“Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida integratsiyalashgan axborot tizimlari va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatovning javobi haqida (3409-IV-son)
01.08.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida integratsiyalashgan axborot tizimlari va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarining joriy etilishi holati ustidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga axborot kiritib borsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-avgust,
3409-IV-son
