99-modda. Kelishuv bitimini haqiqiy emas deb topishning oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash uchun asosdir. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash toʻgʻrisida xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan taqdirda kreditorlarga toʻlanishi lozim boʻlgan, lekin kechiktirilgan va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlanishi belgilangan talablari yoki qarzlarning siylovi ularning qondirilmagan qismi miqdorida tiklanadi.
Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi ushbu Qonunning 94-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolarning qarzni toʻlash hisobidan olgan narsalarini qarzdorga qaytarish majburiyatini keltirib chiqarmaydi.
Bitimni haqiqiy emas deb topishning ushbu modda bilan tartibga solinmagan qismida bitimni haqiqiy emas deb topishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oqibatlari kelib chiqadi.
Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilganda qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash haqidagi xabar xoʻjalik sudi tomonidan rasmiy nashrda qarzdor hisobidan eʼlon qilinadi.
Kreditorlarning kelishuv bitimi shartlari asosida hisob-kitob qilib boʻlingan talablari, agar ushbu Qonunga zid kelmasa, qondirilgan deb hisoblanadi. Kelishuv bitimining muayyan kreditorlar ustunligini yoki boshqa kreditorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlariga muvofiq talablari qondirilgan kreditorlar kelishuv bitimini bajarish tartibida olgan barcha narsalarini qaytarishlari shart.
