Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (488-son)
21.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 22-sentabrdagi PQ-378-son qaroriga muvofiq ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqishda arxitektura tanlovi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqishda arxitektura tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish tartibini belgilash;
tanlovni oʻtkazish boʻyicha hayʼat aʼzolari tarkibini tasdiqlash;
tanlov ishtirokchilarini baholash mezonlarini belgilash;
tanlov gʻoliblariga beriladigan diplom namunasini tasdiqlash.
2. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
Milliy axborot agentligi hamda Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-sentabr,
488-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-sentabrdagi 488-son qaroriga ILOVA
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki boʻlishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
buyurtmachi xizmati — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va buzishning amalga oshirilishini taʼminlovchi, shuningdek, ushbu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi yuridik shaxs;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarish, moddiy qimmatliklarni joylashtirish va saqlash, odamlarning vaqtincha boʻlishi (harakatlanishi), shuningdek, uskunalar yoki kommunikatsiyalarni joylashtirish (oʻtkazish, ulash) uchun moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlar — alohida yoki birgalikda oʻziga xos, betakror hajmiy-rejaviy, konstruktiv, muhandislik yoki texnologik yechimlari hamda arxitektura gʻoyasini, yuqori texnik darajadagi yutuqlar va meʼmorchilikni oʻzida mujassam etgan binolar, inshootlar va ularning majmualari;
tanlov ishtirokchilari — tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan, shuningdek, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, xavfi yuqori boʻlgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarga ega boʻlgan loyiha tashkilotlari;
eskiz loyiha — bino va inshootlarning muhim xususiyatlari va elementlarini tavsiflash imkonini beradigan loyihaning yakuniy natijasi toʻgʻrisida toʻliq tasavvur beruvchi arxitekturaviy chizmasi.
3. Tanlov shaharsozlik faoliyati sohasidagi loyiha va ishlanmalarni hamda innovatsion qurilish texnologiyalarini amaliyotda qoʻllashga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari yoki buyurtmachi xizmati funksiyasi yuklatilgan tashkilotlar tanlovni oʻtkazish uchun masʼul hisoblanadi.
2-bob. Tanlovning asosiy maqsadi va vazifalari
5. Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarni loyihalashtirishda tajribaga ega boʻlgan, muhandislik ishlanmalarini hamda qurilish innovatsion texnologiyalarini yaratish imkoniyatiga ega raqobatbardosh loyiha tashkilotlarini aniqlash tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
loyiha tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash;
loyihalashtirish va obyektlarni qurish jarayonida innovatsion gʻoyalarni roʻyobga chiqarish;
loyihachilarning erkin fikrlash tafakkurini yuksaltirish.
3-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
7. Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovi mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
8. Buyurtmachi xizmati tanlovga qoʻyiladigan obyektni Iqtisodiyot va moliya vazirligining gʻaznachilik tizimida roʻyxatdan oʻtkazadi va obyekt roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng oʻttiz daqiqa ichida tanlov predmetining nomi va gʻaznachilik tizimidagi shaxsiy hisobvaragʻini kiritadi.
Buyurtmachi xizmati eskiz loyihani ishlab chiqishda arxitektura tanlovini oʻtkazish shakli, loyihaning tavsifi va boshlangʻich narxi, tanlovni oʻtkazish joyi, moddiy ragʻbat miqdori va taklif berish muddati bilan bogʻliq talablarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar bilan kelishgan holda belgilaydi hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali oʻn kun muddat davomida tanlovni oʻtkazish boʻyicha eʼlon beradi.
9. Tanlovda arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, xavfi yuqori boʻlgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarga ega boʻlgan loyiha tashkilotlari ishtirok etadi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlar tanlov boʻyicha eʼlon tugagandan soʻng besh kun muddatda eskiz loyihalarni ilova qilgan holda buyurtmachi xizmatiga murojaat qiladi.
10. Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan eskiz loyihalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
tegishli litsenziyaga ega loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilganligi;
dolzarbligi, innovatsion gʻoya va yechim oʻz aksini topganligi;
funksional va ekspluatatsiya talablariga muvofiqligi;
taxminiy qiymati va amalga oshirish muddati haqida toʻliq maʼlumot boʻlishi;
barcha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish boʻyicha aniq maʼlumotlar aks etganligi.
11. Tanlov ishtirokchilarining eskiz loyihalari mazkur Nizomga 2-ilovadagi hayʼat tarkibi (keyingi oʻrinlarda — hayʼat) tomonidan oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.
12. Tanlov gʻolibini aniqlashda hayʼat aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashsa, hayʼat vakolatli hisoblanadi.
13. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha eʼlon berilgan muddat ichida birorta ham taklif kelib tushmaganda yoki bir nafar talabgordan taklif kelib tushganda, shuningdek, kelib tushgan takliflar tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, tanlov oʻtkazilmaydi.
