111-modda. Sugʻurta tashkilotlari bankrot boʻlgan taqdirda sugʻurta qildiruvchilarning talab qilish huquqlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi sugʻurta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda bunday tashkilot sugʻurtalovchi sifatida tuzgan, mazkur qaror qabul qilingan sanaga qadar sugʻurta hodisasi boshlanmagan barcha shartnomalar bekor qilinadi, ushbu Qonun 110-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Sugʻurta qildiruvchilar (naf oluvchilar) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga binoan bekor qilingan shartnomalar boʻyicha sugʻurtalovchiga toʻlangan sugʻurta mukofotining sugʻurta shartnomasining amal qilish muddati bilan bu shartnoma amal qilgan muddat oʻrtasidagi farqqa mutanosib tarzdagi qismi, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qaytarilishini talab qilishga haqlidir.
Sugʻurta qildiruvchilar (naf oluvchilar) xoʻjalik sudi sugʻurta tashkilotini bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgunga qadar sugʻurta hodisasi boshlangan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta summasi toʻlanishini tugatish komissiyasidan talab qilishga haqlidir.
