81-modda. Tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning hisobvaraqlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Ishonchli shaxs tugatishga doir ish yuritish davomida qarzdorning bitta bankdagi faqat yagona soʻm va yagona valyuta hisobvaraqlaridan foydalanishi shart.
Qarzdorning tugatishga doir ish yuritish ochilayotgan paytda maʼlum boʻlgan, shuningdek tugatishga doir ish yuritish jarayonida aniqlangan bankdagi boshqa hisobvaraqlari aniqlanishi bilanoq ishonchli shaxs tomonidan yopilishi lozim. Ana shu hisobvaraqlardagi qarzdorga tegishli pul mablagʻlarining qoldigʻi qarzdorning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazilishi lozim.
Tugatishga doir ish yuritish davomida kelib tushgan pul mablagʻlari ham qarzdorning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Asosiy hisobvaraqdan ushbu Qonunning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda kreditorlarga qarzlar hamda ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar toʻlanadi.
Quyidagilar qarzdorning asosiy hisobvaragʻidan toʻlanadi:
ishonchli shaxsga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar;
qarzdorning joriy kommunal va foydalanish toʻlovlari;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritish boshlanganligi haqidagi maʼlumotni eʼlon qilish, shuningdek qarzdorning kreditorlarini bundan xabardor qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
Ishonchli shaxs kreditorlar yigʻilishiga va kreditorlar qoʻmitasiga ularning talabiga binoan qarzdorning pul mablagʻlaridan foydalanganlik toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