4-bob. Hayʼatning huquq va majburiyatlari
14. Hayʼat quyidagi huquqlarga ega:
tanlovga taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishib chiqish va zarur hollarda qoʻshimcha maʼlumotlar soʻrab olish;
tanlov takliflarini koʻrib chiqish muddatini belgilash;
takliflarning tanlov hujjatlariga va tanlov oʻtkazish shartlariga muvofiqligini koʻrib chiqish;
tanlov gʻolibini aniqlash;
tanlovni oʻtkazishda ushbu Nizom talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda, tanlovni oʻtkazishni toʻxtatish.
15. Hayʼat tanlovning xolislik va oshkoralik asosida oʻtishini taʼminlashga, shuningdek, tanlovni oʻtkazishda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslikka va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya qilishga majbur.
5-bob. Tanlov gʻolibini aniqlash tartibi
16. Tanlov ishtirokchilarining eskiz loyihalari mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq mezonlar asosida baholanadi va natijasi boʻyicha tanlov gʻolibi aniqlanadi.
17. Tanlov gʻolibi mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq namunadagi diplom bilan taqdirlanadi hamda moddiy ragʻbatlantiriladi.
18. Agar eskiz loyihalarini baholash natijalari teng boʻlgan taqdirda, hayʼat tomonidan haqiqiy gʻolibni aniqlash maqsadida loyiha va ishlanmalarga doir qoʻshimcha maʼlumotlar talab etilishi mumkin.
19. Tanlov gʻolibining eskiz loyihasi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida saqlanadi va undan kelgusida obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda foydalaniladi.
20. Tanlov natijalari ommaviy axborot vositalari hamda buyurtmachi xizmatining rasmiy veb-saytlari orqali yoritiladi.
6-bob. Tanlovni moliyalashtirish
21. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan, tanlov gʻolibini moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yoki tashabbuskor vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu Nizom qoidalari qoʻllanishi bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Buyurtmachi xizmati 1. Tanlovga qoʻyiladigan obyektni Iqtisodiyot va moliya vazirligining gʻaznachilik tizimida roʻyxatdan oʻtkazadi. Belgilangan muddatda 2. Tanlov predmetining nomi va gʻaznachilik tizimidagi shaxsiy hisobvaragʻini kiritadi. Oʻttiz daqiqa ichida 3. Eskiz loyihani ishlab chiqishda arxitektura tanlovini oʻtkazish shakli, loyihaning tavsifi va boshlangʻich narxi, tanlovni oʻtkazish joyi, moddiy ragʻbat miqdori va taklif berish muddati bilan bogʻliq talablarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar bilan kelishgan holda belgilaydi. Belgilangan muddatda 4. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tanlovni oʻtkazish boʻyicha eʼlon beradi. Oʻn kun muddat davomida 2-bosqich Talabgor Tanlovda ishtirok etish uchun eskiz loyihalarni ilova qilgan holda buyurtmachi xizmatiga murojaat qiladi. Besh kun muddatda 3-bosqich Hayʼat 1. Tanlov ishtirokchilarining eskiz loyihalarini koʻrib chiqadi. 2. Baholash mezonlariga muvofiq tanlov gʻolibini aniqlaydi va taqdirlaydi. Oʻn kun muddatda
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tanlov ishtirokchilarining eskiz loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha
HAYʼAT TARKIBI
Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Hayʼat raisi Lavozimiga koʻra — Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari boshliqlari Lavozimiga koʻra — Obyekt boʻyicha buyurtmachi xizmati rahbari Lavozimiga kura — Obyektdan yakuniy foydalanuvchi tashkilot rahbari Lavozimiga kura — Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi aʼzolari
Izoh.
1. Hayʼat aʼzosi boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxs yoxud zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxs kiritiladi.
2. Hayʼat raisi tomonidan, zarur hollarda, hayʼat faoliyatiga boshqa tashkilot vakillari ham jalb qilinishi mumkin.
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tanlov ishtirokchilarining eskiz loyihalarini baholash
MEZONLARI
T/r Baholash mezonlari Eng yuqori ball 1. Amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqilganligi (obyektning iqtisodiy samaradorligi, konstruktiv yechimlar) 20 2. Obyektning funksionalligi va ekspluatatsiya qilishda qulayligi 20 3. Mi�liy arxitektura anʼanalari va elementlaridan foydalanilganligi 15 4. Energiya tejamkor texnologiyalar qoʻllanilganligi (qayta tiklanadigan energiya resurslari, muhandislik tarmoqlari bilan birga) 15 5. Landshaft va interyer dizayni (yashil arxitektura, tabiiy yashash muhiti va biologik xilma-xillik) 15 6. Atrof-muhitga muvofiqligi (iqlim oʻzgarishiga moslashuvi, odamlarning hayotiy faoliyatiga va turizmga uygʻunligi) va yondosh hududlarga uygʻunligi 15 JAMI 100
Ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Tanlov gʻoliblarini taqdirlash boʻyicha
DIPLOM NAMUNASI
