Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini oʻtkazishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-298-son)
09.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ilm-fan sohasida muhim ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotganini, soha xodimlari va olimlarga boʻlgan eʼtibor yanada oshirilayotganini, Fanlar akademiyasining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi yuksak oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 173-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligini (keyingi oʻrinlarda — yubiley tadbirlari) keng nishonlash belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Fanlar akademiyasining yubiley tadbirlarini chet eldagi olimlarni jalb qilgan holda 2023-yil 12 — 14-dekabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Ilm-fan — Yangi Oʻzbekiston poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish va oʻtkazish;
Innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasini tashkil etish;
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademiklikka) tanlov oʻtkazish;
“Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tarixi” ekspozitsiyasini tashkil etish.
5. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov):
Dasturda belgilangan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan vazirlik va idoralar hamda xoʻjalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarish;
yubiley tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlarni, shu jumladan mehmonxonalarni tayyorlash, Toshkent shahridagi tashrif buyuriladigan joylarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish;
yubiley tadbirlari ishtirokchilarining yetib kelishi, ularni joylashtirish, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish hamda ularning joʻnab ketishi masalalarini tezkorlik bilan hal qilish;
yubiley tadbirlari oʻtkaziladigan va ishtirokchilar yashaydigan joylarda, shuningdek, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida sanitariya-epidemiologik tadbirlarni amalga oshirish;
yubiley tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini tasdiqlash va zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlash;
yubiley tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq amalga oshirilgan haqiqiy xarajatlarning asosliligini nazorat qilish;
yubiley tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki:
Dasturda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
yubiley tadbirlarining ochilish marosimi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida hamda yubiley tadbirlari doirasidagi xalqaro konferensiya Fanlar akademiyasining majlislar zalida oʻtkaziladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatining 28-bandiga muvofiq xalqaro va davlatlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) Fanlar akademiyasining viza talabnomalariga binoan yubiley tadbirlarida ishtirok etuvchi xorijiy ishtirokchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abdurahmonov) yubiley tadbirlari doirasida oʻtkazilishi belgilangan Innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasini tashkil etishda Fanlar akademiyasiga koʻmaklashsin.
10. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) bir oy muddatda Fanlar akademiyasining tashkil topishi va rivojlanishi hamda mustaqillik yillarida fanning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan hujjatli filmni yaratsin va yubiley tadbirlari doirasida uning taqdimotini oʻtkazsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) yubiley tadbirlari oʻtadigan obyektlarda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini qatʼiy nazoratga olsin, shuningdek, tunu kun ishlaydigan tez tibbiy yordam mobil guruhlari navbatchiligini tashkil etsin.
12. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):
Milliy gvardiya (R. Djurayev) bilan birgalikda yubiley tadbirlari oʻtkaziladigan hududlarda ishtirokchi va mehmonlar toʻplanadigan joylarda, mehmonxonalarda hamda ularning atrofida jamoat tartibini saqlash;
yubiley tadbirlariga tashrif buyuradigan delegatsiya aʼzolari xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻl harakati qoidalariga muvofiq hamrohlik qilish choralarini koʻrsin.
13. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A. Qoʻldoshev) yubiley tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlar hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkillashtirsin.
14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan maqolalar eʼlon qilish, tematik telekoʻrsatuvlar namoyish etish boʻyicha media-reja qabul qilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-sentabr,
PQ-298-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-sentabrdagi PQ-298-son qaroriga1-ILOVA
Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-sentabrdagi PQ-298-son qaroriga2-ILOVA
Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha
ChORA-TADBIRLAR DASTURI
* Yubiley tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq mablagʻlar haqiqiy xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiq ajratiladi.
