tashishda uskunalar va isitish materiallari ogʻirligi;
yuk joʻnatuvchi tomonidan yukni muzlab qolishdan saqlash maqsadida amalga oshirilgan profilaktika choralari;
qadoqlanmagan yukning koʻzga koʻrinadigan shikastlanishlari (masalan, “stanokning ___ detali singan”, “mashinaning yoritish chiroqlari singan” va boshqalar);
yukxatiga ilova qilingan hujjatlarning nomlari va raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Yuk joʻnatuvchilar ushbu grafada boshqa maʼlumotlarni ham kiritish huquqiga ega;
21) Alohida qoidalar asosida tashiladigan yoki tashish va saqlashda alohida ehtiyot choralariga rioya qilish talab qilinadigan yuklar boʻyicha yukxatining yuqori qismida (“Alohida belgilar va shtempellar joyi” grafasida) shtempel yoki yukning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi yozuv qayd etiladi, harakatdagi temir yoʻl tarkibida tez buziluvchan yuklar tashilganda esa “Tez buziluvchan yuk” shtempeli qoʻyiladi.
43. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatiga ilova qilingan kuzatuv hujjatlarining toʻgʻriligi va yetarliligini tekshirishga majbur emas.
Yuk joʻnatuvchilar yuklarni temir yoʻllarda xalqaro va ichki qatnovlarda tashishda yuklarni xususiyatlaridan kelib chiqib bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish hamda tashish uchun qonunchilikda taqdim etilishi belgilangan hujjatlarni (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va boshqalar) temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) yukxatiga ilova qilishi lozim.
Yuk joʻnatuvchi kuzatuv hujjatlar yoʻqligi, yetarli emasligi yoki notoʻgʻriligi natijasida kelib chiqadigan oqibatlar uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) oldida javobgardir.
Ilova qilingan hujjatlar yukxatiga biriktirilishi shart.
3-§. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasi tomonidan yukxatini toʻldirish
44. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasi yukxatining grafalarini quyidagi tartibda toʻldiradi:
1) “Prognoz boʻyicha raqami” grafasida tashuvlar prognozining yoki yuk joʻnatuvchi buyurtmasining roʻyxat raqami koʻrsatiladi;
2) “Yuk olib kirishga ruxsat berilgan _____ kun _____ oy” grafasida vagon joʻnatmalar uchun yuklar taqdim etilganda, temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tomonidan yukni olib kirishga ruxsat berilgan kun va oy koʻrsatiladi;
3) “Ortish tayinlangan _____kun _____oy” grafasida temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tomonidan yuk ortish belgilangan kun va oy koʻrsatiladi. Mazkur grafaning pastki qismida yuk ortilgan kunida temir yoʻl stansiyasi boshligʻining imzosi va sanasi qoʻyiladi;
4) “Alohida belgilar va shtempellar uchun joy” grafasida:
tashishning maʼlum bir yoʻnalishida harakatdagi temir yoʻl tarkibining ogʻirligi va turi;
yuk ortish gabariti boʻyicha cheklovlar (bu haqida yukxatini imzolash jarayonida belgi qoʻyiladi);
Mazkur Qoidalarning 4-bobida nazarda tutilgan holatlarda, “Tepalikdan tushirilmasin” degan soʻzlar;
nogabaritli yuklar tashilganda, nogabaritlikning 5 xonali indeksi boʻyicha “_____ darajali nogabaritli yuk” degan soʻzlar;
yuklar joʻnatiluvchi marshrutlar orqali tashilganda, “_____-son toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatiluvchi marshrut” yoki “Temir yoʻlning __________ stansiyasida tarqatiladigan _____-son joʻnatiluvchi marshrut” degan soʻzlar;
yuklar pogʻonasimon marshrutlarda tashilganda, marshrutni oxirgi shakllantiruvchi stansiyaning “_____-son pogʻonasimon toʻgʻridan-toʻgʻri marshrut” yoki “Temir yoʻlning ______ stansiyasida tarqatiladigan _______-son pogʻonasimon marshrut” shtempeli qoʻyiladi;
5) “_____-son yukxati” grafasida yoʻl qaydnomasi raqami koʻrsatiladi;
6) “Joʻnatish stansiyasi” grafasida joʻnatish temir yoʻl stansiyasining nomi hamda Tarif qoʻllanmasiga muvofiq ushbu temir yoʻl stansiyaning kodi shtempelda koʻrsatiladi;
7) “Vagon turi”, “Vagon raqami”, Yuk koʻtarish qobiliyati”, “Oʻqlar soni”, “Vagonni ortish texnik meʼyori” grafalari temir yoʻl transportining (tashuvchining) kuchi va texnik vositalari (vagon, konteyner, ortish moslamalari) yordamida yuk ortilganda mazkur Qoidalarning 42-bandi 2 — 5-kichik bandlarida belgilangan tartibda toʻldiriladi;
8) “Yukning ogʻirligi, kilogrammda aniqlangan/Temir yoʻl transporti (tashuvchi)” grafasida temir yoʻl transportining (tashuvchining) kuchi va texnik vositalari (vagon, konteyner, ortish moslamalari) yordamida yuklar ortilganda, mazkur Qoidalarning 42-bandi 14-kichik bandida belgilangan tartibda temir yoʻl stansiyasi tomonidan toʻldiriladi;
9) “Jami ogʻirligi” grafasida yukning ogʻirligi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan aniqlanganda, yukning umumiy ogʻirligi soʻz bilan yozib koʻrsatiladi;
10) “Ogʻirlikni aniqlash usuli” grafasi yukning ogʻirligi qanday usul bilan aniqlanganligi mazkur Qoidalarning 42-bandi 17-kichik bandida belgilangan tartibda toʻldiriladi;
11) “Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk qabul qilib topshiruvchisi” grafasi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yoki yuk joʻnatuvchi va temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi bilan birgalikda yukning ogʻirligi aniqlanganda, temir yoʻl stansiyaning vakolatli xodimi tomonidan imzolanadi;
12) “Temir yoʻl (tashuvchi) markasi” grafasida yuklar mayda joʻnatmalar bilan tashilganda, joʻnatiladigan yuklarni qabul qilish kitobiga koʻra tartib raqami koʻrsatiladi;
13) “Tarif belgilari” grafasida Tarif qoʻllanmasiga muvofiq tegishli tarif va xizmatlarni qoʻllash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatiladi;
14) “____ kilometrga toʻlovlar hisobi” grafasida tashish masofasi, yuk tashish haqi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va boshqa toʻlovlar koʻrsatiladi;
15) “Joʻnatishda undirildi” grafasida yuk joʻnatuvchiga hisoblangan summa yozma ravishda koʻrsatiladi. Hisoblangan summa temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimining imzosi bilan tasdiqlanadi;
16) “Yukni qismlar bilan olib kirish” grafasida temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi har bir alohida olib kirilgan yuk qismi boʻyicha sana, joylar soni va yuk vaznini koʻrsatadi.
Yuk joʻnatuvchilarga qabul qilish markalarini topshirish koʻzda tutilmagan temir yoʻl stansiyalarida ushbu grafaga temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan temir yoʻl stansiyasi yoki tashuvchi hududiga bir vaqtda olib kirilgan yuklarning toʻliq partiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi. Mazkur maʼlumotlar temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi imzosi bilan tasdiqlanadi;
17) “Tashish shartnomasi tuzilgan sana” grafasida joʻnatish temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli qoʻyilib, unda yuk tashishga qabul qilingan sana koʻrsatiladi;
18) “Yuk joʻnatuvchi” va “Yukni oluvchi” grafalarida yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilar jismoniy shaxs boʻlsa, shartli “1000” raqamli kod qoʻyiladi.
4-§. Yoʻl davomida yukxatini toʻldirish
45. Temir yoʻl stansiyalari tomonidan yoʻl davomida tashilayotgan yuklar boʻyicha dalolatnomalar tuzilganda, yukxatining “Temir yoʻl (tashuvchi) belgilari” grafasiga tuzilgan dalolatnomaning raqami, tuzilgan sanasi va mazmuni (masalan, “___ ta joy yetmaganligi toʻgʻrisida”, “____kilogramm ogʻirlik yetmaganligi toʻgʻrisida” va tijorat nosozliklari) kiritiladi.
46. Yuk tashish shartnomasini oʻzgartirish boʻyicha yoʻl davomida yukxatiga oʻzgartirish kiritish mazkur Qoidalarning 9-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda, yukxatida yetkazish manzilidagi dastlabki temir yoʻl stansiyasi nomi va uning kodi, yukni oluvchining nomi (yukni oluvchining nomi oʻzgarganda) oʻchiriladi (oʻqish imkoniyati saqlangan holda), yukxatini oʻzgartirish (manzilni oʻzgartirish) toʻgʻrisidagi farmoyishga muvofiq yangi maʼlumotlar va ularning kodlari koʻrsatiladi.
Yukxatiga oʻzgartirishlar kiritilganda, yukxatining tepa qismiga “Yuk 20___ yil ___ _____dagi ____-son farmoyishga asosan temir yoʻlning ______ stansiyasi manzili oʻzgartirildi” degan soʻzlar yoziladi.
Ayrim hollarda yangi yukxati tuzilganda, yukxatining tepa qismida “Yuk 20___ yil ___ _____dagi ____-son farmoyishga asosan manziliga oʻzgartirildi. Dastlabki yukxati raqami _____, temir yoʻlning _____ joʻnatish stansiyasi, temir yoʻlning _____ yetkazish manzilidagi stansiyasi” degan soʻzlar qayd etiladi.
Yuqoridagi oʻzgartirishlar temir yoʻl stansiyasi vakolatli xodimining imzosi va temir yoʻl stansiyasining shtempeli bilan tasdiqlanadi.
47. Yoʻl davomida yuk boshqa vagonga qayta yuklanganda, yukxatida vagon raqami va yuk haqidagi maʼlumotlar ularni oʻqish imkoni saqlab qolingan holda oʻchiriladi hamda yuklar qayta yuklangan vagon toʻgʻrisidagi yangi maʼlumotlar kiritiladi.
5-§. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yukxatini toʻldirish
48. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi yukxatining qoʻyidagi grafalarini toʻldiradi:
1) “Topshirishda undirildi” grafasida yakuniy hisob-kitoblar boʻyicha undirilgan toʻlov summasi koʻrsatiladi. Undirilgan summa temir yoʻl stansiyasi vakolatli xodimining imzosi bilan tasdiqlanadi va yukxatiga yuk topshirilganini rasmiylashtirish vaqti toʻgʻrisida temir yoʻl stansiyaning kalendar shtempeli qoʻyiladi;
2) “Temir yoʻl transporti (tashuvchi) vositalarida yuk tushirish” grafasida yuk tushirilgan vaqt toʻgʻrisida yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli qoʻyiladi;
3) “Yukni olib ketish” grafasida temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan yukni umumiy foydalanish joylaridan olib ketish toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi. Yuk qismlarga boʻlib olib ketilsa, har bir olib ketilayotgan yuk miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar alohida koʻrsatiladi;
4) “Temir yoʻl (tashuvchi) belgilari” grafasida kelgan yuk boshqa manzilga oʻzgartirilganda, mazkur Qoidalarning 46-bandida nazarda tutilgan belgilar qoʻyiladi.
5) “Yuk topshirilgani toʻgʻrisida belgi” grafasida mazkur Qoidalarning 8-bobida belgilangan tartibda yuklarni yukni oluvchiga topshirish haqida belgilar qoʻyiladi.
49. Yukni oluvchi tomonidan yakuniy hisob-kitoblar boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilib, yoʻl qaydnomasiga yukni olganligi toʻgʻrisida imzo qoʻyilganidan soʻng yukxati yukni oluvchiga topshiriladi.
6-§. Tashish hujjatlari toʻplamini toʻldirish
50. Tashish hujjatlari toʻplami yukxati, yoʻl qaydnomasi, yoʻl qaydnomasining koreshogi hamda yuk tashish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyadan iborat.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchiga tashish hujjatlarining blankalarini taqdim etishi shart.
Yoʻl qaydnomasi, yoʻl qaydnomasining koreshogi hamda yuk tashish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya yukxati asosida temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan rasmiylashtiriladi.
51. Yukxati va yoʻl qaydnomasi yukni yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasigacha yuk bilan birga joʻnatiladi va oʻsha yerda yukni oluvchiga yuk bilan birga topshiriladi. Bunda, yoʻl qaydnomasi yukni oluvchiga yuk topshirilgandan soʻng temir yoʻl stansiyasida qoldiriladi.
Yukni qabul qilish kvitansiyasi tashish hujjatlari rasmiylashtirilganidan soʻng joʻnatish temir yoʻl stansiyasida yuk joʻnatuvchiga topshiriladi.
Yoʻl qaydnomasi koreshogi yuk ortilib, tashishga qabul qilingandan soʻng joʻnatish temir yoʻl stansiyasida qoladi.
52. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi yoʻl qaydnomasi, yoʻl qaydnomasining koreshogi hamda yuk tashish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyani mazkur bobning 3-paragrafida belgilangan tartibda toʻldiradi.
53. Yoʻl qaydnomasi, yoʻl qaydnomasining koreshogi hamda yuk tashish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyaning “Yetkazib berish muddatining tugashi” grafalarida yetkazib berish muddati koʻrsatiladi.
54. Yoʻl davomida yoʻl qaydnomasini toʻldirish mazkur bobning 4-paragrafida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
55. Yoʻl qaydnomasining “Tijorat dalolatnomasi” grafasida tijorat dalolatnomasi raqami, tuzilgan sanasi, temir yoʻl stansiyasining nomi koʻrsatiladi va dalolatnoma tuzgan temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli qoʻyiladi.
Yoʻl qaydnomasining “Yetkazib berish muddatini uzaytirish” grafasida yuk ushlanib qolgan temir yoʻl stansiyasi nomi, ushlanib qolish davomiyligi va sababi koʻrsatiladi hamda temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli qoʻyiladi.
Yoʻl qaydnomasida yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi oʻzgarmagan holda yukni oluvchi nomi oʻzgartirilsa, yukni oluvchi nomi oʻchiriladi (oʻqish imkoni saqlangan holda) hamda yuk joʻnatuvchining arizasiga muvofiq yangi yukni oluvchining nomi koʻrsatiladi.
56. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yoʻl qaydnomasini toʻldirish mazkur bobning 5-paragrafida belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda yukni oluvchi tomonidan yoʻl qaydnomasining quyidagi grafalari toʻldiriladi:
1) “Naqd pulsiz, naqd pul bilan 20___ y. “_____”____________ yukni qabul qildim” grafasida yuk qabul qilingan sana koʻrsatiladi;
2) “20___ yil_________ dagi _____-son ishonchnoma bilan” grafasida yukni qabul qilish uchun berilgan ishonchnoma raqami va uning sanasi koʻrsatiladi;
3) “Yukni oluvchining hisob raqami __________________, ___________ banki _________ sh. boʻlimi” grafasida yukni oluvchining nomi va uning hisob raqami, shuningdek unga xizmat koʻrsatadigan bank muassasasining nomi koʻrsatiladi;
4) “Pasport (ID-karta) seriyasi _____, raqami ___________, _________ tuman (shahar), ________ koʻchasi ____-uy, _____-xonadonda roʻyxatga olingan” grafasida yukni oluvchining pasport (ID-karta) seriyasi va raqami hamda pasport (ID-karta) boʻyicha doimiy roʻyxatga olingan manzili koʻrsatiladi;
5) “Yukni oluvchining yozma tasdigʻi ________” grafasida yoʻl qaydnomasiga kiritilgan maʼlumotlar yukni oluvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
57. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi yoʻl qaydnomasining quyidagi grafalarini toʻldiradi:
1) Yoʻl qaydnomasining tegishli grafalarida qoʻshimcha ish va xizmatlar haqini hisoblash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatiladi;
2) “Yakuniy hisobni toʻladi __________________” grafasida yukni oluvchi tomonidan toʻlangan toʻlovlar miqdori koʻrsatiladi;
3) “Yukni temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tushirish yoki yukni oluvchining kuchi va texnik vositalari yordamida tushirish uchun qoʻyib berish sanasi” grafasida yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasining yukni temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tushirish yoki yukni oluvchining kuchi va texnik vositalari yordamida tushirish uchun qoʻyib berish vaqti toʻgʻrisidagi kalendar shtempeli qoʻyiladi.
58. Yukni oluvchi tomonidan yoʻl qaydnomasiga imzo qoʻyilib, yakuniy hisob-kitoblar boʻyicha tegishli toʻlovlar amalga oshirilganidan soʻng unga yukxati beriladi.
59. Yuklar xususiy yoki ijaraga olingan vagonlarda yetkazilganda, yukni oluvchi mazkur vagonlardan yukni tushirgandan soʻng tashish toʻlovlarini amalga oshirgan holda ularni qaytarish uchun tashish hujjatlarini rasmiylashtirishi lozim.
60. Yuklarni konteynerlarda tashish uchun yoʻl qaydnomasini rasmiylashtirish mazkur paragrafga muvofiq quyidagi xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi:
1) “Yukning nomi” grafasida harfli prefiks va konteyner raqami koʻrsatiladi. Konteyner boshqa tashkilotlarga tegishli boʻlganda (xususiy konteyner), harfli prefiks va konteyner raqamidan oldin “R” harfi qoʻyiladi;
2) “Yuk ogʻirligi, kg.da aniqlangan/Yuk joʻnatuvchi” grafasida har bir turdagi yukning qadogʻi bilan birgalikdagi ogʻirligi koʻrsatiladi;
3) “Yukning jami ogʻirligi” grafasida barcha turdagi yukning qadogʻi bilan birgalikdagi umumiy ogʻirligi soʻz bilan yoziladi;
4) “Netto” grafasida har bir turdagi yukning qadogʻi bilan birgalikdagi umumiy ogʻirligi koʻrsatiladi;
5) “Tara” grafasida boʻsh konteynerning trafaretda koʻrsatilgan ogʻirligi yoziladi;
6) “Brutto” grafasida “Netto” va “Tara” grafalarida koʻrsatilgan ogʻirliklari qoʻshilgan miqdori qayd etiladi.
5-bob. Yuklarni tashish uchun qabul qilish
61. Yuk joʻnatuvchilar umumiy foydalanishda boʻlgan va umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda yuklarni tashish uchun taqdim etishi mumkin.
62. Yuklarni tashish vagonli, konteynerli, mayda, guruhli yoki marshrutli joʻnatmalar bilan amalga oshiriladi.
Tashish uchun alohida vagon berilishini talab etadigan, bitta yukxati boʻyicha taqdim etiladigan yuk partiyasi vagonli joʻnatma hisoblanadi.
Tashish uchun alohida vagon berilishini talab etmaydigan, ogʻirligi va hajmi boʻyicha cheklangan, bitta yukxati boʻyicha taqdim etiladigan yuk partiyasi mayda joʻnatma hisoblanadi.
Tashish uchun alohida konteyner taqdim etilishini talab etadigan, bitta yukxati boʻyicha beriladigan yuklar konteynerli joʻnatma hisoblanadi.
Tashish uchun bitta vagondan ortiq, ammo marshrutdan kam vagon berilishini talab etadigan, bitta yukxati boʻyicha taqdim etiladigan yuk partiyasi guruhli joʻnatma hisoblanadi.
Bitta yukxati boʻyicha taqdim etiladigan, marshrutlar uchun belgilangan ogʻirlik meʼyoriga mos boʻlgan miqdordagi yuk partiyasi marshrutli joʻnatma hisoblanadi.
63. Tashish chogʻida yoʻqolish, kamomad chiqish, buzilish va shikastlanish holatlarini oldini olish uchun taraga joylashtirilishi lozim boʻlgan yuklar, mos ravishda tashishga yaroqli tarada, tarasi va qadoqlanishiga standartlar belgilanmagan yuklar esa, yuklar butligini taʼminlaydigan yaroqli tarada taqdim etilishi kerak.
Tashishga taqdim etiladigan yukning oʻrami harakatdagi temir yoʻl tarkibi, temir yoʻl va atrof muhitning ifloslanishi, chiqindi yigʻilishini oldini olishi lozim.
64. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish chogʻida yukning butunligini taʼminlaydigan nostandart tarada tashishga qabul qilinishi mumkin.
Tashishga taqdim etilgan yukning tarasi yoki qadogʻi tashqi koʻrikdan oʻtkazilganda yukning yoʻqolishi, buzilishi yoki shikastlanishi xavfini keltirib chiqaradigan kamchiliklar aniqlansa, yuk joʻnatuvchi temir yoʻl stansiyasi talabiga koʻra tara yoki oʻramni Temir yoʻl ustaviga muvofiqlashtirishi shart.
Yuk joʻnatuvchi temir yoʻl stansiyasi talabiga koʻra yuklanayotgan mahsulot, shuningdek yuk oʻralgan hollarda tara uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatni (texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va boshqa hujjatlar) taqdim etishi shart.
65. Yuk joʻnatuvchi yukni tashishga taqdim etishdan oldin yukning tashish uchun qulayligi va yoʻl davomida butligi taʼminlanadigan holda uni tayyorlashi shart. Mayda donali yuklarni ortishda yuk joʻnatuvchi ularni bir toʻplamga bogʻlash yoki tegishli taraga qadoqlash orqali mayda joylarni yirikroqlarga birlashtirishi kerak.
66. Yukning umumiy ogʻirligi tarozida oʻlchash yoxud yuk joylarida trafaret yoki standart boʻyicha ogʻirlikni hisoblash orqali aniqlanadi. Ayrim yuklarning ogʻirligi hisob-kitob yoʻli bilan, oʻlchash orqali yoki shartli ravishda aniqlanadi. Taraga joylashtirilgan yoki donali yuklar ogʻirligi tashishga taqdim etilishidan oldin har bir yuk joyida brutto va netto ogʻirligi koʻrsatilgan holda aniqlanadi.
Standart ogʻirlikka ega yuk joylari taqdim etilayotgan boʻlsa, har bir yuk joyida uning ogʻirligi koʻrsatilishi shart emas, bundan standartlarga asosan standart joylarda brutto va netto ogʻirligi koʻrsatilishi majburiyligi belgilangan boʻlgan holatlar mustasno. Bunda, yukxatida “Ogʻirlikni aniqlash usuli” grafasida bitta yuk joyining brutto va netto standart ogʻirligi ham koʻrsatiladi. Yuk joʻnatuvchi yuk ogʻirligini aniqlash usulini yukxatida koʻrsatishi shart.
67. Yuklar ogʻirligi quyidagicha aniqlanadi:
temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan — umumiy foydalanishdagi joylarda oʻz kuchi va texnik vositalari yordamida ortishda;
yuk joʻnatuvchilar tomonidan — umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda ortishda, shuningdek umumiy foydalanishdagi joylarda yuk joʻnatuvchining kuchi va texnik vositalari yordamida ortishda.
68. Uyulgan holda tashiladigan don mahsulotlari, moyli va dukkakli oʻsimliklar urugʻlari, kepaklar va omuxta yemlar, toʻkilgan holda tashiladigan kartoshka, sabzavotlar va poliz mahsulotlari ogʻirligini yuk joʻnatuvchi tarozida aniqlab, yukxatida oʻzining imzosi bilan tasdiqlaydi.
