Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (452-son)
07.09.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-iyundagi PF-153-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyat yuritish istagini bildirgan investorlarga qulayliklar yaratish, ularning maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-iyundagi PF-153-son Farmoniga muvofiq investorlarning maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonlarida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish tizimini joriy qilish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, ular bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim va ijara shartnomalarini tuzish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP), Davlat xizmatlari markazlari yoki maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihasini joylashtirish uchun investitsiya buyurtmanomasini taqdim etish tartibi;
investitsiya buyurtmanomasini maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan koʻrib chiqish tartibi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim tuzish va maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari turini koʻpaytirish choralarini koʻrsin.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlari YIDXP va Davlat xizmatlari markazi orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun toʻlovlar Yagona billing tizimi orqali amalga oshirilishini yoʻlga qoʻysin.
6. Adliya vazirligi:
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda davlat tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan ularning faoliyati boʻyicha, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentning talablarini buzganlik uchun maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda davlat tashkilotlari mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralarini qoʻllasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-sentabr,
452-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-sentabrdagi 452-son qaroriga ILOVA
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) hamda davlat tashkilotlari tomonidan davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglament qoidalari maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga koʻrsatiladigan quyidagi davlat xizmati turlariga nisbatan tatbiq etiladi:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ularni tanlab olish (biznes-rejalar boʻyicha xulosalar berish, yer maydonlari hamda bino va inshootlarni auksionga chiqarish);
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish;
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim va ijara shartnomalarini tuzish.
3. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga Direksiya tomonidan davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
4. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida yangi investitsiya loyihasini moliyalashtirish va amalga oshirish istagini bildirgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — Investor) davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi yoxud bevosita Direksiyaga murojaat qiladi.
5. Investor Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, ushbu Reglamentga 2-ilovadagi shaklga muvofiq investitsiya buyurtmanomasi Davlat xizmati markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, Investor tomonidan tasdiqlanadi.
Investor YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda, mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi investitsiya buyurtmanomasini toʻldiradi.
Investor Direksiyaga mustaqil ravishda murojaat qilgan hollarda investitsiya buyurtmanomasi qogʻoz shaklida yoki pochta aloqa vositasi orqali taqdim etiladi.
Investor investitsiya buyurtmanomasiga “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-bobiga asosan hujjatlar toʻplamini (keyingi oʻrinlarda — hujjatlar toʻplami) ilova qiladi.
6. Investitsiya buyurtmanomasiga ilova qilingan hujjatlar va ulardagi maʼlumotlarning toʻgʻri rasmiylashtirilganligi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan tekshirib olinadi.
7. Investor Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilganda, barcha hujjatlar real vaqt rejimida Direksiyaga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, Investitsiya buyurtmanomasi avtomatik tarzda Direksiyaga yuboriladi.
8. Investor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchli boʻlmagan yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanishi Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos boʻladi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
9. Investor davlat xizmatidan foydalanishdan investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Direksiya tomonidan qaror qabul qilingunga qadar bosh tortish huquqiga ega.
Investor davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning murojaati koʻrilmasdan qoldiriladi.
10. Direksiyaga kelib tushgan investitsiya buyurtmanomasi shu kunning oʻzida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan boʻlsa, keyingi ish kuni roʻyxatdan oʻtkazadi.
11. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha investorlar tomonidan taqdim qilingan investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilingan hujjatlar Direksiya tomonidan oʻn ish kunida koʻrib chiqiladi.
12. Investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilingan hujjatlar “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, hujjatlar toʻplami qaytarish sabablari koʻrsatilgan holda YIDXP orqali yoki Investor bevosita murojaat etgan taqdirda, pochta aloqa vositasi orqali qaytarib yuboriladi.
Qaytarish uchun asos boʻlgan sabablar bartaraf etilganidan keyin investitsiya buyurtmanomasi Direksiyaga investor tomonidan takroran oʻttiz kun ichida taqdim etilishi mumkin.
13. Investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilinadigan hujjatlarni takroran koʻrib chiqish muddati besh ish kunini tashkil etadi. Bunda ilgari koʻrib chiqilgan hujjatlarga nisbatan yangi mulohazalar taqdim etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qaror qabul qilish
14. Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Direksiyaning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnoma Direksiya direktori tomonidan QR kod bilan tasdiqlanadi.
15. Bayonnomadan koʻchirma investitsiya buyurtmanomasini bergan investorga bayonnoma tasdiqlangan kunning oʻzida Direksiya tomonidan YIDXP orqali yoki Investor bevosita murojaat etgan taqdirda, pochta aloqa vositasi orqali yuboriladi.
16. Direksiyaning maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarori quyidagilar uchun asos boʻladi:
investitsiya buyurtmanomasida koʻrsatilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasi yoki bino va inshootni elektron onlayn-auksionga qoʻyish;
elektron onlayn-auksion gʻolibi bilan investitsiya bitimi va ijara shartnomasini tuzish.
17. Investitsiya loyihasi maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga toʻgʻri kelmasligi munosabati bilan uni amalga oshirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi Direksiya qarori ustidan investitsiya buyurtmanomasini bergan Investor belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Direksiya tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya buyurtmanomasini tasdiqlash va amalga oshirish
18. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni joylashtirish va yaratilgan infratuzilmadan samarali foydalanish maqsadida maxsus iqtisodiy zonalar ixtisoslashuvi va bosh rejasiga asosan Direksiya tomonidan (konsalting kompaniyalar, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Loyiha guruhlarini jalb etgan holda) investitsiya buyurtmanomalari ishlab chiqilishi mumkin.
