57-modda. Qarzdor tuzgan bitimlarning haqiqiy emasligi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdor tuzgan bitim, shu jumladan qarzdor tomonidan tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzilgan bitim qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdor bilan manfaatdor shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitimning bajarilishi natijasida kreditorlarga zarar yetkazilgan yoki yetkaziladigan boʻlsa, tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor bilan muayyan kreditor yoki oʻzga shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitim qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha ayrim kreditorlarning talablarini boshqalarinikiga nisbatan afzalroq qondirilishiga olib kelsa, tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish qoʻzgʻatilgandan keyin yoki qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza berishdan oldin, qarzdorning ishtirokchisi qarzdorning ishtirokchilari tarkibidan chiqqanligi munosabati bilan unga mol-mulkdagi ulushini toʻlash (ajratib berish) bilan bogʻliq boʻlgan olti oylik muddat ichida qarzdor-yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan haqiqiy emas deb topilishi mumkin, shunday bitim boʻyicha olingan barcha narsalar qarzdorga qaytariladi. Bunday holda ushbu Qonunning 83-moddasiga muvofiq ishtirokchi oltinchi navbatdagi kreditor deb eʼtirof etiladi.