Yuk joʻnatuvchida vagon yoki elevator tarozisi boʻlmagan hollarda, yuklarning ogʻirligi joʻnatish temir yoʻl stansiyasining vagon tarozisida temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolati xodimi tomonidan yuk joʻnatuvchi bilan birgalikda aniqlanib, yukxatiga imzo qoʻyilib tasdiqlanadi.
69. Konteynerlardagi yuklar temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuk joʻnatuvchi aniqlagan ogʻirlik bilan tashishga qabul qilinadi.
70. Sisternalarda quyilgan holda tashiladigan yuklarning ogʻirligini aniqlash tarozi yordamida yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan suyuqlik quyilgan balandlikni oʻlchash orqali va maxsus kalibrovkalash jadvallarini qoʻllagan holda quyilgan yuk hajmini aniqlash yoʻli bilan yoki boshqa usullar bilan amalga oshiriladi.
Oziq-ovqat yuklarining ogʻirligi faqat vagon tarozilarida, ular boʻlmaganda tovar tarozilarida aniqlanadi.
Ogʻirlik sisternaning balandligini oʻlchash yoʻli bilan aniqlanganda, yuk joʻnatuvchi yukxatida suyuqlik quyilgan balandlikni, sisternadagi yuk harorati va mahsulot zichligini koʻrsatishi shart.
Etil (vino) spirtini tashish uchun qabul qilish va uning ogʻirligini aniqlash MDHga aʼzo davlatlar temir yoʻl tarmoqlarida Suyuq yuklarni vagon-sisternalarda va neft-bitum tashish uchun moʻljallangan bunker turidagi vagonlarda quyilgan holda tashish qoidalarida (bundan buyon matnda Suyuq yuklarni quyilgan holda tashish qoidalari deb yuritiladi) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
71. Bunkerli ochiq vagonlarda tashiladigan yuklarning ogʻirligi yuk joʻnatuvchi tomonidan hisob-kitob yoʻli bilan aniqlanadi.
72. Oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻochni yuk joʻnatuvchilar tomonidan tashishga taqdim etish va temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan qabul qilishda yukxatida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
1) konteyner, panjara quti yoki paketlarda tashishda — konteynerlar, panjara qutisi yoki paketlar soni;
2) yuk ortish chizigʻining yuqori toraygan qismidan foydalanib tashishda — asosiy shtabellar soni va balandligi hamda yuk ortish chizigʻining yuqori toraygan qismida (shapkasida) taxlangan shtabellar soni;
3) oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻochni yopiq vagonlarda tashishda — shtabellar soni, bunda vagonlar yuk joʻnatuvchi plombalari bilan plombalanadi;
4) oʻrmonchilik yuklarini platformalar yoki usti ochiq vagonlarga ikki shtabeldan ortiq boʻlmagan holda ortishda — oʻrmonchilik yuklarining soni (yuk joʻnatuvchi ixtiyoriga koʻra), agar bu miqdor bitta shtabelda 100 tadan va ikki shtabelda 200 tadan oshmasa;
5) qolgan holatlarda — shtabellar soni va ularning balandligi.
73. Shtabellar balandligi quyidagi tartibda oʻlchanadi:
bitta shtabelni ortishda — shtabelning har ikkala uchidan;
bir necha shtabelni uchma-uch ortishda — yukxatida shtabellarning sonini va chetdagi shtabellarning yon tomoni boʻylab balandligi koʻrsatilgan holda chetdagi shtabellarning tashqi yon tomonlaridan;
yukni kesib boʻlaklarga ajratilgan holda ortishda — usti ochiq vagon bortining yuqori sathidan kesib boʻlaklarga ajratilgan yukning balandligi boʻyicha;
yukni ikki va undan ortiq qirqilgan yuqori qismlari bilan ortishda — usti ochiq vagon bortining yuqori darajasidan yukxatida koʻrsatib oʻtish bilan qirqilgan yuqori qismlari sonini va soʻnggi ichki qirqilgan yuqori qismi balandligini koʻrsatgan holda.
Oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻochlarning ogʻirligi yuk joʻnatuvchi tomonidan shartli ravishda aniqlanadi.
Oʻrmonchilik yuklarini ortishda koʻp marotaba ishlatiluvchi yarim qattiq stroplar, shuningdek metall styajkalar yuk joʻnatuvchi tomonidan taʼminlanadi.
74. Vagon tarozilarida yuklarning vaznini oʻlchash vagonlar toʻxtatilgan va ajratilgan holda yoki vagonlar ajratilmasdan toʻxtatilgan holda amalga oshiriladi.
Yuklarning vaznini harakatlanish vaqtida oʻlchash faqat ushbu uslubda oʻlchashga moʻljallangan vagon tarozilarda amalga oshiriladi.
75. Quyidagi yuklarning vaznini oʻlchash vagonlar toʻxtatilgan va ajratilgan holda amalga oshiriladi:
uyulgan holda tashiladigan don va bugʻdoy mahsulotlari, moyli va dukkakli oʻsimliklar urugʻlari, omuxta yemlar va kepaklar;
sisternalarga quyilgan holda tashiladigan suyuq oziq-ovqat yuklari;
toʻkilgan holda tashiladigan kartoshka, sabzavotlar, poliz mahsulotlari, kunjara, osh tuzi, rangli metallar va rangli metallarning paketlanmagan chiqindilari.
Kartoshka, sabzavotlar, poliz mahsulotlari, kunjara, osh tuzi vaznini oʻlchashda vagonlar tarasining ogʻirligi tekshirilmaydi.
Don va bugʻdoy mahsulotlari, moyli va dukkakli oʻsimliklar urugʻlari, omuxta yem va kepaklar, oʻsimlik moyi va qiyom vaznini oʻlchashda vagonlar tarasining ogʻirligi yuk ortishdan oldin va yuk tushirishdan keyin tekshiriladi.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa yuklarning vaznini oʻlchashda vagonlar tarasining ogʻirligi bir marta — yuk ortishdan oldin yoki yuk tushirishdan keyin tekshiriladi.
76. Qolgan yuklar vaznini vagon tarozisida oʻlchash vagonlar ajratilmasdan toʻxtatilgan holda yoki harakatlanish vaqtida ushbu uslubda oʻlchashga moʻljallangan vagon tarozilarda amalga oshiriladi. Bunda, vagonlar tarasining ogʻirligi vagondagi trafaretga muvofiq qabul qilinadi.
77. Yuklarning vazni vagon tarozilarida oʻlchanganda, yuk joʻnatuvchi yuklarni buyurtmanomada koʻrsatilgan ogʻirlikka muvofiqlashtirishi (dozalashtirish) shart. Buning uchun yuk joʻnatuvchi vagon tarozisi oldida maxsus maydonchani tashkil etishi, uni inventar bilan taʼminlashi, katta miqdordagi yuklarni joʻnatishda esa dozalashtirishni vazn oʻlchash jarayonida amalga oshirish maqsadida mexanizmlar bilan taʼminlashi shart.
78. Yuklarni vagonda tashishga moʻljallangan yechiladigan uskuna (shu jumladan, sabzavot toʻsiqlari) va isitish moslamalari bilan yuklarni tashishda yukxatining “Yuk joʻnatuvchining arizasi va belgilari” grafasida uskunalar va isitish moslamalarining ogʻirligi koʻrsatiladi.
79. Tashishga taqdim etilayotgan yuk joylari soni yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilanadi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) umumiy foydalanishdagi joylarda yuklarni tashish uchun taqdim etishda yuk joʻnatuvchi tomonidan yukxatida koʻrsatilgan joylar sonini tekshirgan holda ularni qabul qiladi, bundan ortilishi yuk joʻnatuvchi zimmasiga yuklatilgan yuklar mustasno.
80. Tara-qadoqli va donali yuklarga yuk joʻnatuvchi transport markirovkasi hamda mazkur Qoidalarning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi manipulyatsiya belgilarini (yuk bilan ishlash usullarini koʻrsatadigan tasvirlar) aks ettirishi shart.
Transport markirovkasi asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlaridan iborat boʻlishi kerak.
Manipulyatsiya belgilarini aks ettirish zarurati mahsulotning xususiyatidan kelib chiqqan xolda yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilanadi.
81. Asosiy yozuvlar quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
1) yukni oluvchining toʻliq nomi;
2) yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasining toʻliq nomi va yetkazish manzilidagi temir yoʻlning qisqa nomi;
3) joʻnatmadagi yuk joylari soni va joyning tartib raqami (kasr son bilan koʻrsatiladi: suratda — joʻnatmadagi yuk joyining tartib raqami; maxrajda — joʻnatmadagi yuk joylari soni).
82. Joʻnatmadagi yuk joylarining soni va joyning tartib raqami quyidagi holatlarda koʻrsatiladi:
1) bir xil tarada xilma-xil va turli navli yuklar (masalan, toylarda paxtaning turli navlari) tashilganda;
2) turli xil tarada bir turdagi yuklar tashilganda;
3) bir turdagi yuklarni joʻnatishda navlarni aralashtirishga ruxsat etilmaganda;
4) uskunalar toʻplami tashilganda;
5) yoʻl davomida qayta ortish bilan tashilganda;
6) yuklar bitta vagonda mayda joʻnatmalar bilan tashilganda.
83. Yuklar transport paketlarida tashilganda, ularning har birida asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlari aks ettirilishi shart. Bunda, joʻnatmadagi yuk joylarining tartib raqami va soni oʻrniga suratda joʻnatmadagi paketlarning umumiy soni; maxrajda paketdagi yuk joylari soni, qavs ichida paketning tartib raqami koʻrsatiladi.
Asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlari (brutto va netto ogʻirligidan tashqari) paket shakllantirilgan alohida yuk joylarida aks ettirilmaydi.
Qadoqlanmasdan tashilayotgan yuklardan shakllantirilgan paketlarda joʻnatmadagi paketlarning umumiy sonini, paketdagi yuk joylarining sonini va paketning tartib raqamini aks ettirish zarurati yukning turidan kelib chiqib yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilanadi.
84. Qoʻshimcha yozuvlar quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
1) yuk joʻnatuvchining toʻliq nomi;
2) joʻnatish temir yoʻl stansiyasi nomini koʻrsatgan holda joʻnatish punktining nomi va joʻnatish temir yoʻlining qisqa nomi;
3) temir yoʻl markirovkasi.
85. Temir yoʻl markirovkasi mayda joʻnatmalar bilan tashilayotgan yukning har bir joyida kasr son koʻrinishida boʻlib, suratda yuklarni joʻnatishga qabul qilish kitobi boʻyicha tartib raqam va chiziqcha bilan yuk joylari soni, maxrajda Tarif qoʻllanmasiga muvofiq joʻnatish temir yoʻl stansiyasining kodi aks ettiriladi.
Temir yoʻl markirovkasi:
1) joʻnatish temir yoʻl stansiyasi tomonidan — umumiy foydalanishdagi joylarda yuklarni mayda joʻnatmalar tarzida tashishga qabul qilishda;
2) yuk joʻnatuvchi tomonidan (yukni tashishga taqdim etishdan avval) — yuklarni umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda mayda joʻnatmalar tarzida ortishda aks ettiriladi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchilar bilan kelishilgan holda yuk joʻnatuvchilar tomonidan temir yoʻl markirovkasini aks ettirish tartibini belgilaydi.
86. Axborot yozuvlari quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
1) yuk joyining kilogrammlardagi brutto va netto ogʻirligi;
2) yuk joyining santimetrlardagi gabarit oʻlchamlari (uzunligi, kengligi, balandligi yoki diametri va balandligi);
3) yuk joyining kub metrlardagi hajmi.
Gabarit oʻlchamlaridan birortasi bir metrdan oshmasa, yuk joyining hajmi va gabarit oʻlchamlari koʻrsatilmaydi.
87. Vagon ichidagi bir xil turdagi barcha yuk joylariga asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlari (brutto va netto ogʻirligidan tashqari) aks ettirilmasligi mumkin. Bunda, yuk joylarining kamida toʻrttasida joylariga asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlari tushirilishi shart. Bu holda markirovkalangan joylar:
1) yopiq vagonlarda — transport markirovkasini tashqariga qaratgan holda har bir eshik oldida ikkita joyda;
2) ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida — transport markirovkasini tashqariga qaratgan holda platforma yoki yarim ochiq vagonning har bir boʻylama borti yonida, ortilgan yukning yuqori qavatida ikkita joyda joylashtiriladi. Ortilgan yuk bortlar bilan teng pogʻonada yoki bortdan pastroq yuklangan boʻlsa, markirovkalangan yuk joylari markirovkasi tepaga qaratilgan holda joylashtirilishi shart.
88. Yuklarni universal konteynerlarda tashishda asosiy, qoʻshimcha va axborot yozuvlarini (brutto va netto ogʻirligidan tashqari) tushirish majburiy emas, bundan yuklar mayda joʻnatmalar tarzida tashiladigan terma konteynerlar mustasno. Yuklarni uyulgan va quyilgan holda tashishda transport markirovkasi tushirilmaydi.
89. Manipulyatsiya belgilari va transport markirovkasini tushirish joyi, usullari hamda markirovka yorliqlari mazkur Qoidalarning 7 va 8-ilovalarida belgilangan shakllarda aks ettiriladi.
Transport tarasini tavsiflovchi markirovkaning tarkibi, uni tushirish usuli va tartibi mazkur Qoidalarning 9-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Markirovka aniq koʻrinadigan va tushunarli boʻlishi shart. Markirovka uchun ishlatiladigan lak-boʻyoq materiallari suvga chidamli, tez quriydigan, yorugʻlikka va past harorat taʼsiriga bardoshli hamda sifatli boʻlishi shart. Qadoqlangan yuk sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan materiallar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
90. Temir yoʻl yaqinida ortish uchun tayyorlab qoʻyilgan yuklar balandligi 1200 mm gacha boʻlgan yuklar chekka relsning tashqi chegarasidan kamida 2 m. masofada, balandligi bundan yuqori boʻlgan taqdirda esa kamida 2,5 m. masofada mahkamlangan va joylashtirilgan boʻlishi shart.
91. Yuk joʻnatuvchining kuchi va texnik vositalari bilan yuk ortish uchun vagonlarni qoʻyib berish oldindan berilgan xabarnomalar boʻyicha yoki vagonlarni qoʻyib berish oʻrtasidagi belgilangan vaqt intervallaridan keyin amalga oshiriladi.
Oldindan berilgan xabarnomalar boʻyicha ortish uchun vagonlarni qoʻyib berishda temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yuk joʻnatuvchini vagonlar qoʻyib berilishidan kamida 2 soat avval xabardor qilishi shart.
Temir yoʻl shoxobcha yoʻllariga vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish mazkur Qoidalarning 30-bobiga muvofiq amalga oshiriladi. Yuk tushirilishi uchun qoʻyib berilgan vagonlar boʻshatilgandan soʻng ortilishi uchun moʻljallangan taqdirda, ortish uchun vagonlarni taqdim etish vaqti toʻgʻrisida xabardor qilish talab etilmaydi.
92. Yuk joʻnatuvchining kuchi va texnik vositalari bilan ortish uchun vagonlarni qoʻyib berish vaqti toʻgʻrisida xabar berish tartibi temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tomonidan belgilanib, bunda u birinchi navbatda telefon aloqasidan foydalanishni koʻzda tutishi lozim. Yuk joʻnatuvchi xabar berishning boshqa usulini ham tanlashi mumkin boʻlib, bu toʻgʻrisida u temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga maʼlum qiladi.
Telefon orqali xabar berish tartibi belgilanganda, yuk joʻnatuvchilar xabarlarni qabul qilish uchun masʼul shaxslarni tayinlashi hamda ularning familiyasi va telefon raqamlari haqidagi maʼlumotni temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga berishi shart.
Vagonlarni ortish uchun qoʻyib berish vaqti toʻgʻrisidagi xabarlarni qayd etish uchun temir yoʻl stansiyasida belgilangan shakldagi kitob yuritilib, unda harakatdagi temir yoʻl tarkibi (konteynerlar) soni va turi hamda kitobda koʻzda tutilgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
93. Vagonlarni ortish uchun qoʻyib berish xabarnomada koʻrsatilgan muddatdan keyin 2 soatdan ortiq vaqtga kechiktirilganda, temir yoʻl stansiyasi vagonlarni qoʻyib berish koʻzda tutilayotgan vaqt toʻgʻrisida yuk joʻnatuvchiga qoʻshimcha ravishda xabar berishi shart.
94. Vagonlarni qoʻyib berish muddatlariga rioya qilinmasdan yoki xabar berilmasdan ortish uchun qoʻyib berilgan vagonlar quyidagi hollarda vagonlar qoʻyib berilgan deb hisoblanadi:
belgilangan muddatdan avval taqdim etilganda — ushbu muddat kelgan vaqtdan boshlab;
belgilangan muddatdan kechiktirilib taqdim etilganda, shuningdek xabar berilmasdan taqdim etilganda — vagonlar haqiqatda taqdim etilgan vaqtdan 2 soat oʻtgandan soʻng.
95. Yuklarni yopiq vagonlarga joylashtirish va mahkamlash SMGSning texnik shartlari va ushbu Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuklarni yopiq vagonlarga ortish yuk ortish-tushirish ishlari va harakat xavfsizligini, vagonning yuk koʻtarish qobiliyati yoki sigʻimidan toʻliq foydalanishni va yukning butligini taʼminlagan holda amalga oshirilishi kerak.
Yuklar vagonda bir maromda va zich joylashtirilgan boʻlishi, tashish chogʻida siljimasligi, tushib ketmasligi, eshik oldida toʻplanib qolmasligi hamda ishqalanmasligini, shuningdek yuk ortish-tushirish jarayonida va yoʻl davomida vagonning butligini taʼminlash uchun ishonchli mahkamlangan boʻlishi kerak.
Uzun oʻlchamli (uch metrdan uzun boʻlgan) yuklarni umumiy foydalanishdagi joylarga ketayotgan yopiq vagonlarga ortish taqiqlanadi.
Uzun oʻlchamli (uch metrdan uzun boʻlgan) yuklarni umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarga ketayotgan yopiq vagonlarga ortishga yukni oluvchining bunday tashishga roziligi mavjud boʻlgan holdagina ruxsat etiladi. Bunda, yuk joʻnatuvchi yukxatining “Yuk joʻnatuvchining arizasi va belgilari” grafasida “yopiq vagonda tashishga roziman, yukni oluvchi bilan kelishilgan” degan yozuvni kiritishi lozim.
Tara-qadoqli va donali yuklarni eshik oraligʻida joylashtirish eshikdan 25 sm chekingan holda amalga oshiriladi.
Oʻz xususiyatlariga koʻra yonidagi yuklarga zarar yoki shikast yetkazishi mumkin boʻlgan yuklarni bitta vagonga ortish taqiqlanadi.
96. Xavfli yuklarni tashishga qabul qilish va ortish MDH aʼzo davlatlarning temir yoʻl transporti Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalariga (bundan buyon matnda Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalari deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladi.
Ortishda Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalariga rioya etishni talab etadigan yongʻin chiqish xavfi bor yuklar roʻyxati hamda bunday yuklarni tashish uchun vagonlar va konteynerlarni tanlash va yongʻinga qarshi tayyorlash mazkur Qoidalarning 10-ilovasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
97. Yuk joʻnatuvchi tara yoki qadoq yoʻqligi va ularning qoniqarsiz holatidan kelib chiquvchi barcha oqibatlar uchun Temir yoʻl ustavida belgilangan tartibda javobgar boʻladi hamda yetkazilgan zararni temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) qoplaydi.
Tara yoki qadoqsiz, sifatsiz tara yoki qadoqda va yuklar xususiyatlariga mos kelmaydigan, qayta yuklanishini taʼminlamaydigan tara yoki qadoqlarda tashishga taqdim etilganda, tashqi koʻrikdan oʻtkazish yoʻli bilan tara yoki qadoqning yuklar xavfsiz tashilishini taʼminlamasligini yoki nosozligini aniqlash mumkin boʻlsa, temir yoʻl transporti (tashuvchi) bunday yuklarni qabul qilishni rad etishi mumkin.
98. Yuklarni ortish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan amalga oshirilgan taqdirda, u yuklarning tara yoki qadoqlarini tashqi koʻrikdan oʻtkazishi lozim.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk qabul qilishni rad etsa, yuk joʻnatuvchining talabiga binoan bu haqda dalolatnoma tuzib, uning bir nusxasini yuk joʻnatuvchiga taqdim etishi lozim.
99. Yuk joʻnatuvchi haqiqiy boʻlmagan yopishtirilgan yorliqlarni olib tashlashi va haqiqiy boʻlmagan yozuvlarni oʻqib boʻlmaydigan holga keltirishi shart.
Yuk joʻnatuvchi:
yuk joylarida aks ettirilgan yoki ularga biriktirilgan yozuvlar hamda u tomonidan vagonga oʻrnatilgan yopishtirma qogʻozlarning toʻgʻriligi;
yozuvlar, yopishtirma qogʻozlar yoki yorliqlarda u tomonidan koʻrsatilgan notoʻgʻri, toʻliqsiz yoki noaniq maʼlumotlardan kelib chiqqan barcha oqibatlar uchun javobgar boʻladi.
6-bob. Katta miqdordagi yuklarni marshrut va vagon guruhlari boʻyicha bitta yukxati bilan tashish
100. Mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi bitta yukxati quyidagi shartlarga rioya qilgan holda joʻnatuvchi marshrutlarda yuklar tashishga qabul qilinadi:
1) yuklarning turi bir xil boʻlishi;
2) yuklarni ortish va tushirish umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda amalga oshirilishi;
3) yuklar bitta joʻnatish temir yoʻl stansiyasida bitta yuk joʻnatuvchidan tashishga qabul qilinishi;
4) yuklar yetkazish manzilidagi bitta temir yoʻl stansiyasiga bitta yukni oluvchi nomiga yuborilishi;
5) yoʻl davomida marshrut ogʻirligi va uzunligi kamaytirilmasligi.
101. Bitta yetkazish temir yoʻl stansiyasiga borayotgan marshrut yadrosi (yoʻl davomida ogʻirligi oʻzgargan taqdirda ham qayta tuzishsiz manzil temir yoʻl stansiyasiga harakatlanadigan va oʻrnatilgan ogʻirlikdagi marshrutning asosiy qismi) vagonlariga bitta yukxati hamda marshrutga ulanuvchi guruhning har bir vagoni uchun esa alohida yukxati rasmiylashtiriladi.
Bitta yukxati bilan rasmiylashtirilayotgan marshrut yoki marshrut yadrosining ogʻirligi hamda uzunligi mazkur Qoidalarning 227 va 229-bandlariga muvofiq aniqlanadi.
Ichki qatnovlarda bitta yukxati bilan vagonlar guruhlari ham tashishga qabul qilinishi mumkin. Bunda, tashish hujjatlarida “marshrut yoki” degan soʻzlar oʻchiriladi. Hayvonlarni tashishda bitta kuzatuvchi tomonidan kuzatib borilayotgan vagonlar guruhiga bitta yukxati rasmiylashtirilishi mumkin.
