11-modda. Kreditorlar qoʻmitasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorlar qoʻmitasi kreditorlarning manfaatlarini himoya qiladi hamda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning xatti-harakatlari ustidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda nazorat olib boradi.
Kreditorlar qoʻmitasi tarkibiga kreditorlar vakillari kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadigan miqdorda kiritiladi.
Agar qarzdorning kreditorlari soni yigirmatadan kam boʻlsa, kreditorlar yigʻilishining qaroriga binoan kreditorlar qoʻmitasining vazifalari kreditorlar yigʻilishi zimmasiga yuklanishi mumkin.
Kreditorlar qoʻmitasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagilarga haqlidir:
tashqi boshqaruvchidan qarzdorning moliyaviy ahvoli va tashqi boshqaruvning borishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ishonchli shaxsdan tugatishga doir ish yuritishning borishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tashqi boshqaruvchi va ishonchli shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudiga shikoyat qilish.
Kreditorlar qoʻmitasi quyidagilarni qabul qilishga haqlidir:
kreditorlar yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi qaror;
kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruvchini vazifasidan ozod etish haqidagi tavsiyasi toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdorning yirik bitimlarini hamda amalga oshirilishidan qarzdor manfaatdor boʻlgan bitimlarni tasdiqlash yoki tasdiqlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror.
Kreditorlar qoʻmitasining qarori kreditorlar qoʻmitasi aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
