2-modda. Asosiy tushunchalar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilmoqda:
bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) — xoʻjalik sudi tomonidan eʼtirof etilgan yoki qarzdor ixtiyoriy ravishda tugatilayotganida uning oʻzi eʼlon qilgan qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini toʻla hajmda qondirishga qodir emasligi, shu jumladan budjetga va budjetdan tashqari fondlarga soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni taʼminlashga qodir emasligi;
qarzdor — pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlarni ushbu Qonunda belgilangan muddat ichida toʻlash boʻyicha majburiyatlarni bajarishga qodir boʻlmagan yuridik shaxs yoki tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirayotgan jismoniy shaxs;
pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar (bundan buyon matnda kreditorlar deb yuritiladi) — shunday yuridik yoki jismoniy shaxslarni, qarzdor ularning oldida majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻladi, hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolar, shuningdek oʻz ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno;
pul majburiyatlari — qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra kreditorga muayyan pul summasini toʻlash majburiyatlari;
majburiy toʻlovlar — budjetga hamda budjetdan tashqari fondlarga toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
sudgacha sanatsiya qilish — qarzdorning mol-mulki egalari, qarzdor-yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari), qarzdorning kreditorlari va boshqa shaxslar tomonidan bankrotlikning oldini olish maqsadida, qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar;
tashqi boshqaruv — xoʻjalik sudi tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish chogʻida tayinlanadigan hamda qarzdorning mol-mulkini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga oʻtkazgan holda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida qoʻllaniladigan bankrotlik taomili;
moratoriy — qarzdor tomonidan pul majburiyatlari ijrosini hamda majburiy toʻlovlar toʻlanishini toʻxtatib qoʻyish;
tashqi boshqaruvchi — tashqi boshqaruvni hamda ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik sudi tomonidan tayinlanadigan shaxs;