102. Yuk joylarining soni va yuk ogʻirligi, shuningdek yoʻl haqi har bir vagon boʻyicha yukxatining tegishli grafalarida koʻrsatiladi, marshrutda (marshrut yadrosida) yoki vagonlar guruhida joylarning umumiy soni va yuk ogʻirligi hamda yoʻl haqining umumiy summasi esa yukxatining old tarafiga kiritiladi.
103. Yuklarni bitta yukxati boʻyicha tashishda butun marshrut (marshrut yadrosi) yoki vagonlarning butun guruhi uchun tashish hujjatlari tuziladi.
104. Bitta yukxati boʻyicha tashishga qabul qilingan yuk uchun yuk joʻnatuvchiga yuk qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya berilib, uning orqa tomonida marshrut (marshrut yadrosi) yoki guruh vagonlarining raqamlari koʻrsatiladi.
Yuk qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadi.
105. Yoʻl davomida texnik yoki tijorat nosozligi oqibatida vagon uzilgan hollarda temir yoʻl stansiyasi telegraf yoki boshqa elektron aloqa shakli orqali joʻnatish va yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga uzilish sabablarini maʼlum qilgan holda xabar berishi hamda uch nusxada mazkur Qoidalarning 13-ilovasidagi umumiy shakldagi dalolatnoma va qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasini tuzishi shart. Mazkur qaydnoma boʻyicha vagon nosozlik bartaraf etilganidan soʻng yukni oluvchiga mazkur Qoidalarning 8-bobida belgilangan tartibda topshirish uchun yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻi nomiga joʻnatiladi.
Marshrutga tegishli boʻlgan yukxati va yoʻl qaydnomasiga dalolatnoma raqamini koʻrsatgan holda vagon uzilganligi toʻgʻrisida belgi kiritiladi.
Dalolatnomaning bir nusxasi yukxati va yoʻl qaydnomasiga ilova qilinadi va yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasigacha yuboriladi. Dalolatnomaning ikkinchi nusxasi qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi bilan birga yuboriladi, uchinchi nusxasi esa vagon uzilgan temir yoʻl stansiyasi yigʻmajildlarida qoladi.
Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasida “Vagon qoʻshimcha tarzda ____-son (asosiy yukxatining raqami koʻrsatiladi) ________ yukni oluvchi (asosiy yukxati boʻyicha yukni oluvchining nomi koʻrsatiladi) uchun joʻnatilmoqda” degan yozuvlar qayd etiladi.
Uzilgan vagon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umumiy vagon varaqasidan oʻchiriladi. Vagon uzilishi sababi toʻgʻrisidagi yozuv temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi imzosi va temir yoʻl stansiyaning kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadi.
Uzilgan vagonga yangi vagon varaqasi tuziladi.
106. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi marshrut (guruh) bilan yetkazilgan yukni topshirishda yoʻl davomida uzilgan vagonga umumiy shakldagi dalolatnomani tuzadi va unda uzilish sababini va yoʻlda tuzilgan umumiy shakldagi dalolatnoma raqamini koʻrsatadi. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi tomonidan tuzilgan dalolatnomaning bir nusxasi yukni oluvchiga taqdim etiladi.
Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha yetkazilgan yukni topshirish yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi taqdimnomasi boʻyicha asosiy yukxatidagi yukni oluvchi tomonidan umumiy shakldagi dalolatnoma bilan amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha yetkazilgan vagonni yuk tushirish uchun qoʻyib berish vaqti toʻgʻrisida asosiy yukxatida temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadigan belgi qoʻyiladi.
107. Marshrut (marshrut yadrosi tarkibida) yoki guruh bilan yetkazilgan yukni topshirishda yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi marshrut (marshrut yadrosi tarkibida) yoki guruh bilan, shuningdek qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi bilan yetkazilgan vagonlar uchun tashish haqining yakuniy hisob-kitoblarini asosiy yukxati boʻyicha amalga oshiradi.
108. Marshrut (marshrut yadrosi) yoki guruhning bitta yukxati boʻyicha harakatlanayotgan vagonlarini yoʻl davomida boshqa manzilga oʻzgartirish taqiqlanadi.
7-bob. Vagon va konteynerlarni plombalash
109. Vagon va konteynerlarni plombalash uchun qoʻrgʻoshinli plombalar, shuningdek qulflash-plombalash moslamalari ishlatiladi.
Qoʻrgʻoshinli plombalar kamerali yoxud ikkita parallel teshikli boʻlishi mumkin. Qoʻrgʻoshinli plombalarni osish uchun qoʻllaniladigan, termik ishlov berilgan (kuydirilgan) 0,6 — 0,7 mm diametrli sim dastlab uzunligining 1 sm ga toʻrtta oʻram toʻgʻri keladigan tarzda ikki ipli qilib buraladi.
110. Vagon va konteynerlarga osiladigan plombalar, qulflash-plombalash moslamalari oʻz konstruksiyasiga koʻra butligi buzilmagan holda vagondan (konteynerdan) yechilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
111. Yuklangan usti yopiq vagonlar (shu jumladan izotermik vagonlar) va sisternalar:
1) yuk temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan ortilganda — temir yoʻl transportining (tashuvchining) plombalari bilan;
2) yuk joʻnatuvchi tomonidan yuk ortilganda — yuk joʻnatuvchining plombalari (qulflash-plombalash moslamalari) bilan plombalangan boʻlishi kerak.
112. Mazkur Qoidalarning 14-ilovasida koʻrsatilgan yuklar plombasiz, lekin simli buramalar oʻrnatilgan holda tashilishi mumkin, bundan bojxona nazorati ostida tashiladigan tovarlar mustasno.
Eksport qilinayotgan yoki tashishda ishtirok etayotgan davlatlar temir yoʻl uchastkalarini kesib oʻtadigan yuklarni vagonlarda plombasiz tashish taqiqlanadi, bundan temir yoʻl vagon va konteynerlarning yuk boʻlimlariga plomba qoʻyilmaydigan hollar mustasno.
113. Qulflash-plombalash moslamalariga quyidagi aniq belgilar tushiriladi:
yuk joʻnatish temir yoʻlining qisqacha nomlanishi;
olti va undan ortiq belgidan iborat nazorat belgisi;
ishlab chiqaruvchi korxonaning tamgʻasi;
qulflash-plombalash moslamasining ishlab chiqarilgan (tayyorlangan) yili.
Qulflash-plombalash moslamalariga temir yoʻl stansiyasi va yuk joʻnatuvchining qisqacha nomi ham yozilishi mumkin.
Vagon va konteynerni bir necha moslama bilan plombalash vaqtida qulflash-plombalash moslamalari turli xil nazorat belgilariga ega boʻlishlari shart.
Qulflash-plombalash moslamalari temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilangan tartibda qatʼiy hisobga olinadi.
Vagonlarni (konteynerlarni) plombalash uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan kelishilgan qulflash-plombalash moslamalari ishlatiladi, bundan bojxona nazorati ostida tashiladigan yuklar (tovarlar) ortilgan vagonlarga va konteynerlarga bojxona organlari tomonidan qoʻllaniladigan identifikatsiyalash vositalari mustasno.
114. Yuk ortilgan konteynerlar yuk joʻnatuvchining plombalari bilan plombalanadi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etilgan uy buyumlari ortilgan konteynerlar yuk joʻnatuvchi ishtirokida uning plombalari, transport-ekspeditorlik tashkiloti yoki temir yoʻl transporti (tashuvchi) plombalari bilan plombalanadi.
Bojxona nazorati ostida tashilayotgan yuklar (tovarlar) ortilgan vagon va konteynerlarni plombalash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
115. Ayrim turdagi yuklarni tashishda ular tushirilgandan soʻng boʻsh vagonlar (konteynerlar) ham plombalanadi.
116. Vagon qoʻrgʻoshinli plombalar bilan plombalanganda, har ikkala eshik qoʻyilmasi uzunligi 250 — 260 mm gacha, diametri 6 mm boʻlgan kuydirilgan simdan yasalgan buramalar bilan mahkamlanadi.
117. Konteynerlarni (shu jumladan brutto ogʻirligi 10 t va undan ortiq boʻlgan konteynerlarni) qoʻrgʻoshinli plomba bilan plombalashdan oldin skoba ichiga joylangan tutqich (shpingalet turidagi toʻsqich qurilmali konteynerlarda) yoki ilgak bilan berkitilgan (mushtcha turdagi toʻsqich qurilmali konteynerlarda), diametri kamida 4 mm, uzunligi 240 — 250 mm boʻlgan kuydirilgan simdan burish orqali mustahkamlanadi.
Brutto ogʻirligi 3 va 5t boʻlgan, shpingalet turidagi toʻsqich qurilmali konteynerlarda sim skobaning gorizontal joylashgan tirqishlari orqali tutqich ustidan oʻtkazilib, yuqori tomonga oxirigacha burab mahkamlanadi.
Brutto ogʻirligi 3 va 5t boʻlgan, mushtcha turidagi toʻsqich qurilmali konteynerlarda sim tutqichning oʻng qismidagi ikki tirqish va surgichning oʻng tirqishi (yopiq holatida) orqali oʻtkazilib, yuqori tomonga tugagunicha burab mahkamlanadi.
118. Eshik qoʻyilmalarini simli buramalar bilan mahkamlash yuk ortgan temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
119. Plombalar:
1) yopiq vagonlarda — vagonning har tarafidagi eshiklarga bittadan. Eshiklari yuqori qismida qoʻshimcha toʻsqich-plombalash moslamalari bilan jihozlangan yopiq vagonlarda, yuqori qurilma qulogʻining yuqori tirqishida va eshikning oʻrta qismidagi qoʻyilmaning tirqishida bittadan plomba oʻrnatiladi.
Vagonni qulflash-plombalash moslamalarini qoʻllash bilan plombalashda, u vagon eshigi oʻrta qismi ilgagining tirqishiga qulflash-plombalash moslamalari oʻrnatiladi;
2) izotermik vagonlarda — vagonning har tarafidagi eshiklariga bittadan plomba oʻrnatiladi. Eshiklari plombalash uchun qoʻshimcha qulflash-plombalash moslamalari bilan jihozlangan refrijerator vagonlarda eshikning yuqori qismida yuqori qurilmaning oʻng qulogʻiga va eshikning pastki qismiga bittadan plomba oʻrnatiladi.
Qulflash-plombalash moslamalari vagon eshigining pastki qismining oʻng qulogʻiga oʻrnatiladi;
3) sisternalarda — lyukning tomida bittadan plomba oʻrnatiladi, bundan Suyuq yuklarni qoʻyilgan holda tashish qoidalarida plombalashning alohida tartibi koʻzda tutilgan hollar mustasno;
4) konteynerlarda:
brutto ogʻirligi 3 va 5 t, shpingalet turdagi plombalash moslamalari bilan jihozlangan, skoba ichiga oʻrnatilgan tutqichga bittadan plomba;
brutto ogʻirligi 3 t, mushtcha turdagi plombalash moslamalari bilan jihozlangan, ilgich bilan berkitiladigan tutqichga bittadan plomba;
brutto ogʻirligi 5 t, mushtcha turdagi plombalash moslamalari bilan jihozlangan, oxirgi boʻlib berkitiladigan, eshikning oʻng tavaqasi ilgichi bilan berkitiladigan tutqichga bittadan plomba;
brutto ogʻirligi 10 t va undan ortiq boʻlgan konteynerlar oxirgi boʻlib berkitiladigan, eshikning oʻng tavaqasining chap tomonida joylashgan, ilgich bilan berkitilgan tutqichga bittadan plomba oʻrnatiladi.
120. Qoʻrgʻoshinli plombani konteynerga ilishda sim ikki marta buralib, tutqichdagi va shpingalet tipidagi qulf qurilmasi skobasidagi tirqishlardan hamda mushtcha tipidagi qulf qurilmasi ilgichidagi (yopiq holatda) tirqishlar orqali oʻtkaziladi.
121. Vagonlarga ikkita parallel tirqishli qoʻrgʻoshinli plombalarni ilish quyidagi tartibda amalga oshirilishi shart:
xar bir plombaga plombalash simining bir uchi kiydiriladi;
simning boʻsh uzun uchi vagon eshigi qoʻyilmasining quloqlari orqali ikkita aylantirilib, soʻng plombaning birinchi va ikkinchi tirqishidan oʻtkaziladi va plomba qisqichi bilan siqib qoʻyiladi.
122. Kamerali qoʻrgʻoshinli plombalarni oʻrnatishda simning uchlari plombaning kirish tirqishlari orqali oʻtkazilib, 2-3 marotaba oʻraladi, oʻramlar plomba kamerasi ichiga tortiladi va plomba qisqichi bilan siqib qoʻyiladi.
123. Vagonni plombalashda vagon eshik qoʻyilmasi quloqlari va qoʻrgʻoshinli plomba orasida hosil boʻladigan sim halqa 45 mm dan, sisterna qopqogʻi tiqinini plombalashda esa 25 mm dan ortiq boʻlmasligi shart.
Konteynerlarga qoʻrgʻoshinli plombalarni oʻrnatishda plombadan shpingalet tipidagi qulfli qurilma skobasining quyi qismi yoki mushtcha turdagi qulfli qurilma tutqichining quyi qismi 25 mm dan oshmasligi lozim.
Oʻrnatilgan plombalar simlarining uchlari 10 — 15 mm dan oshmasligi shart.
124. Plombalar qisqich bilan har ikki tarafdagi belgilar aniq va ravshan koʻrinadigan hamda simni plombadan chiqarib ololmaydigan qilib siqilishi kerak. Plomba qisqichi bilan siqilgan har bir plomba sinchiklab koʻzdan kechirilib, nuqsonlar aniqlangan holda boshqasi bilan almashtirilishi shart.
125. Vagonga (konteynerga) oʻrnatiladigan qoʻrgʻoshinli plombalar quyidagi belgilarga ega boʻlishi lozim:
1) temir yoʻl transportining (tashuvchining) plombalash qisqichlari bilan plombalashda:
temir yoʻl stansiyasining toʻliq yoki qisqartirilgan nomi;
nazorat belgilari va qisqich raqami;
2) yuk joʻnatuvchining plombalash qisqichlari bilan plombalashda:
yuk joʻnatuvchining toʻliq yoki qisqartirilgan nomi;
temir yoʻl stansiyasining toʻliq yoki qisqartirilgan nomi.
126. Yuk joʻnatuvchi plombalarga oʻz nazorat belgilarini tushirishi mumkin.
Qoʻrgʻoshinli plombalarning nazorat belgilari, harfli va raqamli belgilarga ega boʻlishi shart hamda ular ketma-ketligi 001 dan 999 gacha raqamlab chiqiladi.
Vagonga (konteynerga) oʻrnatiladigan qoʻrgʻoshinli plombalar bir xil nazorat belgilariga ega boʻlishi shart. Turli vagonlarni (konteynerlarni) bir xil nazorat belgilariga ega boʻlgan qoʻrgʻoshinli plombalar bilan plombalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuk joʻnatuvchining plombalash qisqichlarida nazorat belgilari mavjud boʻlgan hollarda vagonlar (konteynerlar) nazorat belgilarini oʻzgartirmagan holda plombalanishi ham mumkin.
127. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasidan plombadagi belgilar noaniq izli, shuningdek plombalar notoʻgʻri oʻrnatilgan vagon va konteynerlarni joʻnatish taqiqlanadi. Bunda, joʻnatish stansiyasi yukni tashish uchun qabul qilishni rad etishga haqli.
128. Yuk joʻnatuvchilar uchun plombalash qisqichlarini tayyorlash temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuk joʻnatuvchi hisobidan amalga oshiriladi.
8-bob. Yuklarni topshirish
129. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) Temir yoʻl ustavida belgilangan muddatlarda yukning nomi va miqdori, shuningdek harakatdagi temir yoʻl tarkibi (konteynerlar) turi va sonini koʻrsatgan holda yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga yuk yetkazilganligi toʻgʻrisida yukni oluvchini xabardor qilishi shart.
Temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi telefon, telegraf yoki elektron aloqadan foydalangan holda yuk yetkazilganligi toʻgʻrisida yukni oluvchiga xabar beradi.
Yukni oluvchi yuk yetkazilganligi toʻgʻrisida xabar berishning usullaridan birini tanlashi mumkin va bu haqda temir yoʻl stansiyasiga maʼlum qilishi kerak.
130. Yukni oluvchining kuchi va texnik vositalari yordamida yuk tushirish uchun vagonlarni qoʻyib berish oldindan berilgan xabarnomalar boʻyicha yoki Mazkur Qoidalarning 30-bobida belgilangan tartibda shoxobcha yoʻllaridan foydalanish va vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish shartnomalariga muvofiq vagonlarni olib kirish orasidagi belgilangan vaqtda amalga oshiriladi.
Temir yoʻl shoxobcha yoʻliga ega boʻlmagan yukni oluvchi uchun temir yoʻl shoxobcha yoʻliga vagonlarni olib kirishda shoxobcha yoʻli egasi va temir yoʻl transporti (tashuvchi) oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan tartibda yukni oluvchiga xabar beriladi.
Vagonlarni qoʻyib berishda temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi mazkur Qoidalarning 133-bandida nazarda tutilgan tartibda vagonlarni qoʻyib berishdan kamida ikki soat oldin yukni oluvchiga xabar berishi shart.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk kelgan kundan boshlab keyingi kuni soat 12-00 dan kechikmagan holda yukni oluvchiga kelgan yuk toʻgʻrisida xabar berishi lozim.
Yuklarni tushirishga vagonlarni qoʻyib berish vaqti toʻgʻrisidagi xabarnomalarni qayd etish uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) rahbari tomonidan belgilangan shakldagi xabarnomalar kitobi yuritiladi.
Vagonlarni temir yoʻl shoxobcha yoʻllariga qoʻyib berish va olib chiqish mazkur Qoidalarning 30-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
131. Yukni oluvchi temir yoʻl stansiyasi hududida boʻlmaganda yoki uning telefon raqami va boshqa rekvizitlari boʻlmaganda, temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi yuk kelganligi toʻgʻrisidagi axborotni telegraf orqali yukni oluvchiga yetkazadi.
Telegrammada yukxatida koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻyicha yukni oluvchining nomi va pochta manzili koʻrsatiladi.
Telegramma joʻnatilganidan soʻng temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi xabarnomalar kitobida telegramma raqami, sanasi va yetkazilgan vaqti, telegrammani qabul qilgan xodimning familiyasi, reyestr boʻyicha aloqa boʻlimini qayd etib, temir yoʻl transportining (tashuvchining) rahbari tomonidan belgilangan shakldagi yuk qabul qilib topshiruvchi eslatmasini rasmiylashtiradi.
Yukni oluvchi telegramma berilganidan soʻng 24 soat ichida kelmasa, temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi yuk kelganligi toʻgʻrisidagi axborotni telegraf orqali qayta yoʻllaydi hamda xabarnomalar kitobida telegramma raqami, sanasi va joʻnatilgan vaqtini, reyestr boʻyicha aloqa boʻlimi, telegrammani qabul qilgan xodim familiyasini takroran qayd etib, yuk joʻnatuvchi orqali yukni oluvchiga xabar berish choralarini koʻrish uchun joʻnatish temir yoʻl stansiyasiga xabarnoma yuboradi.
Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi hududida boʻlmagan yukni oluvchi nomiga yuk yuborilganda, yuk joʻnatuvchi temir yoʻl transporti (tashuvchi) oldida javobgar boʻladi.
Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi hududida mavjud boʻlgan boshqa yukni oluvchiga yukni berish toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatma yuk joʻnatuvchidan olinganda, tashish bilan bogʻliq barcha xarajatlar, shu jumladan qoʻshimcha toʻlov va jarimalar yangi yukni oluvchiga taqdim etilishi kerak.
132. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuklar, yuklar kelib tushadigan bojxona organi joylashgan yerlarga yoki joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan boshqa joylarga yetkazib berilganidan keyin oʻttiz daqiqadan kechiktirmay, yuklar (tovarlar) yuk (tovar) kelib tushadigan bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytida yetkazib berilgan taqdirda esa bojxona organining ish vaqti boshlanganidan keyin oʻttiz daqiqadan kechiktirmay bojxona organlarini tovar yetkazib berilganligi toʻgʻrisida quyidagilarni taqdim qilish orqali xabardor qiladi:
tovarni yetkazib berishning nazorat hujjatini;
tovarning kuzatuv hujjatlarini;
yetkazib berilgan tovarlarni.
133. Yuk yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi yukni oluvchiga telefon orqali xabar berish tartibi oʻrnatilganda, yukni oluvchilar xabarnomalarni qabul qilish uchun masʼul shaxslarni tayinlashi va temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga ularning familiyasi va telefon raqamlarini maʼlum qilishi shart.
134. Xabarnomada koʻrsatilgan muddatdan ikki soatdan ortiq vaqtga vagonlarni yuk tushirish uchun qoʻyib berilishi kechiktirilsa, temir yoʻl stansiyasi vagonlarni qoʻyib berishining keyingi vaqti haqida yukni oluvchini takroran xabardor etishi shart.
135. Olib kirish muddatlari buzilgan holda yoki xabar berilmasdan yuk tushirish uchun qoʻyib berilgan vagonlar quyidagi hollarda vagonlar qoʻyib berilgan deb hisoblanadi:
belgilangan muddatdan avval qoʻyib berilganda — ushbu muddat kelgan vaqtdan;
belgilangan muddatdan kechiktirilib qoʻyib berilganda, shuningdek xabar berilmasdan qoʻyib berilganda — vagonlar haqiqatda qoʻyib berilgan vaqtdan 2 soat oʻtgandan keyin.
136. Yukni oluvchi yuridik shaxs nomiga yuborilgan yuklarni olishda uning vakili temir yoʻl stansiyasiga yukni olish huquqini beruvchi bir martalik yoki muddatli ishonchnomani taqdim etishi lozim.
Bir martalik ishonchnoma muayyan yukxati boʻyicha yuk olish uchun beriladi va temir yoʻl stansiyasi tomonidan yuk topshirilishini rasmiylashtirish vaqtida yoʻl qaydnomasiga ilova qilinadi.
Muddatli ishonchnoma muayyan muddatga beriladi va temir yoʻl stansiyasida saqlanadi, ushbu ishonchnoma boʻyicha yukni oladigan shaxsda esa ishonchnomaning asl nusxasini qabul qilgan stansiyaning vakolatli xodimi imzosi qoʻyilgan, temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli bilan tasdiqlangan ishonchnomaning nusxasi boʻlishi kerak.
Yukni oluvchi yoki uning vakili temir yoʻl stansiyasi talabiga koʻra oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.
137. Tashish uchun hisob-kitoblar amalga oshirilgandan soʻng yukni oluvchi yukni olish sanasi, ishonchnoma raqami va sanasi, shuningdek yukni oluvchining bank rekvizitlarini koʻrsatgan holda yoʻl qaydnomasini imzolab, yukni qabul qilib oladi. Temir yoʻl stansiyasi yukxatining “Yuk kelgan va topshirilgan sana” grafasiga kalendar shtempelini qoʻygan holda yukning topshirilganligini tasdiqlaydi va yukxatini yukni oluvchiga topshiradi.
