16-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Mol-mulkining tarkibida davlat mulki ulushi boʻlgan qarzdorning iqtisodiy nochorligi toʻgʻrisidagi masala hal etilayotganda davlat manfaatlarini korxonalarning iqtisodiy nochorligi toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha vakolatli organ (bundan buyon matnda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi deb yuritiladi) himoya qiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi:
ushbu Qonunga muvofiq bankrotlik taomillarining amalga oshirilishini taʼminlaydi;
toʻlovga qobiliyatsiz va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar hisobini yuritadi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (kichik va oʻrta korxonalar, mikrofirmalar bundan mustasno) rahbarlariga yoki boshqa mansabdor shaxslarga korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etmaganlik yoxud oʻz vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima soladi;
tashqi boshqaruvchilar va ishonchli shaxslar tariqasida faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan malaka va kasbga oid talablarni belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi
