118-modda. Qarzlarni toʻlash rejasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Jismoniy shaxsning arizasiga qarzlarni toʻlash rejasi ilova qilinishi mumkin, rejaning nusxalari kreditorlarga va ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga joʻnatiladi.
Kreditorlarning eʼtirozi boʻlmasa, xoʻjalik sudi qarzlarni toʻlash rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritilishini uzogʻi bilan ikki oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Qarzlarni toʻlash rejasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
uni amalga oshirish muddati;
qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summaning miqdori;
kreditorlarning talablarini qondirishga har oyda joʻnatish moʻljallanayotgan summaning miqdori.
Xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzlarni toʻlash rejasini oʻzgartirishi, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini uzaytirishi yoki qisqartirishi, qarzdorga yoki uning oila aʼzolariga isteʼmol uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdorini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Agar qarzdor qarzlarni toʻlash rejasini bajarishi natijasida kreditorlarning talablari toʻla hajmda qoplansa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilishi kerak.