138. Jismoniy shaxslar nomiga yoʻllangan yuklar ushbu shaxslarga ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etilganidan soʻng yukni olish sanasi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatning raqami va seriyasi, yashash joyi koʻrsatilgan holda yoʻl qaydnomasiga imzo qoʻydirilib topshiriladi.
Yukni olish boshqa jismoniy shaxsga ishonib topshirilishi mumkin. Bunda, yukni oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatidan tashqari yuk olishga notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma ham taqdim etiladi. Ishonchnoma yukni berishda temir yoʻl stansiyasi tomonidan yoʻl qaydnomasiga ilova qilinadi.
139. Yukni oluvchining vositalari bilan yuk tushirish uchun vagonlarni temir yoʻl stansiyasi yoʻllariga qoʻyib berish va yuklarni topshirish tushirish joyida bir vaqtda amalga oshiriladi hamda yuk qabul qilib topshiruvchisining eslatmasida uning va yukni oluvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
140. Vagonlar va konteynerlarni topshirishda yukni oluvchi hamda yuk qabul qilib topshiruvchi (bundan buyon matnda tomonlar deb yuritiladi) ularning tashqi koʻrinishini koʻzdan kechirish yoʻli bilan vagon (konteyner) kuzovi sozligiga, plombalar mavjudligiga va ularda aks ettirilgan belgilar yukxatida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelishiga ishonch hosil qilishi shart.
Yuklarni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishda tomonlar yuk kamomadi alomatlari yoʻqligiga ishonch hosil qilishi shart.
Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida va plombasiz yopiq vagonlarda tijorat yoki texnik nosozlik, yukning kamomadi, buzilishi yoxud shikastlanishi hamda plombalar yoʻqligi alomatlari aniqlanganda, shuningdek vagon varaqasida plombalar osilganligi yoki nosoz plombalar haqida belgi mavjud boʻlganda, temir yoʻl stansiyasi tomonidan yuklar tekshiriladi hamda tijorat dalolatnomasi va umumiy shakldagi dalolatnoma tuziladi.
Bunda, vagonlar yuk tekshirilguniga qadar umumiy shakldagi dalolatnoma tuzilib, temir yoʻl stansiyasi plombalari bilan plombalanadi hamda yukni oluvchi tomonidan vagon qabul qilingan vaqtdan temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tekshirish uchun yetib kelguniga qadar boʻlgan vaqt vagonning yuk tushirish uchun turgan umumiy vaqtiga qoʻshib hisoblanmaydi.
141. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yukning ogʻirligi, yuk joylari soni va yuk holatini qoʻyidagi holatlarda tekshirishi lozim:
1) yuk nosoz vagonda, shuningdek plombalari shikastlangan vagonda yoki harakatlanish yoʻnalishidagi temir yoʻl stansiyalari plombalari bilan kelganda;
2) yuk kamomad, buzilish yoki shikastlanish alomatlari bilan ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibi va yopiq vagonlarda plombalarsiz kelganda;
3) tez buziluvchan yuklar ularni yetkazib berish muddati yoki mashina yordamida sovutiladigan va elektr toki bilan isitiladigan vagonlarga xizmat koʻrsatish rejimi buzilgan holda yetkazilganda;
4) yuklar temir yoʻl transportining (tashuvchining) kuchi va texnik vositalari bilan ortilganda;
5) temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tushirilgan yuklar umumiy foydalanishdagi joylarda topshirilganda.
Tarali va donali yuklarni topshirishda temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan faqat shikastlangan yuk joylarining yuk ogʻirligi va holati tekshiriladi.
Yuk joʻnatuvchining kuchi va texnik vositalari bilan ortilgan va yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalari bilan soz vagonlarda (konteynerlarda) yetkazilgan hamda kamomad, buzilish yoki shikastlanish alomatlarisiz ochiq harakatdagi tarkib va yopiq vagonlarda plombalarsiz (plombasiz tashish ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan taqdirda) kelgan yuklarni topshirish yuk joylari soni, holati va yuk ogʻirligini tekshirmasdan amalga oshiriladi.
Yukni oluvchining talabiga koʻra temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukning vazni tekshirilishi mumkin hamda bu holatda shartnomaviy tarifda belgilangan miqdorda toʻlov undiriladi.
Eshiklari qoʻshimcha qulflash-plombalash moslamalari bilan jihozlangan, har bir eshigida hech boʻlmaganda bitta soz plomba mavjud boʻlgan shikastlanmagan yopiq vagonlarda kelgan yuklarni topshirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tekshirilmasdan amalga oshiriladi.
Kuzatuvchilar bilan tashiladigan yuklar, shuningdek ogʻirligi oʻlchash yoʻli bilan yoki shartli ravishda aniqlangan yuklar joylar miqdori, yuk holati va ogʻirligi tekshirilmagan holda topshiriladi.
Vagon tarozisida yuklarning vaznini oʻlchash mazkur Qoidalarning 74-75-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Yechiladigan uskunalar va isituvchi materiallar bilan tashiladigan yuklarning ogʻirligini oʻlchagan holda topshirish vaqtida yukning netto ogʻirligi, brutto ogʻirligi va vagon tarasi yechiladigan uskunalar va isituvchi materiallar ogʻirligining summasi oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Isituvchi materiallar, sabzavot, non mahsulotlari uchun toʻsiqlar va boshqa yechiladigan uskunalar ogʻirligi yukxatida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq qabul qilinadi.
Qoʻshimcha qulflash-plombalash moslamasi bilan jihozlangan, har bir yuk eshigida hech boʻlmaganda bitta shikastlanmagan plombaga ega boʻlgan soz refrijeratorli yuk vagonlarida yukni yetkazish muddati va xizmat koʻrsatish rejimi buzilmagan holda yetkaziladigan tez buziluvchan yuklarni topshirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuk miqdori va sifati tekshirilmasdan amalga oshiriladi.
142. Yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalari mavjud boʻlgan, zarar yetkazilmagan konteynerlarda kelgan yuklar yukni oluvchiga temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan ularning ogʻirligi, holati va joylar soni tekshirilmasdan topshiriladi.
143. Yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalariga ega boʻlgan soz sisternalarda hamda plombalarsiz (plombasiz tashish ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan taqdirda) kelgan, soz bunkerli yarim ochiq vagonlarda kelgan yuklarni topshirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan ogʻirlik tekshirilmasdan amalga oshiriladi.
Quyilgan holda tashiladigan yuklarning ogʻirligi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tekshirilishi lozim boʻlganda, joʻnatishda yukning ogʻirligi qanday usul bilan aniqlangan boʻlsa, yukni topshirishda oʻsha usul bilan tekshiriladi. Etil (vino) spirtini topshirish Suyuq yuklarni quyilgan holda tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
144. Shikastlanmagan plombalarga ega boʻlgan yopiq vagonlarda yoki markirovkasi buzilmagan holda, ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida oʻrmonchilik yuklarini yuk ortish chizgisining yuqoriga qarab toraygan qismidan foydalanish yoʻli bilan ortilgan va yuqoridagi paketlarning mahkamlangan joylari buzilmagan holda kelgan oʻrmonchilik yuklari hamda taxta-yogʻochlar temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukni oluvchiga tekshirilmasdan topshiriladi.
Oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻochlar balandligining tashish jarayonida choʻkish va zichlashish oqibatida pasayishi, shtabel balandligining har bir metriga uch santimetrdan oshmasa, normal holat hisoblanadi.
Temir yoʻl stansiyasiga kelgan oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻochlarni topshirish yukxatida koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
145. Yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalari bilan soz vagonlarda kelgan xavfli yuklarni topshirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yuk joylari soni, yuk vazni va holati tekshirilmagan holda amalga oshiriladi.
Xavfli yuklarni umumiy foydalanish joylarida topshirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) vakolatli xodimi va yukni oluvchining bevosita nazorati ostida toʻgʻridan-toʻgʻri (vagon-yuk avtotransport vositalari) yuk ortish usuli boʻyicha amalga oshiriladi.
Xavfli yuklar nosoz vagonlarda, plombasiz vagonlarda yoki plombasi shikastlangan vagonlarda kelganda joylar soni, yuk ogʻirligi va holati temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi ishtirokida yukni oluvchi tomonidan Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalari talablari asosida tekshiriladi.
146. Konteynerlarda kelgan uy-roʻzgʻor buyumlarini topshirish mazkur Qoidalarning 18-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
147. Yetkazish temir yoʻl stansiyasida yuklar ogʻirligi joʻnatish temir yoʻl stansiyasida qanday tarozi va usulda oʻlchangan boʻlsa, xuddi shunday turdagi tarozi va usulda oʻlchanishi va topshirilishi shart.
148. Tara-donali va qadoqlangan yuklarni umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda tekshirishda temir yoʻl transporti (tashuvchi) ishtirok etayotganda, yukni oluvchi tushirilayotgan yukni zarurat boʻlganda qayta tekshirish imkoniyatini taʼminlash uchun avval tushirilgan yukdan alohida joylashtirishi shart.
149. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasida aniqlangan yukning ogʻirligi bilan yoʻl davomida yoki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida oʻtkazilgan tekshiruv vaqtida aniqlangan yukning ogʻirligi:
kam chiqsa, biroq muayyan yuk ogʻirligining tabiiy kamayishi meʼyoridan va tarozi koʻrsatkichlaridagi tafovut meʼyorlaridan oshmasa;
ortiq chiqsa, biroq tarozilar koʻrsatkichlaridagi tafovut meʼyorlaridan oshmasa, yuk ogʻirligi toʻgʻri deb hisoblanadi.
Yuklar ogʻirligining tabiiy kamayishi meʼyorlari quyidagicha hisoblanadi:
yukning brutto ogʻirligidan — tara va qadoqlarda tashiladigan yuklar boʻyicha;
yukning netto ogʻirligidan — tara va qadoqsiz tashiladigan yuklar boʻyicha.
Joʻnatish va yetkazish temir yoʻl stansiyalarida yuklarni oʻlchashda tarozi koʻrsatkichlari tafovutining meʼyorlari mazkur Qoidalarning 15-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
150. Yuk tushirishni amalga oshirayotgan tashkilot yoki yukni oluvchi yukni vagondan (konteynerdan) toʻliq tushirib olishi, foydalanilgan mahkamlash vositalaridan vagonni (konteynerni) boʻshatishi, uning ichini yuk qoldiqlari va chiqindilardan tozalashi, tashqi tomonini boʻrli belgilardan tozalashi, Temir yoʻl ustavida belgilangan hollarda esa yuvishi va dezinfeksiyalashi; eshiklar, bortlar, yukni ortish hamda tushirish moslamalarining qopqoqlarini berkitishi va mahkamlashi shart.
Mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan talablar yukni oluvchi yoki yuk tushirayotgan tashkilot tomonidan bajarilmaganligi natijasida temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan qabul qilinmagan vagonlarning turib qolishi uchun javobgarlik yukni oluvchi yoki yuk tushirayotgan tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
Vagondan tushirilgan yuklar balandligi 1200 mm gacha boʻlgan yuklar chekka relsning tashqi chegarasidan kamida 2 m masofada, balandligi bundan yuqori boʻlgan taqdirda esa kamida 2,5 m masofada mahkamlangan va joylashtirilgan boʻlishi shart.
151. Yukning kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi boʻyicha uni topshirishdan oldin (yoʻl davomida) tijorat dalolatnomasi tuzilgan boʻlsa, yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi yukni haqiqiy kamomad, buzilish yoki shikastlanish hajmini aniqlagan holda yukni oluvchiga topshiradi.
152. Yukning kamomadi, buzilishi, shikastlanishining hajmi yoki sababini hamda uning narxi qanchaga pasayganligini summasini aniqlash uchun ekspertiza oʻtkazish zarurati yuzaga kelsa, temir yoʻl transporti (tashuvchi) oʻz tashabbusiga koʻra yoki yukni oluvchi talabiga binoan ekspertlar yoki tegishli mutaxassislarni taklif etadi.
Ekspertiza temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi ishtirokida oʻtkaziladi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) vakillari ishtirokisiz yukni oluvchi tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza haqiqiy hisoblanmaydi.
Ekspert chaqirish bilan bir vaqtda temir yoʻl stansiyasi yukni oluvchini bu haqda xabardor qiladi. Yukni oluvchi oʻz nomiga kelgan yukning ekspertizasida ishtirok etish huquqiga ega.
Tez buziluvchan yuklar ekspertizasi vagon ochilgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechikmagan holda oʻtkazilishi kerak.
Ekspertiza natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ekspertiza dalolatnomasi ekspert va ekspertizada qatnashgan barcha shaxslar tomonidan imzolanishi lozim.
Ekspertiza xulosalari dalillar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak hamda yuklar kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi sabablari toʻgʻrisidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas.
Ekspertiza xarajatlarining toʻlovi ekspert kimning tashabbusiga koʻra chaqirilganidan kelib chiqib temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki yukni oluvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyinchalik ekspertiza xarajatlari yukning kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishida aybdor boʻlgan tomon zimmasiga yuklatiladi.
Ekspertiza oʻtkazish xarajatlari yukning kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi oqibatida yetkazilgan zarardan ortiq boʻlganda, ekspertiza oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda, yukning kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi hajmi, uning sababi va zarar miqdori temir yoʻl stansiyasi boshligʻi va yukni oluvchi tomonidan aniqlanadi hamda tijorat dalolatnomasida koʻrsatiladi.
153. Temir yoʻl stansiyasi yukni oluvchining talabiga asosan yukxatining “Yuk topshirilganligi toʻgʻrisida belgi” grafasida yuk topshirilganligi toʻgʻrisida:
1) yuk ogʻirligida uning tabiiy kamayishi boʻyicha tafovut meʼyoridan ortiq boʻlmagan miqdorda kamomad, shuningdek yukning netto ogʻirligi boʻyicha tafovut meʼyoridan koʻp boʻlmagan miqdorda ortiqcha yuk aniqlanganda hamda oʻgʻirlik alomatlari boʻlmaganda, “Yuk ogʻirligi 20____ y. “____”_______da tekshirilganda _________ kilogramm (raqamlar va soʻz bilan) chiqdi” degan soʻzlar;
2) yukni tekshirish natijalari tijorat dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilganda, “______________ (dalolatnomaning mazmuni) 20____ y. “___” _________ dagi ________-son tijorat dalolatnomasi tuzildi” degan soʻzlar;
3) yuk tekshirilmasdan topshirilganda:
yopiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida (konteynerda) yuk joʻnatuvchi plombalari bilan kelgan yuklar boʻyicha “Mazkur yukxati boʻyicha yuk _____-son soz vagon/konteynerda (kerak boʻlmagani oʻchirilsin) yuk joʻnatuvchining soz plombalari bilan yetkazildi va 20__ y. “___”_____________da Temir yoʻl ustaviga muvofiq tekshirilmasdan topshirildi” degan soʻzlar;
plombasiz vagonlarda, shuningdek ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashiladigan yuklar boʻyicha “Yuk mazkur yukxati boʻyicha ______-son soz vagonda yoʻqolish alomatlarisiz yetkazildi va 20__ y. “___”_____________da Temir yoʻl ustaviga muvofiq tekshirilmasdan topshirildi” degan soʻzlar;
ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashiladigan oʻrmonchilik yuklari va taxta-yogʻoch boʻyicha “Yuk mazkur yukxati boʻyicha ______________-son soz yarim ochiq vagon/platformada (kerak boʻlmagani oʻchirilsin) markirovkasi butun holda, yuk ortish chizgisining yuqoriga qarab toraygan qismidan foydalanib, mahkamlanishi buzilmagan holda (kerak boʻlmagani oʻchirilsin) yetkazildi va 20__ y. “___”_____________da tekshirilmasdan topshirildi” degan soʻzlar;
yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchi) kuzatuvchisi nazorati ostida tashiladigan yuklar yoki yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa vakolatli shaxs tomonidan qoʻriqlangan yuklar boʻyicha “Yuk mazkur yukxati boʻyicha yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) kuzatuvchisi nazorati ostida yoki yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) tomonidan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa vakolatli shaxs tomonidan qoʻriqlangan holda yetib keldi va yukni oluvchiga bevosita kuzatuvchi (boshqa vakolatli shaxs) tomonidan topshirildi” degan soʻzlar qayd etiladi.
Ushbu bandda koʻzda tutilgan yozuvlar temir yoʻl transporti (tashuvchi) vakolatli xodimining lavozimini koʻrsatgan holda imzosi bilan tasdiqlanadi.
Yukni oluvchi yuqoridagi yozuvlarni kiritish uchun yuk topshirilgan vaqtdan eʼtiboran uch kun ichida yukxatini taqdim etishi shart.
Ortiqcha ogʻirlik va joylar aniqlangan taqdirda, mazkur bandning 1 va 2-kichik bandlarida koʻzda tutilgan yozuvlar temir yoʻl stansiyasi tomonidan majburiy tartibda yukni oluvchining talabidan qatʼi nazar kiritiladi.
154. Yukning haqiqatda topshirilgan sanasi:
temir yoʻl transportining (tashuvchining) kuchi va texnik vositalari yordamida yukni tushirishda yukning temir yoʻl stansiyasi yuk hovlisidan olib chiqish sanasi;
yukni oluvchining kuchi va texnik vositalari yordamida yukni tushirishda vagonni qoʻyib berish sanasi hisoblanadi.
155. Temir yoʻl ustavida temir yoʻl transporti (tashuvchi) zimmasiga yukni tekshirish majburiyati yuklatilgan taqdirda, vagon (konteyner) temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli ishchisi ishtirokida ochiladi, bundan bojxona nazorati ostidagi yuklar (tovarlar) mustasno.
156. Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha tashilayotgan yuklar quyidagicha topshiriladi:
1) yukning asosiy tashish hujjatlari bilan birga kelgan qismi — yukxati va tijorat dalolatnomasi berilib, yoʻl qaydnomasiga imzo qoʻydirilgan holda;
2) Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha kelgan qismi — yukni oluvchi tomonidan asosiy yukxati va tijorat dalolatnomasi taqdim etilganidan soʻng qoʻshimcha yoʻl qaydnomasiga imzo qoʻydirilgan holda. Bunda, tijorat dalolatnomasi yukni oluvchidan olib qoʻyiladi.
157. Tashishga doir barcha hisob-kitoblar asosiy yukxati boʻyicha amalga oshiriladi. Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha yetib kelgan yuk topshirilganligi toʻgʻrisida temir yoʻl stansiyasi tomonidan asosiy yukxatiga yozuv kiritiladi.
Qoʻshimcha tarzda joʻnatish yoʻl qaydnomasi boʻyicha yetkazilayotgan yuk asosiy hujjatlar bilan kelayotgan yukka nisbatan avvalroq yetib kelganda, yukning yetib kelgan qismini topshirish yukni oluvchiga qoʻshimcha yoʻl qaydnomasiga imzo qoʻygandan keyin amalga oshiriladi. Yukni oluvchi yukning olgan qismini asosiy joʻnatmaga qoʻshib hisoblashi haqidagi majburiyatnomani temir yoʻl stansiyasiga taqdim etadi. Ushbu majburiyatnoma temir yoʻl stansiyasining yigʻmajildlarida saqlanadi.
Yukni qabul qilish toʻgʻrisidagi kvitansiyaga muvofiq yuk toʻliq holda qoʻshimcha yoʻl qaydnomasi bilan yetib kelganda, temir yoʻl transporti yoʻqotilgan yukxati va yoʻl qaydnomasi oʻrniga ularning nusxalarini tuzadi hamda yukni topshirishni rasmiylashtirish mazkur Qoidalarning 8-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
158. Temir yoʻl stansiyasi yukning belgilangan yetkazib berish muddatida kelmaganligini yukni oluvchi tomonidan taqdim etilgan kvitansiyada “Yuk yetib kelmadi” yozuvi va yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli bilan tasdiqlashi shart.
Belgilangan yetkazib berish muddatida kelmagan yukni qidirish ishlari yukni oluvchining talabiga asosan yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yukni qidirish talabini asoslantirish uchun yukni oluvchi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga kvitansiyani, kvitansiya boʻlmaganda esa quyidagi hujjatlardan birini taqdim etishi shart:
yetkazib beruvchining hisob-fakturasi (asl nusxasi yoki nusxalari);
yetkazib beruvchining (yuk joʻnatuvchining) hisob-fakturasi oʻrnini bosuvchi boshqa hujjat;
yuk ortilgan temir yoʻl stansiyasining yuk joʻnatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
yuk turi, ortilgan sanasi, joʻnatish va yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyalari, yuk tashishga topshirilgan yukxati raqami va vagon raqami (vagonlarda joʻnatishda) maʼlumotlari koʻrsatilgan boshqa hujjatlar.
159. Yuklar ijaraga olingan yoki xususiy vagonlarda kelganda, yukni oluvchi yuklar tushirilganidan soʻng Tarif qoʻllanmasiga muvofiq tashish haqi toʻlovlarini amalga oshirgan holda ushbu vagonlarni egasi yoki ijarachiga qaytarish toʻgʻrisida tashish hujjatini rasmiylashtirishi shart.
Ijaraga olingan yoki xususiy vagonlar boʻsh holda yetib kelganligi toʻgʻrisida temir yoʻl stansiyasi vagon egasi yoki ijarachini Temir yoʻl ustavida belgilangan tartibda xabardor etishi shart.
9-bob. Yuk tashish shartnomasini oʻzgartirish
160. Yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tashish shartnomasini oʻzgartirish huquqiga egadir.
Yuk joʻnatuvchi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi va yukni oluvchini oʻzgartirish, shuningdek yukni oluvchiga yuk hali topshirilmagan boʻlsa, yukni joʻnatish temir yoʻl stansiyasiga qaytarish huquqiga ega.
Yukni oluvchini oʻzgartirish haqidagi ariza yukni qabul qilish kvitansiyasining asl nusxasi ilova qilingan holda yuk joʻnatuvchi tomonidan temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga beriladi. Yukni oluvchiga yuk hali topshirilmagan boʻlsa, temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchining koʻrsatmasini bajaradi.
Harakat yoʻnalishidagi temir yoʻl stansiyalarining plombalari bilan kelgan vagonlar yoki tijorat kamchiliklari mavjud boʻlgan vagonlarni boshqa manzilga oʻzgartirish qatʼiyan taqiqlanadi.
161. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchining arizasi asosida yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi va (yoki) yukni oluvchini oʻzgartirgan holda tashilayotgan yuklarni manzilini oʻzgartirish huquqiga ega.
Manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) yoki uning mintaqaviy boʻlinmasiga beriladi.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yoki mintaqaviy boʻlinmasining yukni manzilini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi yukning manzilini oʻzgartirishni rasmiylashtirayotgan temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga, nusxasi esa dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga yuboriladi. Manzilni oʻzgartirishni rasmiylashtirayotgan temir yoʻl stansiyasi dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga yukning manzilini oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida telegraf yoki boshqa elektron vositalari orqali xabar berishi lozim.
