34-modda. Kreditorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarzdorning kreditor oldidagi pul majburiyatlari, shuningdek bu majburiyatlar boʻyicha qarz mavjudligini va uning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.
Kreditorning vakili tomonidan imzolangan arizaga arizani imzolagan shaxsning ariza berishga vakolati borligini tasdiqlovchi ishonchnoma ham ilova qilinadi.
Kreditorning arizasiga, agar bor boʻlsa, quyidagilar ham ilova qilinadi:
kreditorning qarzdorga nisbatan talablarini koʻrgan umumiy sud yoki xoʻjalik sudining qarori;
ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan toʻlov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditorning talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar.
