65-modda. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tashqi boshqaruvchi, agar tashqi boshqaruv rejasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishishga haqli.
Kimoshdi savdosi auksion shaklida oʻtkaziladi, ushbu moddaning uchinchi va oʻninchi qismlarida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Muomala qobiliyati cheklangan mol-mulk faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda mazkur mol-mulkka ega boʻla oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Tashqi boshqaruvchi kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish koʻrishi yoki kimoshdi savdosini oʻtkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini oʻtkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga va tashqi boshqaruvchiga nisbatan manfaatdor shaxs boʻlishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosiga qoʻyilgan mol-mulkning boshlangʻich bahosi tashqi boshqaruvchi tomonidan belgilanadi va u balans (qoldiq) qiymatidan kam boʻlishi mumkin emas.
Kimoshdi savdosi gʻolibi sotish narxini tanlov yakunlari boʻyicha tuzilgan bayonnoma yoki oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan muddatda, lekin kimoshdi savdosi oʻtkazilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay toʻlashi shart.
Qarzdorning birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki takroriy kimoshdi savdosiga qoʻyiladi.
Qarzdorning takroriy kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulki kimoshdi savdosi oʻtkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida tashqi boshqaruvchi tomonidan realizatsiya qilinishi mumkin.
Tashqi boshqaruvchi mol-mulkning bir qismini kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, xaridor oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli.
Tashqi boshqaruvchi arzonbaho va tez ishdan chiqadigan mol-mulkni, shuningdek xomashyo va tayyor mahsulot qoldiqlarini tashqi boshqaruv jarayonida kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, auksion savdosi oʻtkazmasdanoq oldi-sotdi shartnomalari asosida sotishga haqli.