Harbiy eshelonlar va harbiy transportni manzilini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy boʻlinmalari tarmoq organlarining yuk manzilini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasi yoki yuk joʻnatuvchi va (yoki) yukni oluvchining harbiy boʻlinmalar organlari bilan kelishilgan holda taqdim etgan arizasi asosida amalga oshiriladi.
162. Manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
vagon (konteyner) raqami va yukxati raqami;
yuk joʻnatuvchining nomi;
joʻnatish temir yoʻl stansiyasi;
yuk nomi;
dastlabki yetkazish temir yoʻl stansiyasi;
dastlabki yukni oluvchining nomi;
yangi yetkazish temir yoʻl stansiyasi;
yangi yukni oluvchining nomi;
manzilni oʻzgartirish sabablari;
manzili oʻzgarishi lozim boʻlgan yukning tashish hujjatlarini yetkazish temir yoʻl stansiyasida rasmiylashtirish vazifasi ishonib topshirilgan tashkilotning nomi, jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi.
163. Yukni oluvchi oʻzgarganda, ariza nusxasi dastlabki yukni oluvchiga ham yuborilishi kerak.
164. Yukning manzili oʻzgartirilganda, tashish hujjatlari yangidan tuziladi yoki dastlabki tashish hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilgan holda tashishlar amalga oshiriladi.
Yuklarning manzilini oʻzgartirish uchun tashish hujjatlariga yozuvlar kiritish mazkur Qoidalarning 4-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
165. Yukni oluvchi import yuklarining manzilini yuk temir yoʻl transportining (tashuvchining) kirish chegara temir yoʻl stansiyasini kesib oʻtgan paytdan boshlab oʻzgartirish huquqiga ega.
166. Toʻliq toʻplamda tashilayotgan konteynerlardagi yuklarni, shuningdek bitta yukxati boʻyicha harakatlanayotgan marshrutlar yoki vagonlar guruhi manzilini oʻzgartirish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Yakka konteynerlardagi yuklarni va bitta yukxati boʻyicha harakatlanayotgan marshrut yoki guruhning alohida vagonlarining manzilini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan uy-roʻzgʻor buyumlari mustasno. Marshrut yoki guruh joʻnatmasi tarkibida harakatlanayotgan vagonlarning manzilini oʻzgartirish yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyalarida amalga oshiriladi.
167. Dastlabki hujjatlar boʻyicha manzilni oʻzgartirishni rasmiylashtirish vaqtida temir yoʻl stansiyasi tomonidan tashish hujjatlarining barcha nusxalarida manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi buyruqning raqami va sanasini koʻrsatgan holda yozuv kiritiladi hamda temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli va temir yoʻl stansiyasi vakolati xodimining imzosi bilan tasdiqlanadi.
168. Xalqaro qatnovda tashilayotgan yuklar manzilini oʻzgartirish ishlari SMGSda oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
169. Tez buziluvchan yuklar manzilini oʻzgartirishga tegishli sertifikatda (mazkur mahsulot Oʻzbekiston Respublikasida sertifikatlanishi lozimligi sharti bilan) yoki tovar markirovkasida koʻrsatilgan muddat tugagunga qadar yukni yangi manzilga yetkazib berish sharti bilan ruxsat beriladi.
170. Uy-roʻzgʻor buyumlarining manzilini oʻzgartirish haqidagi ariza yukni oluvchi tomonidan dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga taqdim etiladi.
Ariza yukni oluvchi ishonchnomasi asosida boshqa shaxs tomonidan yukni qabul qilish kvitansiyasining asl nusxasi va uy-roʻzgʻor buyumlarini yangi manzilga yetkazishga doir yangi yukxati ilova qilingan holda berilishi mumkin.
Uy-roʻzgʻor buyumlarini manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza joʻnatish temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yoki yangi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻi orqali berilishi mumkin.
Uy-roʻzgʻor buyumlarining manzilini oʻzgartirish haqidagi arizani olgan temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yukni qabul qilish kvitansiyasining orqa tomoniga “____________ temir yoʻl stansiyasi manzilini oʻzgartirish haqidagi ariza temir yoʻl transporti tomonidan qabul qilindi” yozuvini kiritadi.
Ushbu yozuv temir yoʻl stansiyasi boshligʻi imzosi va temir yoʻl stansiyasi kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadi hamda yukni qabul qilish kvitansiyasi yuk egasiga qaytariladi.
Uy-roʻzgʻor buyumlarini manzilini oʻzgartirish haqidagi ariza joʻnatish temir yoʻl stansiyasi yoki yangi manzildagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga berilgan boʻlsa, ular yukni oluvchining aniq manzilini koʻrsatgan holda uy-roʻzgʻor buyumlari manzili oʻzgarganligi haqida dastlabki joʻnatish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga telegramma orqali xabar berishi lozim.
Dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi boshligʻi telegrammani olishi bilan yangi tashish hujjatlarini tuzadi va yukxatining “Yuk joʻnatuvchi” grafasiga “DS (stansiya boshligʻi) _______ (stansiya)_____ yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchining) topshirigʻiga asosan ________ (yuk egasi familiyasi)” yozuvini koʻrsatadi.
171. Yukning manzilini oʻzgartirish yangi tashish hujjatlari asosida amalga oshirilganda, ariza beruvchi dastlabki va yangi tashish hujjatlari boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
172. Yukning manzilini oʻzgartirish rasmiylashtirilganidan soʻng temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi maxsus kitobda manzili oʻzgargan yuk toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlarni qayd etishi lozim:
manzilni oʻzgartirish sanasi;
vagon raqami;
dastlabki tashish hujjatining raqami;
joʻnatish temir yoʻl stansiyasi;
yukning nomi va vazni, yuk joylari soni;
dastlabki yukni oluvchining nomi;
yangi tashish hujjatining raqami (dastlabki hujjatlar boʻyicha manzilni oʻzgartirish vaqtida dastlabki hujjat raqami koʻrsatiladi);
yangi yetkazish temir yoʻl stansiyasi;
yangi yukxatida yukning vazni va yuk joylar soni;
yangi yukni oluvchining nomi;
manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisidagi buyruqning sanasi va raqami hamda buyruqni imzolagan shaxs.
173. Temir yoʻl stansiyasi hududida yukxatida koʻrsatilgan yukni oluvchi yoʻq boʻlsa, yuk joʻnatuvchining koʻrsatmasiga binoan tashish shartnomasini oʻzgartirish Temir yoʻl ustaviga muvofiq dastlabki hujjatlar boʻyicha yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasini oʻzgartirmasdan yukni oluvchi boshqa oluvchiga oʻzgartirilganda, oʻzgartirilgan (boshqa) yukni oluvchidan tashish haqi toʻlovlarini undirgan holda amalga oshiriladi.
Yukning manzilini oʻzgartirishda tashish haqi toʻlovlarini hisoblash va undirish quyidagicha amalga oshiriladi:
1) yuk harakatlanish yoʻnalishidagi temir yoʻl stansiyasida topshirilishi kerak boʻlsa, tashish toʻlovlari faqat ushbu temir yoʻl stansiyasigacha amalga oshirilgan tashish uchun hisoblanadi va undiriladi;
2) yuk yangi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasidan oʻtib ketganda va temir yoʻl transporti (tashuvchi) uni xuddi shu yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga qaytarganda, yuk ushlanib qolgan temir yoʻl stansiyasigacha boʻlgan tashish toʻlovlaridan tashqari, yuk ushlanib qolgan temir yoʻl stansiyasidan yangi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasigacha yukni tashish uchun toʻlovlar hisoblanadi va alohida undiriladi;
3) yuk dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasidan uzoqroqda joylashgan yangi temir yoʻl stansiyasiga yoki yukning dastlabki yoʻnalishida joylashmagan temir yoʻl stansiyasiga joʻnatilishi lozim boʻlsa, tashish toʻlovlari dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasigacha yoki yuk ushlanib qolgan temir yoʻl stansiyasigacha va yuk ushlanib qolgan ushbu temir yoʻl stansiyasidan yangi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasigacha tashish uchun alohida hisoblanadi va undiriladi;
4) yuk joʻnatish temir yoʻl stansiyasiga qaytarilishi lozim boʻlsa, tashish toʻlovlari yukni qaytarish temir yoʻl stansiyasigacha amalga oshirilgan tashish uchun va ushbu temir yoʻl stansiyasidan joʻnatish temir yoʻl stansiyasigacha amalga oshirilgan tashish uchun alohida hisoblanadi va yuk joʻnatuvchidan undiriladi.
174. Dastlabki yuk joʻnatuvchi tomonidan oʻrnatilgan soz plombalar mavjudligida yangi tashish hujjatlari boʻyicha yukning manzilini oʻzgartirish plombalar yechilmagan holda amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi tomonidan manzilni oʻzgartirishda tashish hujjatlarida yukning nomi grafasida “Vagon dastlabki yuk joʻnatuvchi oʻrnatgan soz plombalar bilan manzil oʻzgartirildi” degan yozuv kiritiladi.
Ariza beruvchi manzilni oʻzgartirishda dastlabki plombalarni yechib, yangi plombalarni oʻrnatgan holda yuk manzilini oʻzgartirish huquqiga ega.
Yuklarni dastlabki tashish hujjatlari boʻyicha manzilni oʻzgartirish yuk joʻnatuvchining dastlabki plombalari yechilmasdan amalga oshiriladi.
175. Hayvonlar va parrandalarni tashishda manzilni oʻzgartirish davlat veterinariya xizmati organlari bilan kelishilishi lozim.
176. Manzilni oʻzgartirish temir yoʻl stansiyasida yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) boʻlmagan hollarda, manzilni oʻzgartirish temir yoʻl stansiyasi tomonidan umumiy shakldagi dalolatnoma tuzilib, unda yangi yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida undiriladigan barcha toʻlovlar (manzilni oʻzgartirish, manyovr ishi toʻlovlari, hujjatlar va toʻlovlarni rasmiylashtirish, vagonlar turib qolgani va konteynerlar ushlanib qolgani uchun jarima) koʻrsatiladi.
177. Yukning dastlabki yetkazish temir yoʻl stansiyasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza yuk ushbu temir yoʻl stansiyasiga kelishidan avval berilsa, shuningdek yuk manzili yoʻl davomida oʻzgartirilsa, vagonlar turib qolganligi uchun jarima undirilmaydi.
Yukning manzilini oʻzgartirish haqidagi ariza dastlabki yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yukni oluvchiga vagon yuk tushirish uchun olib kirilgandan soʻng berilgan boʻlsa, vagon yuk tushirish uchun olib kirilgan vaqtdan yangi tashish hujjatlarini rasmiylashtirish vaqtigacha turib qolgani uchun Temir yoʻl ustaviga muvofiq jarima hisoblanadi.
10-bob. Yuklarni ortish va tushirish muddatlari
178. Yuklarni yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarning kuchi va texnik vositalari bilan mexanizatsiyalashmagan usulda ortish va tushirish toʻrt oʻqli vagonlar uchun mazkur Qoidalarning 16 va 17-ilovalarida, mexanizatsiyalashgan usulda ortish va tushirish toʻrt oʻqli vagonlar uchun mazkur Qoidalarning 18 va 19-ilovalarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
179. Sakkiz oʻqli vagonlarda yuklarni ortish va tushirish muddatlari toʻrt oʻqli vagonlar uchun yuklarni ortish va tushirish muddatlaridan ikki barobar koʻp etib belgilanadi. Tirik baliq tashuvchi vagonlarga yuklarni ortish va tushirish muddatlari cheklanmaydi.
Nogabarit yuklarni hamda transporterlarda va maxsus jihozlangan platformalarda tashiladigan yuklarni tashishda yuk ortish va tushirish muddatlari temir yoʻl stansiyalari, temir yoʻl transportining (tashuvchining) mintaqaviy boʻlinmalari, shuningdek shoxobcha yoʻllarining ish sharoitlarini hisobga olgan holda temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilanadi.
180. Bir vaqtning oʻzida yuklarni quyish va toʻkish frontiga qoʻyilgan sisternalar va bunkerli yarim ochiq vagonlar partiyasining quyish va toʻkish muddatlari quyidagi muddatlardan oshmasligi kerak:
1) quyish punktlarda:
mexanizatsiyalashgan quyish punktlarida mahsulot turi, sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlarning yuk koʻtarish qobiliyatlaridan qatʼiy nazar — 2 soat;
mexanizatsiyalashmagan quyish punktlarida mahsulot turidan qatʼiy nazar toʻrt va undan ortiq oʻqli sisterna hamda bunkerli yarim ochiq vagonlarga — 2 soat;
2) toʻkish punktlarda:
mexanizatsiyalashgan toʻkish punktlarida toʻrt va undan ortiq oʻqli sisterna hamda bunkerli yarim ochiq vagonlarga — 2 soat;
mexanizatsiyalashmagan toʻkish punktlarida toʻrt va undan ortiq oʻqli sisterna hamda bunkerli yarim ochiq vagonlarga — 4 soat;
181. Vagonlar tariq, zigʻir va xantal urugʻlari, sorgo va chumiza tashish uchun jihozlanganda, mazkur Qoidalarning 12-bobiga muvofiq yuk joʻnatuvchi iltimosiga koʻra jismoniy vagonga yuk ortish uchun qoʻshimcha 20 daqiqa vaqt berilishi lozim.
Jonzodlarni tushirishda temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yukni oluvchining iltimosiga koʻra goʻngni toʻplash uchun mazkur Qoidalarning 17-ilovasida keltirilgan muddatlarga qoʻshimcha ravishda yozda 30 daqiqa, qishda 1 soat muddat taqdim etadi.
182. Vagonlar temir yoʻl stansiyasida yuk ortishda (tushirishda) turib qolishining boshlanishi vaqti vagonlar yuk ortish (tushirish) uchun qoʻyib berilgan vaqt hisoblanadi.
Vagonlar yuk ortishda (tushirishda) turib qolishining tugashi vaqti yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchining) qoʻyib berilgan vagonlarni bir vaqtning oʻzida olib chiqishga tayyorligi toʻgʻrisidagi xabarnomasi temir yoʻl stansiyasi tomonidan olingan vaqt hisoblanadi.
Yuk ortish (tushirish) muddatlari har xil boʻlgan vagonlar guruhi uchun yuk ortish (tushirish) muddati eng koʻp boʻlgan vagonlar uchun belgilangan muddatlar beriladi.
Yuk ortish (tushirish) joylariga qoʻyib berilgan vagonlar partiyasidagi ortilgan (boʻshatilgan) vagonlar temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan olib ketilgan vaqtdan eʼtiboran yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchining) hisobidan chiqariladi.
183. Agar ortilgan nogabarit va gabaritli yuklarning joylashtirilishi va mahkamlanishining texnik shartlari oʻrnatilmagan boʻlsa, shuningdek maxsus harakatdagi temir yoʻl tarkiblarida tashiladigan gabaritli ogʻir vaznli yuklar tasdiqlangan hisob-kitoblar va chizmalarga mos kelmasa, vagonlarning turib qolishi yuklarni qabul qilishdan oldin yuk joʻnatuvchi hisobida hisoblanadi.
184. Vagonlarning temir yoʻl shoxobcha yoʻllarida turib qolishi vaqtini hisoblash Temir yoʻl ustaviga muvofiq amalga oshiriladi.
185. Yukni ortish-tushirish mashinalari qoʻllanilsa yoki mazkur Qoidalarning 18 va 19-ilovalarida koʻrsatilmagan yuklarni ortish va tushirish ishlari mexanizatsiyalashgan usulda bajarilsa, yukni ortish hamda tushirish muddatlari yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan birgalikda belgilanadi.
Ushbu muddatlarni belgilash mazkur Qoidalarning 20-ilovasidagi Mexanizatsiyalashgan uslubda vagonlarga yuklarni ortish va tushirish muddatlarini hisoblash metodikasiga muvofiq amalga oshiriladi.
186. Vagonlarning vaznini oʻlchash va yuklarni dozalash ishlari yuk ortish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi kerak.
Dozalash punktlarida bitta vagon uchun vazn oʻlchash va dozalash vaqtining muddatlari mazkur Qoidalarning 21-ilovasida belgilangan muddatlardan oshmasligi lozim.
11-bob. Qiymati eʼlon qilingan yuklarni tashish
187. Yuk joʻnatuvchi quyidagi yuklarning qiymatini eʼlon qilishi shart:
1) qimmatbaho metallar va ulardan yasalgan buyumlar, qimmatbaho toshlar, narxnoma boʻyicha narxi belgilanmagan sanʼat asarlari, suratlar, haykallar, badiiy buyumlar, antikvar ashyolar, gilamlar, narxi tasdiqlanmagan tajriba mashinalari, uskunalar va moslamalar. Ushbu yuklar yuk joʻnatuvchi tomonidan plombalangan yoki muhrlangan tarada (qadoqda) tashishga taqdim etilishi lozim;
2) yuk joʻnatuvchilarning kuzatuvchilarisiz tashilayotgan uy-roʻzgʻor buyumlari.
188. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida toʻkilgan, uyulgan, quyilgan holda kuzatuvchilar ishtirokida va yuk joʻnatuvchining plombalari bilan tashilayotgan yuklar, shuningdek tez buziluvchan va xavfli yuklar qiymati eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bitta yukxati boʻyicha tashilayotgan yuk qismining qiymati ham eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilmagan boshqa yuklarning qiymatini yuk joʻnatuvchining xohishiga koʻra eʼlon qilishi mumkin.
189. Yukning eʼlon qilingan qiymati uning haqiqiy qiymatidan yuqori boʻlmasligi kerak.
190. Qiymati eʼlon qilingan yukni tashishga taqdim etishda yuk joʻnatuvchi mazkur Qoidalarning 22-ilovasida belgilangan shakl boʻyicha yuk joylari roʻyxatini uch nusxada tuzishi shart. Birinchi nusxa tashish hujjatlari bilan yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga yuboriladi, ikkinchi nusxasi joʻnatish temir yoʻl stansiyasida qoladi, uchinchi nusxasi yuk joʻnatuvchiga beriladi.
Uy-roʻzgʻor buyumlari roʻyxatida yuk joʻnatuvchi har bir yuk joyining eʼlon qilingan qiymatini koʻrsatishi shart. Qadoqlangan buyumlardan har birining qiymatini koʻrsatish shart emas.
191. Tashish hujjatlarini rasmiylashtirishda joʻnatish temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi roʻyxatda yukxati raqamini koʻrsatadi, “Roʻyxat qabul qilindi ______” grafasiga imzo qoʻyadi va temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempelini bosadi. Roʻyxatning bir nusxasi yuk joʻnatuvchiga qaytariladi, boshqasi esa temir yoʻl stansiyasining yigʻmajildida qoladi. Roʻyxat bir nechta varaqda tuzilgan boʻlsa, kalendar shtempeli har bir varaqqa bosiladi.
192. Yuk joʻnatuvchi har bir yuk joyi ichiga roʻyxatni joylashtirishi shart.
193. Yuk joʻnatuvchi tomonidan yukning qiymati oshirib koʻrsatilganini gumon qilishga asos mavjud boʻlsa, temir yoʻl stansiyasi yukning qiymatini tekshirish uchun tashishga taqdim etilgan yukni ochishni talab etadi.
12-bob. Uyulgan holda tashiladigan gʻalla yuklarini tashish
194. Javdar, bugʻdoy, suli, arpa, grechixa, tariq, makkajoʻxori doni va soʻtalari, moyli va dukkakli ekinlar urugʻlari, sholi, tegirmon va don chiqindilari, kepak, omuxta yemlarni don tashuvchi maxsus vagonlarda yoki yuk joʻnatuvchilar tomonidan taqdim etiladigan eshik toʻsiqlari (toʻsiq) bilan jihozlangan yopiq vagonlarda uyulgan holda tashishga ruxsat beriladi.
Tariq, zigʻir va gorchitsa urugʻlari, sorgo, chumizani tashish vaqtida yuk joʻnatuvchi vagon devorlari va toʻsiqlariga qogʻoz yoki yuk toʻkilishini oldini oladigan boshqa materiallarni yopishtiradi. Boshqa donli yuklar, shuningdek un, yorma va kalibrlangan makkajoʻxori urugʻlari faqat tarada tashiladi.
195. Gʻalla yuklari va uyulgan holda tashiladigan yuklarni ortish uchun zarur boʻlgan moslamalar hamda materiallar yuk joʻnatuvchilar tomonidan oldindan tayyorlab qoʻyilishi lozim.
Tashish moslamalarini yuk ortish vaqtida oʻrnatish va yuk tushirish vaqtida yechib olish, yuk ortish va tushirish ishlari kimning vositalari yordamida bajarilishiga koʻra yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan bajariladi. Oʻrnatilgan tashish moslamalari haqidagi maʼlumotlarni yuk joʻnatuvchi yukxatida koʻrsatishi mumkin.
Vagonlarga toʻsiqlar va panjaralarni oʻrnatish, ularni mahkamlash, vagonlar lyuklarini toʻsish va boshqa qoʻshimcha ishlar, tashish moslamalarini toʻgʻri oʻrnatish hamda mahkamlash uchun javobgar boʻlgan yuk joʻnatuvchi tomonidan bajariladi. Yuk joʻnatuvchiga tegishli barcha tashish moslamalari yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasida yukni oluvchiga yuk bilan birgalikda topshiriladi.
Toʻsiqlar vagon eshiklari grafalariga (toʻsiqning metal qoplama teshiklari orqali) har biri 100 — 110 mm dan uzun boʻlmagan ikkita mix bilan qoqiladi.
196. Don (javdar, bugʻdoy, arpa, suli, makkajoʻxori doni), noʻxat, grechixani yechiladigan va yechilmaydigan toʻsiqlarga ega boʻlgan toʻrt oʻqli yopiq vagonlarda uyulgan holda tashish vaqtida yuk vagon eshigi oʻrnining yuqori qismidan 10 sm pastda joylashtirilishi lozim. Bunda, donning (javdar, bugʻdoy, arpa, suli, makkajoʻxori donining) vagon yon devorlari tomoniga tabiiy qiyalik burchagi ostida koʻtarilishining boshi don toʻsigʻi chetidan kamida 100 sm, noʻxat va grechixa uchun esa kamida 150 sm masofada boʻlishi lozim.
Tariq, zigʻir, gorchitsa va javdar urugʻlari gʻalla toʻsigʻining yuqori qismidan 10 sm pastda vagon yon devorlariga qarab koʻtarilmasdan ortiladi.
Oʻzi zichlanadigan eshiklar bilan jihozlangan toʻrt oʻqli yopiq vagonlarga don vagon tomida joylashgan lyuklar orqali ortiladi.
Yuklarni toʻkilgan yoki uyulgan holda lyuk sathidan yuqori qilib ortish vaqtida yuk joʻnatuvchi vagonlar lyuklarini zich yopishi va ichki tomonidan qop matosi yoki bir necha qatlamli qalin qogʻoz bilan bekitishi lozim.
197. Gʻalla yuklarini ortish uchun soz va tozalangan, Temir yoʻl ustavida belgilangan hollarda esa yuvilgan vagonlar (konteynerlar) qoʻyib beriladi.
Yuk joʻnatuvchi yuk ortishdan avval vagonlar va toʻsiqlar sozligi, tozalanganligi, ularda zararkunandalar, don toʻkilishiga sabab boʻluvchi teshik va tirqishlar yoʻqligiga ishonch hosil qilishi shart.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan kelishgan holda don ortish uchun vagonlarning yaroqliligini oldindan koʻzdan kechirish yuk joʻnatuvchining vakili tomonidan vagonlarni yuvish va tayyorlash punktlarida amalga oshirilishi mumkin.
198. Gʻalla toʻsiqlarini vagonlarga ortish va tushirish umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tomonidan bajariladi.
199. Gʻalla yuklarini yechib olinmaydigan eshik toʻsiqlari bilan jihozlangan vagonlarga uyulgan holda ortish uchun qoʻyib berishdan oldin temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimlari toʻsuvchi toʻsiqlar va barcha moslamalarning sozligini puxta tekshiradi.
Toʻsiqlari nosoz boʻlgan vagonlarga don ortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻsiqlarda aniqlangan nosozliklar vagonlarni yuk ortishga qoʻyib berishdan ilgari bartaraf etiladi.
13-bob. Yuklarni toʻkilgan holda tashish
200. Mazkur Qoidalarning 23-ilovasida koʻrsatilgan yuklar vagonga ortilgan yuklar joylarining soni vizual hisoblanmaydigan sharoitda toʻkilgan holda (joylar hisobga olinmasdan) tashiladi. Ushbu yuklarni tashishda yukxatining “Yuk joylari soni” grafasida “toʻkilgan holda” deb koʻrsatiladi.
201. Mazkur Qoidalarning 24-ilovasida koʻrsatilgan yuklar eshik toʻsiqlari oʻrnatilgan holda tashiladi.
Vagonlar eshiklarining oʻrnini toʻsish uchun taxtalar, gorbillar, toʻsiqlar, kraft-qogʻozlardan toʻsiqlar hamda qadoqlangan yuklar qoʻllanilishi mumkin.
Mazkur Qoidalarning 25-ilovasida koʻrsatilgan yuklarni ortish va tushirishda yuk joʻnatuvchi hamda yukni oluvchilar vagon buksalariga himoyalovchi fartuklar oʻrnatishi shart. Ushbu yuklar tushirilgandan soʻng vagonlar majburiy ravishda yuviladi yoki tozalanadi.
Vagonlarni yuvish yoki tozalash:
yukni tushirish yukni oluvchi tomonidan bajarilgan boʻlsa, yukni oluvchi tomonidan;
yuk temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tushirilgan boʻlsa, temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan amalga oshiriladi.
Vagonlarni yuvish yoki tozalash yukni oluvchining kuchi va texnik vositalari yordamida yoki temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukni oluvchining hisobidan amalga oshiriladi.
202. Mazkur Qoidalarning 25-ilovasida koʻrsatilgan yuklar tushirilgandan soʻng vagonlarni yuvish yoki tozalash quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
1) aylanma marshrutlarda ifloslantiruvchi yoki badboʻy yuklarni tashishda ushbu vagonlar xuddi shu yuklarni ortish uchun foydalanilsa;
2) bir turdagi ifloslantiruvchi (badboʻy) yuklar tushirilganidan soʻng vagonga boshqa turdagi ifloslantiruvchi (badboʻy) yuklar ikkilamchi operatsiyalar tartibida yuklanganda;
3) mazkur Qoidalarning 25-ilovasida koʻrsatilgan yuklarni tashish uchun ixtisoslashtirilgan vagonlardan yuk tushirish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa.
203. Sement, ohak materiallari va toʻkilgan holda tashiluvchi materiallar tushirilganidan soʻng boʻshagan vagonlarni, xopper-sement tashuvchi, mineral, don, apatit, akatish tashuvchi boʻsh vagonlarni tashish maqsadida yukni oluvchilar tomonidan har bir vagon uchun alohida qayta joʻnatiladigan yukxati rasmiylashtiriladi. Qayta joʻnatiladigan yukxati mazkur Qoidalarning 26-ilovasida belgilangan shaklda tuziladi.
204. Harbiy qismlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi muassasalari tomonidan yuklar tushirilgandan soʻng boʻshagan vagonlar uchun qayta joʻnatiladigan yukxatiga yukni tushirgan tashkilot nomi, yukni oluvchi agentining lavozimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilmaydi hamda yukni oluvchi tomonidan shtempel qoʻyilmaydi.
205. Qayta joʻnatiladigan yukxati bilan bir vaqtda yukni oluvchi tomonidan boʻsh vagonni joʻnatish temir yoʻl stansiyasida qoluvchi qayta joʻnatiladigan yukxatining koreshogi toʻldiriladi.
Qayta joʻnatiladigan yukxatining orqa tomonida qayta ortish temir yoʻl stansiyasiga kelgan vagonni koʻzdan kechirish natijalari aks ettiriladi.
14-bob. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida yuklarni tashish
206. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida (platforma va yarim ochiq vagonlarda) mazkur Qoidalarning 27-ilovasida koʻrsatilgan hamda oʻz kimyoviy va fizik xususiyatlariga koʻra tashqi taʼsirlardan himoyaga muhtoj boʻlmagan yuklarni tashishga ruxsat etiladi. Tosh koʻmir, qoʻngʻir koʻmir, koks, maʼdan va maʼdan konsentratlarini tashish yarim ochiq vagonlarda amalga oshiriladi.
Mazkur Qoidalarning 27-ilovasida qayd etilmagan yuklar ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchi) universal yoki maxsus konteynerlarida tashilishi mumkin.
Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida xavfli yuklarni tashishga Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalarida koʻrsatilgan hollardagina ruxsat beriladi.
207. Tez yonuvchan tara va qadoqlarni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkiblarida tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
208. Tarkibida mayda qismlar mavjud boʻlgan yuklarni ortishdan oldin yuk joʻnatuvchi mazkur harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishga taqdim etilayotgan yuklar yoʻqolishi yuzaga kelmasligiga ishonch hosil qilishi zarur. Platforma yoki vagon kuzovi soz boʻlib, vagonning konstruktiv tirqishlari orqali yukning yoʻqolishi ehtimoli boʻlsa, yuk joʻnatuvchi vagon va yukning butligini taʼminlaydigan, poyezdlar harakatining xavfsizligiga xavf solmaydigan, yukning sifatiga taʼsir etmaydigan vositalar bilan ushbu tirqishlarni toʻsish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishi shart.
209. Tarkibida mayda qismlar (zarrachalar) mavjud boʻlgan yuklarni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibiga yuklashda yuk joʻnatuvchi mayda zarrachalar uchib ketishini hamda vagon bortidan yuqoriroq yuklangan hollarda yukning toʻkilishini oldini olish choralarini koʻrishi shart. Qayd etilgan choralar yukning har bir turi uchun alohida yuk joʻnatuvchi tomonidan ishlab chiqiladi.
Vagonlarda yukning yuza qismini tekislash va zichlash uchun mexanizatsiyalashgan qurilma va moslamalar qoʻllanilishi mumkin.
210. Navli koʻmirlar, briketlar hamda tarkibida mayda qismlari boʻlgan barcha koʻmirlar, yarim ochiq vagonlarga bortidan yuqoriroq qilib ortilganda, yuk joʻnatuvchi tomonidan mexanizatsiyalashgan qurilmalar yordamida zichlanishi shart. Bunda, yukning vagon bortidan yuqori boʻlgan qismining koʻndalang kesimi trapetsiya shakliga ega boʻlishi kerak. Koʻmirni ortishda zichlangandan soʻng vagonning koʻtarish qobiliyatidan toʻliq foydalanish taʼminlamaganda, yukning vagon bortidan yuqori boʻlgan qismining balandligi yarim ochiq vagonning tepa mahkamlangan brusidan 200 — 300 mm ni tashkil etishi kerak. Yukni zichlagandan keyin yukning vagon bortidan yuqori boʻlgan qismining pastki asosi yarim ochiq vagon borti mahkamlangan brusidan yuqori boʻlmasligi kerak.
211. Mineral-qurilish materiallari vagon bortidan yuqori ortilgan qismining asosi bort sathidan 50 mm past boʻlishi kerak. Yukning vagon bortidan yuqori boʻlgan qismining balandligi shagʻal uchun 780 mm, qurilish toshi uchun 700 mm, boshqa mineral-qurilish materiallari uchun 730 mm dan oshmasligi kerak. Yuklar ushbu meʼyorlardan yuqori ortilgan taqdirda, ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibi yuk joʻnatuvchi tomonidan koʻtarilgan bortlar bilan jihozlanishi kerak.
Vagonlarni koʻtarilgan bortlar bilan jihozlash yuk ortish gabariti doirasida amalga oshiriladi.
212. Yuklarni mexanizatsiyalashgan qurilmalar bilan zichlash va tashish chogʻida yukning but saqlanishini taʼminlaydigan usullarni qoʻllash yuk joʻnatuvchi tomonidan tuzilgan va vagon parki but saqlanishini taʼminlash qismida temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan kelishilgan yoʻriqnomada nazarda tutilgan tartibda bajarilishi kerak.
213. Yuk joʻnatuvchi yuk ortilgan va tushirilgandan soʻng vagonning tashqi qismini va vagon detallarini yuk ortish natijasida yuzaga kelgan ifloslanishdan tozalash bilan bir qatorda emulsiya va himoyalovchi plyonka qoldiqlaridan tozalashi shart.
15-bob. Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchilarning kuzatuvchilari hamrohligida yuk tashish
214. Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining kuzatuvchilari hamrohligida quyidagi yuklar vagonli joʻnatmalar bilan tashiladi:
1) hayvonlar, qushlar va arilar;
2) tashishda alohida xizmat koʻrsatilishini talab etuvchi tez buziluvchan yuklar;
3) tirik baliq;
4) oʻsimliklar va tirik gullar;
5) kuzatib borilishi Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalarida nazarda tutilgan xavfli yuklar;
6) muzey va antikvar qimmatbaho buyumlari;
7) oʻzining oʻqida yuk sifatida joʻnatiluvchi harakatdagi temir yoʻl tarkibi, ishlamayotgan holatda joʻnatiluvchi teplovozlar, elektrovozlar, matorvagon seksiyalar, kranlar va temir yoʻlda harakatlanuvchi boshqa texnika hamda platformalarda tashiluvchi temir yoʻl lokomotivlari, klass (yoʻlovchi) vagonlari va boshqa maxsus harakatdagi temir yoʻl tarkibi, kemalar, qayiqlar;
8) avtotransport vositalari, shu jumladan alohida vagonlarda tashiladigan traktorlar va motorli qishloq xoʻjaligi mashinalari, shuningdek avval foydalanishda boʻlgan hamda taʼmirlashga yuborilayotgan, taʼmirlashdan qaytarilayotgan yoki boshqa maqsadda tashilayotgan traktorlar va motorli qishloq xoʻjaligi mashinalari. Shaxsiy avtotransport vositalari egalari roziligi asosida bitta vagonda ikki va undan ortiq avtotransport vositalari egalari hamrohligida tashishga qabul qilinishiga ruxsat beriladi hamda har bir avtotransport vositalariga alohida yukxati rasmiylashtiriladi;
9) yoʻl davomida tushiriladigan yoki qoʻshimcha ravishda toʻldiriladigan yuklar;
10) ochiq qutilardagi vino va aroq.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilmagan yuklarni yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining kuzatuvchilari hamrohligida tashish yuk joʻnatuvchi yoxud yukni oluvchi xohishiga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va bank muassasalarining qoʻriqlanishi va kuzatib borilishi talab etiladigan yuklari, shu jumladan sanoat korxonalaridan joyda qabul qilingan, boshqa vazirliklar (idoralar) tomonidan koʻrsatilgan vazirliklar (idoralar) manziliga yetkaziladigan yuklar qayd etilgan vazirlik va idoralar vositalari yordamida hamda ular tomonidan belgilangan tartibda kuzatiladi va qoʻriqlanadi.
215. Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining xodimlari hamda yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchilar bilan yuklarni kuzatib borishga doir shartnoma tuzgan tashkilotning xodimlari yukni kuzatib borishi mumkin.
Tashishni rasmiylashtirishda yukni kuzatib borish topshirilgan kuzatuvchi joʻnatish temir yoʻl stansiyasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati va xizmat safari guvohnomasini (u mavjud boʻlgan holda) taqdim etishi shart.
216. Tashish hujjatlari toʻplamida yuk nomining tagida yuk joʻnatuvchining (yukni oluvchining) kuzatuvchisi hamrohligida tashilayotgani toʻgʻrisidagi yozuv kiritiladi hamda kuzatuvchining familiyasi, ismi va sharifi, pasportining (ID-kartaning) seriyasi va raqami, xizmat safari guvohnomasi (mavjud boʻlgan holda) koʻrsatiladi.
Kuzatuvchilar alohida vagonda ketayotgan boʻlsa yoki yuk ortilgan bir nechta vagonni kuzatib borayotgan boʻlsa, qoʻshimcha ravishda yukxatiga “Kuzatuvchilar ________-son vagonda ketmoqda” yozuvi kiritiladi.
217. Kuzatuvchining yoʻl haqi uchun Taʼrif qoʻllanmasi boʻyicha toʻlov undiriladi. Bu toʻlov yukxatiga kiritiladi va tashish toʻlovlari bilan bir vaqtda undiriladi.
218. Kuzatuvchi oʻzi bilan vagonda umumiy ogʻirligi 36 kg dan ortiq boʻlmagan qoʻl yukini (eng zarur vositalar, oziq-ovqat mahsulotlarini) bepul tashish huquqiga ega.
219. Joʻnatish temir yoʻl stansiyasi tomonidan kuzatuvchiga yoʻl qaydnomasi koreshogiga imzo qoʻydirilib, mazkur Qoidalarning 28-ilovasida belgilangan shakldagi harakatlanish huquqini beruvchi guvohnoma kuzatuvchiga topshiriladi. Guvohnomaga temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yoki temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi imzo qoʻyadi.
Guvohnomani olganda kuzatuvchi guvohnomada koʻrsatilgan kuzatuvchining asosiy majburiyatlari bilan tanishishi va bu haqda guvohnomaga imzo chekishi lozim.
220. Yuklarni kuzatib borish uchun kuzatuvchilar soni yuk joʻnatuvchi tomonidan aniqlanadi. Bitta vagonga ikkitadan ortiq kuzatuvchi tayinlashga ruxsat berilmaydi.
Yuk joʻnatuvchi tashish vaqtida kuzatuvchilarni almashtirish huquqiga ega. Bunda, almashish amalga oshirilayotgan temir yoʻl stansiyasining vakolatli xodimi tomonidan tashish hujjatlari toʻplamiga kuzatuvchi almashayotgani toʻgʻrisida “___________da (temir yoʻl stansiyasi nomi) kuzatuvchilar almashdi “ yozuvi hamda yangi kuzatuvchilar maʼlumotlari kiritiladi.
Yuk joʻnatuvchi tashishda yoki yukni topshirishda toʻsqinliklar yuzaga kelganda, yuk joʻnatuvchining majburiyatlarini bajarish va huquqlarini amalga oshirish vakolatini kuzatuvchiga berish huquqiga ega. Kuzatuvchining vakolatlari doirasini yuk joʻnatuvchi yukxatining “Yuk joʻnatuvchining alohida maʼlumotlari va belgilari” grafasida koʻrsatadi.
221. Kuzatuvchilarning majburiyatlari yukni vagonga ortishda kuzatib turish, yukni yuk joʻnatuvchidan qabul qilish, ular tomonidan kuzatib borilayotgan yuklarni qoʻriqlash, hayvonlarni parvarishlash, hayvonlarga suv va yem berish, yuklar zararlanishini oldini olish uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrish, vagondagi yukning mahkamlangani va barqaror turishini kuzatish hamda kuzatib kelingan yuklarni yukni oluvchilarga topshirishdan iborat.
Xavfli yuklarni kuzatishning qoʻshimcha shartlari Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalariga asosan oʻrnatiladi.
222. Vagonlarni isitish uchun pechlar va pech uskunalari yuk joʻnatuvchi tomonidan oʻrnatiladi.
Tashishda isitish uskunalari qoʻllanilsa, yuk va pech oʻrtasidagi masofa bir metrdan kam boʻlmasligi, ortilgan yukning balandligi esa vagon tomidan kamida 50 sm ga past boʻlishi kerak.
Vagondagi haroratni nazorat qilish uchun yuk joʻnatuvchi kuzatuvchini termometr bilan taʼminlashi shart.
223. Vagonda mavjud boʻlgan barcha yechiladigan qurilmalar boʻyicha joʻnatish temir yoʻl stansiyasi ikki nusxada roʻyxat tuzishi shart. Roʻyxatning bir nusxasi kuzatuvchi imzosi bilan qurilmalar mavjud boʻlgan vagonni qabul qilishda yukxatiga ilova qilinadi, ikkinchi nusxasi esa temir yoʻl stansiyasida qoldiriladi va yigʻmajildlariga tikiladi.
224. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasi yuk tushirilganidan soʻng vagonni qabul qilish chogʻida roʻyxat boʻyicha qurilmalar mavjudligi, buzilmaganligi va vagonning sozligini tekshiradi.
Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining kuzatuvchisi uning aybi bilan vagonda oʻrnatilgan qurilmalar va vagonning buzilishi yoki yoʻqotilishi boʻyicha temir yoʻl transporti (tashuvchi) oldida javobgar boʻladi.
225. Kuzatuvchilar hamrohligida harakatlanayotgan vagonlarning shikastlanishlari yoʻl davomida aniqlanganda va ushbu vagonlar mazkur poyezd tarkibida harakatini davom ettirishi imkoni boʻlmaganda, nosoz vagonlar poyezddan uziladi.
Vagonlar bir nechta kuzatuvchilar bilan harakatlanayotgan boʻlsa, kuzatuvchilardan biri ushlab qolingan vagonlar bilan qoladi.
Vagonlar bitta kuzatuvchi tomonidan kuzatilayotgan boʻlsa, kuzatuvchi soz vagonlar bilan (hayvonlar mavjud boʻlgan va tashishda alohida xizmat koʻrsatishni talab etadigan vagonlardan tashqari) birga ketadi, ushlab qolingan vagonlar esa undagi yuklar mavjudligi tekshirilgandan va nosozliklar bartaraf etilgandan soʻng plombalanadi hamda yetkazish manziliga yuboriladi.
Poyezddan uzilgan vagonlardagi yukni tekshirish kuzatuvchi ishtirokida amalga oshiriladi hamda mazkur Qoidalarning 28-bobida belgilangan tartibda tijorat dalolatnomasi yoki umumiy shakldagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Yoʻl davomida vagonlar uzilganligi toʻgʻrisida temir yoʻl stansiyasi kuzatuvchining guvohnomasiga uning talabiga asosan tegishli yozuvni qayd etishi shart.
Kuzatuvchi kasal boʻlib qolganida yoki kuzatuvchi yukni kuzatib borolmaydigan holatlar paydo boʻlganida, temir yoʻl stansiyasi yukni tekshirish va kuzatib borish bilan bogʻliq temir yoʻlning haqiqiy xarajatlarini yukni oluvchidan undirish uchun yukxatiga kiritgan holda yetkazish manzili boʻyicha yukni joʻnatishi shart.
226. Bir nafar kuzatuvchi tomonidan kuzatilayotgan vagonlar poyezdga bitta guruh boʻyicha qoʻyilishi kerak.
16-bob. Joʻnatuvchi marshrutlarda yuklarni tashish
227. Yuk poyezdlarini shakllantirish rejasiga muvofiq yuk joʻnatuvchi yoki temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan shakllantirilgan, kamida bitta temir yoʻl stansiyasida toʻxtamasdan harakatlanadigan va temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilangan ogʻirlik yoki uzunlikdagi poyezd tarkibi joʻnatuvchi marshrut hisoblanadi.
228. Joʻnatuvchi marshrutlarda yuklarni tashish ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda tuziladigan yuk tashish prognozlariga asosan amalga oshiriladi.
229. Tarmoq marshrutlari yadrosining ogʻirligi va uzunligi temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan belgilanadi.
Aniq manzillar uchun marshrutlar yadrosi ogʻirligi va uzunligining belgilangan meʼyorlari yuk joʻnatuvchilarga temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan eʼlon qilinadi.
230. Tashkil etilishi va shakllantirilishi usullariga koʻra joʻnatuvchi marshrutlar quyidagilarga boʻlinadi:
bitta temir yoʻl stansiyasida bitta yuk joʻnatuvchi tomonidan yuk ortilgan vagonlardan hamda temir yoʻl shoxobcha yoʻlida shoxobcha yoʻli egasi va mazkur shoxobcha yoʻlining yuk joʻnatuvchi — kontragentlari tomonidan yuk ortilgan vagonlardan shakllantirilgan joʻnatuvchi marshrutlar;
turli yuk joʻnatuvchilar tomonidan bitta temir yoʻl stansiyasida (stansiyali pogʻonasimon), bitta yuk joʻnatuvchi yoki turli yuk joʻnatuvchilar tomonidan uchastkaning bir nechta temir yoʻl stansiyalarida yoki temir yoʻl transportining (tashuvchining) mintaqaviy boʻlinmalarida (uchastkali pogʻonasimon) yuk ortilgan vagonlardan tuzilgan joʻnatuvchi pogʻonasimon marshrutlar.
231. Qoʻshiladigan vagonlarning yetkazish manziliga qarab marshrutlar quyidagilarga boʻlinadi:
1) bitta yoki bir nechta yukni oluvchining nomiga bitta yuk tushirish temir yoʻl stansiyasi manziliga yuboriladigan vagonlardan shakllantirilgan toʻgʻri marshrutlar. Yuklarni toʻgʻri marshrutlarda qabul qilish uchun zarur texnik vositalarga ega boʻlgan bunday temir yoʻl stansiyalar va yukni oluvchilarning roʻyxati temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukni oluvchilar bilan kelishilgan holda belgilanadi;
2) yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyalari boʻyicha vagonlar guruhlariga ajratilgan bitta yuk tushirish uchastkasining temir yoʻl stansiyasidagi marshrutlar. Bitta yukni oluvchi nomiga yuborishda guruhdagi vagonlarning maksimal miqdori unga tegishli yuk tushirish punktining temir yoʻl shoxobcha yoʻli ekspluatatsiyasi yoki vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish shartnomasida belgilangan yuk tushirish qobiliyatiga mos boʻlishi kerak;
3) tarqatish temir yoʻl stansiyasiga yetkazish manzili yoʻl davomida qayta ishlov berish imkon qadar qisqartirilishini hisobga olgan holda marshrut yoʻli davomida joylashgan uchastka yoki saralash temir yoʻl stansiyalarining yuk poyezdlarini shakllantirish rejasi boʻyicha tashkil etilgan marshrutlar. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) yuk joʻnatuvchilarni yuk poyezdlarini shakllantirish rejasi va marshrutlarni tashkil qilish rejasidan koʻchirma bilan taʼminlaydi;
4) punktlar uchun oʻrnatilgan amal qilish hududlari chegaralarida yukni oluvchilarga yuk tushirish temir yoʻl stansiyalari boʻyicha vagonlarni manzilga joʻnatish amalga oshiriladigan tarqatish punktlaridagi marshrutlar. Marshrutlarning tarqatish punktlari va ular amal qiladigan hududlar roʻyxati tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan oʻrnatiladi.