19. Direksiya tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya buyurtmanomasi besh ish kunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi yoki asosli eʼtirozlar bilan ishlash uchun Direksiyaga qaytariladi.
20. Tasdiqlangan investitsiya buyurtmanomalari Direksiya tomonidan elektron onlayn-auksion savdolariga uch ish kunida chiqariladi.
21. Direksiya elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibini mazkur reglamentning 5-bobiga asosan roʻyxatdan oʻtkazadi.
5-bob. Investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni tuzish va maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
22. Direksiya elektron-onlayn auksion gʻolibi boʻlgan Investor bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim va ijara shartnomasi tuzadi.
221. Elektron-onlayn auksion savdolari gʻolibi boʻlgan yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona hududidan qayta davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi (ilgari maxsus iqtisodiy zona hududidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yuridik shaxslar bundan mustasno).
Investorni qayta roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ariza kompozit tarzda Davlat xizmatlari markaziga yuborilishi mumkin.
Bunda investor Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimiga yuborilgan elektron-onlayn auksion savdolarida gʻolib boʻlganligi haqidagi xabarnoma asosida avtomatik tarzda qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi.
23. Investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat koʻrsatish muddatidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
24. Investor tomonidan loyiha amalga oshiriladigan hududda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyekti (keyingi oʻrinlarda — korxona) va Direksiya oʻrtasidagi investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
25. Investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimning amal qilishi quyidagi hollarda yakunlanadi:
investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim tuzilgan muddat tugagandan soʻng;
tadbirkorlik subyekti maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum etilganda;
maxsus iqtisodiy zonalar muddatidan oldin tugatilganda;
qonunchilikda yoki investitsiya bitimida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
26. Korxona maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining qirq besh baravari miqdorida toʻlov toʻlaydi va toʻlovlar undirilganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
27. Toʻlovlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda:
0,5 foizi (davlat xizmati Yagona billing tizimi orqali koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining gʻaznachilikdagi maxsus hisobvaragʻiga;
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Direksiyaning maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — davlat xizmati Yagona billing tizimi orqali koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining gʻaznachilikdagi maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Direksiyaning maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
28. Korxona va Direksiya oʻrtasidagi investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim imzolangandan soʻng ushbu Reglamentga 3-ilovada belgilangan shakl boʻyicha QR kod qoʻyilgan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchisi guvohnomasi beriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Davlat xizmatlari markazi va Direksiya oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
30. Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglamentning talablari bajarilishi boʻyicha davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi.
31. Investor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilishi mumkin.
32. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga Direksiya tomonidan davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddatlari1-bosqichInvestor (yuridik shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari)Davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan roʻyxatdan oʻtadi hamda bevosita maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) murojaat qiladi.Real vaqt rejimida2-bosqich1. Davlat xizmatlari markazlari2. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliAriza va unga ilova qilingan hujjatlar toʻplamini Direksiyaga elektron shaklda yuboradi.Real vaqt rejimida3-bosqichDireksiya1. Taqdim qilingan investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda natijasi boʻyicha:a) maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, hujjatlar toʻplamini qaytarish sabablarini koʻrsatgan holda asoslantirilgan xulosa xatini taqdim etadi;b) hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmasa, investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi qarorni taqdim etadi.Hujjatlar kelib tushgandan boshlab 10 ish kuni mobaynida4-bosqichDireksiyaMaʼqullangan investitsiya buyurtmanomasida talab etilgan hajmdagi yer maydoni yoki boʻsh bino va inshootni elektron onlayn-auksion savdolariga chiqaradi.Qaror qabul qilingandan boshlab 3 ish kuni mobaynida5-bosqichInvestorElektron-onlayn auksion savdolari gʻolibi boʻlgan yuridik shaxsni maxsus iqtisodiy zona hududida qayta (yoki oʻzi tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektini) davlat roʻyxatidan oʻtkazadi (ilgari maxsus iqtisodiy zona hududidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yuridik shaxslar bundan mustasno).Onlayn-auksion savdolari yakunlangandan soʻng 5 ish kuni mobaynida6-bosqichDireksiyaDireksiya elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi bilan maxsus iqtisodiy zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya bitimini va ijara shartnomasini tuzadi yoki zarur boʻlganda, bitim qoidalarini kelishish maqsadida muzokaralar oʻtkazadi.Onlayn-auksion savdolari yakunlangandan boshlab 3 ish kuni mobaynida7-bosqichInvestor1. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etadi.2. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari reyestriga kiritish uchun bir martalik toʻlovni amalga oshiradi.Investitsiya bitimi imzolangandan boshlab 2 ish kuni mobaynida8-bosqichDireksiyaInvestorni maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazadi va unga guvohnoma beradi.Hujjatlarni olgan kundan boshlab 2 ish kuni mobaynida
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Izoh. Guvohnomada maxsus iqtisodiy zona va direksiya nomi maxsus iqtisodiy zona turiga qarab toʻldiriladi.
