Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3456-son)
11.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 11-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3456]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qoʻmondon R. DJURAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-avgust,
211-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2023-yil 25-iyul
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. MUSAYEV
2023-yil 2-avgust
Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. SHERMATOV
2023-yil 5-avgust
Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2023-yil 25-iyul
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2023-yil 27-iyul
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2023-yil 25-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining 2023-yil 19-avgustdagi 211-son buyrugʻiga ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari (bundan oʻta muhim va toifalangan obyektlarni, shuningdek maxsus yuklarni qoʻriqlashda xizmat oʻtaydigan idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari mustasno) shaxsiy tarkibining eng koʻp soniga boʻlgan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning oʻz obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan, xizmat faoliyati qorovullik xizmatini tashkil etish va oʻtash tartibi talablariga muvofiq tashkil etiladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
obyekt — qoʻriqlashga olingan yuridik shaxslarning binolari, imoratlari, inshootlari, ularning hududlari, joyning uchastkalari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklari, pul mablagʻlari, moddiy boyliklari va boshqa mol-mulki;
oʻta muhim va toifalangan obyekt — ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega boʻlgan yuridik shaxslarning binolari, imoratlari va inshootlari;
maxsus yuklar — qurol-yarogʻ, harbiy texnika, harbiy mol-mulk, xavfli yuklar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlishi davlat nazorati ostida boʻlgan ashyolar;
post — obyekt yoki uning bir qismida xizmat oʻtash uchun belgilangan joy yoki hudud;
patrullik yoʻnalishi — obyektni qoʻriqlash maqsadida idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibiga belgilangan yoʻnalishda xizmat oʻtash uchun ajratilgan joy yoki hudud.
2. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp soni obyektda tashkil etiladigan postlar sonidan va unga ajratiladigan shtat birligi sonidan kelib chiqadi.
3. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining lavozimlari, toifalari va shtat birligi mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
4. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha faoliyatini tashkil etish, xizmatga toʻgʻri taqsimlash va nazorat qilish uchun mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari guruhlari tuziladi.
2-bob. Obyektda tashkil etiladigan postlar sonini va unga ajratiladigan shtat birlik sonini belgilash
5. Postlar obyektning quyidagi hududlarida tashkil etiladi:
fuqarolar (transportlar) uchun moʻljallangan nazorat-oʻtkazish joylarida;
obyekt hududining chegarasi (perimetri) boʻylab uning ichki yoki tashqi qismlarida yoxud unga yaqin hududlarda;
obyektning alohida ahamiyatga ega boʻlgan muayyan qismida.
6. Nazorat-oʻtkazish joylarida bitta post quyidagi asoslarga koʻra tashkil etiladi:
oʻrtacha arifmetik hisob boʻyicha bir soatda obyektning 400 tagacha xodimlari nazorat-oʻtkazish joyidan kirib-chiqqan taqdirda;
oʻrtacha arifmetik hisob boʻyicha bir soatda 20 tagacha transport vositalari nazorat-oʻtkazish joyidan kirib-chiqqan taqdirda.
7. Obyekt hududining chegarasi (perimetri) boʻylab uning ichki yoki tashqi qismlarida yoxud unga yaqin hududlarda har 500 metrgacha boʻlgan masofada bitta post tashkil etiladi.
8. Obyektning alohida ahamiyatga ega boʻlgan muayyan qismida, shuningdek obyektning koʻrinishi cheklangan hududlarida (burilish va notekisliklar) mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan masofa inobatga olinmagan holda bitta post yoki bitta patrullik yoʻnalishi tashkil etiladi.
Bunda, patrullik yoʻnalishi quyidagi masofalarda tashkil etiladi:
kunduzi — 1000 metrgacha va kechasi — 500 metrgacha;
qoʻriqlashning texnik vositalari bilan jihozlangan obyektlarda kunduzi — 2000 metrgacha va kechasi — 1000 metrgacha.
9. Obyektni qoʻriqlashda bitta 24 soatlik post uchun 9 shtat birlik ajratiladi.
3-bob. Yakuniy qoida
10. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining lavozimlari, toifalari va shtatlari
ROʻYXATI
T/r Lavozim nomlari Toifasi Shtat soni 1. Otryad boshligʻi Katta boshliq Ajratilgan shtat birliklari soni 76 birlikdan oshganda kiritiladi. 2. Otryad boshligʻi oʻrinbosari 3. Otryad boshligʻining moddiy taʼminot boʻyicha yordamchisi 4. Alohida komanda va otryad tarkibidagi komanda boshligʻi Ajratilgan shtat birliklari soni 16 birlikdan 75 birlikkacha boʻlganda kiritiladi. 5. Otryad (komanda) qorovul itlari instruktori Oʻrta boshliq Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash otryadi (komandasi) tarkibidagi mavjud 7 birlik kinolog shtat lavozimiga 1 birlik qorovul itlari instruktori kiritiladi. 6. Otryad (komanda) starshinasi Kichik boshliq Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash otryadi (komandasi) ish hajmi va xizmat zaruriyatiga muvofiq 1 birlik kiritiladi 7. Qorovul boshligʻi Ajratilgan shtat birliklari 16 birlikdan oshganda keyinchalik har 25 birlik uchun kiritiladi. 8. Guruh boshligʻi Ajratilgan shtat birliklari soni 6 birlikdan 15 birlikkacha boʻlganda kiritiladi. 9. Ruxsatnomalar byurosi boshligʻi 3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi boʻlganda kiritiladi. 10. Ruxsatnomalar byurosi navbatchisi Ruxsatnomalar byurosi tashkil etilgan nazorat-oʻtkazish joylarida 3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi kiritiladi. 11. Kinolog Oddiy tarkib Xizmat faoliyatida foydalanilayotgan har bir qorovul iti uchun idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash shtati hisobidan 1 birlik kiritiladi. 12. Nazoratchi Qoʻriqlash vaqti hisobiga muvofiq kiritiladi. 13. Oʻqchi Qoʻriqlash vaqti hisobiga muvofiq kiritiladi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining eng koʻp sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari guruhlari
ROʻYXATI
T/r Guruhlar Shtat soni 1. Guruh 1 — 15 birlik 2. 3-guruh komandasi 16 — 35 birlik 3. 2-guruh komandasi 36 — 50 birlik 4. 1-guruh komandasi 51 — 75 birlik 5. 3-guruh otryadi 76 — 200 birlik 6. 2-guruh otryadi 201 — 350 birlik 7. 1-guruh otryadi 351 birlik va undan ortiq