232. Yuklarni marshrutlarda tashishni prognozlashda marshrutlar qayta ishlov berilmasdan oʻtadigan yoʻlning eng uzoq masofasi inobatga olinishi kerak.
Yuk joʻnatuvchilar tomonidan taqdim etilayotgan yuklarni marshrutlarda tashish toʻgʻrisidagi oylik prognozlarda temir yoʻl transportining (tashuvchining) tegishli mintaqaviy boʻlinmalari marshrutlarning texnik-iqtisodiy samaradorligini tekshiradi.
233. Tarqatish punktlariga joʻnatuvchi marshrutlarda yuklarni tashishda yuk joʻnatuvchilar marshrutlarda yuklarni tashish toʻgʻrisidagi oylik prognozlarda tarqatish punktlari nomini, marshrutlar miqdori va ularda mavjud boʻlgan vagonlarning umumiy sonini ushbu tarqatish punkti amal qilish hududiga kiruvchi yetkazish (yuk tushirish) joylari boʻyicha taqsimlagan holda koʻrsatishi shart.
234. Marshrutlarga yuk ortish va tushirish uchun vagonlarni qoʻyib berish, ularni oʻrnatilgan ogʻirlik va uzunlikda shakllantirish, yuk ortilgandan (tushirilgandan) keyin qaytarish tartibi hamda joʻnatuvchi marshrutlarga va pogʻonasimon marshrutlar vagonlarining guruhiga yuk ortish va tushirish muddatlari temir yoʻl shoxobcha yoʻli ekspluatatsiyasi yoki vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish shartnomalari boʻyicha oʻrnatiladi.
Ushbu shartnomalarda barcha vagonlar uchun oʻrnatilgan umumiy (yagona) aylanma muddatni oʻrnatishda marshrutlarga yuk ortish va tushirish uchun alohida muddat nazarda tutilishi mumkin.
Joʻnatuvchi marshrutlarga qismlarga boʻlib yuk ortishda shartnomalar va texnologik jarayonlarda qismlar soni, ulardagi vagonlar miqdori, marshrutning har bir qismiga ortish muddati hamda marshrutning birinchi qismini qoʻyib berish vaqtidan ortishni tugatish va oxirgi qismini topshirish vaqtigacha hisoblanadigan marshrutga yuk ortishning umumiy uzluksiz muddati nazarda tutilishi kerak.
Umumiy foydalanishdagi joylarda joʻnatuvchi marshrutga yuk ortish va tushirishda temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan vagonlarga yuk ortish (tushirish) uchun oʻrnatilgan muddatga temir yoʻl transporti (tashuvchi) mintaqaviy boʻlinmasining rahbari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda tegishli hisob-kitoblar bilan asoslangan qoʻshimcha vaqt taqdim etadi.
235. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) marshrutlarga yuk ortish uchun vagonlarni birinchi navbatda qoʻyib berilishini taʼminlashi, yuk joʻnatuvchilar esa ustuvor ravishda ularga yukni ortishi shart.
Temir yoʻl shoxobcha yoʻllariga vagonlarni yuk ortish uchun qoʻyib berish, oʻsha yoʻllarda yuk tushirilgandan soʻng vagonlardan foydalanishni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Yuk joʻnatuvchilar marshrutlarga yuk ortish uchun qoʻyib berilgan vagonlarni yuk ortish va tushirishda turgan vagonlarga almashtirishi mumkin, bundan aylanma marshrutlar va vertushkalar tarkibidagi vagonlar mustasno.
236. Quyidagi hollarda marshrutga yuk ortish temir yoʻl transportining (tashuvchining) aybi bilan taʼminlanmagan hisoblanadi:
1) marshrutga yuk ortish uchun vagonlar toʻliq yoki qisman qoʻyib berilmaganda yoxud nosoz yoki berilgan yuk turiga mos kelmaydigan vagonlar qoʻyib berilganda;
2) berilgan hisobot sutkasida marshrutni ortish uchun toʻliq boʻlmagan muddatlarda vagonlarni qoʻyib berish, agar yuk joʻnatuvchilar hisobot sutkalarining oxirigacha yuklarini yuklamasa va temir yoʻlga topshirmasalar.
Marshrutlarga yuk ortish ishlari shoxobcha temir yoʻllaridan foydalanish va vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish shartnomasida belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazilishi kerak.
237. Quyidagi hollarda marshrutga yuk ortish yuk joʻnatuvchining aybi bilan taʼminlanmagan hisoblanadi:
1) ortish uchun tayinlangan mazkur sutkada va ortish uchun toʻliq muddat bilan temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan taʼminlangan vagonlar ortilmagan va hisobot sutkasining oxirigacha temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) topshirilmagan marshrut;
2) yuk joʻnatuvchi marshrutning kalendar prognozi boʻyicha ortishdan bosh tortsa;
3) temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) marshrut yoki marshrut yadrosi mazkur Qoidalarning 227 va 229-bandlarida belgilangan ogʻirlikka yoki vagonlar soniga muvofiq boʻlmaganda.
Temir yoʻl transporti (tashuvchi) mintaqaviy boʻlinmasining rahbari bilan kelishilgan holda marshrutni yetkazish manzili yangisiga almashtirilgan boʻlsa, marshrutga yuk ortish muddatlari buzilmagan hisoblanadi.
238. Mazkur Qoidalarning 236 va 237-bandlarida koʻrsatilgan joʻnatuvchi marshrutlarga yuk ortish taʼminlanmagan taqdirda, Temir yoʻl ustaviga asosan aybdor tomondan boshqa tomon foydasiga har bir yuk ortilmagan marshrut uchun jarima undiriladi, bundan tashuvlar prognozi bajarilmagani uchun jarima mustasno.
Marshrutlarga yuk ortish prognozi bajarilmay qolishiga yoʻl qoʻyilganda, marshrutlarga yuk ortishning bajarilmay qolgan prognozi kalendar dekadasi davomida ushbu dekadaning alohida kunlarida bajarilgan hollarda yuk joʻnatuvchilar va temir yoʻl transporti (tashuvchi) marshrutlarga yuk ortish taʼminlanmagani uchun jarima toʻlovlaridan ozod etiladi.
239. Joʻnatuvchi marshrutga yuk ortuvchi temir yoʻl stansiyasi yoki pogʻonasimon marshrutni shakllantiruvchi temir yoʻl stansiyasi yukni tushirish yoki tarqatish temir yoʻl stansiyasigacha marshrut tarkibida yoki marshrut yadrosida harakatlanib boruvchi vagonlarning yukxati va yoʻl qaydnomalariga shtempel bilan quyidagi yozuvlardan birini kiritadi:
“Toʻgʻridan-toʻgʻri ______-son joʻnatuvchi marshrut”;
“Temir yoʻlning ______ stansiyasiga tarqatiladigan ______-son joʻnatuvchi marshrut”;
“Toʻgʻridan-toʻgʻri ______-son pogʻonasimon marshrut”;
“Temir yoʻlning ______ stansiyasiga tarqatiladigan ______-son pogʻonasimon marshrut”.
17-bob. Mayda joʻnatmalar bilan yuklarni tashish
240. Tashish uchun alohida vagon berilishi talab qilinmaydigan va bitta yukxati boʻyicha taqdim etiladigan yuk partiyasi mayda joʻnatma hisoblanadi.
Mayda joʻnatma tarzida tashishga taqdim etilayotgan yuk miqdori:
hajmi boʻyicha toʻrt oʻqli yopiq vagon, yarim ochiq vagon sigʻimining uchdan bir qismi yoki toʻrt oʻqli platforma maydonining uchdan bir qismidan;
ogʻirligi boʻyicha 5000 kg dan ortiq boʻlmasligi kerak.
Hajmi boʻyicha alohida vagon talab qilinmagan hollarda umumiy brutto ogʻirligi 5000 kg dan ortiq boʻlgan yuk mayda joʻnatma sifatida tashilishi mumkin.
Mayda joʻnatmalar tarzidagi yuklarni umumiy foydalanishda boʻlmagan joylardan toʻgʻridan-toʻgʻri terma vagonlarda bitta yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga joʻnatishda yuqorida koʻrsatilgan hajmdan ortiq boʻlmagan alohida joʻnatmalar ogʻirligi chegaralanmaydi.
Bitta yukxati boʻyicha tashishga taqdim etilayotgan yukning ogʻirligi 80 kg dan kam boʻlmasligi kerak.
241. Mayda joʻnatmalardagi yuklarni tashishga qabul qilish mayda joʻnatmalar bilan ishlash uchun jihozlangan omborlarga ega boʻlgan temir yoʻl stansiyalarida, har bir yoʻnalish boʻyicha mayda joʻnatmalar yuk oqimlarining miqdorini hisobga olgan holda temir yoʻl transporti (tashuvchi) mintaqaviy boʻlinmasi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan kalendar jadval boʻyicha amalga oshiriladi.
Boshqa yuklar bilan birgalikda tashishga qabul qilinmagan yuklar (xavfli, badboʻy suyuqliklar, hayvonlardan olingan xom-ashyo) hamda ogʻir vaznli yuklar uchun qabul qilish va ortishda har bir yoʻnalish boʻyicha maxsus kunlar oʻrnatilishi mumkin.
242. Mayda joʻnatmalarni umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda qabul qilish va ortish yuk joʻnatuvchilarning temir yoʻl stansiyasi boshligʻi bilan kelishilgan dekada buyurtmalari va tashishlarning batafsil prognozi asosida amalga oshiriladi.
Vagonlar mayda joʻnatmalar bilan va vagonlarga yuk ortishning oʻrnatilgan texnik meʼyorlariga muvofiq yuklanishi kerak. Mayda joʻnatmalarni guruhlarga ajratishda ulardan eng koʻp miqdordagi toʻgʻridan-toʻgʻri terma vagonlar shakllanishi taʼminlanishi kerak.
243. Mayda joʻnatma tashishga taqdim etilishidan avval yukni joʻnatishga ruxsat olish uchun toʻldirilgan yukxati yuk joʻnatuvchi tomonidan temir yoʻl stansiyasi boshligʻiga taqdim etilishi kerak.
Mayda joʻnatmalar ortilishini oldindan prognoz qilish va bitta yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga eng koʻp miqdordagi terma vagonlar shakllanishini taʼminlash uchun temir yoʻl stansiyasi boshligʻi bilan kelishilgan kunlarda barcha yuk joʻnatuvchilar tomonidan yukxatlarini oldindan taqdim etish tartibi oʻrnatiladi.
Temir yoʻl stansiyasi boshligʻi kalendar jadval yoki qabul qilish va ortish prognozi asosida yukni olib kirish va ortish kunlarini yukxatida koʻrsatadi. Yirik temir yoʻl stansiyalarida yukni temir yoʻl stansiyasiga olib kirish soatlari koʻrsatilishi mumkin.
Mayda joʻnatmalar bilan yuklarni temir yoʻl stansiyasi omborlariga oldindan olib kirish temir yoʻl stansiyasi boshligʻi bilan kelishuv asosida amalga oshiriladi. Bunda, berilgan yoʻnalishning yuklarini ortish uchun kalendar jadvalida koʻzda tutilgan eng yaqin kunga yuk ortish belgilanadi va bu haqda yukxatining tegishli grafasida koʻrsatiladi.
244. Umumiy foydalanishda boʻlmagan joylardan mayda joʻnatmalar ortilishini amalga oshiruvchi yuk joʻnatuvchilar uchun temir yoʻl transporti (tashuvchi) toʻgʻridan-toʻgʻri va qayta yuk ortiladigan vagonlarni shakllantirish uchun yuk tushurish yoki saralash temir yoʻl stansiyalarini belgilaydi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan joylardan ortiladigan mayda joʻnatmalar ortish uchun oldindan tayyorlangan holda tashishga taqdim etilishi kerak. Yuk joʻnatuvchi tomonidan mazkur Qoidalarning 5-bobida nazarda tutilgan tartibda har bir yuk joyi joʻnatuvchi va temir yoʻl markirovkasi bilan belgilanishi kerak.
245. Yuk joʻnatuvchilar tomonidan vagonli joʻnatmalarni mayda joʻnatmalarga taqsimlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
246. Yopiq terma vagonlarga bitta yuk joyidagi ogʻirligi 500 kg oshmagan yuklar mayda joʻnatmalar bilan ortilishi mumkin.
247. Ogʻir vaznli (bitta yuk joyi ogʻirligi 500 kg dan ortiq va 5000 kg gacha), oʻlchami boʻyicha yopiq vagonga yuklab boʻlmaydigan uzun oʻlchamli va yirik yuklarning mayda joʻnatmalari ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashiladi. Ushbu yuklarning qadogʻi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar (texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar) talablariga mos kelishi va ortish-tushirish ishlarida mexanizatsiya vositalari qoʻllanilishini taʼminlashi kerak.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar (texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar) talablariga mos kelmaydigan qadoqdagi yuklarni mayda joʻnatmalar bilan tashishga qabul qilishda, temir yoʻl stansiyasi boshligʻi ortish, tashish, saralash va tushirishda yukning butligi toʻliq saqlanishi taʼminlanishi uchun alohida detal va uzellar qadoqlanishini talab etadi.
Ogʻir vaznli va yirik yuklar mayda joʻnatmalar bilan birgalikda bitta yukxati boʻyicha taqdim etilganda, yuk joʻnatuvchilar mayda joʻnatmalarni ogʻir vaznli yuklar bilan birga qadoqlashi yoki ularni tashishga alohida yukxati bilan taqdim etishi shart.
Ogʻir vaznli yuklar mayda joʻnatmalar bilan yarim ochiq vagonlarda tashishga qabul qilinganda, ular yuk koʻtarish mexanizmlariga ega boʻlgan temir yoʻl stansiyalari manziliga yuborilishi lozim.
248. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashib boʻlmaydigan, bitta yuk joyining ogʻirligi 500 kg dan ortiq va 1500 kg gacha boʻlgan ogʻir vaznli yuklar, shuningdek 3 m dan 5 m gacha uzunlikdagi yirik va uzun oʻlchamli yuklar yopiq vagonlarda har bir alohida holatlarda temir yoʻl stansiyasi boshligʻi ruxsati bilan tashilishi mumkin.
249. Mayda joʻnatmalarni tashishda vagonga ortiladigan yuk yoʻnalish davomida joylashgan temir yoʻl stansiyalarida alohida joʻnatmalarni tushirish chogʻida qolgan yukning joyidan qoʻzgʻatilmasligi taʼminlangan holda joylashtirilishi kerak. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashiladigan yuk SMGSning texnik shartlariga muvofiq mahkamlanishi kerak.
250. Mayda joʻnatmalarda xavfli, kuchli taʼsir etuvchi zaharli va portlovchi moddalar tashilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18-bob. Universal konteynerlarda yuklarni tashish.
251. Universal konteynerlar taraga joylashtirilgan donali yuklar, uy-roʻzgʻor buyumlari hamda taraga joylashtirilmagan va qadoqlanmagan yaroqli yuklarni dastlabki qadoqda yoki yengillashtirilgan tarada tashish uchun moʻljallangan konteyner turi hisoblanadi.
Universal konteynerlar temir yoʻl transportiga (infratuzilma egasiga, tashuvchiga), yuk joʻnatuvchilarga (yukni oluvchilarga) yoki transport kompaniyalariga (xususiy konteynerlar) tegishli boʻlishi mumkin.
Universal konteynerlarda tez buziluvchan va xavfli yuklarni tashilishi mumkin hamda ularni tashish mazkur Qoidalarning 19, 22-bobi va Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xususiy boʻsh konteynerlarni tashish oʻrnatilgan tariflar asosida barcha toʻlovlar undirilgan va tashish hujjatlarining toʻliq toʻplami rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi.
252. Suyuq yuklar universal konteynerlarda sinmaydigan tarada (bochkalar, bidonlar, kanistrlar va plastik idishlar) tashilishi mumkin.
Sigʻimi bir litrdan ortiq boʻlmagan shisha tarada tashiladigan suyuq yuklar karton qutilar va boshqa qadoqlarga joylashtirilishi kerak.
253. Yuklarni universal konteynerlarga ortish va ulardan tushirish yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl stansiyalarining umumiy foydalanishdagi joylarida universal konteynerlarni vagonlar va yuk avtotransport vositalariga yuklash hamda vagonlar va yuk avtotransport vositalaridan tushirish temir yoʻl transporti (tashuvchi), shuningdek boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda bu operatsiyalar yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
254. Universal konteynerlardagi yuklar Tarif qoʻllanmasiga muvofiq konteyner operatsiyalarini bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl stansiyalari oʻrtasida tashiladi.
255. Har bir yuklangan universal konteyner uchun yuk joʻnatuvchi alohida yukxatini tuzishi kerak.
256. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) ortish uchun soz holatda boʻlgan, yuk qoldiqlari va chiqindilaridan tozalangan, taqdim etilgan yukni tashish uchun yaroqli universal konteynerlarni qoʻyib berishi shart.
Taqdim etilgan yukni tashish uchun universal konteynerlarning tijorat jihatidan yaroqliligi yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilanadi.
Yuk joʻnatuvchi nosoz universal konteynerga yukni ortishdan bosh tortishi mumkin.
257. Yuklangan universal konteynerlar temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tashqi koʻrik amalga oshirilgan holda yuk joʻnatuvchilarning aniqlagan ogʻirligi va yuk joʻnatuvchilarning plombalari bilan qabul qilinadi.
258. Universal konteynerlarga yukni ortishda yuk joʻnatuvchi yukning spetsifikatsiyasi yoki hisobvaraq-fakturasini har bir konteyner ichiga joylashtirishi va unda yuk ortilgan joylar soni, har bir joydagi predmetlar roʻyxati, narxi hamda har bir predmetning vaznini koʻrsatishi shart.
Spetsifikatsiya va hisobvaraq-faktura yuk joʻnatuvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
259. Uy-roʻzgʻor buyumlari universal konteynerda tashish uchun taqdim etilganda, yuk joʻnatuvchi universal konteynerga joylashtirilgan barcha buyumlarning roʻyxatini har bir predmet uchun eʼlon qilingan narxni va yukning umumiy eʼlon qilingan qiymatini koʻrsatgan holda yukxatiga ilova qilishi shart.
Uy-roʻzgʻor buyumlarining roʻyxati temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan oʻrnatilgan shaklda har bir universal konteyner uchun uch nusxada tuziladi va temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi imzolari, shuningdek joʻnatish temir yoʻl stansiyasining kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadi.
Uy-roʻzgʻor buyumlarining roʻyxati universal konteynerga joylashtirilgan buyumlar bilan solishtirilganidan soʻng ushbu roʻyxatning bir nusxasi universal konteynerga joylashtiriladi, ikkinchisi yuk joʻnatuvchiga beriladi, uchinchisi esa joʻnatuvchi temir yoʻl stansiyasi yigʻmajildlarida qoladi. Universal konteyner yuk joʻnatuvchi ishtirokida temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan plombalanadi.
260. Yuklarni universal konteynerga joylashtirishda universal konteyner poliga tushuvchi ogʻirlik va uning devorlariga tushuvchi bosim teng taqsimlangan boʻlishi kerak.
Universal konteyner eshiklari oson yopilishi va ochilishi kerak hamda yukni joylashtirishda yuk va universal konteyner devori orasida 3 dan 5 sm gacha boʻsh joy qoldirilishi kerak. Yukni universal konteyner eshigiga taqab joylashtirish taqiqlanadi. Yuklarni yoki ularni mahkamlash moslamalarini mixlar va skobalar bilan universal konteynerning devorlari, poli va tomiga qoqish taqiqlanadi.
Universal konteyner ichiga joylashtirilgan predmetlarning buzilishi va sinishi hamda universal konteynerning oʻzi shikastlanishi va buzilishi uchun barcha javobgarlik yuk joʻnatuvchi zimmasiga yuklatiladi, agar bu holat universal konteynerlarga joylashtirilgan predmetlarning siljishi natijasida sodir boʻlgan boʻlsa.
Universal konteyner temir yoʻl transporti (tashuvchi) hududi, shuningdek boshqa yuridik shaxslar hududidan olib chiqilgan vaqtdan qaytarilguniga qadar, universal konteyner tashqi va ichki tomonining but saqlanganligi uchun javobgarlik yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar zimmasiga yuklatiladi.
261. Universal konteyner yuk joʻnatuvchi tomonidan yukni koʻtarish qobiliyati doirasida sigʻimi toʻlguncha va universal konteyner ichidagi yuklar siljishi ehtimolini istisno etadigan zichlikda yuklanishi kerak.
262. Yuk joʻnatuvchiga (yukni oluvchiga) hujjatlarni rasmiylashtirish, universal konteynerni oʻz vositalari bilan olib kirish (olib chiqish), yukni ortish (tushirish) va universal konteynerni temir yoʻl transportiga (infratuzilma egasiga, tashuvchiga) qaytarish uchun yukni oluvchining (yuk joʻnatuvchining) yuk kelganligi yoki yuklash uchun boʻsh konteyner berilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan paytdan boshlab 12 soat vaqt beriladi.
Oʻrnatilgan vaqt meʼyorlari yukni oluvchilarga (yuk joʻnatuvchilarga) eʼlon qilinishi kerak.
Universal konteynerlarni markazlashgan holda olib kirish va yukni avtotransport vositalarida olib chiqishda transport-ekspeditorlik xizmatlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun koʻrsatilgan operatsiyalarning vaqt meʼyorlari avtotransport tashkiloti va temir yoʻl (infratuzilma egasi, tashuvchisi) oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida oʻrnatilib, har bir konteyner uchun 12 soatdan oshmasligi kerak. Bunda, universal konteynerlarni olib kirish va olib chiqish hujjatlari temir yoʻl transporti (infratuzilma egasi, tashuvchisi) tomonidan taqdim etilgan vaqt xabarnoma berish vaqti deb hisoblanadi.
Temir yoʻl transportiga (infratuzilma egasi, tashuvchiga) tegishli boʻlmagan universal konteynerga yuklangan yukni temir yoʻl transporti (tashuvchi) yukni oluvchiga topshirgandan soʻng ushbu universal konteyner boʻsh holida qaytarilishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmaydi.
263. Umumiy foydalanishda boʻlmagan relsoldi konteyner maydonchalarida universal konteynerlar turish vaqtining meʼyori temir yoʻl shoxobcha yoʻllaridan foydalanish shartnomalarida yoki vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish shartnomalarida nazarda tutilib, universal konteynerlarni vagonlarda qoʻyib berish vaqtidan eʼtiboran 12 soatdan oshmasligi kerak.
264. Oʻrnatilgan meʼyorlardan ortiq vaqt davomida universal konteyner ushlanib qolganda, yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tashkilotlar hamda transport-ekspeditorlik xizmatlarini koʻrsatuvchi avtotransport tashkilotlari yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) yoki temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha Temir yoʻl ustaviga muvofiq javobgar boʻladi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan konteyner maydonchalariga universal konteynerlarni qoʻyib berishda yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar universal konteynerlar qoʻyib berilgan vagonlarning turib qolishi uchun ham Temir yoʻl ustaviga muvofiq javobgar boʻladi.
Yuklarni (shu jumladan uy-roʻzgʻor buyumlari va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan yuklar) saqlash uchun toʻlovlar shartnoma boʻyicha undiriladi.
265. Yuk ortish-tushirish operatsiyalarini amalga oshirish uchun olib kirilgan universal konteynerlarning umumiy foydalanishda boʻlmagan konteyner maydonchalarida, yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchilarning omborlarida, shuningdek transport-ekspeditorlik xizmatlarini bajaruvchi avtotransport tashkilotlarida turish vaqti vagonlarni qoʻyib berish va olib chiqish qaydnomalari yoki mazkur Qoidalarning 29, 30 va 31-ilovalarida belgilangan shakldagi naryadlar boʻyicha hisobga olinadi.
266. Yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalari bilan soz holatdagi universal konteynerda yetkazilgan yuklar ogʻirligi, yuk joylarining holati va soni tekshirilmasdan temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan yukni oluvchiga topshiriladi.
Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyasiga yuk nosoz konteynerda, shuningdek plombalarsiz, nosoz plombalar yoki yoʻnalish davomidagi temir yoʻl stansiyasi plombasi bilan kelgan taqdirda, temir yoʻl transporti (tashuvchi) konteynerni ochishi, yukning ogʻirligi, holati, yuk joylari sonini tekshirishi hamda tijorat dalolatnomasi yoki umumiy shakldagi dalolatnomani tuzishi shart. Yuk tekshirilgandan soʻng temir yoʻl (infratuzilma egasi, tashuvchisi) universal konteynerni oʻz plombasi bilan plombalaydi.
267. Yuk tushirilganidan soʻng universal konteynerlarni tozalash yukni oluvchi tomonidan amalga oshiriladi.
268. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida universal konteynerlarni tashish SMGSning texnik shartlarida keltirilgan sxemalarga muvofiq hamda harakatlanish marshruti boʻyicha saralangan holda amalga oshiriladi.
Marshrutda uch tonnali universal konteynerlarning har bir jufti bitta besh tonnali universal konteynerga almashtirilishi mumkin. Bunda, yuk ortilgan universal konteynerli marshrutda boʻsh konteynerlarni yuklashga ruxsat etiladi.
269. Temir yoʻl transportining (tashuvchining) boʻsh konteynerlarni tashish, ular ichki qatnovda harakatlanganda, tarif toʻlovisiz toʻliq tashish hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
270. Yoʻl davomida universal konteynerlarning siljishini oldini olish uchun ular chiqindi, ifloslik, muz va qordan tozalangan platformalarga, qishda esa 1 — 2 mm qalinlikdagi toza quruq qum sepilgan polga yuklanishi kerak. Bunda, platformalarga ortishdan avval universal konteynerlarning tayanch yuzalari (tubi) ifloslik, muz va qordan yaxshilab tozalanadi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan relsoldi maydonchalarida platforma va universal konteynerlarni tozalash yuk joʻnatuvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
271. Temir yoʻl transporti (tashuvchi) bilan kelishuv boʻyicha omborlarda yuk ortish-tushirish mexanizmlari, universal konteynerlar uchun qattiq qoplamali maydonlar, avtotransport vositalari uchun kirish yoʻllari va zarur xizmat xonalari mavjudligi sharti bilan universal konteynerlarni almashtirish parkiga ega boʻlgan konteyner punktlari yuk joʻnatuvchilarning (yukni oluvchilarning) omborlarida (shu jumladan relsoldi omborlarida) muayyan muddatga ochilishi mumkin.
272. Universal konteynerlarni tashish uchun ochiq boʻlmagan temir yoʻl stansiyalarida yuklarni ortish yoki tushirish universal konteynerlar temir yoʻl platformalaridan tushirilmagan holda amalga oshiriladi.
Ushbu temir yoʻl stansiyalarida universal konteynerli platformalarni joylashtirishda avtotransport vositalari uchun kirish yoʻllariga ega boʻlgan ortish-tushirish temir yoʻl yoʻllaridan foydalanish mumkin.
Eshiklari tashqariga qaratilgan universal konteynerli platformalar faqat bitta temir yoʻl stansiyasiga va bitta yoki bir nechta yukni oluvchilar manziliga yuborilishi uchun shakllantirilishi mumkin.
273. Eshiklari tashqariga qaratilgan universal konteynerlarga yuklarni ortish va tushirish ishlari yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir yukni oluvchiga uning nomiga kelgan barcha universal konteynerlardan yukni tushirish va ortish uchun yukni oluvchiga yuk kelganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan vaqtdan boshlab 4 soat vaqt beriladi. Universal konteynerlarga yuk ortish vaqti uchun ham 4 soat vaqt beriladi.
274. Temir yoʻl stansiyasining konteynerlar maydonidan yuk ortilgan universal konteynerlarni olib chiqish va ularni yuk avtotransport vositalarida yukni oluvchining omboriga yuk tushirish uchun yetkazish yoki yuk joʻnatuvchining omboridan yuk ortilgan konteynerlarni temir yoʻl stansiyasining konteynerlar maydoniga avtotransport tashkilotlari ishtirokida belgilangan manzilga joʻnatish uchun yetkazish temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi tomonidan yozib beriladigan mazkur Qoidalarning 29 va 30-ilovalaridagi naryadlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Ushbu naryadlar boʻyicha universal konteynerlarni olib chiqish va olib kirish temir yoʻl transporti (tashuvchi) transport-ekspeditorlik xizmatlarini koʻrsatish uchun shartnoma tuzgan avtotransport tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
275. Yukni oluvchiga yuk ortilgan konteynerni yetkazib berish haqidagi mazkur Qoidalarning 29-ilovasiga muvofiq shakldagi naryad toʻrt nusxada tuziladi, birinchi, ikkinchi va uchinchi nusxalar — naryadlar, toʻrtinchi nusxa — naryad koreshogi. Naryad raqami ostida yuk tushirishlarning hisobi yuritiluvchi temir yoʻl transporti (tashuvchi) rahbari tomonidan belgilangan shakldagi alohida kitob boʻyicha tartib raqam koʻrsatiladi.
Naryadning barcha nusxalari ekspeditorga yoki yuk avtotransport vositasi haydovchisiga (haydovchi-ekspeditor) beriladi, koreshok esa temir yoʻl transportida (tashuvchida) qoladi.
Ekspeditor yuk avtotransport vositasi haydovchisi (haydovchi-ekspeditor) yuklangan konteynerni yukni oluvchiga yetkazib berish uchun yukxati bilan qabul qilib olganligi toʻgʻrisida koreshokka imzo qoʻyadi. Temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi naryad va yukxati taqdim etilganda, ekspeditorga, avtotransport vositasi haydovchisiga (haydovchi-ekspeditor) universal konteynerni topshiradi.
Nomiga universal konteyner kelgan yukni oluvchi uchta naryadning orqa tomonidagi tegishli grafalarga oʻzining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, yuk avtotransport vositasining kelgan vaqti (soat, daqiqalar) va universal konteynerdan yuk tushirilgandan soʻng joʻnab ketgan vaqti, sanani (yil, kun, oy) va tashkilotning shtempeli bilan tasdiqlanuvchi imzosini qoʻyadi.
Ekspeditor, yuk avtotransport vositasining haydovchisi (haydovchi-ekspeditor) rasmiylashtirilgan naryadning ikkinchi nusxasini tovar idorasiga (kassaga) qaytaradi, naryadning birinchi nusxasi va naryad dublikatini avtotransport tashkilotiga topshiradi.
Bunda, naryadlar tegishli yoʻl varaqlariga muvofiqlashtiriladi va transport ishlari hisobini yuritish va haydovchining oylik maoshini hisoblash uchun asos boʻladi, naryadlarning dublikatlari esa avtotransport tashkilotining hisoblari bilan birga temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) taqdim etiladi.
276. Yuklangan universal konteynerni yuk joʻnatuvchidan temir yoʻl transportining (tashuvchining) universal konteyner tashuvlari bilan shugʻullanuvchi korxonasi konteyner maydonchasiga yetkazib berish haqidagi mazkur Qoidalarning 30-ilovasiga muvofiq shakldagi naryad toʻrt nusxada tuziladi, birinchi nusxasi — naryad, ikkinchisi — naryad dublikati, uchinchisi — naryad dublikati nusxasi va toʻrtinchisi — naryad koreshogi. Naryad raqami ostiga, yuklarni joʻnatish uchun qabul qilishning belgilangan shakldagi alohida kitobi boʻyicha tartib raqam koʻrsatiladi.
Naryad, naryad dublikati va dublikat nusxasi ekspeditorga, yuk avtotransport vositasi haydovchisiga (haydovchi-ekspeditorga) topshiriladi, koreshok esa tovar idorasida (kassada) qoladi. Ekspeditor, yuk avtotransport vositasi haydovchisi (haydovchi-ekspeditor) naryadning birinchi uchta nusxasini va yuk ortilgan universal konteynerni belgilangan manzil boʻyicha tashish uchun viza qoʻyilgan yukxatini olganligi toʻgʻrisida koreshokka imzo qoʻyadi.
277. Yuk egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida transport-ekspeditorlik xizmatlarini koʻrsatishni amalga oshiruvchi avtotransport tashkiloti yoki yuk egalari kuchi va vositalari bilan temir yoʻl stansiyalariga universal konteynerlarni olib kirish va olib chiqish mazkur Qoidalarning 31-ilovasiga muvofiq shakldagi naryadlar asosida amalga oshiriladi.
Yuk ortish yoki tushirish uchun universal konteynerlarni olib kirishga naryad uch nusxada yoziladi.
Naryad raqami ostida yuklarni qabul qilish va topshirish hisobi yuritiluvchi belgilangan shakldagi alohida kitob boʻyicha tartib raqam koʻrsatiladi.
Naryadning ikkita nusxasi konteyner bilan birga yuk egasiga yoki avtotransport tashkiloti ekspeditoriga topshiriladi, naryadning bir nusxasi esa temir yoʻl transportida (tashuvchida) qoladi.
Yuk ortishda yoki boʻsh konteynerni topshirishda, boʻsh yoki yuk ortilgan konteynerni qaytarishda temir yoʻl transportining (tashuvchisining) vakolatli xodimi naryadning tegishli grafalarida konteynerni topshirish hamda qaytarish sanasi va vaqtini koʻrsatadi. Koʻrsatilgan belgilar temir yoʻl transportining (tashuvchining) vakolatli xodimi va yuk egasining (ekspeditorning) imzosi bilan tasdiqlanadi.
19-bob. Yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarning ixtisoslashtirilgan konteynerlarida yuklarni tashish
278. Ixtisoslashtirilgan konteynerlar yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarga tegishli boʻlib, transportda tashish chogʻida alohida shart-sharoitlarga rioya etilishini talab etuvchi muayyan turdagi yuklarni temir yoʻlda tashish uchun moʻljallangan boʻladi.
279. Ixtisoslashtirilgan konteynerlarda quyidagi tegishli belgilar va yozuvlar aks ettiriladi:
1) konteyner tegishli boʻlgan tashkilotning shartli (qisqartirilgan) nomi;
2) konteynerning raqami;
3) kilogrammlarda tara ogʻirligi, netto ogʻirligi (yuk koʻtarishi) va brutto ogʻirligi;
4) konteynerning ichki hajmi (kubometrda);
5) ishlab chiqarilgan joyi, yili va oyi;
6) oxirgi kapital taʼmirlash joyi, yili va oyi.
280. Ixtisoslashtirilgan konteynerlarni harakatdagi temir yoʻl tarkibiga ortish va tushirish umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda amalga oshiriladi.
281. Ixtisoslashtirilgan konteynerlarni platformalarda yoki yarim ochiq vagonlarda tashish komplektlarda SMGSning texnik shartlariga muvofiq ixtisoslashtirilgan konteynerning har bir turi uchun yuk joʻnatuvchi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan yuklarni ortish va mahkamlashning mahalliy texnik shartlarida koʻzda tutilgan sxemalar boʻyicha joylashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
282. Har bir ixtisoslashtirilgan konteyner uchun yuk joʻnatuvchi bitta yukxati tuzadi. Boʻsh konteynerni tashishda yukxatining “Yukning nomi” grafasida “ixtisoslashtirilgan boʻsh konteyner”, “Yukning yuk joʻnatuvchi tomonidan belgilangan ogʻirligi, kilogramm” grafasida esa trafaretga koʻra konteyner tarasining ogʻirligi koʻrsatiladi.
283. Ixtisoslashtirilgan konteynerlar plombalangan yopiq vagonlarda tashilganda, ushbu konteynerlar yuk joʻnatuvchilar tomonidan plombalanadi.
284. Yuklarni ixtisoslashtirilgan konteynerlarda tashish uchun qabul qilish yuk joʻnatuvchilarning ogʻirligi va plombasi bilan tashqi tomondan koʻrikdan oʻtkazish asosida temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan amalga oshiriladi. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida ixtisoslashtirilgan konteynerlarni ortish (joylashtirish) va mahkamlashning toʻgʻriligi SMGSning texnik shartlariga muvofiq temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan tekshiriladi.
285. Yetkazish manzilidagi temir yoʻl stansiyalariga yuk joʻnatuvchining shikastlanmagan plombalari bilan soz holatdagi ixtisoslashtirilgan konteynerlarda yoki yukning yoʻqolishi kuzatilmayotgan plombalanmagan konteynerlarda kelgan yuklar ogʻirligi, holati va yuk joylarining soni tekshirilmagan holda konteynerlar va plombalarni tashqi koʻrikdan oʻtkazish yoʻli bilan yukni oluvchiga topshiriladi.
286. Konstruksiya va parametrlari boʻyicha temir yoʻl transportining (tashuvchining) universal konteynerlari konstruksiyasi va parametrlari bilan mos keladigan ixtisoslashtirilgan konteynerlarni universal konteynerlar bilan birgalikda (temir yoʻl transporti va tashuvchi bilan kelishgan holda) tashilishi mumkin. Bunda, ixtisoslashtirilgan konteynerlar umumiy foydalanishdagi konteynerlar maydonlarida ortilishi va tushirilishi lozim.
Konteynerlarni qabul qilish va topshirish, ularni umumiy foydalanishdagi joylarda platformalarga yoki yarim ochiq vagonlarga ortish va tushirish, shuningdek ortish-tushirish operatsiyalari uchun toʻlovlarni undirish universal konteynerlar uchun belgilangan tartibda va miqdorlarda temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transportining (tashuvchining) universal konteynerlari bilan birgalikda tashilayotgan harakatdagi temir yoʻl tarkibidagi ixtisoslashtirilgan konteyner alohida yukxati asosida tashishga qabul qilinadi. Yukxatini rasmiylashtirishda blanka yuqori qismida “Ixtisoslashtirilgan konteyner” yozuvi aks ettiriladi yoki shtempel qoʻyiladi.
287. Texnik yoki tijorat nosozliklariga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan konteynerlarga yuklarni ortishga ruxsat berilmaydi.
Ixtisoslashtirilgan konteynerlar konteynerlar egalari tomonidan taʼmirlanadi.
288. Ixtisoslashtirilgan konteynerlarda xavfli yuklarni tashishda yuk joʻnatuvchi konteyner devorlariga (tashqi tomonidan) tegishli belgilarni yopishtirishi, yukxatlarida esa yukning xavfliligi toʻgʻrisida Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalarida koʻzda tutilgan tegishli shtempellarni qoʻyishi shart.
289. Ixtisoslashtirilgan boʻsh konteynerlarni egalariga (yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchilarga) qaytarish tartibi va muddatlari hamda ular oʻz vaqtida qaytarilmaganligi va shikastlanishi uchun javobgarlik ixtisoslashtirilgan konteyner egalari va yuk joʻnatuvchilar yoki yukni oluvchilar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida oʻrnatiladi.
Tashishga qabul qilingan yuk ortilgan yoki boʻsh ixtisoslashtirilgan konteynerlar temir yoʻl transporti (tashuvchi) tomonidan mazkur Qoidalarning 26-bobida belgilangan muddatlarda yukni oluvchiga yetkaziladi.
290. Yuk koʻtarish qobiliyati 1,5 tonnadan ortiq boʻlmagan ixtisoslashtirilgan konteynerlar umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda vagonlarga toʻliq komplektlar bilan ortilganda, ular yopiq vagonlarda tashilishi mumkin. Yukli ixtisoslashtirilgan konteynerlar ortilgan yopiq vagonlar yuk joʻnatuvchining plombalari bilan plombalanadi hamda konteynerlar plombalanmasligi mumkin.
20-bob. Transport paketlarida yuklarni tashish
291. Oʻlchamlari va xususiyatlariga koʻra transport paketlariga joylashtirilishi mumkin boʻlgan yuklar yuk joʻnatuvchi tomonidan vagon va konteynerlarda tashish uchun paketlangan koʻrinishda taqdim etilishi shart.
Transport paketi tashish va saqlash jarayonida tara yoki tarasiz, poddonlarda yoki ularsiz, universal yoki maxsus, bir martalik yoki koʻp martalik paketlash vositalari yordamida oʻzaro mahkamlangan alohida joylarda shakllantiriluvchi:
1) vilkali yuklagichlar, kranlar va yuk koʻtarish-transport mashinalari yordamida yuk ortishning (tushirish) mexanizatsiyalashgan imkoniyati;
2) transport paketlarining butligi;
3) yuklarning butligi;
4) transportda, omborda va yuk ortish-tushirish ishlarini bajaruvchi ishchilarning xavfsizligi;
5) yopiq vagon va konteynerlarning yuk koʻtarish (sigʻimi) imkoniyatidan toʻliq foydalanish, ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishda esa yuklash gabaritidan toʻliq foydalanish;
6) poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlovchi yiriklashtirilgan yuk joyi hisoblanadi.
292. Yuklarni transport paketlariga mahkamlash vositalari yuk joʻnatuvchining nazorat belgilariga ega boʻlishi hamda mahkamlash vositalari va nazorat belgilarini buzmagan holda ayrim yuk joylarini paketdan chiqarib olish imkoniyatini istisno etishi kerak. Nazorat belgilari bu yuk joʻnatuvchi nomi koʻrsatilgan plomba, qulfga mahkamlangan nazorat lentasi, siqiluvchan plyonka hisoblanadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan holda shakllantirilgan transport paketlarida yuklarni tashishga taqdim etish taqiqlanadi.
293. Yuklarni paketlash ularni tashishga taqdim qilishdan oldin yuk joʻnatuvchilarning kuchi va vositalari bilan amalga oshiriladi. Paketlangan yuklar yoʻl davomida yuk joʻnatuvchilarning omboridan temir yoʻl stansiyasigacha va temir yoʻl stansiyasidan yukni oluvchining omborigacha paket qayta shakllantirilmagan holda transportda tashiladi.
294. Yuk joʻnatuvchi transport paketlarini yukning butligini taʼminlaydigan xolda shakllantirishi shart. Har bir transport paketiga bitta yukni oluvchining manziliga yetkaziladigan faqat turdosh yuklar bir xil qadoqda yoki qadoqsiz holda joylashtirilishi mumkin.
Paketdagi yuk joylari soni transport paketida koʻrsatiladi.
295. Xavfli va oʻziga xos hidli yuklarni paketlash uchun koʻp martalik paketlash vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mazkur yuklar uchun ishlatilgan paketlash vositalari tashishdan keyin tozalanib, sanitariya jihatidan ishlov berilgandan yoki zararsizlantirilgandan soʻng qabul qilinadi.
Standart koʻp martalik poddonlarda yuk yoki poddonga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan mixlar, skobalar yoki boshqa vositalar bilan yuklarni mahkamlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
296. Yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar omborlarida ortiladigan va tushiriladigan, yopiq va izotermik vagonlarda yoʻl davomida qayta yuklanmasdan tashiladigan transport paketlari vagonda guruhli mahkamlash vositalari yordamida mahkamlanishi mumkin.
297. Yopiq vagonlarda tashishda 800x1200 mm oʻlchamli koʻp martalik poddondagi yuklardan shakllantirilgan transport paketi parametrlari 840x1240 mm dan oshmasligi kerak.
Yuk joʻnatuvchi belgilangan talablarga javob bermaydigan paketlash vositalari qoʻllanilishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlar uchun javobgar boʻladi.
298. Yopiq va izotermik vagonlar hamda konteynerlarda tashishga taqdim etilayotgan transport paketining ogʻirligi (yukning paketlash vositalari bilan birgalikdagi ogʻirligi) bir tonnadan ortiq boʻlmasligi kerak. Ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishga taqdim etilayotgan transport paketining ogʻirligi:
1) temir yoʻl stansiyalarining umumiy foydalanishdagi joylarida tushirishda — temir yoʻl stansiyalarida mavjud boʻlgan ortish-tushirish mexanizmlarining yuk koʻtarish imkoniyatidan;
2) umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda tushirishda — yukni oluvchi bilan kelishilgan ogʻirlikdan ortiq boʻlmasligi lozim.
Transport paketining ogʻirligi u tashishga taqdim etilishidan avval har bir paketda brutto va netto ogʻirligi koʻrsatilgan holda belgilanadi.
Umumiy foydalanishdagi joylarda ortish-tushirish mexanizmlarini qoʻllagan holda yuklarni ortish-tushirish uchun yuk koʻtarish qobiliyati koʻrsatilgan temir yoʻl stansiyalarining roʻyxati Tarif qoʻllanmasida belgilanadi.
299. Transport paketlarida mazkur Qoidalarning 5-bobi talablariga rioya etgan holda markirovka aks ettirilishi lozim. Paketdagi yuk joylarining sonini yuk joʻnatuvchi aniqlaydi va koʻrsatadi.
300. Transport paketlarini vagonga va konteynerga joylashtirish va mahkamlash SMGSning texnik shartlariga va mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda, transport paketlari yopiq va izotermik vagonlarning eshiklari oʻrtasida har qaysi eshikdan mexanizatsiyalashtirilgan usulda tushirish taʼminlanadigan holda joylashtirilishi kerak.
Mahalliy texnik shartlarga koʻra alohida transport paketlari uchun ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida joylashtirish va mahkamlash usullari koʻzda tutilmagan boʻlsa, yuk joʻnatuvchi koʻrsatilgan usulni ishlab chiqishi va tasdiqlash uchun temir yoʻl transportiga (tashuvchiga) taqdim etishi shart.
301. Yuk joʻnatuvchi tashish hujjatlarini toʻldirishda yukxati, yoʻl qaydnomasi, yoʻl qaydnomasining koreshogi va yukni qabul qilish kvitansiyasining tegishli grafalarida quyidagilarni koʻrsatadi:
https://neolex.uz/uz/laws/law-6615357
